ilmiy
June 29

Sun’iy intellektmi, sun’iy idrokmi yoki sun’iy ong? Qaysi biri to‘g‘ri?

Oxirgi paytlarda media materiallarida bir holatga tez-tez duch kelyapman. Biz odatda AI, “sun’iy intellekt” deb ataydigan texnologiyani ayrim kontent egalari “sun’iy idrok” yoki “sun’iy ong” deb nomlashga urinmoqda.

Bu iboralar eshitishga chiroyli, hatto ilmiydek tuyulishi mumkin. Lekin psixologik nuqtayi nazardan qaraganda, intellekt, idrok va ong bir xil tushuncha emas. Ularning har biri alohida mazmunga ega.

Avvalo shu uch tushunchani ajratib olaylik.

Intellekt — bu muammo yoki masalaga yechim topish qobiliyatidir. Ya’ni inson oldida turgan vazifani tahlil qiladi, qonuniyatni topadi, solishtiradi va xulosa chiqaradi. Masalan, shaxmat o‘ynash, matematik misol yechish, rebusdagi yashirin qonuniyatni topish — bular intellekt faoliyatiga kiradi. Muhim jihati shundaki, intellekt ishlashi uchun hissiyot shart emas. Mantiq, hisob-kitob va tahlil yetarli bo‘lishi mumkin.

Idrok esa umuman boshqa jarayon. Idrok — sezgilar orqali kelgan ma’lumotni ongimizda ma’noli obrazga aylantirishdir. Masalan, ko‘zimiz bir narsani ko‘radi va biz uni shunchaki rang yoki shakl sifatida emas, balki “olma” deb taniymiz. Qulog‘imiz tovush eshitadi va biz uni oddiy ovoz emas, “onamning ovozi” deb ajratamiz. Demak, idrokda dunyoni qabul qilayotgan tirik subyekt, ya’ni inson bor.

Ong idrokdan ham murakkabroq tushuncha. Ong — bilish jarayonlari, xotira, tajriba, hissiyot, o‘zini anglash va ichki kechinmalarning birgalikdagi faoliyatidir. Ongli inson nafaqat fikrlaydi, balki his qiladi, xafa bo‘ladi, quvonadi, empatiya bildiradi, aybdorlikni sezadi va o‘z “men”ini anglaydi.

Endi asosiy savolga qaytamiz: AI uchun qaysi atama to‘g‘riroq — sun’iy intellekt, sun’iy idrok yoki sun’iy ong?

ChatGPT va unga o‘xshash modellar nima qiladi? Ular juda katta hajmdagi matnlar asosida qonuniyatlarni topadi va keyingi so‘z yoki javobni ehtimollik asosida shakllantiradi. Bu — hisoblash, taqqoslash, tahlil qilish va yechim ishlab chiqish jarayoni. Ya’ni bu yerda ko‘proq intellektual faoliyatga o‘xshash jarayon bor.

Lekin AI inson kabi idrok qilmaydi. U “olma” so‘zini ishlatishi mumkin, lekin olmani ko‘rmagan, hidlamagan, ushlab ko‘rmagan, ta’mini his qilmagan. U faqat “olma” so‘zi qaysi so‘zlar bilan birga kelishini, qanday kontekstlarda ishlatilishini hisoblaydi. Inson idrokida esa so‘z ortida real tajriba, sezgi va obraz turadi.

Ong masalasida esa yanada ehtiyot bo‘lishimiz kerak. AIda “men” degan ichki kechinma yo‘q. U o‘zini anglamaydi, xafa ham bo‘lmaydi, xursand ham bo‘lmaydi. Masalan, “sizga yordam berganimdan xursandman” deb yozishi mumkin, lekin bu jumla ortida haqiqiy xursandchilik hissi mavjud emas. Bu shunchaki vaziyatga mos tanlangan ifoda.

Shuning uchun, hozirgi AI texnologiyalarni “sun’iy ong” deb atash ilmiy jihatdan to‘g‘ri emas. “Sun’iy idrok” atamasi ham ehtiyotkorlik bilan ishlatilishi kerak, chunki idrok tirik subyekt, sezgi va real tajriba bilan bog‘liq jarayondir.

Eng maqbul va to‘g‘ri atama — sun’iy intellekt.

Xulosa qilib aytganda, AI qanchalik aqlli ko‘rinmasin, u ong ham emas, insoniy idrok ham emas. U murakkab ma’lumotlarni qayta ishlaydigan, qonuniyat topadigan va javob shakllantiradigan texnologiyadir. Shuning uchun uni sun’iy intellekt deb atash mantiqan ham, ilmiy jihatdan ham to‘g‘riroq.

Xullas, shunaqa gaplar.

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...