Tarjimalar
March 6

O‘rhon Pomuq. Bo‘gʻozning suvlari kamayayotganida ("Qora kitob" romanidan)

Kirill alifbosida o'qish uchun pastroqqa tushing

“Hech narsa hayot qadar hayratlantiruvchi bo‘lolmaydi. Maqola bundan mustasno”
Ibn ZERHANIY

Bo‘g‘ozning suvlari kamayayotganini siz ham sezdingizmi?
Ishonish qiyin. Bayram tufayli ko‘chaga chiqqan bolalarning kayfiyatiyu hayajoni bilan bir-birimizni maxv etayotgan ayni kunlarda o‘zi nimadir o‘qib dunyodan xabardor bo‘lyapmizmi? Tan olaylik, hatto oddiy xabarchalarga ham tirsagimizni qo‘ygan kema palubasi, orqamiz-orqamizga tegib o‘tirgan avtobus o‘rindig‘i, harflar jimirlab titrayotgan oromkursilarda erinibgina ko‘z tashlayapmiz xolos.
Men bu xabarni fransuzlarning geologiyaga oid bir jurnalida o‘qidim: Qoradengiz isib, Oqdengiz muzlayotganmish. Shu tufayli dolg‘ali dengizlarning tubidagi muazzam mog‘oralarga suvlar bo‘shanib, tektonik qo‘zg‘alishlar natijasida alaloqibat Jebelitarik, Chanoqqal’a va Istanbul bo‘g‘ozlarining “tovoni yuqori chiqa boshlabdi”. Bo‘g‘oz sohilida suhbatlashgan oxirgi baliqchilarimdan biri dengizning minora bo‘yicha keladigan joyida to‘r otayotib kemasi cho‘kib ketganini ta’kidlab, shunday so‘radi: “Boshlig‘ingiz bu mavzu bilan qiziqmaydimi hech?”
Bilmayman. Men faqat tezlik bilan odimlayotgan bu jarayonning yaqin kelajakdagi oqibatlarini bilaman. Ha, xuddi shunday, hali oradan ko‘p o‘tmay bir paytlari biz Bo‘g‘oz atagan o‘sha jannatmakon joy qop-qora loy bilan to‘ladi, zodagonlarning oppoq tishlariday sof va yaltillagan quyuq botqoqlikka aylanadi. Qaynoq yoz so‘nggida esa bu botqoqlik ham kichik qishloqchani suv bilan ta’minlayotgan buloq kabi sekin-asta quriy boshlaydi, hatto minglab jilg‘alardan tushayotgan obizilol ham unga yordam berolmaydi, natijada yaqin orada bu yerda yashil maysa va moychechaklar bo‘y ko‘rsatmay qo‘yadi. Ana shunda Qiz qal’asidan qaraganda dahshatli ko‘rinadigan bu qopqora va vahshiy vodiyda yangi hayot boshlanajak. Men esa qo‘llarida to‘la tovon qog‘ozlari ila u yoqdan bu yoqqa shoshayotgan ichki ishlar ma’murlarining ko‘zi bilan qaraganda ilgari “Bo‘g‘oz ichi” atalgan bu makon bag‘rida qad rostlaydigan yangi binolar borasida gapirmoqchiman: tungi klublar, baru sayrgohlar, lunaparklar, qimorxonalar, masjidu derveshxonalar, Marksist fraksionlar qarorgohlari, plastik ishlab chiqarish zavodlari hamda paypoq tikish atelelari... Eng achinarlisi, bu yerdan hozirdanoq Shirkati Hayriyadan qolgan kemalar qismlari, suv idish qopqoqlariyu dengiz o‘tlari yastangan maydonlar ko‘rinib turadi. Suvlar bir lahzada kamaygan so‘nggi kunlarda quruqlikdagi Amerikan transatlantiklari va yosunli ion ustunlari orasida eskirgani bilinmagan, og‘izlarini ochib tangrilarga yolvorgan kyelt va likyaliklarning suyaklari ham ko‘zga tashlanadi. Men esa suvo‘ti bilan qoplangan Vizantiya hazinalari, kumush va temir sanchqi-qoshiqlaru ming yillik sharob shishasi, turli-tuman nozik og‘izli suv idishlari orasida yuzaga keladigan bu madaniyatning antiq o‘choq va lampalarini yoquvchi energiya manbayi shu botqoqlikdagi eski Romen petrol tankeri ekanini o‘ylayman. Biroq asl tayyor bo‘lishimiz kerak bo‘lgan narsa boshqa, u — butun Istanbulni ajoyib jilg‘alari sug‘oradigan bu la’nati makonda o‘tmishda yerostidan piqirlab chiqqan zaharli gazlar, quriyotgan botqoqliklar, qalqonu qilich parchalari, “yangi jannatlarini” kashf etgan kalamushlar galasi keltirgan yangi va bedavo hastalikdir. Buni aniq bilaman va ogohlantiraman: o‘sha kun bu hastalik yoyilgani uchun tikanli simlar bilan o‘ralgan viloyatdagi barcha falokatlar bizning foydamizga ishlaydi.
Endi bir paytlar Bo‘g‘ozning ipak suvlarini kumush yanglig‘ yaltiratgan oyni kuzatgan balkonlardan ko‘milmay, shoshilinch yondirilgan murdalarning moviy tutuni osmonga o‘rlayotganini tomosha qilamiz. Bo‘g‘oz sohilida majnuntol va arg‘uvonlarning yoqimli salqinligini hidlab, sharob ichgan joyimizda endi chirigan murdalarning nafasimizni qaytargan sassiq hidini sezamiz. Baliqchilar qator-qator tizilgan pristanlarda endi Bo‘g‘oz shovullashi va bahor qushlarining nag‘masi emas, ming yil ilgarigi qo‘rquv bilan dengizga to‘kilgan sandiq-sandiq qilich, hanjar, zanglagan to‘p, to‘pponcha va miltiqlarni qo‘lga olib, o‘lim havotiri ichida bir-biriga qarshi kurash boshlagan askarlarning hayqiriqlari eshitiladi. Endi bir paytlardagidek dengizbo‘yi qishloqlarida yashagan istanbulliklar kechqurun uylariga horib-charchab qaytishayotganida yo‘sin hidini tuyish uchun ulovi derazasini katta ochishmaydi, aksincha chirigan murdayu botqoqlik isi kirmasin deya rangdor chiroqlar bilan yoritilgan pastdagi o‘sha qo‘rqinchli qorong‘ilik tomosha qilib boriladigan qishloq avtobuslarining derazalariga gazetayu mato parchalarini tiqib qo‘yishadi. Balonsotar va ayyor halvochilar to‘planadigan sohil qahvaxonalarida bundan keyin dengiz floti bayramlari emas, qiziquvchan bolakaylar osmonga otgan salyutlarining qirmizi tasviriga boqamiz. Qotgan non bo‘laklari, dolg‘ali dengiz sohilga uloqtirgan Vizantiya tangalariyu bo‘sh konserva qutilarini yig‘ishda usta bo‘lib ketgan lodoschilar bir paytlar sohilbo‘yining sel yuvgan qishloqlardagi harob uylaridan emas, Bo‘g‘ozning sohilga uloqtirgan qahva qaynatgich, qushiga yo‘sin ilakishgan devorsoatlar va midiyalar bilan qoplangan qora pianinolarini olishlari mumkin xolos. Ana shunday kunlarning birida men yarim kechasi tikanli simlar o‘ragan bu “yangi jahannam”ga qora Kadelakni topish ilinjida suzib boraman.
Qora kadelak – bundan o‘ttiz yil avval xorijlik muhbir paytimda, mojarolarini kuzatayotgan va boshlig‘i bo‘lgan bir mafiyaxonaning kirishidagi ikki Istanbul rasmiga hayron tikilgan beyo‘g‘lilik bosqinchining (“gangster” deyishga tilim bormaydi) olifta mashinasi edi. Bu mashinaning yana biri Istanbulda o‘sha davrning temiryo‘l boyvachchasi sanalgan Dag‘delen, yana biri esa papirossotar Ma’rufda bor edi. Gazetachilar so‘nggi onlarini bir hafta o‘rganib, taqdirini afsonalashtirib yuborgan bosqinchi bir kuni tunda milisiya quvlaganida sevgilisi bilan, ba’zi gaplarga qaraganda mastligidan, ba’zi iddaolarga ko‘ra esa ataylab otini jarlikka otgan o‘g‘ri kabi Oquvchi burnidan Kadelaki bilan Bo‘g‘ozga o‘zini tashlaydi. Izlaptoparlar dengizostida qancha izlab topisholmagan, gazetalaru o‘quvchilar qisqa vaqtdan so‘ng unutgan ushbu Kadelakni qayerdan topishni men aniq bilaman.
Mashina hozir ilgari Bo‘g‘oz atalgan yangi makon qa’rida, ya’ni ichiga qisqichbaqalar in qurgan yetti yuz yillik tufliyu etiklar, tuya suyaklariyu noma’lum sevgilisiga yozilgan ishq maktublariga to‘la shishalar, loyqa tubsizlikda yaltirayotgan olmos, isirg‘a, suv idish qopqoqlariyu yumshoqyuvgich va chig‘anoq uyumlari bilan qoplangan nishablar orqasidagi ko‘zga ko‘rinmas joyda, chirigan mavna o‘laskalari in qilgan, istab-istamay qurilgan eroin laborotoriyasi hamda yaramas qolbasaxo‘rlar so‘ygan beygiru eshaklar qoni bilan sug‘orilgan dengiz qumlog‘idan narida yotibdi.
Ilgari “Sohil yo‘li” atalgan, hozir esa ko‘proq tog‘ yo‘liga o‘xshagan asfaltdan o‘tayotgan mashinaning signallarini eshitib, bu dahshatli qorong‘ilik sukunati ichra mashinani izlar ekanman, bir vaqtlar cho‘kib ketgan va bukilgan tana xolatini haligacha saqlayotgan saroy ayonlariyu xizmatkorlari hamda asolarini quchoqlab olgan, bilaklariga o‘q tekkan Ortadoks ruhoniylarining skletlariga duch kelaman. To‘pxona prsitanidan Chanoqqal’aga askar yuborgan Guljamol kemasini tarpedalash istagida yo‘lga chiqqan va baliqchilar to‘rlariyu qirrador qoyalarga urilib dengizga cho‘kib ketgan ingliz suvosti kemasining pechka quvuridan bir vaqtlar periskop sifatida, keyin undan havo yetmay og‘zi ochiq qolgan ingliz skletlari, keyinchalik esa usti sifatli mato bilan qoplangan albay kreslosida Xitoy chinnilarida oqshomgi choyini ichish uchun Liverpul dastgohlarida ishlab chiqarilgan yangi xonadonlariga o‘zida yo‘q xursand shoshayotgan vatandoshlarimiz gazplitasi sifatida foydalanganini anglayman. Quyuq qorong‘ilikdan yanayam nariroqda esa Kayzer Vilgelm zirhli kemasining zanglagan langari va televizor ekraniga ro‘baro‘ kelaman. Shuningdek, u yerda talon-taroj etilgan Jeneviz hazinasining qolgan qismi, og‘zi loy bilan to‘la to‘potar, nomi allaqachon yo‘qolib ketgan ba’zi davlatu qavmlarning chig‘anoq ostidagi sanam va butlari hamda mis qandilning lampochkalari ham yaqqol ko‘rinib turadi. Dengizning tobora quyiga tushgan, botqog‘u qoyalar ichida yurgan sayin zanjirlangan va bardosh bilan yulduzlarni kuzatayotgan asir skletlariga ko‘zim tushadi. Ehtimol, yo‘sin daraxtidan ishlangan munchoq, ko‘zoynagu soyabonlarga e’tibor bermasman, biroq umid bilan hali hamon oyoqda turgan muhtasham ot skletiga og‘ir qurol-yarog‘u sovuti bilan mingan Hochli otliqlariga bir zum diqqat va qo‘rquv ila boqaman. Usti midiyalar bilan qoplangan, ramz va qurollari o‘ziga xos bo‘lgan Hochli skletlari hozir yonboshida turgan qora Kadelakni kutishganini shu mahal anglab yetaman.
Qayerdan kelgani noma’lum fosforli yorug‘likda goh-gohi bilinar-bilinmas yoritilayotgan qora Kadelakka vazmin, qo‘rquv ichida, xuddi yonidagi Hochli askalaridan ruxsat olgandek hurmat bilan yaqinlashaman. Kadelakning eshigi qulfini ochishga urunaman, ammo boshdan-oyoq midiya va suvo‘tlari bilan qoplangan muhit menga kechuv bermaydi, uning yashiltus derazalari sira joyidan qo‘zg‘almaydi. Shu payt cho‘ntagimdan ruchkamni olib, orqasi bilan oynani qoplagan qalin va yashil yo‘sinni tozalayman. Tun yarmidagi bu qo‘rqinchli qorong‘ilikda gugurt yoqqanimda esa mashinaning Hochli zirhllari kabi hanuz yaltirayotgan chambaragi, nikelli hisoblagichi, ko‘rsatkichyu soati hamda o‘sha qaroqchi va mahbubining bilakuzukli nozik qo‘llariyu uzukli barmoqlari bilan bir-birini quchoqlab o‘tirgan skletlariga duch kelaman. Ularning nafaqat bir-biriga yopishgan iyak, balki bosh suyaklari ham bitmas-tuganmas bo‘sa bilan abadiyga birlashgandi. O‘shanda, gugurtimni qayta yoqmay yana orqaga, nurafshon shaharga qaytayotganimda falokat onlarida o‘limni kutib olishning eng to‘g‘ri va baxtiyor yo‘li shu ekanini xayol qilgancha olisdagi sevgilimga azob ichra shunday deyman: “Jonim, go‘zalim, g‘amginim, falokatlar zamoni keldi, kel menga! Qayerda bo‘lsang ham, kel, balki sigareta tutuni bilan to‘lgan ijodxonada yoxud kir-chir hidi anqiyotgan uyning piyoz hidi qorishiq oshxonasidadirsan, balki pala-partish va to‘zg‘igan yotoqxonada... Qayerda bo‘lsang bo‘l, fursat bitdi, kel endi! Kel, axir yaqinlashayotgan qo‘rquv falokatini unutish uchun qora pardalari tortilgan nimqorong‘u xonaning jimligida boru yo‘q kuchimiz bilan bir-birimizni quchoqlab, muborak o‘limni ko‘zlamoq vaqti yetdi!”

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi


Ўрҳон Помуқ. Бўғознинг сувлари камаяётганида ("Қора китоб" романидан)

Бўғознинг сувлари камаяётганини сиз ҳам сездингизми?
Ишониш қийин. Байрам туфайли кўчага чиққан болаларнинг кайфиятию ҳаяжони билан бир-биримизни махв этаётган айни кунларда ўзи нимадир ўқиб дунёдан хабардор бўляпмизми? Тан олайлик, ҳатто оддий хабарчаларга ҳам тирсагимизни қўйган кема палубаси, орқамиз-орқамизга тегиб ўтирган автобус ўриндиғи, ҳарфлар жимирлаб титраётган оромкурсиларда эринибгина кўз ташлаяпмиз холос.
Мен бу хабарни французларнинг геологияга оид бир журналида ўқидим: Қораденгиз исиб, Оқденгиз музлаётганмиш. Шу туфайли долғали денгизларнинг тубидаги муаззам моғораларга сувлар бўшаниб, тектоник қўзғалишлар натижасида алалоқибат Жебелитарик, Чаноққалъа ва Истанбул бўғозларининг “товони юқори чиқа бошлабди”. Бўғоз соҳилида суҳбатлашган охирги балиқчиларимдан бири денгизнинг минора бўйича келадиган жойида тўр отаётиб кемаси чўкиб кетганини таъкидлаб, шундай сўради: “Бошлиғингиз бу мавзу билан қизиқмайдими ҳеч?”
Билмайман. Мен фақат тезлик билан одимлаётган бу жараённинг яқин келажакдаги оқибатларини биламан. Ҳа, худди шундай, ҳали орадан кўп ўтмай бир пайтлари биз Бўғоз атаган ўша жаннатмакон жой қоп-қора лой билан тўлади, зодагонларнинг оппоқ тишларидай соф ва ялтиллаган қуюқ ботқоқликка айланади. Қайноқ ёз сўнггида эса бу ботқоқлик ҳам кичик қишлоқчани сув билан таъминлаётган булоқ каби секин-аста қурий бошлайди, ҳатто минглаб жилғалардан тушаётган обизилол ҳам унга ёрдам беролмайди, натижада яқин орада бу ерда яшил майса ва мойчечаклар бўй кўрсатмай қўяди. Ана шунда Қиз қалъасидан қараганда даҳшатли кўринадиган бу қопқора ва ваҳший водийда янги ҳаёт бошланажак. Мен эса қўлларида тўла товон қоғозлари ила у ёқдан бу ёққа шошаётган ички ишлар маъмурларининг кўзи билан қараганда илгари “Бўғоз ичи” аталган бу макон бағрида қад ростлайдиган янги бинолар борасида гапирмоқчиман: тунги клублар, бару сайргоҳлар, лунапарклар, қиморхоналар, масжиду дервешхоналар, Марксист фракционлар қароргоҳлари, пластик ишлаб чиқариш заводлари ҳамда пайпоқ тикиш ателелари... Энг ачинарлиси, бу ердан ҳозирданоқ Ширкати Ҳайриядан қолган кемалар қисмлари, сув идиш қопқоқларию денгиз ўтлари ястанган майдонлар кўриниб туради. Сувлар бир лаҳзада камайган сўнгги кунларда қуруқликдаги Американ трансатлантиклари ва ёсунли ион устунлари орасида эскиргани билинмаган, оғизларини очиб тангриларга ёлворган келт ва ликяликларнинг суяклари ҳам кўзга ташланади. Мен эса сувўти билан қопланган Византия ҳазиналари, кумуш ва темир санчқи-қошиқлару минг йиллик шароб шишаси, турли-туман нозик оғизли сув идишлари орасида юзага келадиган бу маданиятнинг антиқ ўчоқ ва лампаларини ёқувчи энергия манбайи шу ботқоқликдаги эски Ромен петрол танкери эканини ўйлайман. Бироқ асл тайёр бўлишимиз керак бўлган нарса бошқа, у — бутун Истанбулни ажойиб жилғалари суғорадиган бу лаънати маконда ўтмишда еростидан пиқирлаб чиққан заҳарли газлар, қуриётган ботқоқликлар, қалқону қилич парчалари, “янги жаннатларини” кашф этган каламушлар галаси келтирган янги ва бедаво ҳасталикдир. Буни аниқ биламан ва огоҳлантираман: ўша кун бу ҳасталик ёйилгани учун тиканли симлар билан ўралган вилоятдаги барча фалокатлар бизнинг фойдамизга ишлайди.
Энди бир пайтлар Бўғознинг ипак сувларини кумуш янглиғ ялтиратган ойни кузатган балконлардан кўмилмай, шошилинч ёндирилган мурдаларнинг мовий тутуни осмонга ўрлаётганини томоша қиламиз. Бўғоз соҳилида мажнунтол ва арғувонларнинг ёқимли салқинлигини ҳидлаб, шароб ичган жойимизда энди чириган мурдаларнинг нафасимизни қайтарган сассиқ ҳидини сезамиз. Балиқчилар қатор-қатор тизилган пристанларда энди Бўғоз шовуллаши ва баҳор қушларининг нағмаси эмас, минг йил илгариги қўрқув билан денгизга тўкилган сандиқ-сандиқ қилич, ҳанжар, занглаган тўп, тўппонча ва милтиқларни қўлга олиб, ўлим ҳавотири ичида бир-бирига қарши кураш бошлаган аскарларнинг ҳайқириқлари эшитилади. Энди бир пайтлардагидек денгизбўйи қишлоқларида яшаган истанбулликлар кечқурун уйларига ҳориб-чарчаб қайтишаётганида йўсин ҳидини туйиш учун улови деразасини катта очишмайди, аксинча чириган мурдаю ботқоқлик иси кирмасин дея рангдор чироқлар билан ёритилган пастдаги ўша қўрқинчли қоронғилик томоша қилиб бориладиган қишлоқ автобусларининг деразаларига газетаю мато парчаларини тиқиб қўйишади. Балонсотар ва айёр ҳалвочилар тўпланадиган соҳил қаҳвахоналарида бундан кейин денгиз флоти байрамлари эмас, қизиқувчан болакайлар осмонга отган салютларининг қирмизи тасвирига боқамиз. Қотган нон бўлаклари, долғали денгиз соҳилга улоқтирган Византия тангаларию бўш консерва қутиларини йиғишда уста бўлиб кетган лодосчилар бир пайтлар соҳилбўйининг сел ювган қишлоқлардаги ҳароб уйларидан эмас, Бўғознинг соҳилга улоқтирган қаҳва қайнатгич, қушига йўсин илакишган деворсоатлар ва мидиялар билан қопланган қора пианиноларини олишлари мумкин холос. Ана шундай кунларнинг бирида мен ярим кечаси тиканли симлар ўраган бу “янги жаҳаннам”га қора Каделакни топиш илинжида сузиб бораман.
Қора каделак – бундан ўттиз йил аввал хорижлик муҳбир пайтимда, можароларини кузатаётган ва бошлиғи бўлган бир мафияхонанинг киришидаги икки Истанбул расмига ҳайрон тикилган бейўғлилик босқинчининг (“гангстер” дейишга тилим бормайди) олифта машинаси эди. Бу машинанинг яна бири Истанбулда ўша даврнинг темирйўл бойваччаси саналган Дағделен, яна бири эса папироссотар Маъруфда бор эди. Газетачилар сўнгги онларини бир ҳафта ўрганиб, тақдирини афсоналаштириб юборган босқинчи бир куни тунда милиция қувлаганида севгилиси билан, баъзи гапларга қараганда мастлигидан, баъзи иддаоларга кўра эса атайлаб отини жарликка отган ўғри каби Оқувчи бурнидан Каделаки билан Бўғозга ўзини ташлайди. Излаптопарлар денгизостида қанча излаб топишолмаган, газеталару ўқувчилар қисқа вақтдан сўнг унутган ушбу Каделакни қаердан топишни мен аниқ биламан.
Машина ҳозир илгари Бўғоз аталган янги макон қаърида, яъни ичига қисқичбақалар ин қурган етти юз йиллик туфлию этиклар, туя суякларию номаълум севгилисига ёзилган ишқ мактубларига тўла шишалар, лойқа тубсизликда ялтираётган олмос, исирға, сув идиш қопқоқларию юмшоқювгич ва чиғаноқ уюмлари билан қопланган нишаблар орқасидаги кўзга кўринмас жойда, чириган мавна ўласкалари ин қилган, истаб-истамай қурилган эроин лабороторияси ҳамда ярамас қолбасахўрлар сўйган бейгиру эшаклар қони билан суғорилган денгиз қумлоғидан нарида ётибди.
Илгари “Соҳил йўли” аталган, ҳозир эса кўпроқ тоғ йўлига ўхшаган асфалтдан ўтаётган машинанинг сигналларини эшитиб, бу даҳшатли қоронғилик сукунати ичра машинани излар эканман, бир вақтлар чўкиб кетган ва букилган тана холатини ҳалигача сақлаётган сарой аёнларию хизматкорлари ҳамда асоларини қучоқлаб олган, билакларига ўқ теккан Ортадокс руҳонийларининг склетларига дуч келаман. Тўпхона прситанидан Чаноққалъага аскар юборган Гулжамол кемасини тарпедалаш истагида йўлга чиққан ва балиқчилар тўрларию қиррадор қояларга урилиб денгизга чўкиб кетган инглиз сувости кемасининг печка қувуридан бир вақтлар перископ сифатида, кейин ундан ҳаво етмай оғзи очиқ қолган инглиз склетлари, кейинчалик эса усти сифатли мато билан қопланган албай креслосида Хитой чинниларида оқшомги чойини ичиш учун Ливерпул дастгоҳларида ишлаб чиқарилган янги хонадонларига ўзида йўқ хурсанд шошаётган ватандошларимиз газплитаси сифатида фойдаланганини англайман. Қуюқ қоронғиликдан янаям нарироқда эса Кайзер Вилгелм зирҳли кемасининг занглаган лангари ва телевизор экранига рўбарў келаман. Шунингдек, у ерда талон-тарож этилган Женевиз ҳазинасининг қолган қисми, оғзи лой билан тўла тўпотар, номи аллақачон йўқолиб кетган баъзи давлату қавмларнинг чиғаноқ остидаги санам ва бутлари ҳамда мис қандилнинг лампочкалари ҳам яққол кўриниб туради. Денгизнинг тобора қуйига тушган, ботқоғу қоялар ичида юрган сайин занжирланган ва бардош билан юлдузларни кузатаётган асир склетларига кўзим тушади. Эҳтимол, йўсин дарахтидан ишланган мунчоқ, кўзойнагу соябонларга эътибор бермасман, бироқ умид билан ҳали ҳамон оёқда турган муҳташам от склетига оғир қурол-яроғу совути билан минган Ҳочли отлиқларига бир зум диққат ва қўрқув ила боқаман. Усти мидиялар билан қопланган, рамз ва қуроллари ўзига хос бўлган Ҳочли склетлари ҳозир ёнбошида турган қора Каделакни кутишганини шу маҳал англаб етаман.
Қаердан келгани номаълум фосфорли ёруғликда гоҳ-гоҳи билинар-билинмас ёритилаётган қора Каделакка вазмин, қўрқув ичида, худди ёнидаги Ҳочли аскаларидан рухсат олгандек ҳурмат билан яқинлашаман. Каделакнинг эшиги қулфини очишга урунаман, аммо бошдан-оёқ мидия ва сувўтлари билан қопланган муҳит менга кечув бермайди, унинг яшилтус деразалари сира жойидан қўзғалмайди. Шу пайт чўнтагимдан ручкамни олиб, орқаси билан ойнани қоплаган қалин ва яшил йўсинни тозалайман. Тун ярмидаги бу қўрқинчли қоронғиликда гугурт ёққанимда эса машинанинг Ҳочли зирҳллари каби ҳануз ялтираётган чамбараги, никелли ҳисоблагичи, кўрсаткичю соати ҳамда ўша қароқчи ва маҳбубининг билакузукли нозик қўлларию узукли бармоқлари билан бир-бирини қучоқлаб ўтирган склетларига дуч келаман. Уларнинг нафақат бир-бирига ёпишган ияк, балки бош суяклари ҳам битмас-туганмас бўса билан абадийга бирлашганди. Ўшанда, гугуртимни қайта ёқмай яна орқага, нурафшон шаҳарга қайтаётганимда фалокат онларида ўлимни кутиб олишнинг энг тўғри ва бахтиёр йўли шу эканини хаёл қилганча олисдаги севгилимга азоб ичра шундай дейман: “Жоним, гўзалим, ғамгиним, фалокатлар замони келди, кел менга! Қаерда бўлсанг ҳам, кел, балки сигарета тутуни билан тўлган ижодхонада ёхуд кир-чир ҳиди анқиётган уйнинг пиёз ҳиди қоришиқ ошхонасидадирсан, балки пала-партиш ва тўзғиган ётоқхонада... Қаерда бўлсанг бўл, фурсат битди, кел энди! Кел, ахир яқинлашаётган қўрқув фалокатини унутиш учун қора пардалари тортилган нимқоронғу хонанинг жимлигида бору йўқ кучимиз билан бир-биримизни қучоқлаб, муборак ўлимни кўзламоқ вақти етди!”

Турк тилидан Раҳмат Бобожон таржимаси