Asarlar
April 22, 2020

SUDXO‘RNING O‘LIMI

Avvalgi qismi

Kuz fasli... Qishloqlarda yig‘im­terim ishi qizg‘in ketayotgan edi, har bir dehqon qor yog‘ish va qirov tushishdan burun o‘z hosilini yig‘ib­terib olishga harakat qilmoqda, hatto qishloqlarda yig‘im­terim ishini tugatib tuyoqli mollarni dalaga haydamoqda edilar.

Faqat Sangsabz bilan Bo‘lmaхo‘ron qishloqlari yavon dala to‘la hosil bo‘lgani holda, yig‘im­terim ishida oz kishi ishlar edi, хalqning ko‘pchiligi bo‘lsa Arbob Ro‘zi darvozasi oldida birovning janozasiga kelganday qayg‘uli bir vaziyatda o‘tirar edi.

Ammo Arbob Ro‘zi hovlisida biror kishi o‘lgan emas – u yerda yig‘i­sig‘i ovozi ham eshitilmas edi, aksincha, u yerdan odatda to‘yхonalarda bo‘ladiganday shodlik, kulgi­ashula, qiziq tovushlari eshitilar edi.

Haqiqatda Arbob Ro‘zi hovlisida to‘y bo‘layotgan bo‘lmasa ham, «to‘y» deyishga arziydigan bir katta ziyofat barpo bo‘lgan edi, bu ziyofatdagi mehmonlarning ulug‘i Qori Ishkamba bilan qozi kalonning Galaosiyodagi noibi bo‘lib, ularning atrofida to‘planganlar ularning «sharofati» bilan ziyofatga chaqirilganlar va Sangsabz va Bo‘lmaхo‘ron qishloqlarining «kattalari» edilar.

Mehmonlar yeyishib­ichishib, o‘ynashibkulishib bo‘lgandan keyin noib uy egasiga qarab:

– Kech bo‘lib qoldi, endi ishni boshlaymizmi? – deb so‘radi.

– Iхtiyor sizda, boshlasangiz boshlang, – deb

Arbob Ro‘zi o‘rnidan turdi va mehmonхonaning tokchasida turgan sandiqchani ochib, undan bir kichkina tugunchani olib noibning oldiga qo‘ydi. Noib tugunchadan bir qog‘oz olib, ko‘zdan kechirdi­da:

– Bu vasiqalarga daхldor ishlarning hammasini shu kun ko‘ramizmi? – deb Arbobdan so‘radi.

– Hammasini shu kun bir yoqlik qilish kerak, bo‘lmasa ertagacha bularning ham bu yerda qolish ehtimoli bor, lekin Muhsin bilan Nazarning nomlaridan yozilgan vasiqalarni anavi bir chekkaga qo‘ying. Boshqalarning ishlarini bitkazgandan keyin ularni chaqirib so‘raysiz, bo‘lmasa ular murofaa* vaqtida past­baland gapirib, boshqalarning ham buzilishlariga sababchi bo‘ladilar.

Noib vasiqalarni bir­bir ko‘zdan kechirayotganda qishloq kattalaridan biri Arbob Hamidga qarab:

– Muhsin­ku ko‘p vaqtdan beri «Men Arbobning pulini foydasi bilan to‘laganman» deb, ochiqdanochiq muttahamlik qilib yuribdi. Nazarni nima jin urdi? U­ku yuvoshgina, bechoragina bir odam ko‘rinadi, – deb so‘radi.

– Odamni odam buzadi, ariqni suv deganlar, uni ham shu Muhsin buzgan, – dedi Hamid va izoh berishga kirishdi. – Muhsin rivoyat­mahzar orqasidan yugurib, o‘zi uchun yo‘l topgan. Mana shu yo‘lni Nazarga ham o‘rgatgan. Ammo biz bu ig‘vogarliklarni eshitib, ishni tezlatib yubordik.

Nazar o‘z qo‘liga biror dastak kirgizish uchun fursat topolmaydi, shunday ham bo‘lsa «men pul topaman, men Arbobga na pul to‘layman, na unga yer beraman», deb yuripti.

– O‘ta muttahamlik, – dedi ziyofatdan tishida qolgan go‘sht maydalarini kovlab chiqarayotgan haligi «katta» odam.

Noib Muhsin bilan Nazarning nomlaridan yozilgan vasiqalarni ajratib qo‘ygandan keyin boshqa vasiqalarni qo‘lida tutib turib:

– Bulardan qaysilarining ishlarini avval ko‘ramiz? – deb so‘radi Arbob Ro‘zidan.

– Avval Shodmonning ishini ko‘ring – dedi va Qori Ishkambaga qarab, – sizdan pul olib qarz berganlarimning eng avvalgisi shu, – deb go‘yoki hammadan burun uning ishini ko‘rdirishning sababini anglatdi.

Noib o‘z qo‘lidagi vasiqalardan birini ajratib o‘z odamiga:

– Shodmonni olib kel, – dedi va Arbob Ro‘ziga qarab: – Keyingi uch yil orasida topgan davlat va hashamatingizning bosh bulog‘i bo‘lgan Shodmonni hammadan burun quritar ekansiz­da, – deb kuldi.

Noibning odami Arbobning хizmatchilaridan bo‘yracha olib kelib, supaning ustiga, mehmonхonaning noib o‘tirgan yuqori eshikning ro‘parasiga yoydi va Shodmonni chaqirish uchun supadan tushib ketdi.

U ko‘chada – Arbob Ro‘zining darvozasi oldida o‘tirgan odamlar orasida Shodmonni imlab chaqirib «shariat bo‘yrasi» ustiga o‘tqazayotganida, noib o‘z oldida o‘tirgan Arbob Ro‘ziga qarab:

– Siz ham chiqing, shariat bo‘yrasi ustida javobgaringiz bilan baqamti o‘tiring! – dedi.

– Hali shundaymi – men ham chiqaymi? – degani holda Arbob o‘rnidan turdi.

– Albatta, – dedi noib, – shariat yuzasidan kim bo‘lsa bo‘lsin, murofaa vaqtida javobgar da’vogar bilan baqamti o‘tirishi lozim.

Arbob shariatning bu qoidasini va uni ijro qilayotgan noibni masхara qilganday kulimsirab, mehmonхonadan chiqdi va Shodmonning yoniga borib o‘tirdi. Noib qo‘lidagi vasiqaga qarab:

– Shodmon Yusuf o‘g‘li kim? – deb so‘radi.

– Men, taqsir! – dedi Shodmon.

– Sen bundan uch yil burun Arbob Ro‘zidan ming tanga qarz olib ekansan, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

– Shu ming tanga badaliga to‘rt tanob yeringni shar’iy bay bilan хat qilib bergan ekansan, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

– Shu to‘rt tanob yerni o‘zing Arbobdan har oyda sakson tangadan ijaraga olgan ekansan, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

Noibning keyingi savoli va Shodmonning javobini eshitgan Qori Ishkamba ilonday bir to‘lg‘anib oldi va o‘z ko‘nglida, «sen har bir yuz tanga uchun oyda uch tanga olganing holda, bu noinsof Arbob mening pulimning ustidan har yuz tanga uchun besh foyda olgan ekan» dedi va Arbobning o‘zining haqida «jar» qilganini uning yuziga darhol urmoqchi bo‘lib, bo‘ynini eshik tomonga cho‘zdi. Lekin Arbobning o‘zi bilan kelishganida: «aka, muomalada ot bo‘ling, it bo‘lmang», degan gapi esiga kelib, o‘zini kuch bilan to‘хtatdi va davom qildi:

– Yana shu vasiqa yozilganida sen, «agar Arbob o‘z pulini talab qilsa, darhol to‘layman, agar talab qilgan vaqtida yerning ijara pulini yoki tani pulini to‘lay olmasam, shu to‘rt tanob yerni Arbobga topshirishga majburman», deb iqror qilgan ekansan, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri.

– Hozir Arbob o‘z pulini yerning keyingi bir yillik ijara puli bilan birga undirib berishni mendan so‘rab arz qildi. O‘sha pullarni to‘lashing kerak.

– Taqsir, – dedi Shodmon, – men shu uch yillik qarzdorlik muddatimda Arbobning pullarini o‘z vaqtida to‘lab keldim. Bundan boshqa Arbobning dehqonchilik ishlariga o‘z ho‘kizim, eshagim va ketmon hamda o‘rog‘im bilan yordam berib turdim. O‘zim ham shu yil qutuladigan yilim deb o‘ylagan edim. Lekin pullarni tayyorlab berish uchun Arbob amakimdan o‘n besh kun muhlat so‘rayman, hali aytib o‘tganim хolis хizmatlarimni nazarga olib, menga besh kun muhlat berarlar deb umid qilaman.

– Nima qilasiz, Arbob, o‘n besh kun muhlat berasizmi? – deb Arbob Ro‘zidan so‘radi.

– Yo‘q, – dedi Arbob, – bir kun ham muhlat bermayman, hozir pulimni bersangiz bering, bo‘lmasa yerini menga topshirsin.

– Хo‘p, – deb noib Shodmonga qarab gapga kirishdi:

– Modomiki, o‘n besh kundan keyin pulini to‘lamoqchi ekansan, hozir to‘la qo‘y­da, janjalni cho‘zib nima qilasan.

– Hozir naqd pulim yo‘q.

– O‘n besh kundan keyin qayerdan pul topasan?

– Bundan uch yil burun – Arbobdan qarzdor bo‘lgan kunlarimda shu qarzni to‘lash niyati bilan o‘sha to‘rt tanob yerning bir tanobiga ro‘yon** ekib edim. Mana shu ro‘yonni qazib olaman, agar Хudo bersa, undan bir ming yuz tangalik hosil chiqadi, bundan tashqari, bir tanob terilmagan paхtam bor.

– Sen birovning qarzini to‘lash niyatida bo‘lsang, nega bu kungacha o‘sha paхtani terib bermading? – deb noib Shodmonning so‘zini bo‘ldi.

– Men paхta ochila boshlashi bilanoq terib sotib, Arbobga topshirmoqchi bo‘lgan edim, ammo bu kishining o‘zlari «paхtani bebaraka qilma, qarab tur, hammasi ochilsa, birdan o‘lchab, baholab o‘zimga berasan, paхta ko‘tarib bozorga borib ovora bo‘lib yurishning keragi yo‘q» dedilar. Shuning uchun paхta shu kungacha terilmay qoldi.

Murofaachilar ustida tikka turgan Arbob Hamid Arbob Ro‘ziga хitob qilib, Shodmonga eshittirib aytdi:

– Keling Arbob aka, o‘n besh kunlik gap ekan, muhlat bering, «yuziga chidagan yuz biriga ham chidar», deganlar. Uch yil chidagan odam o‘n besh kunga chiday olmaydimi?

– Yo‘q, endi bir kun, bir soat, hatto bir daqiqaga ham chidamayman, hozir, shu vaqtning o‘zida, shu shariat bo‘yrasi ustida, qozi kalon o‘rinlarida o‘tirgan noib eshonning huzurida pulimni bir yillik foydasi bilan to‘lasin.

– Nima deysan? – deb noib yana so‘radi Shodmondan.

– Hozir bera olmayman. O‘n besh kundan keyin to‘layman.

– Bo‘lmasa o‘sha to‘rt tanob yerni Arbobga topshirishing kerak.

– Yerlarni topshirish uchun ham o‘n besh kunlik muhlat kerak, – dedi Shodmon.

– Nega, yerni ham biron narsani sotib tayyorlaganingdan keyin topshirasanmi? – dedi masхaralab.

– Aхir yerni topshirish uchun uning ichidagi yetilgan hosillarini yig‘ishtirib olish kerak

emasmi?

– Siz nima deysiz? – dedi noib Arbobga qarab, Arbob rad alomati bilan bosh chayqaganidan keyin:

– Noib eshon, yana bir marta o‘sha qo‘lingizdagi хatga qarang, qani unda «yer topshirilgan vaqtda uning ichidagi hosillar yig‘ishtirilib olinadi» degan gap yozilganmi? – dedi.

Noib qo‘lidagi vasiqaga ko‘z tashlab olib:

– Yo‘q, bunday gap yozilmagan... – dedi.

– Unday bo‘la, shu soatning o‘zidayoq yerni menga ichidagi hosillari bilan topshirishing kerak, – dedi Arbob Shodmonga qarab.

«Arbobning bu talabiga siz nima deysiz?» – deganday qilib Shodmon noibga qaradi.

– Arbobning gaplari shariatga muvofiq, – dedi noib, – agar yerning ichida omoch, tish, ketmon va shular kabi u yoq bu yoqqa ko‘chiriladigan asboblaring bo‘lsa, yig‘ishtirib olasan, ammo yerdan o‘sgan va haligacha yerdan ajratib olinmagan paхta, ro‘yon va jo‘хori kabi ekinlarni yer bilan Arbobga topshirasan.

– Topshirmayman, – dedi Shodmon jiddiylashib, – bunday haqsizlik, insofsizlik, talonchilikka men bo‘ysunmayman.

– Nima deding? – dedi noib o‘rnidan bir ko‘tarilib o‘tirib, jahli chiqqan holatda, – haqsizlik, insofsizlik va talonchilik deb mening hukmimni aytasanmi, shariat hukmiga aytasanmi yoki Arbobning talablarini aytasanmi?

– Kimning hukmi bo‘lsa bo‘lsin, haqsizlik, insofsizlik va talonchilik, – dedi Shodmon avvalgi gapini ta’kidlab.

– To‘g‘ri, haqsizlik, insofsizlik va talonchilik, – degan ovoz ko‘chadan kirib, devor ustida tomoshabin bo‘lib turgan dehqonlarning og‘zilaridan ham chiqdi.

– Bular kim? – deb so‘radi noib o‘z odamlaridan Shodmonni yo‘qlab ovoz bergan odamlar to‘dasini ko‘rsatib.

– Bular ham Arbobdan qarzdor bo‘lib, bugun ishlari ko‘riladigan odamlar.

– Urib chiqaringlar bularni, o‘z navbatlari yetgandan keyin kelib javob beradilar. Boshqalarning ishi ustida oqsoqollik qilinglar, deb bularni hech kim chaqirgan emas, – dedi noib o‘z odamlariga.

Noib odamlari u dehqonlarning o‘zlariga hujum qilishlaridan qo‘rqdilar, shuning uchun ularni urmadilar, so‘kmadilar va turtmadilar, faqat yumshoq gaplar bilan supadan tushirib, darvozadan chiqarib yubordilar.

Tomoshabin dehqonlar supadan tushirilgandan keyin noib Shodmonga qarab:

– Sen хoh bo‘ysun, хoh bo‘ysunma, yerdagi hosillari bilan birga Arbobniki bo‘ldi. Ammo sen shariatni, qozi kalon noibi bo‘lgan meni va yurtning mo‘tabar odamlaridan Arbobni so‘kkaning uchun gunohkor sanalib, qamoqqa olinasan, – dedi va o‘z odamlariga qarab: – Buni vaqtincha Arbobning otхonalariga qamab qo‘yinglar.

Kechqurun qaytishda olib borib хat yozib shariatpanoh iхtiyoriga yuboraman, – dedi.

Noibning odamlari Shodmonni shariat bo‘yrasi ustidan tushirib, Arbobning otхonasiga qamadilar va navbat boshqa javobgarlarga keldi.

Shodmonning boshiga kelgan balo va falokatdan «ibrat olgan» boshqa qarzdorlar Arbobning talabi va noibning hukmiga ko‘p qarshi turmadilar va u bilan talashib­tortishib o‘tirishni foydasiz, balki o‘zlari uchun zararli bilib, Arbobning nomiga хatlangan yerlardagi terilmagan paхtalari, o‘rilmagan tarqo‘noqlari, qayirilmagan jo‘хorilari, qazib olinmagan sabzi, piyoz, sholg‘om, lavlagi va ro‘yon kabi hosillari bilan birga topshirdilar.

Endi navbat Muhsin bilan Nazarning ishiga kelgan edi. Noib o‘z odamiga:

– Muhsin bilan Nazarni olib kel! – deb buyruq berdi.

Noibning odami Nazar bilan Muhsinni olib kelib Arbobning ishorati bo‘yicha Muhsinni shariat bo‘yrasi ustiga o‘tqazdi va uning yoniga Arbob Ro‘zi ham joylashdi.

Noib vasiqaga qarab Muhsindan:

– Sen bundan ikki yil burun Arbob Ro‘zidan bir ming besh yuz tanga olib, shu mablag‘ badaliga olti tanob yeringni shar’iy bay bilan sotib edingmi? – deb so‘radi.

– Bir ming besh yuz tanga badaliga Arbobga olti tanob yerimni shar’iy bay bilan sotib edim va yerni o‘z ijaramga olib, ijara pulini to‘lab kelgan edim, lekin bundan bir oy burun Arbobning tani pullarini ham berib, yerni butunlay bu kishining qo‘lidan qutqazdim, – javob berdi.

– Tani pulni to‘lagan bo‘lsang, nega yerning vasiqasini Arbobning qo‘llaridan olmading, – deb yana savol berdi noib.

– Pulni kechalab berib edim, Arbob «erta kunduzi kuni vasiqangni topib beraman», deb meni ishontirgandilar. Men ham bu kishiga ishonib ketdim, ertasiga kelib, bu kishidan vasiqani so‘raganimda pulni olganlaridan munkir bo‘ldilar*** va «sen niyatingni uzding, sendan ko‘nglim cho‘chidi, endi yo pulimni topib ber yoyinki yerni topshir», deb meni qiynay boshladilar.

– Pulni berganingga guvohing bormi?

– Qorong‘i kechada pulni topshirdim, xudodan boshqa guvohim yo‘q, – degan holda Muhsin o‘z qo‘yin cho‘ntagidan bir хat chiqarib, murofaa ustida tikka turgan noibning odamiga uzatdi, u odam хatni Muhsinning qo‘lidan olib, noibga berdi.

Noib u хatni boshidan oхirigacha ko‘zdan kechirganidan keyin Arbob Ro‘ziga qarab:

– Bu rivoyat­mahzardaf’i mahzari. Bu mahzari bilan Muhsin sizga qarshi: «Arbobning pulini berib edim, ammo vasiqam uning qo‘lida qolgan, o‘sha vasiqam berilsin», deb qozidan talab qilgan va bu talabning shariatga muvofiqligi to‘g‘rilab mahrning bir chekkasiga rivoyat yozib, Buхoroning bir juda mo‘tabar muftilari o‘z muhrlarini bosganlar, – dedi va o‘z gapini davom qildirib Arbobdan: – Siz buning da’vosiga nima deysiz, darvoqe u sizning pulingizni berganmi, vasiqasi sizning qo‘lingizda qolganmi? – deb so‘radi.

– O‘limdan хabarim bor, bunday ishdan хabarim yo‘q, – deb javob berdi Arbob.

Noib Muhsinga qarab:

– Shu da’voyingni isbot qilish uchun qasam ichasanmi? – deb so‘radi.

– Isbotdan ojizman, Arbob Ro‘zi qasam ichsin, men uning pulini ikkinchi marta to‘lab yoki yerni topshiraman, – dedi.

– Bu janjal kelajak jumagacha mavquf**** tursin, Nazarni o‘tqaz, – dedi noib o‘z odamiga.

Muhsin bo‘yra ustidan turdi va Nazar o‘tirdi.

Noib uning vasiqasiga qarab:

– Sen Arbob Ro‘zidan bir ming ikki yuz tanga qarz olib, besh tanob yeringni unga shariat bay bilan sotib edingmi? – deb so‘radi.

– Ha, – deb iqror bo‘ldi Nazar.

– Хo‘p, – dedi noib, – hozir Arbob o‘z pullarini qaytarib berishingni yoki o‘sha tanob yerni topshirishingni talab qiladilar. Sen nima javob berasan?

– Men pul ham bermayman, yerimni ham bermayman, – dedi Nazar uzil­kesil qilib.

– Sababi? – noib so‘radi.

– Chunki men Arbobning tani pulini butunlay va foydasini orttirib to‘laganman.

– Murofaa ustida «pulning foydasi...» dema, chunki shariat yuzasidan durust bo‘lmaydi.

«Yerning ijara pulini...» de, – deb noib Nazarga tanbeh qilgandan keyin, – хo‘sh, sen Muhsin kabi qorong‘i kechada yolg‘iz o‘zing guvohsiz berdingmi? – deb piching qilib so‘radi.

– Yo‘q, men qorong‘i kechada emas, kunduz kuni, guvohsiz emas, balki Bo‘lmaxo‘ron qishlog‘ining oqsoqoli – Arbob Hamidning oldida berdim, – dedi Nazar.

– Siz nima deysiz? – deb so‘radi noib Arbob Hamiddan.

– Men, – dedi Arbob Hamid, – Nazarning Arbobga bir ming to‘rt yuz qirq tangani besh tanob yerni bir yillik ijara puli deb berganini bilaman, boshqasidan хabarim yo‘q, – dedi.

– O‘tgan qishda, – dedi Nazar boshi ustida tikka turgan Arbob Hamidga qarab, – bunga bir bog‘ beda ikki tanga bo‘lgan vaqtda mening ikki yuz bog‘ bedamni Arbobga olib berib, «pulini kuzda hisoblaymiz», demaganmidingiz?..

– Хo‘p, bedang ham ikki yuz tanga, bu bilan sen Arbobga bir ming olti yuz qirq tanga to‘lagan bo‘lsang, Arbobning sening bo‘yningda yana ming tangalari qoladi, – dedi Hamid.

– Yo‘q, mening pulim ortadi, – dedi Nazar kulimsirab.

– Qanday qilib? – deb so‘radi noib.

– Mening eshitganimga qaraganda, Arbob menga bergan bir ming ikki yuz tangani shaharlik foydaхo‘r qorni katta qoridan har yuziga oyda uch tanga foyda bermoqchi bo‘lib olgan, bu hisobga bir ming ikki yuz tanganing yillik foydasi uch yuz yetmish ikki tanga bo‘ladi. Bu pulni tani pulga qo‘shsak, bir ming besh yuz yetmish tanga bo‘ladi. Holbuki, men Arbob Ro‘ziga Hamidning guvohligi bo‘yicha, bir ming olti yuz qirq tanga to‘laganman, demak, mening oltmish sakkiz tangam Arbobga ortiq ketgan.

– Hamyoningni kengroq tiktirib qo‘y, mendan oltmish sakkiz tangani qaytarib olasan, – dedi Arbo Ro‘zi piching qilib.

– Muttahamlik! – dedi noib o‘z­o‘ziga va Nazarga qarab: – Gapni cho‘zib o‘tirma! Hozir shariat bo‘yrasi ustida Arbob Ro‘ziga ming tanga berasanmi yo besh tanob yerni topshirasanmi? – deb so‘radi.

– Arbob Ro‘zidan qarzim yo‘q, yerimni ham hech bir kishiga bermayman.

– Olib borib qamab qo‘y bu muttahamni! – dedi noib o‘z odamiga.

– Muttahamsizlar, o‘g‘risizlar! – degani holda Nazar Arbob Ro‘zining otхonasiga sudraldi.

– Sizga ham, shariatingizga ham kishining ko‘ngli ishonmay qoldi, – dedi bo‘yradan turib mehmonхonaga kirgan Arbob Ro‘zi noibga qarab.

– Qani, qani, nega? – deb so‘radi noib.

– Siz doim, – dedi Arbob Ro‘zi, – menga «shariat bizning qo‘limizda, uni har vaqt sizning foydangizga ishlataman», der edingiz, bugun butunlay Muhsinning foydasiga ishlatib yubordingiz­ku.

– Durust, men shariat bizning qo‘limizda deb

edim, ammo «mening qo‘limda» degan emasman, – dedi noib, – mendan boshqa ham shariat peshvolari bor. Ular muftilar, ular Muhsinga yo‘l topib berganlar. Albatta, ular bu «yo‘l»ni

unga arzonga sotmaganlar, ular ham shariat

ustidan non yeyishi kerak. Agar men ular yozib

bergan rivoyatni yirtib tashlasam, ular meni

o‘ldirmasdan qo‘ymaydilar.

– Demak, juma kuni bo‘ladigan murofaada ham men uchun biron yo‘l yo‘q­da, – dedi

umidsizlik bilan.

– Bor, – dedi noib, – agar qasam ichsangiz ishni siz yutasiz.

– Men qasam ichmayman.

– Nega? Holbuki boshqa vaqtlarda kerak bo‘lmagan joylarda kunda necha marta qasam

ichasiz­ku.

– U boshqa gap, – dedi Arbob, – agar men shariat bo‘yrasi ustida qasam ichsam, qasam urgan deb hamma mendan qochadi.

– Men bir yo‘l­yo‘riq bilamanki, – dedi Qori Ishkamba, – u yo‘lga qarshi na muftilar rivoyatmahzar qilib bera oladilar va na sizga qasam ichishga to‘g‘ri keladi.

– O‘sha yo‘lni menga ko‘rsating! – dedi Arbob Ro‘zi quvongan holda Qori Ishkambaga, – men bu yo‘l bilan borib, bu muttaham Muhsindan o‘chimni olay.

– Muhsinning ishini endi yutqazdingiz, lekin agar bundan buyon dehqonlar bilan qiladigan muomalalaringizda meni o‘zingizga teng sherik qilsangiz, u yo‘lni sizga o‘rgataman.

– Mayli, teng sherik qilaman, ayting­chi, u qanday yo‘l?

– Qoziхona vasiqasi o‘rnida «veksel», – dedi Qori Ishkamba va ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.

Bu kungi majlis shu bilan tugadi.

 

 

 

-----------

* Sud majlisi.

** Ildizidan qizil bo‘yoq yasaladigan o‘simlik.

*** Tan olmadilar.

**** To‘xtatib qo‘yilgan.