Arkadiy Averchenko. Shoir (hikoya)
Kirill alifbosida o'qish uchun pastroqqa tushing
– Hurmatli Bosh muharrir, – mehmonning va nihoyat uyalibgina tili ochildi, – sizni ayni daqiqalarda bezovta qilib turganimdan juda xijolatdaman. Qimmatli vaqtingizning bir daqiqasini menga ajratganingiz uchun rozi bo‘ling, janob. Xudo haqqi, uzr so‘rayman.
– Hechqisi yo‘q, mayli, hechqisi yo‘q, – dalda berdim yosh do‘stimga, – kechirim so‘ramang, bemalol, gapiravering.
Xuddi katta gunohga botgan odam kabi chuqur g‘amginlikka cho‘kib boshini quyi soldi:
– Yo‘q, baribir, baribir xijolatdaman… O‘ylashimcha, mendan ko‘nglingiz to‘q emas, ko‘zlaringizdan shuni ilg‘adim, sizning nozik ko‘nglingizga ozor yetkazgan bo‘lsam kechiring, janob.
– Hech qanday muammo yo‘q, do‘stim. Aytyapman-ku, hech narsa bo‘lmadi. Men qaytanga mashqlaringiz bilan tanishganimdan xursandman. Afsuski, qofiyalaringiz haqida fikrim unchalik yaxshi emas.
– Bularmi? – dedi hayratdan ko‘zlarini chaqchaytirib, – Mana shu qofiyalar sizga manzur kelmadimi?
– Ha, mana shular.
– Nahotki, shu qofiyalar-a?
“Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz,
Suratini chizardim har tong.
Gʻazablanmasligi uchun Apollon,
Kokillarin o‘pardim har kez…”
– Mana shunda qofiya yo‘qmi, – she’rni tugatar-tugatmas so‘radi yosh yigit.
– Afsuski, ha. Shu va shunga o‘xshagan bir-ikki bitiklaringiz haqida tugal fikrim shunday: qofiya yo‘q. Masalan, mana qarang:
“Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz…”
– Nega axir, janob muharrir? Axir ular yaxshi-ku… – gapimni kesdi yigit.
– Mayli yaxshi deylik ham, to‘g‘ri, she’rlaringizning ko‘pi menda yaxshi taassurot qoldirdi, biroq... Bizning jurnalimizga to‘g‘ri kelmaydi, tushuning, o‘rtoq shoir.
– Tushunarli, balki boshqatdan bir ko‘z yugurtirarsiz.
– Aslo. Hojati yo‘q deb o‘ylayman.
– Boshqalarini o‘qib ko‘rarsiz, ehtimol…
Yosh shoirni mamnun qilish ilinjida boshqa bir mashqini qo‘limga oldim va o‘qiy boshladim. Yuzimning yarmi ifodasida galdagi she’rdan hayronligimni, yarmi bilan esa unga jurnalga hali-hamon sig‘masligidan pushaymon bo‘layotganimni bildirdim.
– Balki, bir ijozat bersangiz, o‘zim o‘qib berarman. Nima deysiz?!
Rozilik belgisida bosh irg‘adim. U nozik ovozda o‘qiy boshladi:
“Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz…”
Endilikda esa bildirishga urunmasam-da, ikki yuzimda unga rozilik berganimdan pushaymonlik ifodasi balqidi.
– Rahmat, rahmat, – bir amallab to‘xtatdim, – she’rlarga joy qolmabdi, ma’zur tutgaysiz, do‘stim.
– Bu nima deganingiz, janob?! Yaxshisi, qo‘lyozmalarni sizga qoldiraman, she’r ruhiyatiga kirib yana bir marta o‘qib ko‘rarsiz, faqat yaxshilab o‘qing.
– Yo‘q-yo‘q, o‘zingizga kerak bo‘lib qolar, olib ketaqoling, yaxshisi.
– Tahririyatdagilar bilan bir maslahatlashib ko‘ring, iltimos, balki joy bo‘shab qolar.
– O‘zingizda turaqo…
U gapimni cho‘rt kesdi. Qoldirish qarori qat’iy ekanini qancha bildirmasin, qo‘lyozmalarini qo‘liga topshirdim. Sekin o‘rnidan turdi.
– Qimmatli vaqtingizning bir daqiqasini ajratganingizdan mamnunman, ammo... Mayli, xayr janob, yaxshi qoling!
U ketdi. Men esa u kelgan payti mutolaa qilayotgan kitobimni qayta ochdim, ichidan bir varaq qog‘oz yerga sirg‘alib tushdi, qo‘limga oldim:
“Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz,
Suratini chizardim har tong.
Gʻazablanmasligi uchun Apollon,
Kokillarin o‘pardim har kez…”
– Uh, yaramas! – Buni berishni unutdimmikan yo? Yana qaytib kelmasin tag‘in. – Nikolay! – muxbir yigitni qoshimga chorladim va dedim:
– Hozirgina chiqib ketgan yigitga bu qog‘ozni tezda yetkazish kerak. Yugur.
Nikolay yigitchaning orqasidan ketdi va omonatini qo‘liga topshirib qaytdi.
Chamasi soat yettilarga yaqin kechki ovqat tanovul qilishga yo‘l oldim. Taksistga pul beraman deb qo‘limni cho‘ntagimga solgandim bir qog‘oz ilashib chiqdi pullarga. Bu qog‘oz bu yerga qanday tushganini anglolmadim. Ochib o‘qidim:
“Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz,
Suratini chizardim har tong.
Gʻazablanmasligi uchun Apollon,
Kokillarin o‘pardim har kez…”
Cho‘ntagimda qayerdan paydo bo‘ldi, deya o‘yladim restoran sari odimlayotib. Ishonmasdan qo‘limga olib yana qaradim, o‘sha she’r. Yumaloqlab ko‘chaga uloqtirdimu yemakxonaga kirdim. Ofisiant taomimni keltirgan payti mulozamat bilan qo‘limga kichik bir qog‘oz tut
qazdi:
– Siz doimiy o‘tiradigan bu stolga sizdan oldin o‘tirib ketgan odam tashlab ketibdi. Balki, sizga atalgan, deb o‘yladim.
– Qani, bir ko‘ray-chi.
Qo‘lidan oldim-u ochib o‘qiy boshladim: “Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz…”
Bu yerda, aynan shu stolda qayerdan paydo bo‘ldi bu? Yo tavba. Yigit tentak-pentakmikan yo… Tushunolmay qoldim. Yo Xudoyim, mushkulimni oson qil, meni bu she’rdan qutqar…
Qog‘ozni burdalab-burdalab ofisiantga tutqazdim.
Ertasiga ertalab esa horg‘in kayfiyat, charchagan va cho‘kkan ruh bilan choy ichishga o‘tirdim.
– Nega bunchalik asabiysiz? – so‘radi ayolim.
– “Koshki bo‘lsa qora jinga…”
Xayolimda shu so‘zlar aylanayotganidan tilimga qanday chiqqanini bilmay qoldim. Ming la’nat senga hayotimni zaharlayotgan she’r. Bo‘ldi, charchadim. Rafiqam hayrat ichida qotib mendan uzoqlashdi.
Peshinda esa yengil tamaddi uchun ishxonamizning pastidagi kichik kafechaga chaqirishdi og‘aynilarim. Eshikdan kirishim bilan bu yerning egasi barmoqlari bilan imladi yoniga.
– Eshitaman, nima gap?
– Janob, sizga xat bor! Bir yosh yigit buni sizga yetkazishimni so‘radi, yo‘q deyolmadim. Nima ekanini bilmadim-u lekin yigit bu xat hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirib yuborishini qayta-qayta ta’kidladi.
U gapini tugatib qo‘limga bir qog‘ozcha tutqazdi. “E, voh, Tangrim, shu odamni bo‘g‘ib qo‘yishimdan o‘zing asra. Yana qog‘oz, aniq bilaman yana o‘sha she’r. – Ming baloga uchragur, – baribir o‘zimni tutolmay qichqirib yubordim, – Yo‘qot ko‘zimdan shu qog‘ozni, ellik marta “sovg‘a” qilishdi bugunning o‘zida. Yo‘qot!
Cho‘ntagimdagi xuddi o‘shanday qog‘ozni unga tutqazdim. O‘qi, dedim. “Koshki bo‘lsa qora jingalaksoch qiz…” U baribir nimalar sodir bo‘layotganini tushunmay angrayib qoldi. Alamzada qadamlar bilan yurib u yerni tark etdim va ishxonaga borishdan qo‘rqqanimdan to‘g‘ri uyga yo‘l oldim. Ostonada ayolim quvnoq chehra bilan qarshiladi:
– Bir yosh janob kelishingizdan sal oldin tashlab ketdi buni. Qo‘lyozmani uyga keltirishga majbur bo‘lganini, vaqt ajratib o‘qishingizni istaganini aytib juda xijolat chekdi, bechora. Juda iltifotli yigit ekan, eshitishimni so‘rab bir ikki she’r ham o‘qib berdi. Fikrimcha, she’rlari yaxshi. O‘qiganida ham shunday berilib o‘qidi, men shu patygacha she’rni bunaqa o‘qiy oladigan odamni uchratmagandim.
Ichimni kemirayotgan g‘azab va nihoyat meni adoyi tamom qildi. Bo‘ldi, bari tamom. Turmush o‘rtog‘imga biron so‘z demasdan ishxonaga qaytdim. Stolimda yana bir dasta qog‘oz, Apollondan g‘azablanmasligini so‘ragan, qaysidir qoravoy qizning jingalak sochlaridan o‘pish istagi yotardi. Bu istakning biri g‘ijimlab tashlangan, biri javondagi kuldonda yotardi. Yana biri esa menga tushlik payti ovqatim o‘rniga keltirib berilgandi. Yana biriga yo‘lda, yana biriga esa taksida duch kelgandim. Asab tolalarim o‘lib bo‘ldi. Kim nimadir so‘rasa, murdaday javob qaytarardim. O‘sha kuni kechqurun yotishdan avval yostig‘imni to‘g‘irlayotsam, sochlarini tongda chizmoq istagi yostig‘imning ostidan ham chiqdi. Jinni bo‘lish mumkin. Bu qanaqa savdo, Xudoyim! Yig‘lab yuboray dedim.
Saharda kechasi bilan uxlolmagan ko‘zlarimni ishqalab turarkanman, sochni o‘pishu Apollon g‘azabiga uchrashdan qo‘rqqan barcha qog‘ozlarni yig‘dim-da, oyoq ostiga irg‘itdim. Ustida o‘yin tushdim: “Mana senga she’r, mana, mana...” Bu qanaqa istak bo‘ldi o‘zi, Xudoyim, jingalaksoch qizning sochlaridan o‘pish, tfu, e…
Choy ichishdan ham, taksiga chiqishdan ham qo‘rqdim, uchragan odamdan yashirinib-yashirinib, piyodalab ishxonamga yetib keldim. Shoshganim uchun ko‘rinishimdan bir tahririyatning boshlig‘iga emas, hozirgina jinnixonadan qochgan daydiga o‘xshab qolgandim, kira solishim bilan qo‘limga ilingan qog‘ozga yoza boshladim:
– Ariza (nuqta). Bosh muharrirlik vazifasidan ozod qilinay, yolvoraman, haydab yuboringlar meni…
Qog‘ozni qo‘limga olganimda orqasida yozuv borligiga ko‘zim tushdi:
“Koshkiydi bo‘lsaydi qora jingalaksoch qiz…”
Аркадий Аверченко. Шоир (ҳикоя)
– Ҳурматли Бош муҳаррир, – меҳмоннинг ва ниҳоят уялибгина тили очилди, – сизни айни дақиқаларда безовта қилиб турганимдан жуда хижолатдаман. Қимматли вақтингизнинг бир дақиқасини менга ажратганингиз учун рози бўлинг, жаноб. Худо ҳаққи, узр сўрайман.
– Ҳечқиси йўқ, майли, ҳечқиси йўқ, – далда бердим ёш дўстимга, – кечирим сўраманг, бемалол, гапираверинг.
Худди катта гуноҳга ботган одам каби чуқур ғамгинликка чўкиб бошини қуйи солди:
– Йўқ, барибир, барибир хижолатдаман… Ўйлашимча, мендан кўнглингиз тўқ эмас, кўзларингиздан шуни илғадим, сизнинг нозик кўнглингизга озор етказган бўлсам кечиринг, жаноб.
– Ҳеч қандай муаммо йўқ, дўстим. Айтяпман-ку, ҳеч нарса бўлмади. Мен қайтанга машқларингиз билан танишганимдан хурсандман. Афсуски, қофияларингиз ҳақида фикрим унчалик яхши эмас.
– Буларми? – деди ҳайратдан кўзларини чақчайтириб, – Мана шу қофиялар сизга манзур келмадими?
– Ҳа, мана шулар.
– Наҳотки, шу қофиялар-а?
“Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз,
Суратини чизардим ҳар тонг.
Ғазабланмаслиги учун Аполлон,
Кокилларин ўпардим ҳар кез…”
– Мана шунда қофия йўқми, – шеърни тугатар-тугатмас сўради ёш йигит.
– Афсуски, ҳа. Шу ва шунга ўхшаган бир-икки битикларингиз ҳақида тугал фикрим шундай: қофия йўқ. Масалан, мана қаранг:
“Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз…”
– Нега ахир, жаноб муҳаррир? Ахир улар яхши-ку… – гапимни кесди йигит.
– Майли яхши дейлик ҳам, тўғри, шеърларингизнинг кўпи менда яхши таассурот қолдирди, бироқ... Бизнинг журналимизга тўғри келмайди, тушунинг, ўртоқ шоир.
– Тушунарли, балки бошқатдан бир кўз югуртирарсиз.
– Асло. Ҳожати йўқ деб ўйлайман.
– Бошқаларини ўқиб кўрарсиз, эҳтимол…
Ёш шоирни мамнун қилиш илинжида бошқа бир машқини қўлимга олдим ва ўқий бошладим. Юзимнинг ярми ифодасида галдаги шеърдан ҳайронлигимни, ярми билан эса унга журналга ҳали-ҳамон сиғмаслигидан пушаймон бўлаётганимни билдирдим.
– Балки, бир ижозат берсангиз, ўзим ўқиб берарман. Нима дейсиз?!
Розилик белгисида бош ирғадим. У нозик овозда ўқий бошлади:
“Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз…”
Эндиликда эса билдиришга урунмасам-да, икки юзимда унга розилик берганимдан пушаймонлик ифодаси балқиди.
– Раҳмат, раҳмат, – бир амаллаб тўхтатдим, – шеърларга жой қолмабди, маъзур тутгайсиз, дўстим.
– Бу нима деганингиз, жаноб?! Яхшиси, қўлёзмаларни сизга қолдираман, шеър руҳиятига кириб яна бир марта ўқиб кўрарсиз, фақат яхшилаб ўқинг.
– Йўқ-йўқ, ўзингизга керак бўлиб қолар, олиб кетақолинг, яхшиси.
– Таҳририятдагилар билан бир маслаҳатлашиб кўринг, илтимос, балки жой бўшаб қолар.
– Ўзингизда турақо…
У гапимни чўрт кесди. Қолдириш қарори қатъий эканини қанча билдирмасин, қўлёзмаларини қўлига топширдим. Секин ўрнидан турди.
– Қимматли вақтингизнинг бир дақиқасини ажратганингиздан мамнунман, аммо... Майли, хайр жаноб, яхши қолинг!
У кетди. Мен эса у келган пайти мутолаа қилаётган китобимни қайта очдим, ичидан бир варақ қоғоз ерга сирғалиб тушди, қўлимга олдим:
“Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз,
Суратини чизардим ҳар тонг.
Ғазабланмаслиги учун Аполлон,
Кокилларин ўпардим ҳар кез…”
– Уҳ, ярамас! – Буни беришни унутдиммикан ё? Яна қайтиб келмасин тағин. – Николай! – мухбир йигитни қошимга чорладим ва дедим:
– Ҳозиргина чиқиб кетган йигитга бу қоғозни тезда етказиш керак. Югур.
Николай йигитчанинг орқасидан кетди ва омонатини қўлига топшириб қайтди.
Чамаси соат еттиларга яқин кечки овқат тановул қилишга йўл олдим. Таксистга пул бераман деб қўлимни чўнтагимга солгандим бир қоғоз илашиб чиқди пулларга. Бу қоғоз бу ерга қандай тушганини англолмадим. Очиб ўқидим:
“Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз,
Суратини чизардим ҳар тонг.
Ғазабланмаслиги учун Аполлон,
Кокилларин ўпардим ҳар кез…”
Чўнтагимда қаердан пайдо бўлди, дея ўйладим ресторан сари одимлаётиб. Ишонмасдан қўлимга олиб яна қарадим, ўша шеър. Юмалоқлаб кўчага улоқтирдиму емакхонага кирдим. Официант таомимни келтирган пайти мулозамат билан қўлимга кичик бир қоғоз тутқазди:
– Сиз доимий ўтирадиган бу столга сиздан олдин ўтириб кетган одам ташлаб кетибди. Балки, сизга аталган, деб ўйладим.
– Қани, бир кўрай-чи.
Қўлидан олдим-у очиб ўқий бошладим: “Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз…”
Бу ерда, айнан шу столда қаердан пайдо бўлди бу? Ё тавба. Йигит тентак-пентакмикан ё… Тушунолмай қолдим. Ё Худойим, мушкулимни осон қил, мени бу шеърдан қутқар…
Қоғозни бурдалаб-бурдалаб официантга тутқаздим.
Эртасига эрталаб эса ҳорғин кайфият, чарчаган ва чўккан руҳ билан чой ичишга ўтирдим.
– Нега бунчалик асабийсиз? – сўради аёлим.
– “Кошки бўлса қора жинга…”
Хаёлимда шу сўзлар айланаётганидан тилимга қандай чиққанини билмай қолдим. Минг лаънат сенга ҳаётимни заҳарлаётган шеър. Бўлди, чарчадим. Рафиқам ҳайрат ичида қотиб мендан узоқлашди.
Пешинда эса енгил тамадди учун ишхонамизнинг пастидаги кичик кафечага чақиришди оғайниларим. Эшикдан киришим билан бу ернинг эгаси бармоқлари билан имлади ёнига.
– Эшитаман, нима гап?
– Жаноб, сизга хат бор! Бир ёш йигит буни сизга етказишимни сўради, йўқ деёлмадим. Нима эканини билмадим-у лекин йигит бу хат ҳаётини яхши томонга ўзгартириб юборишини қайта-қайта таъкидлади.
У гапини тугатиб қўлимга бир қоғозча тутқазди. “Э, воҳ, Тангрим, шу одамни бўғиб қўйишимдан ўзинг асра. Яна қоғоз, аниқ биламан яна ўша шеър. – Минг балога учрагур, – барибир ўзимни тутолмай қичқириб юбордим, – Йўқот кўзимдан шу қоғозни, эллик марта “совға” қилишди бугуннинг ўзида. Йўқот!
Чўнтагимдаги худди ўшандай қоғозни унга тутқаздим. Ўқи, дедим. “Кошки бўлса қора жингалаксоч қиз…” У барибир нималар содир бўлаётганини тушунмай анграйиб қолди. Аламзада қадамлар билан юриб у ерни тарк этдим ва ишхонага боришдан қўрққанимдан тўғри уйга йўл олдим. Остонада аёлим қувноқ чеҳра билан қаршилади:
– Бир ёш жаноб келишингиздан сал олдин ташлаб кетди буни. Қўлёзмани уйга келтиришга мажбур бўлганини, вақт ажратиб ўқишингизни истаганини айтиб жуда хижолат чекди, бечора. Жуда илтифотли йигит экан, эшитишимни сўраб бир икки шеър ҳам ўқиб берди. Фикримча, шеърлари яхши. Ўқиганида ҳам шундай берилиб ўқиди, мен шу патйгача шеърни бунақа ўқий оладиган одамни учратмагандим.
Ичимни кемираётган ғазаб ва ниҳоят мени адойи тамом қилди. Бўлди, бари тамом. Турмуш ўртоғимга бирон сўз демасдан ишхонага қайтдим. Столимда яна бир даста қоғоз, Аполлондан ғазабланмаслигини сўраган, қайсидир қоравой қизнинг жингалак сочларидан ўпиш истаги ётарди. Бу истакнинг бири ғижимлаб ташланган, бири жавондаги кулдонда ётарди. Яна бири эса менга тушлик пайти овқатим ўрнига келтириб берилганди. Яна бирига йўлда, яна бирига эса таксида дуч келгандим. Асаб толаларим ўлиб бўлди. Ким нимадир сўраса, мурдадай жавоб қайтарардим. Ўша куни кечқурун ётишдан аввал ёстиғимни тўғирлаётсам, сочларини тонгда чизмоқ истаги ёстиғимнинг остидан ҳам чиқди. Жинни бўлиш мумкин. Бу қанақа савдо, Худойим! Йиғлаб юборай дедим.
Саҳарда кечаси билан ухлолмаган кўзларимни ишқалаб турарканман, сочни ўпишу Аполлон ғазабига учрашдан қўрққан барча қоғозларни йиғдим-да, оёқ остига ирғитдим. Устида ўйин тушдим: “Мана сенга шеър, мана, мана...” Бу қанақа истак бўлди ўзи, Худойим, жингалаксоч қизнинг сочларидан ўпиш, тфу, э…
Чой ичишдан ҳам, таксига чиқишдан ҳам қўрқдим, учраган одамдан яшириниб-яшириниб, пиёдалаб ишхонамга етиб келдим. Шошганим учун кўринишимдан бир таҳририятнинг бошлиғига эмас, ҳозиргина жиннихонадан қочган дайдига ўхшаб қолгандим, кира солишим билан қўлимга илинган қоғозга ёза бошладим:
– Ариза (нуқта). Бош муҳаррирлик вазифасидан озод қилинай, ёлвораман, ҳайдаб юборинглар мени…
Қоғозни қўлимга олганимда орқасида ёзув борлигига кўзим тушди:
“Кошкийди бўлсайди қора жингалаксоч қиз…”