Replikatsiya inqirozi
Replikatsiya inqirozi (shuningdek, takrorlanish inqirozi yoki takrorlanuvchanlik inqirozi deb ham ataladi) – bu ilmiy tadqiqot natijalari takrorlanishi qiyin yoki imkonsiz bo‘lgan holatdir. Yaʼni tadqiqot so‘ngida olingan birlamchi ijobiy natija, qayta o‘tkazilganda ijobiylik sifatini yo‘qotishi yoki natijaning boshqacha chiqishiga, replikatsiya inqirozi deyiladi.
Misol uchun, bir tadqiqot o‘tkazildi va natijasi olindi, aynan o‘sha tadqiqot qayta o‘tkazilganda birinchi olingan hamda to‘g‘ri deb hisoblangan natija bilan bir xil chiqmasa, demak tadqiqot replikatsiya inqiroziga dosh berolmadi deb hisoblanadi.
Fanda qabul qilingan va eʼtirof etilgan tadqiqot natijalarining takrorlanishi ilmiy uslubning muhim qismi bo‘lganligi sababli, bunday muvaffaqiyatsizliklar ularga asoslangan nazariyalarning ishonchliligini pasaytiradi hamda ilmiy natijalarning adekvatliligini shubha ostiga qo‘yishi mumkin.
XX asrda tadqiq etilgan ko‘plab va mashhur eksperimentlar, hozirgi kunga kelib replikatsiya inqiroziga duchor bo‘lmoqda. Hozirda klassik natijalarni qayta tekshirish, ularning ishonchli yoki yo‘qligini aniqlash va agar ishonchli bo‘lmasa, ishonchsizlik sabablarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Misol uchun TEMPERAMENT tushunchasi. Temperament, psixologiyada eng mashhur va klassik tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Bu tushuncha haqida psixologiya mutaxassisligiga ega bo‘lmagan insonlar ham yaxshi biladilar. Afsuski hozirgi zamonaviy psixologiyada temperament tushunchasi va uning natijasiga nisbatan o‘rinli savollar mavjud. Yaʼni nazariya bo‘yicha temperament turg‘un xarakterga ega va u o‘zgarmas. Lekin replikatsiya natijasi buni aksini ko‘rsatgan.
Harvard universitetining psixologik laboratoriyasi ushbu Temperament nazariyasining replikatsiya inqiroziga bardoshliligini tekshirish uchun eksperiment tashkil etdi. Eksperimentga ko‘ra bir insondan 1 oy vaqt davomida 15 marta temperamentni aniqlovchi test, metodika hamda so‘rovnomalar olingan. Natija esa temperamentning turg‘un emasligi va bir kunning o‘zida turli xil tipologiyalar bir insonda aks etgan.
Aslida replikatsiya inqirozi butun bir fanning muammosi bo‘lib, tadqiqotchilardan ishonchli topilma va kashfiyotlarni yaratishda katta mashaqqat talab etadi.
Nega ushbu mavzu haqida yozmoqdaman?
Agar siz psixologiya sohasi egasi bo‘lsangiz har qanday aytilgan psixologiya mavzusidagi gaplarga, psixologik testlarga va tadqiqot natijalariga ishonib ketavermang. Qo‘lingizda ishonchli manbasiz tadqiqotlar yoki testlar bo‘lsa, uni sinaluvchilarga tadqiq qilishni tavsiya qilmayman. Chunki test olganingizdan keyingi natijalar obyektiv chiqmasligi mumkin. Buning oqibatida sinaluvchilarga tashxis qo‘yishda xatoliklar yuz beradi.