Asarlar
April 20, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

Myuller obershturmbanfyurer Aysmanni kechasi soat uchda chaqirtirdi: u kaltenbrunner quyib bergan konyakdan so‘ng mizg‘ib olgan va hozir o‘zini tetik his etardi.

«Darvoqe, konyagi juda ajoyib ekan, – o‘ylardi u orqa miyasini o‘ng qo‘lining katta va ko‘rsatkich barmoqlari bilan uqalar ekan. – O‘zimiznikini ichsangiz, miya tarsillab yori lib ketay deydi, buni ichganda odam juda yengil tortar ekan».

Aysman qizargan ko‘zlari bilan Myullerga tikilarkan, bolalarcha beg‘ubor kulib qo‘ydi.

– Mening ham miyam yorilib ketay deyapti, – dedi u, – yetti soatlik uyquni tangridan sovg‘a kutgandek orzu qilaman. kishini uxlatmay qiynashdan battar qiynoq bo‘lmasa kerak.

– Quloq soling, – dedi Myuller, – bu yerda tushunarsiz ishlar boshlandi. Meni bugun boshlig‘imiz chaqirdi. Bu boshliqlar rosa xayolparast bo‘ladilar-da... Ular xayol qilaversalar bo‘ladi – aniq, tayinli ishlari yo‘q, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish sirkdagi shimpanzening ham qo‘lidan keladi... Bilasizmi, u Shtirlitsga qarshi tish qayramoqda...

– Kimga qarshi?!

– Ha, ha, Shtirlitsga qarshi. Shellerbergning maxfiy kuzatuv xizmatida men ko‘ngil qo‘ygan birdan-bir kishi shu odam edi. Laganbardor emas, doim bosiq, xo‘jako‘rsinga ishlamaydi. Boshliqlar atrofida girdikapalak bo‘ladigan va kerakmi, kerak emasmi, yig‘inlarda so‘zga chiqaveradigan kishilarga ishonavermayman... Hammasi ishyoqmas, no‘noq, vaysaqilar... U esa kamgap. Men kamgap odamlarni yaxshi ko‘raman... Agar do‘sting kamgap bo‘lsa – u chinakam do‘st, agar dushman bo‘lsa – chinakam dushman.

Ulardan o‘rgansa arziydi...

– Men Shtirlitsni sakkiz yildan beri bilaman, – dedi Aysman, – men u bilan Smolensk ostonasida bo‘ldim, bombalar ostida qoldik: u tosh va po‘latdek metin.

Myuller aftini burishtirdi:

– Nima balo, o‘xshatishlarga berilib ketyapsiz? Charchab qoldingizmi deyman? O‘xshatishlarni partiya rahbarlaringizga qoldiravering. Biz, izquvarlarmiz, shuning uchun ot va fe’llar bilan, chunonchi «u uchrashdi», «u bunday dedi», «u bunday deb yubordi» yo‘sinida fikr qilishimiz kerak... Xo‘sh, bu masalaga siz qanday qaraysiz?..

– Yo‘q, – javob berdi Aysman, – Shtirlitsning sof kishi emasligiga ishonolmayman.

– Men ham.

– Ehtimol, biror yo‘lini topib, buni kaltenbrunnerga tushuntirib qo‘yish kerakdir.

– Nega endi? – bir oz sukutdan so‘ng so‘radi Myuller. – Bordi-yu, u Shtirlitsning nopok bo‘lib chiqishini istab qolsa-chi? Bunday emas, deb uni ko‘ndirib o‘tirishning hojati bormikin? Aslini olganda, Shtirlitsning bizning idoramizga daxli yo‘q-ku. U oltinchi boshqarmadan. Shellenbergning joni chiqaversin...

– Shellenberg isbot talab qiladi... Bunda uni reyxsfyurer qo‘llab-quvvatlashini o‘zingiz bilasiz.

– Shundaymi?

– Ishonchim komil.

– Nega endi?

– Buni isbotlashim qiyin... Ishonchim komil, obergruppenfyurer.

Myuller yana gardanini uqalay boshladi.

– Xo‘sh, nima qilamiz?

Aysman yelkasini qisib qo‘ydi:

– Shaxsan mening fikrim shuki, o‘z vijdonimiz oldida oxirigacha sof bo‘lib qolishimiz kerak – shuning o‘zi keyingi harakat va qilmishlarimizni belgilab beradi – Harakat va qilmishlar – ikkalasi ham bir narsa, – izohladi Myuller. – Faqat buyruqni, ha, buyruqni bajaruvchi kishilarga havasim keladi, bilsangiz. Qani endi men ham faqat buyruqni bajaraversam! «Sof bo‘lish kerak» emish! Men doim nopoklik yo‘lini qidirib yurganday gapirasiz-a. Marhamat, sizning pok bo‘lishingiz uchun butun imkoniyatni yaratib beraman: mana bu ma’lumotlarni olib, – Myuller Aysman oldiga matni yozuv mashinkada terilgan bir necha jildni surib qo‘ydi, – o‘z xulosangizni ayting. Ammo oxirigacha halol xulosa bo‘lsin. Men boshliqqa tekshiruv natijalari haqida axborot berganimda shu xulosangizga suyanib ish ko‘raman.

– Nima uchun bu ishni men qilishim kerak, obergruppenfyurer? – so‘radi Aysman.

Myuller kulib yubordi:

– Xo‘sh, do‘stim, pokligingiz qayerga ketdi?

Qani u? Boshqalarga halol bo‘l deb nasihat qilish oson. Ammo har kim ham o‘zining nopokligini poklik qilib ko‘rsatish payida bo‘ladi...

o‘zini va o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun, albatta. Yoki noto‘g‘ri gapiryapmanmi?

– Men raport yozib berishga tayyorman.

– Qandan raport?

– Men raportda, Shtirlitsni ko‘p yillardan beri bilaman va uning halol, pokiza insonligiga kafil bo‘la olaman, deb yozib beraman.

Myuller bir nafas indamay qoldi, kursida g‘ujanak bo‘lib o‘tirdi-da, keyin Aysman oldiga bir varaq qog‘ozni surib qo‘ydi.

– Yozing, – dedi u. – Qani boshlang.

Aysman qo‘liga ruchka oldi, dastlabki iborani uzoq o‘ylab, keyin chiroyli dastxat bilan quyidagilarni yozdi: «Boshqarma boshlig‘i SS obergruppenfyureri Myullerga, SS shtandartenfyureri Shtirlitsni chinakam oliy irq, fyurer va bugungi milliy g‘oyaga sadoqatli kishi deb hisoblayman va shu sababli uning ishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish bilan shug‘ullanmaslikka ruxsat etgaysiz. SS obershturmbanfyureri Aysman».

Myuller qog‘ozni bosma bilan bosdi, uni ikki marta o‘qib chiqib, muloyimlik bilan dedi:

– Balli, yashang!.. Men har doim sizni hurmat qilib keldim va sizga to‘la ishonaman. Hozir ham sizning juda baodob insonligingizga yana bir karra iqror bo‘ldim, Aysman.

– Tashakkur, obergruppenfyurer.

– Menga tashakkur bildirishning hojati yo‘q. Men sizga tashakkur bildiraman. Mayli. Mana uchta jild: undagi hujjatlar bo‘yicha Shtirlitsning ishi to‘g‘risida ijobiy javob yozib bering – sizga o‘rgatishning hojati yo‘q: ayg‘oqchiga xos san’at, tergovchiga xos ziyraklik, chinakam nemisga xos matonatni ishga soling. Buning uchun sizga qancha vaqt kerak?

Aysman jildlarni titib ko‘rib, javob berdi:

– Hammasini risoladagiday rasmiylashtirish va hujjatlar bilan asosli ravishda isbotlash uchun bir hafta muddat berishingizni so‘rardim.

– ko‘pi bilan besh kun.

– Yaxshi.

– Shtirlitsning anavi ruhoniy ishi yuzasidan ko‘rsatgan mahoratini boplab tasvirlashga harakat qiling, – Myuller barmog‘i bilan jildlardan birini ko‘rsatdi. – kaltenbrunnerning fikricha, kimdir ruhoniylar: Vatikan va hokazolar orqali G‘arb bilan aloqa sbog‘lashga urinmoqda...

– Ma’qul.

– Muvaffaqiyat tilayman. Hozir borib

uxlang. Yetti soat vaqt berolmayman. Besh soatga ruxsat etaman. Uyqungiz shirin bo‘lsin.

Aysman chiqib ketgach, Myuller uning xatini alohida jildga solib, uzoq vaqt xayol surib o‘tirdi. keyin u boshqa bir xodimi – obershturmbanfyurer Xoltoffni chaqirtirdi.

– Quloq soling, – dedi u, hatto o‘tirishni ham taklif qilmay – Xoltoff yoshlardan edi.

– Men sizga g‘oyat maxfiy va muhim bir topshiriq beraman...

– Qulog‘im sizda, obergruppenfyurer.

«Bunisi igna bilan quduq qazishga ham tayyor, – o‘yladi Myuller, – otdek gijinglab turishini qarang. Bunga bizning nayranglarimiz hamon yoqadi, ularga sho‘ng‘ib ketgan, o‘zini xuddi suvda yurgan baliqdek sezadi. Bunisi har qanday topshirig‘ingizni bajarishga tayyor... Shunisi ham yaxshi.. Shellenberg bilan savdolashish uchun qo‘lda dalil bo‘lsa ziyon qilmas».

– Gap bunday, – davom ettirdi so‘zini Myuller. – Siz manavi ishlarni o‘rganib chiqing: bu shtandartenfyurer Shtirlitsning keyingi yilda bajargan ishlari. Bu qasos quroli... ya’ni, atom quroli... fizik Rungega taalluqli ish. Umuman olganda, pichoqqa ilinmaydigan ish, ammo uni sinchiklab ko‘ring... Qanday savol tug‘ilsa, oldimga kiravering.

Bir oz o‘ng‘aysizlangan, ammo o‘zining o‘ng‘aysiz ahvolga tushganligini yashirmoqchi bo‘lgan Xoltoff gestapo boshlig‘ining xonasidan chiqib ketayotganida, Myuller uni to‘xtatib: – Yana uning bir necha dastlabki, frontdagi ishlarini ham olib ko‘ring, bir nazar tashlangchi. Shtirlits bilan Aysmanning orasida biror gap yo‘qmikan?

Gestapo ham, abver ham, Vishi kontrrazvedkasi ham 1942 yil yozining tashvishli kunlaridan birida Fransiyadan maxfiy ravishda qandaydir amerikalik o‘tib ketishi kerakligini bilardilar. Fransiya maxfiy kuzatuv xizmati, gestapo va admiral kanaris idorasi ana shu kishini qo‘lga tushirmoqchi bo‘ldilar.

Vokzallarda, aerodromlarning oynaband binolarida ayg‘oqchilar qiyofasi sal bo‘lsa-da amerikalikka o‘xshagan kishilarni kuzatib o‘tirardilar.

Biroq ular o‘sha kishini qo‘lga tushirolmadilar. U restoranlarda o‘tirib, to‘satdan g‘oyib bo‘lar, qo‘qqisdan samolyotlarda paydo bo‘lib qolardi. Aqlli, tadbirli, og‘ir tabiatli va dovyurak bu kishi nemis xavfsizlik xizmatini, Vishi kontrrazvedkasini dog‘da qoldirib, 1942 yilning oxirida betaraf mamlakat Shveysariyaga o‘tib ketdi.

U baland bo‘yli kishi edi. Ko‘zoynagining yarqiroq oynasi orqasiga yashiringan ko‘zlari bu dunyoga bir oz nazar-pisand qilmay, yaxshilik tilagandek va ayni paytda jiddiyat bilan boqar edi. Bu kishining og‘zida ingliz mushtugi bo‘lardi hamisha, u kamgap edi, ko‘pincha kulib turar va suhbatdoshlari gapiga diqqat bilan quloq solardi. U o‘zining o‘tkir hazillari, nohaq bo‘lgan paytlarida o‘zining nohaqligiga darhol va ochiq-oydin iqror bo‘lish odati bilan kishilarni maftun etardi.