Aziz Nesin. Ustasi faranglar (hikoya)
Biz oliy hunar maktabida o‘qiymiz. Ichimizda eng yoshi yigirma uchga chiqqan. Maktabimizga yangi direktor tayinlanganiga ikki oy bo‘ldi. U ishni oldingi direktor nimalar qilganini o‘rganishdan boshladi. Buni qarangki, oldingi direktor anchagina ishlar qilib qo‘ygan ekan. U maktab yerto‘lasini bir yarim metr chuqurlatib, suvoqdan chiqargan, oqlatgan va oshxonani shu yerga ko‘chirtirgan ekan. Yuqori qavatdagi oshxonani sinfxonaga aylantirgan ekan. Sinfxonasi bo‘lmagan maktabni maktab deb bo‘ladimi, axir!
Oldingi direktor yana qanday karomatlar ko‘rsatgan? Uning buyrug‘i bilan sinfxona devorlari sariqqa, yotoqxona esa pushtiga bo‘yatilgan ekan.
Xo‘sh, innaykeyin-chi? Innaykeyin, ilgari bitta partada ikki kishi o‘tirardi. Talabalar yonma-yon o‘tirganlarida gapga tushib ketib, dars miyalariga kirmaydi. Shuning uchun u partalarni bir kishilik qilib yasattirgan.
Yangi direktor mana shularning hammasini bilib olgandan keyingina, astoydil ishga kirishib ketdi. Oldingi direktor quruvchi deb nom chiqargan bo‘lsa, quruvchi qanaqa bo‘lishini mana, endi bilasiz!
— Bu zimiston qanaqa joy o‘zi?
— Oshxona.
— Iya, eslaring joyidami, yerto‘lada ham oshxona bo‘ladimi? Axir bunaqa joyda ishtaha degan narsa xippa bo‘g‘iladi-ku! Darrov tekislab tashlang bu yerto‘lani!
Oshxona ilgarigi joyiga ko‘chdi. Bir kishilik partalar sinfxonalardan chiqarib tashlandi. Eski partalar qayta joy-joyiga qo‘yib chiqildi.
— Bolalar yonma-yon o‘tirsa, miyasi yaxshi ishlaydi.
Devorlarning bo‘yog‘i ham o‘zgartirildi — pushtisi oqqa, sarig‘i yashilga bo‘yaldi.
Oldingi direktorning bema’ni ishlarini shu ko‘yda tuzatib chiqqan yangi direktor o‘zining qurilish bobidagi tesha tegmagan planlarini ro‘yobga chiqarishga kirishib ketdi.
— Bu qanaqa gap — oliy maktab deb atalsa-yu, hovuzi bo‘lmasa!
Yangi direktor shu birgina gapi bilanoq hammaga yoqib qoldi.
— Bu odam ketvorgan usta ekan-ku!
Maktab bog‘ining qoq o‘rtasida hovuz qaziladigan bo‘ldi. Qum, shag‘al, tsement va g‘isht keltirildi. Lekin… Ish avji qizigan paytda usta direktor kattaroq ishga ketdi-yu, hovuz qurilishi o‘lda-jo‘lda qoldi.
Uning o‘rniga tayinlangan yangi direktor ham serg‘ayrat chiqib qoldi. Xona devorlariga yangi bo‘yoq berildi. Qadimgi yerto‘laga yana oshxona ko‘chib tushdi. Yotoqxona kino zaliga aylantirildi. Ikki o‘rinli partalar sinflardan uloqtirildi.
— Bu nima degan gap, bu yer boshlang‘ich maktab emas-ku!
Partalar o‘rniga birpasda stol va stullar qo‘yildi.
Biz bu islohotlarga uncha parvo qilmadik. Lekin oliy hunar maktabining bo‘lajak ko‘rki — hovuzning taqdiri nima bo‘larkin, degan o‘y bilan bandmiz.
— Xo‘sh, manavi chuqur nima? Qum bilan shag‘al nima qilib yotibdi bu yerda?— deb so‘rab qoldi direktor.
— Hovuz qilmoqchi edik, afandim.
— Nima, nima? Hovuz deysizmi? Bu qanday bema’nilik! Ko‘mib tashlang bu chuqurni!
Qazilgan joy qum, shag‘al, g‘isht va tsement bilan ko‘mib tashlandi.
Qurilish bobida bunisi eski direktorni bir cho‘qishda qochiradiganga o‘xshaydi.
— Hozirgi yoshlar yevropacha raqs tushishni bilmaganliklari uchun ko‘pincha jamoatdan ajralib qoladilar. Qolaversa, katta yig‘inlarda raqs bilmay qizarib qolishadi, — dedi bir kuni direktor.
Hovuzga mo‘ljallangan joyda raqs maydonchasi qilinadigan bo‘ldi. Yerni yaxshilab tekislab, ustidan beton quyishdi. Betonga avji pardoz berib turilganda direktorimiz to‘satdan maktabdan olinib, kattaroq ishga tayinlandi.
Yangi kelgan direktor bularning hammasidan ham o‘tib tushadiganga o‘xshaydi.
U sinflardagi stollarni chiqarib tashlashdan ish boshladi.
— Bu yer nima — maktabmi yo qimorxonami? Yo‘qoting bu stollarni!
Stollar bir zumda ikki o‘rinlik partalarga almashtirildi.
Devorlarning rangi ham o‘zgarmay qolmadi: sarig‘i pushtiga, pushtisi pistoqiga, ohi ko‘kka, ko‘ki oqqa qaytadan bo‘yab chiqildi. Sinflar, oshxona va yotohxonalarning joyi o‘zgardi. Navbat raqs maydonchasiga keldi.
— Bu nima? — so‘radi uddaburon direktor.
— Raqs maydonchasi… Oldingi direktor buyurgan edi, chala qoldi.
— Nima? Bu yer qimorxonami o‘zi? Bu maktabdan chiqqanlar nega chalamulla desam, gap bu yoqda ekan-da. Hozir ko‘zimdan yo‘q qillaring bu o‘yinxonani.
Maydoncha birpasda buzib tashlandi.
— Avvalo, insonga tan sog‘liq kerak, — hikmatli bir gapni aytib qoldi direktor. — O‘quvchilar badantarbiya bilan shug‘ullanishlari kerak.
Raqs maydonchasining o‘rnida qo‘lbola stadion quriladigan, bir tomonda tennis, ikkinchi tomonda voleybol o‘ynaladigan bo‘ldi. Stadionga gimnastika bilan shug‘ullanish uchun har xil anjomlar keltirildi. Ularni o‘rnatish uchun yer kovlab, beton chuqurlar qazildi. Ish ayni tobiga kelay deb turganida, direktor boshqa joyga ketib qoldi.
Uning o‘rniga kelgan kishining oldida eski direktorlar cho‘t bo‘lmay qoldi. Yangi direktor maktabga birinchi kelgan kuniyoq, xo‘jalikni ko‘zdan kechirayotib, so‘rab qoldi:
— Bu anjomlar nimasi?
Kimdir «oldingi direktor…» deb og‘iz juftlagan ham ediki, gapni cho‘rt kesib o‘shqirib berdi:
— Yo‘qotinglar bu temir-tersaklarni!
— Xo‘p bo‘ladi, taqsir.
— Bu yer oliy maktabmi yo tomoshaxonami? Maktab degan joyda avvalo bog‘, qolaversa, fontanli hovuz bo‘lishi shart.
Quruvchilik zakovati sezilib turgan yangi direktor o‘zidan oldingilar qilib ketgan hamma narsalarni buzdirib, sindirib tashladi. Qurilish ishlari yangidan boshlandi.
Chala qolgan sport maydonchasi yana kovlana boshlandi. Lekin uni kovlash juda amri mahol bo‘ldi. Chunki bu yerda hovuz, raqs maydonchasi, stadion qurmoqchi bo‘lib ish boshlanganida har gal beton yotqizilgan. Ustma-ust yotqizilgan beton chunonam metin bo‘lib ketibdiki! Yerni dinamit bilan portlatmoqchi bo‘lishgan edi, beton qolib, uylarning oynalari chilparchin bo‘ldi. Yer kovlaydigan elektr lom ham ish bermadi. Yer kovlash neft qudug‘i qazishdan ham qiyin bo‘ldi. Nihoyat, noilojlikdan betonning ustiga tuproq yotqizib, unga rosa o‘g‘it solishdi. Shundan keyin bu yerga daraxt, gul ko‘chatlari o‘tqazildi, chim yotqizildi. Qarabsizki, quling o‘rgilsin bir bog‘ bo‘ldi-qo‘ydi. Ammo bog‘imizning umri qisqa ekan, direktor yana o‘zgardi.
Yangi direktor g‘oyat ishbilarmon odam chiqib qoldi. U maktabga kelgan kuniyoq yerda yotgan qarag‘ay va xurmo nihollarini, har xil o‘g‘itlar bilan qora tuproqni ko‘rib, jon-poni chiqib ketdi:
— Bu qanday befarosatlik! Bu yer oliy maktabmi yo botanika bog‘i bilan o‘rmon xo‘jaligimi?
Keyin sal hovuridan tushib, buyurdi:
— Darrov gumdon qilinglar buni! Bu yerni yaxmalak qilamiz!
Yaxmalak bo‘lsa yaxmalak-da, bizga nima. Biroq yaxmalak bo‘ladigan yerga tosh terilayotganida biz maktabni bitirdik. Qo‘lga diplom olayotganimizda terilgan tosh ustidan beton yotqizishayotgan edi. O‘shandan buyon qaytib maktab betini ko‘rmaganligim uchun uning taqdiri nima bo‘lganligini, keyin kelgan direktorlar nima ishlar qilishganini bilmayman. Buni qarang-a, ha-hu deguncha oradan yigirma yil o‘tib ketibdi-ya!
Maktabimizda bir odat bor edi: har yili maktabni bitiruvchilar sharafiga «Loviya kuni» degan tantanali marosim o‘tkazilardi. Maktabni ilgari bitirib ketganlar ham bu bayramga taklif etiladi. Keksa va yosh avlod shu tariqa bir-biri bilan bu yerda tanishib oladi.
Sinfdosh o‘rtoqlardan biri maktabga direktor bulib qolgan ekan, o‘sha baraka topkur meni ham traditsion kechaga ayttirib yuboribdi.
Biz yigirma bir yildan buyon ko‘rmaganligimiz uchun maktabimizni zo‘r qiziqish bilan aylanib chiqdik. Bir paytlari men bilan bir sinfda o‘qigan direktor o‘rtog‘im mehmonlarga izoh berib turibdi:
— Shu maktabga direktor bo‘lib kelganimda sinflar yuqori qavatda, oshxona esa pastda ekan. Bundoq qarasam, o‘quvchilar derazadan atrofga qarab, xayollarini buzishar ekan. Darrov sinflarni quyi qavatga ko‘chirib, oshxonani yuqoriga olib chiqdim. Keyin laboratoriya bilan yotoqxonalarning ham o‘rnini almashtirdim. Hojatxonalar turkcha ekan, yevropacha qildirdim. Sinf devorlarini…
Tushlik mahali bo‘lib qoldi. Yigirma bir yil ilgarigidagiga o‘xshab qo‘ng‘iroq chalindi. Bir zumda qiy-chuv ko‘tarildi. Maktabni turli yillarda bitirib chiqqan mehmonlar zir yugurib, oshxona qidirishadi, biri yotoqxonaga, boshqasi esa sinfxonaga kirib qoladi. O‘zimni aytmaysizmi? Oshxona qolib, hojatxonaga kirib ketibman. Ma’lum bo‘lishicha, bizdan keyin kelgan direktorlardan biri oshxonaning o‘rnini hojatxonaga aylantirgan ekan. Bir amallab oshxonani topdik. Ziyofat tugagach, direktor maktabni tamomlayotgan yoshlarga qarata nutq so‘zladi:
— Mening yosh o‘rtoqlarim! Insoniyat madaniyati ijodkor kishilarning mehnati bilan rivoj topadi. Har bir ma’rifatli odam o‘zidan oldingi avlodlar boshlab bergan go‘zal va zarur narsalarni ehtiyotkorlik bilan asraydi, so‘ngra bularni yanada takomillashtirib, keyingi nasllarga topshiradi. Insoniyat madaniyati xuddi estafetaga o‘xshaydi — u avloddan avlodga o‘tib boradi. Mana bugun sizlar hayot ostonasiga qadam qo‘ymoqdasiz. Sizlar ham o‘zingizdan ilgari yaratilgan narsalarni takomillashtirasiz-da, so‘ngra xuddi bizga o‘xshab keyingi nasllarga uzatasiz. Shu tariqa biz madaniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Mamlakatimizni taraqqiyot yo‘lidan boshlab boraylik! Mening yosh hamkasblarim! Agar biz sizga quruvchilik zavqini baxsh etgan bo‘lsak, o‘z burchimizni sharaf bilan bajargan bo‘lamiz. Ijodkor quruvchi bo‘ling! Ishingizda muvaffaqiyat tilayman.
Direktorning nutqi gulduros qarsaklar bilan qarshi olindi.
So‘ngra biz «Faxriy kishilar xonasi»ni tomosha qildik. Maktabimiz tarixida biror arzigulik iz qoldirgan kishilarning rasmlari shu xonaga qo‘yilgan ekan. Bo‘yi barobar olingan bu suratlarning ostiga egalarining qilgan ishlari yozib qo‘yilibdi.
Yozuvlarni birma-bir o‘qib chiqqach, kimning nima qilib ketgani bizga ravshan bo‘ldi:
Saidbey: maktabimizda birinchi bo‘lib hovuz qurdirdi.
Jalolbey afandi: maktab o‘quvchilari uchun birinchi bo‘lib raqs maydonchasi ochib berdi.
Muhtaram Ruhibey: maktabimizga birinchi bo‘lib gimnastika maydonchasi qurdirib berdi.
Muhtaram Najotibey: maktabimizda birinchi bo‘lib bog‘ yaratdi.
Muhtaram Ahmad Tener: maktabimizga birinchi bo‘lib yaxmalak qurdirdi.
Maktabga qancha direktor kelgan bo‘lsa, hammasi to‘g‘risida shunaqa gaplar yozilgan.
Direktor o‘rtog‘im men bilan xayrlashar ekan, bir joyni ko‘rsatib dedi:
— Omon bo‘lgur oldingi direktor hov o‘sha joyni futbol maydoni qilmoqchi bo‘lgan ekan. O‘zing o‘ylab ko‘r, do‘stim, shu ham gap bo‘ptimi! Axir, bu yer oliy maktabmi yo futbol klubimi?
— O‘zing nima qilmoqchisan u yerni? — so‘radim undan.
— Darvoqe, bilmay turibman, hali biror fikrga kelganim yo‘q… Shunday bir narsa qurish kerakki… Sen nima deb maslahat berasan?
Gapimga kirsang, sen o‘sha yerga, maktabimizga direktorlik qilgan hamma odamlarning haykalini o‘rnatib chiq. Bu bilan sen ham ularning hurmatini o‘rniga qo‘ygan bo‘lasan, ham yosh avlodga ibrat bo‘ladi!
U bilan xayr-ma’zur qilib, jo‘nab qoldim. O‘rtog‘im mening taklifimni to‘g‘ri ma’noda tushungan ekan, o‘sha yerga haykallar o‘rnatibdi. Oxirgi direktorning haykalini o‘rnatay deb turganida, boyaqish boshqa ishga o‘tib ketibdi. Keyin eshitishimcha, uning o‘rniga kelgan yangi direktor haykallarni oldirib tashlab, machit qurishni buyuribdi. Uning buyrug‘i bilan qurilayotgan machit bitganmi yo bitay deb turganida u boshqa ishga o‘tib ketganmi — azbaroyi xudo, bunisidan xabarim yo‘q.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi