ilmiy
May 26, 2023

Moslashuvchan intellekt nima va uni qanday rivojlantirish mumkin?

Oʻzlashtirish yoki moslashish mahorati insonning yangi, nostandart sharoitlarda rivojlanishiga, omon qolishiga imkon beradi. Moslashuvchan intellekt nafaqat adaptatsiyaga, balki jarayonlarni boshqarishga va odatdagi muhitni oʻzgartirishga ham yordam beradi. Ushbu maqolada sizlar bilan Moslashuvchan intellekt (AQ)ning emotsional (EQ) va aqliy (mantiqiy) intellekt (IQ)dan qanday farq qilishi hamda uni kundalik hayotda qanday rivojlantirish haqida gaplashamiz.

Moslashuvchan intellekt boshqa intellekt turlaridan qanday farq qiladi?

IQ yaʼni aqliy intellekt ratsional fikrlash uchun javobgardir, EQ esa hissiy intellekt, sizning his-tuygʻularingizni tanib olish va boshqarish imkonini beradi, ijobiy munosabat va oʻziga boʻlgan ishonch uchun PQ pozitiv intellekt javobgardir. Moslashuvchan intellekt esa yuqorida sanab oʻtilgan uchta intellektning xususiyatlarini birlashtiradi, bu koʻnikmalardan foydalanib, yangi sharoitlarga tez va qulay moslashish imkonini beradi.

Moslashuvchan intellekt bizning hayotiy tajribamiz asosida rivojlangan koʻnikmalarni birlashtirib, nostandart sharoitlarda darhol toʻgʻri qaror qabul qilishga yordam beradi.

Moslashuvchan intellekt nafaqat kutilmagan vaziyatlarni tez qoʼlga olish, oʻzlashtirish va harakat qilish imkonini beradi, balki salbiy oʻzgarishlarni oldindan koʼra bilish imkonini ham beradi. Bu qobiliyat asosan menejerlar, strateglar, maxsus xizmat xodimlari uchun zarur. Sababi ular doimo umumiy vaziyatga javob berishlari, rejalar tuzishlari va yangi strategiyalarni ishlab chiqishlari kerak.

Moslashuvchan intellekt tafakkurning bir necha turini birlashtiruvchi tizimdir. AQning ilk koʻrinishi bu oʻziga toʻgʻri savol berish bilan boshlanadi. Birinchi beriladigan savol bu “Nega?”. “Nega bunday boʻlmoqda?”, “Nega bu kutilgandek ishlamayapti” shu kabi savollar birlamchi muammolarni hal qilish imkonini beradi. AQning yana bir ilk koʻrinishini ifodalovchi savol “Agar boʻlsa-chi?”. “Agar men bir kunda bankrot boʻlsam-chi?”, “Agar mening barcha daromadim bir kechada yoʻq boʻlib ketsa-chi?” shu kabi savollar ham oldindan kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oldini olishga xizmat qiladi. Yuqoridagi kabi savollar bilan oʻziga murojaat qilgan shaxs oʻzini abstrakt javoblar bilan aldamaslik kerak. “Ha bir gap boʻlar, boshga tushganini koʻramizda” deb oʻzini ovutish eng katta xatolarga olib kelishi aniq. Yaʼni toʼgʻri savolga yarasha aniq javobni ham topishni bilish AQning ilk koʻrinishini ifodalaydi.

AQni rivojlantirish uchun tavsiyalar

Butunlay yangi vazifalarni oʻz zimmasiga oling

Oʻz sohangizga butunlay bogʻliq boʻlmagan masalalarni hal qiling. Masalan, agar siz gumanitar fanlar boʻyicha ishlayotgan boʻlsangiz, fizika yoki geometriya vazifalarini bajarishdan boshlang. Siz oʻzingiz uchun yangi notanish sharoitlar yaratishingiz kerak, bunda eski koʻnikmalar va bilimlar iloji boricha ishlamasligi kerak. Natijada moslashuvchan fikrlash imkonini beruvchi yangi tajribalar shakllanadi.

Nomaʼlumlikdan qoʻrqmang

Buni kundalik vaziyatlarda qoʼllashingiz mumkin — masalan, ertalabki baʼzi odatlarning oʻzgarishi (kunni yangiliklarni tomosha qilish bilan emas, balki kitob oʻqish bilan boshlang). Bundan tashqari, ushbu prinsipga ishda ham rioya qilish mumkin: Agar siz noma'lum topshiriqqa duch kelgan boʻlsangiz, yangi, nomaʼlum topshiriqni qabul qilishdan qochmang, nomaʼlumlikdan qoʼrqmang. Natijada siz mutaxassis sifatida ham rivojlanasiz.

Navigatorni kamroq ishlating

Zamonaviy inson oʻz telefonida allaqachon tayyor yechimlar mavjudligiga (qanday va qayerga borish kerak, nima qilish kerak va hokazo) odatlangan. Agar siz yangi manzilni topishingiz kerak boʻlsa, yoʻlni oldindan bir marta navigatorda koʻrishingiz mumkin, ammo yoʼl yurish jarayonida navigatordan foydalanmaslikka harakat qiling va yoʼlni oʼzingiz topishga intiling.

Turli ssenariylar asosida qanday harakat qilishingizni oʻylab koʻring

Voqealarni oldindan koʻrib boʻlmaydi, lekin taxminlar asosida har xil ssenariylarni koʻrib chiqish mumkin. Shu yoʻl bilan oʻzingizni boshqacha fikrlashga oʻrgatasiz. Misol uchun siz faoliyatingizdagi eng yomon holatlarni tasavvur qilishingiz mumkin: masalan, sizning asosiy daromad manbangiz bir kechada yoʻq boʻlib ketadi yoki uyingizni yoʻqotasiz. Xuddi shu kabi fikrlash bizni koʻzda tutilmagan holatlarga tayyorlaydi. Natijada harakat rejasini tuzib, shuni tushunamizki, hatto eng yomon koʻrinadigan vaziyatlarda ham biz yechim topishga qodirmiz.

Yangi odatlar oʻzlashtirish

Har kuni qilishingiz odatga aylangan harakatlarni boshqacha yoʻl bilan bajarishga urinib koʻring. Yoki, hayotingizda qilmagan lekin sizga yoqadigan foydali ishlar bisyor. Ushbu oldin qilib koʻrmagan mashgʻulotlarni bajarib koʻring. Yoki yana bir usul kiyinish uslubini oʻzgartirish. Bir xil uslubda kiyinish ham aslida biz uchun odat. Ushbu odatni oʻzgartirsangiz ham boʻladi. Chap qoʻlda yozish agar odatda oʻng qoʻlda yozsangiz yoki aksincha.

Notanish odamlar bilan suhbat qilish

Notanish odamlar bilan suhbat bizga, kirishimlilik koʻnikmalari rivojlantirishga yordam beradi. Agar notanish inson boshqa soha vakili boʻlsa yanada yaxshi natija beradi. Bunda sizga dunyoqarashingiz kengayishi uchun ijobiy tajriba maydoni paydo boʻladi.

Tanish muammolarni yangicha usulda hal qilish

Turlicha fikrlash bizga tanish vaziyatlarda boshqacha harakat qilish imkonini beradi. Buning uchun boshida kichik amallar bilan boshlang: Har doimgi mahsulotlardan odatdagidan boshqacharoq nonushta tayyorlash, ish kunini rejalashtirish yoki uyga yangi yoʻnalish boʻyicha qayting. Natijada sizda muammoga nisbatan turlicha fikrlash malakasi shakllanadi.

Xullas shunaqa gaplar.

Intellektingizni rivojlantiring!

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...