RODOLOGIYA HAQIDA ASL HAQIQATLAR
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z xizmatlarini ilgari surayotgan yangi ezoterika mutaxassislari — rodologlar paydo bo‘ldi. Ularning ta’kidlashicha, inson hayotida sodir bo‘layotgan barcha muammolar uning ajdodlari hayotida yuz bergan travmatik voqealar bilan bog‘liq. Moliyaviy qiyinchiliklar, kasalliklar, munosabatlardagi omadsizliklar — bularning barchasi “nasliy dastur”da aks etgan va bir necha avlod davomida avlodlarini ta’qib qiladi.
RODOLOGIYA NIMA?
Rodologiya — bu inson hayotidagi voqealar uning “nasliy dasturining” ta'siri bilan izohlanadigan ezoterik konsepsiya. Rodologiyaga ko‘ra: insondagi barcha ta’sirli holatlarning asosi, uning ajdodlardagi holatlarning proyeksiyasidir. Ya’ni agar biror bir voqea yoqimli yoki travmatik ajdodlar hayotida sodir bo‘lgan bo‘lsa, u keyingi avlodlarda takrorlanadi. Masalan, 25 yoshli qiz oila qura olmayapti, chunki uning onasi, buvisi hamda buvisining onasi eridan ajrashgan va bu “nasliy dastur”ga mustahkam o‘rnashgan. Agar biznesmenning ishi barbod bo‘lib, bankrot bo‘lsa, sababini uning ajdodlari orasida qashshoqlikka mahkum bo‘lgan insonlardan izlash kerak. Agar biznesmenning ishi yaxshi ketsa, u, ehtimol, muvaffaqiyatli savdogarlarning avlodidir. (Muallif: - ahmoqlikni o‘zginasi)
Bizdan oldingi ajdodlarning hayotiy ssenariylarini o‘rganish haqidagi fikrlar qadim zamonlardan mavjud bo‘lsa-da, u psixologiya sohasiga yaqin-yaqindan davo qilishni boshladi. Ezoterika bilan shug‘ullanuvchi va o‘zlarini “nasliy dastur mutaxassislari” deb atovchi shaxslar 2020-yillarda faol bo‘lib, hozirda ularning mashhurligi ortib bormoqda. Ko‘plab soxta psixologiya yo‘nalishlari kabi rodologiya ham bizning jamiyatimizga Rossiyadan kirib keldi.
Hozir ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Instagramda o‘zlarini rodolog, ansestolog, nasliy terapevt, nasliy ssenariylarni ishlab chiqish mutaxassisi deb atovchi bir nechta o‘nlab odamlarni topish mumkin.
NEGA RODOLOGIYA TEZ MASHHURLIKKA ERISHDI?
1. Ilmiylikka o‘xshashlik: “Ansestologik tahlil”, “genosotsialogramma”, “nasliy amplituda” — garchi rodologiya ezoterikaga asoslangan bo‘lsa ham, uning tarafdorlari ko‘p sonli “ilmiy” atamalardan foydalanadi.
2. Universal javob: Ko‘pincha odamlar hayotida nimadir noto‘g‘ri ketayotganini tushunmaydi va bunga izoh izlaydi. Rodologiya bu yerda universal javobni taklif qiladi: har qanday noqulaylikni “nasliy dastur” oqibatlariga bog‘lash mumkin.
3. Mas’uliyatni olib tashlash: Mijoz o‘z muammolariga o‘zini aybdor deb topishi oson emas. Rodologiya bu yerda yordamga keladi: har qanday muammoga nisbatan ayb ajdodlarga yuklanadi.
4. Muammoni yechish oson ko‘rinadi: Rodologlar muammolarni hal qilishning oddiy yo‘llarini taklif qiladi: rituallar o‘tkazish, ajdodlarga minnatdorlik bildirish, psixoterapiyaga o‘xshash uchrashuvlar.
HAQIQIY NASLIY TRAVMALAR QANDAY TA’SIR QILADI?
Ajdodlar hayotidagi travmatik voqealar avlodlariga ta’sir qilishi mumkin, ammo bu rodologlar aytganidek emas. Bunday ta’sirlar biologik va psixologik omillar bilan tushuntiriladi va rodologiya metodlari bilan ularni hal qilib bo‘lmaydi.
Ilmiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ajdodlarning hayotida sodir bo‘lgan travmatik voqealar kelajak avlodlariga epigenetik o‘zgarishlar orqali o‘tishi mumkin. Biroq, bu jarayon rodologiya nazariyasidagi kabi metafizik yoki ezoterik ta’riflarda emas, balki ilmiy biologik mexanizmlarda izohlanadi. Quyidagi misollar bunga dalil bo‘ladi:
1. Gollandiya ocharchiligi (1944): Homilador ayollar ocharchilikni boshdan kechirishi natijasida, ularning bolalarida semizlikka, diabet va yurak kasalliklariga moyil shakllangan. Qiziqarli tomoni shundaki, ushbu ta’sir keyingi avlodlarga ham o‘tgan, ya’ni o‘sha travmatik voqealar nabiralarning sog‘lig‘ida ham aks etgan.
2. Leningrad qamali: Qamal paytida ocharchilik va ekstremal sharoitlarni boshdan kechirgan insonlarda DNK darajasidagi epigenetik o‘zgarishlar kuzatilgan. Bu o‘zgarishlar metabolizmning susayishi va yurak-qon tomir kasalliklariga moyillikni oshirishga olib kelgan. Ushbu o‘zgarishlar kelajak avlodlarga ham meros bo‘lib o‘tgan.
PSIXOLOGIK MUAMMOLARGA OILA DINAMIKASI VA GENETIK OMILLARNING TA’SIRI.
Ba’zan bolalar ota-ona yoki ajdodlarining xatolarini takrorlaydi, masalan, oilaning buzilishi yoki boshqa muammolar. Ammo bu "nasliy dastur" emas, balki quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:
1. Genetik omillar: Inson ba’zi xulq-atvor va xarakter xususiyatlarini genetik yo‘l bilan meros qilib oladi. Masalan, amorf nerv tizimi yoki o‘zaro munosabatlarda sabrsiz bo’lish xususiyati.
2. Oilaviy lar: Bolalar tarbiya jarayonida ota-onalarning munosabat usullarini ko‘radi va ularga taqlid qiladi. Bu esa yetuklikda oilaviy hayotga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
RODOLOGIYAGA ALTERNATIVA NIMA?
Haqiqiy ilmiy usullar yordamida inson naslidan kelib chiqadigan travmalarni o‘rganish va ularni hal qilish mumkin. Bunga quyidagilar kiradi:
1. Psixoterapiya: Travmalar va oilaviy travmalarni tahlil qilish uchun individual yoki oilaviy psixoterapiya samarali hisoblanadi.
2. Genealogiya: Oila tarixini ilmiy asosda o‘rganish orqali o‘z ildizlarini anglash.
3. Epigenetik tadqiqotlar: Genetik o‘zgarishlarning biologik asoslarini o‘rganish va ular bilan ishlash.
4. Shaxsiy rivojlanish: Inson o‘z hayotini yaxshilash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lishi kerak.
Rodologiyaga ishonmaslik kerak, garchi u ommabop va samarali ko‘rinadigan yechimlarni va’da qilayotgan bo‘lsa ham. Bu yana bir ezoterik konsepsiya bo‘lib, mas’uliyatni ajdodlarga yuklaydi va muammolarni hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan metodlar yordamida hal qilishni taklif qiladi.
Shuningdek, rodologlar mijozning psixologik holatini hech qanday tekshirib bo‘lmaydigan voqealarga bog‘laydi. Bu esa mijozni reallikdan qochishga va boshqalar (masalan ajdodlar, ota-onasi)ga nisbatan ichki agressiyani paydo qiladi.
Rodologiya, zamonaviy va ilmiy ko‘rinsa ham, aslida ezoterikadan boshqa narsa emas. Bu kabi faoliyatga aslo murojaat qilmang.
Shunaqa gaplar. Rivojlanishdan to'xtamang!
®️ Psixologiya