OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Uzunquloq gaplardan ko‘ngli g‘ashlangan polkovnik Aponte atrofdagi har bir arab xonadoniga kirib, ular bilan so‘zlashib, bu gal endi to‘g‘ri xulosa chiqardi. U har bir ahli arabning ruhi cho‘kkanini va bag‘oyat g‘am chekayotganini, mehroblarida aza nishoni borligini ko‘plarining yerga o‘tirib, ko‘z yoshi to‘kato‘ka marhumning arvohini yodlab qayg‘urayotganini ko‘rdi, illo biror kimsaning xun olish niyatida ekanini payqamadi. Suiqasd xususidagi ertalabki shovshuvu dahshatli gapso‘zlar alangasi ancha pasaygan, hatto qotillar ham, buyog‘iga janjal ko‘tarilsayam mushtlashuvdan nariga o‘tmaydi, deb o‘ylashardi. Bundan tashqari, yuz yoshlik kampirsho Suseme Abdul qizi egizaklarga achchiq ermon va yoki sachratqi bargi qaynatmasini ichirish kerakligini aytibdi, bu dorilarni ichgach, Pablo Vikarioning ich ketishi taqqa to‘xtadi va aksincha, bu Pedro Vikarioning bo‘shalishiga yordam berdi. So‘ngra Pedro Vikarioni mudroq bosdi, yurakburug‘idan qutulgan Pablo Vikario esa, joni oromu osudalik topib, uch kundan so‘ng ilk bor ko‘zi ilindi. Shahar hokimi Purisima Vikarioni farzandlari bilan xayrlashishga ertalabki soat uchda hibsxonaga olib kirganida, ona o‘g‘illarini ana shu ahvolda ko‘rdi.
Polkovnik Apontening taklifiga ko‘ra, Vikariolar oilasi – hatto katta qizlari va ikkovining eri ham shaharni tark etishdi, hech kimga bildirmay jo‘nab qolishdi; biz esa, o‘sha kuni o‘larday charchagan, Santyago Nasarni dafn etgan, mutlaqo ko‘z yummagan edik. Shahar hokimining aytishicha, Vikariolar bu yerdagi g‘alvalar tinib, alamzadalar hovuridan tushmagunicha qaytmasligi lozim edi. Pura Vikario sharmandayi sharmisor qizining betidagi ko‘kargan dog‘dug‘lar ko‘rinmasin, deb unga ro‘mol o‘ratib qo‘ydi, so‘ngra, so‘yilgan xushtoriga aza tutyapti, deb o‘ylashmasin, deya xavotirlanib, qizining vujudini qizil, yaltiroq kiyimlarga burkab tashladi. Pura Vikario jo‘nab ketishdan avval padar Amadorni yo‘qlab, undan o‘g‘illarini qamoqxonaga borib ko‘rishini, tavba qildirishini o‘tingan, ammo Pedro Vikario bunga ko‘nmagan, tavba qiladigan gunohlari yo‘qligiga birodarini ham inontirgan. Mahbuslar yolg‘iz qolishgan; Rioachadagi qamoqqa olib ketiladigan kuni sallohlar ancha o‘zlarini tutib, hushyor tortishgach, xotirjamlik bilan haq ekanliklarini ta’kidlashar, urug‘larimiz ta’qibdan qo‘rqib kechasi jo‘nashgan, biz bunday sharmisorlikdan or qilamiz, bizni kunduzi, ochiqoydin olib ketishsin, deya talab etishar edi. Ularning otasi shu kunlarda qazo qildi. «Otaginam g‘amg‘ussadan kuyib o‘ldi», – dedi menga Anxela Vikario. Birodarlar qamoqxonadan ozod bo‘lishgach, Rioachada muqim yashab qolishdi, oila a’zolari kun kechirayotgan Manauradan bu yer bir kunlik yo‘l edi. Pablo Vikario otasining do‘konida zargarlik hunarini egallagandi, Rioachada shu ishning boshini tutib, anchagina oyoqqa turib oldi. Prudensiya Kotes unga tegish maqsadida shu yoqqa keldi. Pedro Vikarioning muhabbatda ham, kasbkorda ham omadi yurishmadi, o‘sha voqealardan uch yil o‘tgach, u yana harbiy xizmatga bordi, katta serjantlik unvoniga ham yetishdi; kunlarning birida uning soqchilar bo‘linmasi buzuq xotinlar haqidagi qo‘shiqni aytganicha, o‘rmon ichkarisiga kirib ketib qolib, birortasiyam qaytib chiqmadi Xaloyiqning gapso‘ziga qaraganda, o‘sha mash’um hodisaning birinchi va yagona qurboni Bayyardo San Roman edi. Aitishlaricha, bu fojianing boshqa ishtirokchilari cheklariga ne tushgan – o‘shanga chidab berishdi, qismatlari nimaniki taqozo etsa, shuni amalga oshirishdi. Santyago Nasar sharmandalikning badali uchun xun to‘ladi, jonidan ayrildi, akauka Vikariolar chin yigit ekanliklarini isbotlashdi va singillari sha’nidagi dog‘ni yuvib tashlashdi. Borbudidan mosuvo bo‘lgan odam birgina Bayyardo San Roman edi. Odamlar, «bechora Bayyardo», deya ko‘p yillar unga achinib yurishdi. O‘sha qonli ayyomdan so‘ng, oy tutilgan shanba oqshomiga qadar u biror inson zotining esiga kelmagan, Ksius shahar hokimiga tushida sotib yuborgan uyining tepasida bir yonarqush uchib yurganini, o‘sha qushni xotinining hissatalab arvohi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganini aytganida, polkovnik Aponte peshonasiga shapatilagan va birdan anavi sho‘rlikni xotirlagan:
– E, xomkalla! – deya xitob qilgan u. – Bechorani mutlaqo unutib qo‘yibman, qaranga!
U soqchi mirshab bilan birgalikda balandlikdagi uyga yetib borgach, uy oldida tepasi ochiq turgan avtomobilni ko‘rgan, faqat xobxonaning chirog‘i yoniq bo‘lgan, ammo polkovnikning chorloviga hech kim javob bermagan. Axiri ikkovlon eshikni buzib ichkariga kirishgan, oy yorug‘ida barcha xonani birmabir aylanib chiqishgan.
Keyinchalik shahar hokimi menga: «Hammayoq suv quyganday jimjit, bino xuddi suv ostiga cho‘kkanday edi», – dedi. Pura Vikario seshanba tongotarida uni qay ahvolda ko‘rgan bo‘lsa, u aynan o‘sha alpozda – egnida rangin shim, shohi qo‘ylak, karavotda behush yotar edi, faqat poyabzaligina ko‘rinmasdi. Yerda bir necha bo‘shatilgan may shishasi, sal narida, ko‘rpa ustida yana allaqancha ochilmagani ko‘zga tashlanar edi, lekin oziqovqatdan asar ko‘rinmas, aqalli bir dona non ham yo‘q edi. Uni o‘sha holatida tekshirib ko‘rgan doktor Dionisio Iguaran keyinchalik menga: «Uning ichkilikdan zaharlanib o‘lishiga bir bahya qolgandi», – dedi. Biroq bir necha soatdan so‘ng Bayyardo San Roman hushiga qaytib, hammani og‘ziga kelgan so‘z bilan so‘kib, haydab solgan. «Men bilan hech kimning ishi bo‘lmasin, birorta it ostonamniyam hatlab o‘tmasin! Otam, o‘sha sasigan chol ham kelmasin!» – degan u.
Shahar hokimi darhol general Petronio San Romanga telegramma berib, uni ahvoldan boxabar etgan, o‘g‘lining oxirgi so‘zini ham aynan yozib yuborgan. Aftidan, general Petronio San Roman o‘g‘lining jahl ustida aytgan gaplarini to‘ppato‘g‘ri tushungan va shu sababdan, arazlaganmi, o‘zi yo‘qlab kelmay, xotinini, ikki qizini va ikkita olmaqoqi singillarini jo‘natgan. Zaifalar shaharchaga yukchi kemada yetib kelishdi, ular Bayyardo San Roman boshiga tushgan falokat va baxtsizlik bois motam tutib, sochlarini yoyib quloqlarigacha aza kiyimiga o‘ranib olishgandi. Qirg‘oqqa oyoq qo‘yishdan avval poyabzallarini yechib, yalang oyoq bo‘lishdi, to balandlikdagi uygacha jaziramada cho‘g‘day qizigan qumni bosib, tovonlari kuyib, sochlarini to‘zg‘itib, ovozlarining boricha bo‘zlab borishdi, Shunaqayam qiychuv solishdiki, ovozlari xuddi shodlikdan baqiribchaqirayotgan odamning tovushiga o‘xshab ketdi. Esimda, o‘shanda Magdalena Oliverning uyidagi peshayvondan ularni kuzatib turarkanman, bundayin yolg‘ondakam qayg‘ukashlik, sharmandalik ustiga sharmandalik ekani xususida o‘ylagandim.