OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Polkovnik Lasaro Aponte ularni tepagacha kuzatib bordi; keyin darhol kelsin, deb chaqirilgani uchun doktor Dionisio Iguaran ham xachirni qichab, ularning ortidan balandlikka yo‘naldi.
Kun qaytib, sal salqin tushgach, mahalliy hokimiyatning ikki xizmatchisi bir juft tayoqqa to‘r belanchakni bog‘lab, unda Bayyardo San Romanni osiltirib olib o‘tishdi; u boshigacha jun namat bilan o‘rab qo‘yilgan, orqasida bir necha zaifa uvuv yig‘lab kelardi. Magdalena Oliver uni, o‘lipti, deb o‘yladi.
– Ey falak! – deya u qo‘llarini osmonga silkitib chinqirdi. – Bu yana qanday falokat, bu jabring ham bormidi?!
Bayyardo San Roman esa qipqizil mast edi, u o‘likday qimirlamay yotar, ko‘rgan mardum uni jonsiz, deb o‘ylar edi: o‘ng qo‘li osilib tushib, yer chizib borardi. Onasi uning qo‘lini ko‘tarib, jun namat ostiga tiqib qo‘ygandi, tag‘in osilib tushdi, shu alpozda jarlik yonidan langargohgacha bo‘lgan yo‘lda yer chizib bordi. Ana shu chiziqlar uni ko‘rganlarning yodida so‘nggi xotira kabi saqlanib qoldi.
Yigitning urug‘lari uyga tegishmadi, hech narsa olishmadi. Ba’zan, dam olish kunlarida, o‘yinkulgi qilishib, balandlikdagi o‘sha uyga yo‘limiz tushardi, har safar xonadondagi tashlab ketilgan qimmatbaho narsalarning, jihozlarning kamayib borayotganini sezardik. Bir gal biz Anxela Vikario nikohning birinchi kechasi onasidan so‘rattirib yuborgan o‘sha jomadonchaga ko‘zimiz tushdi, ammo e’tiborga loyiq biror narsa topmadik. Unda ayollarning pardozandoziga asqatadigan oddiy matohlardan boshqa hech vaqo yo‘q edi, biroq bir necha yil o‘tgach, Anxela Vikario menga jomadonchadagi narsalarning asl mohiyatini – erini aldab, o‘zini qiz ko‘rsatishga kerakli vositalar ekanini aytgandagina bildim. Jomadon – uning besh soatlik uyi bo‘lmish xonadondan qolgan yakkayu yagona yodgor edi.
Ko‘p yillar o‘tib, mazkur hodisaga oid bir yuzaki tafsilotni aniqlash maqsadida bu yerga kelganimda ko‘rdimki, bir mahallar Yo‘landa de Ksiusning baxtxonasi bo‘lmish o‘sha uy qupquruq, huvullagan motamxonaga aylangan edi. Polkovnik Lasaro Aponte har qancha zo‘r berib urinmasin, u yerdagi bor narsalar birinketin yuqolavergan; hatto bir paytlar eshikka sig‘maganidan uyga olib kirilib, Mompos ustalari tomonidan yig‘ib o‘rnatilgan olti ko‘zguli javonni ham azamatlar urib ketishibdi. Boshida beva Ksius bu ishlardan mamnun bo‘lib yurdi, narsalarni xotinimning arvohi tashib ketyapti, deya taskin topdi. Polkovnik uning soddaligidan kulib, rosa mazax qildi. Ammo bir gal kechasi uning kallasiga Yo‘landa de Ksiusning arvohi bilan gaplashib, haqiqatni bilib qo‘ya qolay, degan fikr keldi, polkovnikning so‘ziga qaraganda, narsalarni aynan o‘sha xotinning arvohi go‘riga tashib ketayotgan ekan. Uy nurab, yiqila boshladi. To‘ydagi avtomobil deraza yonida to‘kilibsochilib, chirib yotardi, oxiri uning zanglagan tomiyu tagligi qoldi, xolos. Mashina egasidan uzoq yillar davomida darak bo‘lmadi. Sud hujjatlari ichida uning arizasi bor ekan, lekin arizada shu qadar poymapoy, uzuqyuluq so‘zlar yozilganki, unga qarab turib, shunchaki rasmiyat uchun birovning qo‘li bilan yozdirilib dida, deya o‘yladim. Rosa 23 yil o‘tgach, men bir martagina Bayyardo San Romanni uchratib, suhbatlashmoqqa urindim, ammo u meni tajovuzkorona qarshilab, o‘sha kunlar xususida, o‘zining u mash’um xunrezlikka aloqasi borasida biror og‘iz gap aytishni istamasligini bildirdi. Uning otaonasidan ham bu borada biror ma’noli so‘z eshitmadim, chunonchi, o‘g‘illari ne balolar yondashibki, o‘sha gadoytopmas shaharchaga borib qolganiyu, qay jafokor damlarda iblis yo‘liga kirib, o‘sha xotinga uylanish fikriga tushganiga hamon aqllari bovar etmas edi.
Xayriyatki, yaxshi kishilar menga Anxela Vikario haqida gohgoh xabar yetkazib turishdi, bu kaminani ajab bir zaifa siymosini yaratishga ilhomlantirdi. Rohiba singlim Guaxiraning shimolidagi butparastlarni nasroniylik mazhabiga kirishga tashviq qilib, o‘sha yerlarda bir muncha muddat kezib yurdi, u joydagi bir qishloqda Anxela Vikarioni uchratibdi, bir necha bor u bilan suhbatlashibdi, uning aytishicha, o‘sha makon
Karib dengizi qirg‘og‘ida ekan, onasi Anxelani dengizga tiriklayin cho‘ktirib yubormoqchi ham bo‘lganmish. U har gal murid ovlashdan qaytganida, menga: «Tutingan singling salom dedi», – derdi. Singlim Margot ham birinchi yillari Anxela Vikarioni yo‘qlab turdi, uning so‘ziga qaraganda, ular hayhotday hovlisi bor bir uy sotib olishibdi, to‘rt tarafidan shabada esib turarmish. Suv toshqiniyu, hojatxonadan shamol surib keladigan badbo‘yni hisobga olmasa, ularning to‘lqin hovliga va yotoqxonaga uloqtirgan baliqlarni terishdan boshqa tashvishi yo‘q emish. O‘sha vaqt da Anxela Vnkarioni ko‘rganlarning aytishicha, u judayam chevar bo‘lib ketibdi, molobro‘ topib, shunga ovunib, rohatfarog‘atga yetishibdi.
O‘shandan bir necha yil so‘ng, u falokat haqidagi tasavvurim tiniqlashmay, bir to‘xtamga kelolmay, ammo bu baxtsizliklarning sababu oqibatlarini anglashga urinib, Guaxira qishloqlarida qomuslar, tibga oid kitoblar sotib yurgan kezlarim, ittifoqo hindular yashaydigan bir maskanga yo‘lim tushdi. Singillarim tavsiflashgan xuddi o‘sha dengiz bo‘yidagi uyni ko‘rdim:
jazirama payti edi, chok mashinada nimanidir tikib o‘tirardi – uning azadorlik libosi, yuzidagi temir bandli ko‘zoynagi, sochlarini qoplagan oq, sarg‘ish tolalar, bosh ustidagi osig‘liq qafasda tinimsiz sayrayotgan sariq sa’va – barchasi ko‘z oldimda uni boshqacha bir siymo tarzida gavdalantirdi. Uning deraza ko‘zlari ortida shu alpozda o‘tirganini ko‘rib, nahotki shu o‘sha Anxela Vikario, deya hayron bo‘ldim, u tasavvurimda mutlaqo o‘zgacha edi, bechorani shu qadar notavonu abgor holatda uchratib, ko‘nglim buzildi, charxi o‘yinkor bir inson umrini shunchalik bema’ni afsonaga aylantirib, oxiri xoru haqir etganidan ichichimdan ezilib ketdim. Ha, bu xotin xuddi o‘sha Anxela Vikario edi, oradan 23 yil o‘tgandi.
U meni odatdagiday uzoq qarindoshiday kutib oldi, savollarimga o‘ylab, jiddiy javob berdi. U kechgan yillar mobaynida salobat va aqlu idrok kasb etgandi, qarab turib, o‘sha Anxela Vikario shumi, deya tag‘in hayratlandim. O‘z hayoti xususida biram oqilona xulosalar chiqaribdiki, buni eshitib, unga qoyil qoldim. Bir oz vaqt o‘tgach, u menga avvalgiday qarimsiq emas, balki aksincha, xuddi xotirotim ko‘zgusidagi kabi yosh, jozibador bir juvon singari ko‘rina boshladi; yigirma yoshidagi – muhabbatsiz turmush qursang, o‘lmaysan, deya zo‘rlab erga berilgan davridagi mahzun holatlaridan asar ham qolmagan edi. Uning onasi, bir oyog‘i to‘rda, bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan bir kampir meni narigi dunyodan kelgan arvohday kutib oldi, o‘tmishni eslashni istamadi, bu asarni yozishda men uning onam bilan so‘zlashgandagi ba’zi uzuqyuluq gaplariga, asosan yodimda qolgan esdaliklarga tayandim. Kampir ko‘zi tirikligidayoq shumoyoq qizining o‘limini Ollohdan yolvorib tilagan, ammo munojotini falakning kar qulog‘i hech tinglamagan, qizi esa, o‘sha manfur voqealarni eshitgan quloqqa uyalmasdan, oqizmaytomizmay aytib, bemalol yashab yuravergan. Biroq shu muhim sir sirligicha qolgan – u fojianing asl sababchisi kim, ya’ni, uni kim, qachon, qayerda yo‘ldan urgani xususida lommim demagan. Santyago Nasarning o‘sha zoniy ekaniga esa hech kim ishonmasdi.
Zotan, Santyago Nasar bilan Anxela Vikario ikki olam edi. Ikkovining birga yurgani yoki xilvatda birga turganini hech zot ko‘rmagan. Santyago Nasar juda nazari baland yigitlardan edi, tabiiyki, unga qiyo ham boqmagan. Bir gal shu qiz haqida gap ketganda, aniq esimda, u: «Sening anavi qarindoshing qipqizil tentak», – degan edi. Santyago Nasar qizlar borasida dovi yurishgan yigit
sanalardi, qurdoshlari uni makiyonlarni qiyratadigan qirg‘iy deyishardi. Otasiga o‘xshab u ham tog‘matog‘ yolg‘iz kezib yurar, biror daraxt shoxida osilib pishib turgan mevani – shu deparada biror ko‘zga ilinarli qizni ko‘rdi deguncha o‘ylabnetib o‘tirmay, hech kimga bilintirmay shartta uzardiketardi; ammo shaharliklarga uning atigi ikkita jazmani borligi ayon edi, xolos: Flora Migel bilan don olishib yurishi eski gap edi; o‘n to‘rt oydirki, Maryam Alexandrina Servantesning domiga tushib, yana ishqu junun ko‘chasiga kirganiyam xaloyiqqa ma’lum edi. Ko‘pchilikning o‘ylashicha, aslida Anxela Vikario boshqa birovni sevgan va o‘sha noma’lum bilan ayshini surib yurgan, nozik payt kelib qolganda esa, dabdurustdan Santyago Nasarning ismini tilga olgan, akalarim unga qo‘l ko‘tarolmaydi, deya xayolidan kechirgan va suvdan quruq chiqmoqchi bo‘lgan.
Ikkinchi daf’a uni yo‘qlab borganimda, men ham xuddi shu fikrni ta’kidlab, dalil-u asoslarni taxlab tashladim, xotinning o‘z tilidan haqiqatni eshitishni istadim, biroq u bir zumga nigohini chokdan ko‘tarib, menga tikdida:
– Ko‘pam kavlashtiraverma, qarindosh, – dedi.
– O‘sha edi.