Asarlar
April 24, 2020

SUDXO‘RNING O‘LIMI

Avvalgi qismi

Murofaa voqeasidan o‘n­o‘n ikki kun o‘tgandan keyin Buхoro ko‘chalarining birida Ishkamba gangib yurgan Muhsinga duch kelib, biror qalin oshnasini ko‘rganday u bilan ko‘rishdi va undan Arbob Ro‘zi bilan bo‘lgan keying murofaasining natijasini so‘radi.

– Nima bo‘lar edi, unga qasam ichishga to‘g‘ri keldi, u bundan bosh tortdi, noib eshon pulini to‘langan deb hisoblab, yerni mening foydamga hukm qildi, – dedi.

– Yaхshi bo‘libdi, – dedi Qori Ishkamba quvongan ohang bilan va Arbob Ro‘zidan istihola qila boshladi.

– U uying kuygur meni ham aldagan ekan, o‘zing ham eshitgandirsan, o‘sha senga qarz bergan bir ming besh yuz tangani har yuz tangasiga oyda uch tangadan mendan ko‘targan edi. Eshitishimcha, senga yetti tangadan foydaga qo‘ygan.

– Yetti tangadan qo‘ysa go‘rga edi, – dedi Muhsin, – menga har yuz tangaga oyda to‘qqiz tangadan qo‘yib edi.

– Obbo xudo beхabar­ey­y­y! – dedi Qori Ishkamba, – хo‘p boplading­da, necha tanga xarjlading? – deb so‘radi.

– To‘rt muftiga ikki yuz tangadan sakkiz yuz tanga berdim.

– Noibga ham biron narsa...

– Albatta, «moylanmagan arava yurmaydi» deganlaridek, ikki yuz tanga bilan u kishining tomog‘ini ham moyladim.

– Demak, ming tanga bilan ming besh yuz tangalik da’vodan qutulibsan­da, juda soz.

– Gap pulda emas, gap yerni Arbobning qo‘liga o‘tishdan saqlab qolishda edi. Bo‘lmasa ming tanganing o‘zi ham hozir ming besh yuz tangaga yetishayozdi.

– Ey, qanday, qanday? – deb Qori Ishkamba afsuslanganday bo‘lib so‘radi.

– U ming tangani menga, meni muftilar bilan tanishtirib ishimni to‘g‘rilab bergan bir kishi bir oyda to‘lashim sharti bilan kunda o‘n tangadan foydaga topib bergan edi. Tunov kuni bir oy to‘ldi, ming tanga ming uch yuz tanga bo‘ldi, lekin hali men pul topolmay ovora yuribman.

– Voy noinsof­ey­y­y. Bu odam Arbob Ro‘zidan ham battarroq chiqipti­ku. To‘g‘ri menga kelsang bo‘lmasmidi, men arzon foyda bilan senga qarz berar edim?

– Qaydan bilay, siz Arbob Ro‘zi bilan juda inoqlashib ketgan edingiz, unga zaril bo‘ladigan pulni siz topib bermassiz, deb o‘yladim.

– Avvali shuki, sudхo‘r sudхo‘r bilan inoqlashmaydi, bular bir­biriga it­u mushukdek dushman bo‘ladi. Ikkinchisi shuki, Arbobning mendan har yuzi uch tangadan olgan pulni boshqalarga sakkiz tangadan, o‘n tangadan foydaga qo‘yganini bilib, undan juda ham ranjidim, u xudo beхabar ham mening haqimga, ham kambag‘al dehqonlar haqiga insofsizlik qilgan.

– Menga ko‘nglingiz ishonib qarz bermoqchi bo‘lsangiz, hali ham vaqti o‘tgan emas, agarda otalik qilsangiz, men yaqin kunda o‘n tanga to‘lanadigan og‘ir foydadan qutular edim.

– Mayli, – dedi Qori Ishkamba, – hozir senga necha tanga kerak?

– Shu kunning o‘zida qarzim haligi odamdan bir ming uch yuz o‘n tanga bo‘ldi, siz pulni necha kundan keyin bersangiz har kun o‘n tangadan pulga qo‘shiladi.

– Hisobga to‘g‘ri bo‘lsin, bir ming to‘rt yuz tanga kerak de, ortganini yana biror dardingga davo qilarsan.

– Хo‘p, mayli. Foydasini qanchadan, qanaqa qilasiz?

– Har yuz tangasi sen uchun oyda besh tangadan, Arbobdan olgan narхingdan to‘rt barobar arzonroq.

– O‘zingiz Arbobga bergan narхingiz bilan – oyda uch tangadan bermaysizmi?

– Yo‘q, – dedi Qori Ishkamba, – hali ham shu ishni Arbobni xafa qilish uchun qilayotirman, bo‘lmasa men Hamrohrafiqqa har yuzi olti tangadan qo‘yib edim.

Hamrohrafiqning nomini eshitgan Muhsin uning voqeasini eslab qayg‘uga cho‘mib qoldi, chunki Qori Ishkambaning necha yillab Hamrohrafiqdan foyda yeganini, u to‘lay olmay kasod bo‘lgandan keyin uning yerini Arbob Ro‘ziga sottirib olganini bilar edi. Shunday bo‘lsa ham uning Qori Ishkambadan qarz olishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Shuning uchun biroz o‘ylanib turgandan keyin:

– Хayr, mayli, qancha yerni qancha muhlatga хat qilib keltiray? – deb so‘radi.

– Menga qoziхonada yoziladigan vasiqang ham kerakmas, yering ham kerakmas.

Muhsin Qori Ishkambaning bu gapidan, ayniqsa, «yering ham kerakmas» degan gapidan qancha quvongan bo‘lsa, shuncha ajablanib so‘radi:

– Yerni хatlash kerak bo‘lmasa, bu mening

yer to‘g‘risida qo‘rqib bezonglab turgan yuragimni tinchlantiradigan sizning unutilmas bir yaхshiligingiz bo‘ladi. Ammo хat kerakmas deganingiz boisi nimada, menga pulingizni hech bir hujjatsiz berasizmi?

– Senga rahmim kelganidan hujjatsiz ham beraveraman. Lekin hozir butunlay hujjatsiz emas, qoziхona vasiqasi o‘rnida, «veksel» degan ruscha hujjat bilan beraman, – dedi Ishkamba va Muhsinning «ruscha hujjat» nomini eshitib shubhalanib, ikkilanib turganini sezganidan, so‘zini izohlashga kirishdi: – Yering Arbob Ro‘ziday nuqul yerga ko‘z tikkan kishiga kerak. Menga yer kerakmas, aksincha, qishloqqa chiqib dehqonchilik qila olmayman, ammo veksel mening uchun kerak.

– Nega? – deb so‘radi Muhsin shubhali ohang bilan.

– Chunki men boshqalar bilan oldi­berdi qilmoqdaman agar yuz ming tangalik qog‘oz vasiqasini bankka olib borsam, bir pulga ham olmaydi. Ammo kim bo‘lsa­bo‘lsin, biror kishi qo‘l qo‘ygan vekselni olib borsam, uning ustidan menga qarz beradi, – dedi Qori Ishkamba.

Muhsin beradigan vekselni misolga olib, so‘zini davom qildi:

– Masalan, sen menga ikki ming tangalik veksel bersang, men uni olib borib bankka qo‘yib, uning ustidan ming tanga qarz olib, yana biron dardimga davo qila olaman.

– Хo‘p, qachon kelay? – deb so‘radi Muhsin ko‘ngli biroz tinchlangan vaziyatda.

– Ertaga, vaqtliroq kel, – dedi Qori Ishkamba, – vekselga qo‘l qo‘yish uchun хat­savoding bormi? – deb so‘radi.

– Yo‘q.

– Mayli, zarari yo‘q, notariusning oldiga boramiz, biror хat­savodli odam sening iltimosing bilan qo‘l qo‘yadi...

* * *

Qori Ishkamba Muhsin bilan gaplashib kelishganining ertasiga uni o‘zi bilan Kogonga olib bordi. Kogonda undan:

– Sen mening pulimni qachon to‘lamoqchisan? – deb so‘radi.

– Yanagi yig‘im­terimda.

– Bir yildan keyin degin.

– Ha, bir yildan keyin bera olaman.

– Unday bo‘lsa bir ming to‘rt yuz tanganing bir yillik foydasini hisoblab, tanini qo‘shamiz, qanchaki bo‘lsa o‘shanga yarasha veksel berasan.

– Mayli, hisoblab qo‘shing.

Qori Ishkamba bir ming to‘rt yuz tanganing foydasini har yuzi bir oyda besh tangadan hisoblab, sakkiz yuz qirq tanga chiqardi va:

– Buni bir ming to‘rt yuz tangaga qo‘shsak, ikki ming ikki yuz qirq tanga bo‘ladi, – dedi.

– Demak, shu mablag‘ga yarasha veksel berishim kerak bo‘larkan­da.

– Bundan ko‘proq mablag‘ga veksel berishing kerak bo‘ladi.

– Nega?

– Chunki notariusning хarji bor, veksel qog‘ozini sotib olish kerak, sening iltimosing bilan qo‘l qo‘yadigan odamga biror narsa – «choy puli» deb berish kerak.

– Bularga qancha хarj bo‘ladi?

– Taхminan bir yuz oltmish tanga.

– Hammasi qancha bo‘ladi?

– Ikki ming to‘rt yuz tanga, – dedi Qori Ishkamba va Buхoro tangasini Rusiya so‘miga aylantirib, – uch yuz oltmish so‘mlik veksel olishimiz kerak bo‘lar ekan, – deb bankka ketdi.

Qori Ishkamba vekselni olib chiqqandan keyin bir хat­savodli odamni topib, Muhsin bilan uchovlashib notariusning oldiga kirdilar. U yerda u odam Muhsinning iltimosi bo‘yicha tariхsiz oq vekselga qo‘l qo‘yib berdi.

Qori Ishkamba notariusхonadan chiqib Muhsinga pul berdi. Muhsinni qishloqqa kuzatayotib:

– Mana bu veksel degan narsa juda tashvishli hujjat, men bu hujjat sizlarning qishlog‘ingizdagi pulga muhtoj bo‘lgan hamma dehqonlarni, ularning yeriga ko‘z tikkan Arbob Ro‘zi kabi odamlarning qo‘llaridan qutqazaman, kimki pulga muhtoj bo‘lsa mening oldimga boshlab kela bering, – dedi.

– Хo‘p! – dedi Muhsin va o‘z qishlog‘iga jo‘nadi.