“Shurtan GKM” MCHJ tomonidan 2025-yilda birja savdolari orqali 134 788 tonna polietilen granulasi sotildi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Mahsulotlarni sotish va marketing xizmati tomonidan 2025-yil uchun belgilangan sotuv rejalari ortig‘i bilan bajarildi. Jumladan, majmuaning asosiy mahsuloti hisoblangan polietilen granulasi birja savdolari orqali yil davomida jami 134 788 tonna miqdorida sotilib, mazkur ko‘rsatkich rejaga nisbatan 112,32 % ni tashkil etdi.
Ta'kidlash joizki, xorijiy mamlakatlardan polietilen granulasining respublikamiz bozoriga kirib kelishi yildan-yilga ortib borayotgani natijasida raqobat sezilarli darajada kuchaydi. Shu bois 2025-yil davomida majmuada ishlab chiqarilayotgan polietilen narxlarida pasayish tendensiyasi kuzatildi. Shunga qaramasdan, majmua o‘z biznes rejasida belgilangan qiymat ko‘rsatkichlarini ham 111,7 % darajada bajarishga erishdi.
- 3,5 mlrd m3 tozalangan tabiiy gaz (tovar gazi) «UzGasTrade» AJning magistral gaz quvurlariga hamda «Uzbekistan GTL» MChJga yetkazib berildi (rejaga nisbatan – 107,8 %),
- 108,3 ming tonna gaz kondensati «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi» MChJga yetkazib berildi (rejaga nisbatan – 120,3 %),
- aholining maishiy ehtiyoji va ijtimoiy sohalar uchun «Hududgazta’minot» AJga 122,47 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilib, mazkur ko‘rsatkich belgilangan rejaga muvofiq 100 % ga bajarildi.
Oltingugurt mahsuloti bo‘yicha esa mutaxassislarimiz tomonidan ilgari surilgan 2025-yilda talab keskin oshishi haqidagi kutilmalar to‘liq o‘zini oqladi. Natijada ushbu mahsulot realizatsiyasi rejaga nisbatan miqdor jihatdan 216,3 % ga (2 163 tonna), qiymat jihatdan esa biznes rejasiga nisbatan qariyb 6 barobar ortig‘i bilan bajarildi.
Tayyor mahsulotlar savdosi bo‘yicha ham ijobiy o‘sish qayd etildi. Jumladan, 2025-yilda jami 56,03 mlrd so‘mlik tayyor mahsulotlar sotilib, bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 129,1 % ni tashkil etdi.
Alohida qayd etish lozimki, “Qarshitermoplast” sexida ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning aholi orasida tobora ommalashib borishi natijasida chakana savdo hajmi 2025-yilda 5,42 mlrd so‘mga yetib, bu 2024-yilga nisbatan 125 % o‘sishni ko‘rsatdi.
Jumladan, Mahsulotlarni sotish va marketing xizmati tomonidan 2025-yil davomida 894,9 ming p.m. polietilen quvurlar, 526,71 ming p.m. tomchilatib sug‘orish shlanglari, 90 715 dona tomchilatib sug‘orish detallari, 4 784 dona polietilen fitinglar, 15 351 dona polietilen kanistralar, 7 535 dona polietilen poddonlar, 1 018 dona polietilen yashiklar hamda 61 570 m² alyumin kompozit panellar sotildi. Bundan tashqari, yil davomida umumiy qiymati 16,05 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi hamda 5,2 mlrd so‘mlik ishlab chiqarish chiqindilari realizatsiyasi amalga oshirildi.
Joriy 2026-yilda ham polietilen bozorida raqobatning yanada kuchayishi kutilmoqda. Shu sharoitda munosib o‘rin egallash, savdo hajmlarini barqaror oshirib borish hamda majmua oldiga qo‘yilgan strategik vazifalarga erishish maqsadida Mahsulotlarni sotish va marketing xizmati tomonidan izchil va tizimli choralar amalga oshirilmoqda.