Asarlar
April 18, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qismi

– Hujjatingiz, – dedi motosiklchi. Shtirlits unga guvohnomasini uzatarkan:

– Nima gap? – deb so‘radi.

Motosiklchi guvohnomani ko‘rib, unga chest berdi va bunday javob qildi:

– Bizni trevoga bo‘yicha oyoqqa turg‘azdilar.

Radio mutaxassislarini izlayapmiz.

– Xo‘sh, qanday? – so‘radi Shtirlits guvohnomasini cho‘ntagiga solar ekan. – Natija bormi?

– Birinchi bo‘lib sizning mashinangizni uchratdik.

– Yukxonani ko‘rsataymi? – so‘radi Shtirlits jilmayib.

Motosiklchilar kulib yubordilar:

– Oldinda ikkita chuqur bor, ehtiyot bo‘ling, shtandartenfyurer.

– Rahmat, – javob berdi Shtirlits, – men hamma vaqt ehtiyotkorman.

«Bu Ervindan keyin ko‘tarilgan shov-shuv, – darhol tushundi u, – ular Sharq va Janubga qarab ketadigan yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan.

Qonunga binoan bu to‘g‘ri yo‘l bo‘lsa-da, juda oddiy yo‘l tutishibdi – Germaniyani bilmaydigan kishiga nisbatan shunday yo‘l tutilsa boshqa gap edi».

U bombalar o‘pirib tashlagan chuqurlarni chetlab o‘tdi. Chuqurlar yangi edi, yon oynalardan achimsiq hid kirib turardi.

«Endi bu laqmalarga qaytaylik, – o‘ylashni davom ettirdi Shtirlits. – Binobarin, ular kukrinikslar va Yefimov rasmlarida tasvirlanganchalik go‘l, laqma emaslar. Demak, men uchun bir narsa kalit xizmatini o‘tashi kerak, u ham bo‘lsa, Ribbentrop, Gering, Borman yoki feldmarshal klyugening shaxsan sulh tuzishdan manfaatdor bo‘lishlaridir – Markazning nima uchun bezovta bo‘layotganligi sababini tushunib olishim uchun asosiysi shu. Ammo ular bilan separat sulh tuzishga kim botina oladi? Ruzveltmi? Yo‘q albatta! Yoki Buyuk Britani yaning jamoatchilik fikrimi? Hech vaqt! Lekin, boshqa tomondan olganda, Germaniyaning faqat G‘arb oldida taslim bo‘lishi u yerdagi monokapital (axir u ham ma’lum shaxslardan iborat-ku) uchun foydalidir. Demak, reyxning oliy doiralari orasida ishimni tugatganimdan keyin Shpeyerga jiddiy e’tibor berishim kerak: Germaniya sanoatiga rahbarlik qiluvchi bu odam iste’dodli muhandisgina emas, jiddiy siyosatchi ham bo‘lishi kerak. G‘arbdagi sanoat xo‘jayinlari bilan bevosita aloqa qilib turadigan bu shaxs bilan shu tobgacha jiddiy ravishda shug‘ullanmagan edim.

Shtirlits mashinasini garajga kiritib o‘tirmadi – sovuq uncha kuchli emasdi: ikki-uch darajaga yaqin.

«Baribir men ertaga barvaqt turaman, – o‘yladi u, – radiatordagi suv muzlamaydi. Ertaga og‘ir kun bo‘ladi. SD zobiti bo‘lib turib, shaxsan Gimmler xizmatiga o‘tish hazil gap emas... Buning ustiga, bu oqibat-natija yaqinlashayotganligining isbotidir. Men Gimmlerga sodiqlik haqida qasamyod qilgan edim. Endi buning o‘zi kifoya qilmayati – uning shaxsan o‘ziga, SS reyxsfyureri Gimmlerga sodiq bo‘lishim lozimligi to‘g‘risida ont ichaman...»

Xuddi ana shu 1942 yildan so‘ng, Geydrix Pragada halok bo‘lgach, Shellenberg Gimmlerning eng ishonchli kishisi bo‘lib qoldi. Geydrixning o‘rnini olgan kaltenbrunnerni Gimmler saviyasi juda past bo‘lganligi va o‘ylamay-netmay ish tutganligi uchun yoqtirmasdi. U juda ko‘p ichardi, kuniga yuztalab tamaki chekar va yoqimsiz avstriyacha shevada gaplashardi – bularning hammasi Gimmlerning me’dasiga tegar edi. Gimmler yana uning tishlari quyma bo‘lganligi uchun ham gapiga yaxshi tushunolmasdi.

– Tish doktoriga murojaat qilsangiz bo‘lmaydimi, – dedi u bir kuni kalterbrunnerga, – shoshilib chaqirganingizda so‘zlaringizga hech tushunib bo‘lmaydi. kalterbrunner juda xafa bo‘ldi, Gimmler buni sezib, o‘ylanib qoldi: «Ahmoq bo‘lganligi ham yaxshi – uni har vaqt mushtga ro‘para qilish mumkin, ammo o‘zimdan uzoqroq tutishim kerak. Ahmoqlik – yuqumli kasallik».

Borman-chi... Gimmlerning Bormanni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi...

Quyidagilarni fyurerga xuddi ana shu Borman aytgan edi:

– Bizga bir narsa ayniqsa ayon bo‘ldiki, qo‘shinga to‘la ishonish juda qiyin. Partiya va tuzumning umidi bo‘lmish SS bo‘linmalarining mavjudligi millatimiz uchun katta baxt. Faqat SS rahbari – do‘stim Gimmlergina sharqiy frontga, «Visla» qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilishga qodir. Faqat uning rahbarligi ostida SS va unga bo‘ysungan boshqa qo‘shinlar ruslarni uloqtirib tashlab, yakson qilishi mumkin.

Gimmler ertasigayoq o‘zining qanday lavozimga tayinlanganligini hali bilmay turib, fyurer stavkasiga uchib keldi. Taqdiri oldindan hal qilib qo‘yilgani uchun ham Bormanga itoat qilgan Germaniyaning barcha gauleyterlari ayni vaqtda unga, SS reyxsfyureriga ham bo‘ysunishlari kerakligi haqidagi u olib kelgan farmonga Gitler osonlik bilan imzo chekdi. Gimmler Bormanga qaqshatqich zarba tayyorlagandi. Shuning uchun ham fyurerning hech qanday gap-so‘zsiz imzo chekkanini ko‘rib, Gimmler bir oz taajjublandi. Fyurer hujjatga qo‘l qo‘yib bo‘lishi bilan bir daqiqa o‘tgach, hammasini payqadi.

– Tabriklayman sizni, Gimmler. Siz «Visla» qo‘shinlariga bosh qo‘mondon qilib tayinlandingiz. Siz, faqat siz, ruslarni tor-mor qilishga qodirsiz. Siz, faqat siz, Stalinning belini bukib, uning oldiga sulh shartlarini qo‘yishingiz mumkin!

Butun harakatlar puchga chiqdi. Gimmler hammasini tushundi. Yengilish bo‘lsa, bundan battar bo‘lmas. 1945 yilning yanvari edi, g‘alabaga hech qanday umid yo‘q. Bunday puch xayollarni uloqtirib tashlash kerak! Faqat bir yo‘l bor: G‘arb bilan darhol sulh tuzib, ruslarga qarshi birgalashib kurashishdan boshqa iloj yo‘q.

Gimmler shunday katta va faxrli vazifaga tayinlanganligi uchun fyurerga tashakkur bildirib, uyiga jo‘nab ketdi. keyin u Gering huzuriga bordi, ammo gaplari qovushmadi.

...Mana hozir u azongi soat beshda uyg‘onib ketib, qaytib uxlay olmay, qarag‘ay o‘rmon sukunatiga quloq solib turibdi, qizalog‘iga ham qo‘ng‘iroq qilolmaydi, buni Borman bilib qolishi mumkin, o‘g‘illariga va ularning onasi – sevgan ayoli bilan ham bog‘lanolmaydi, chunki janjal chiqishidan qo‘rqadi – fyurer, o‘zining aytishicha, «axloqiy nopoklik» uchun hech kimni kechirmaydi. La’nati iflos... Axloqiy nopoklik emish-a... Gimmler nafrat bilan telefonga nazar tashladi: o‘n sakkiz yil mobaynida yaratgan mashinasi hozir uning o‘ziga qarshi ishlay boshlagandi.

«Bo‘lar ish bo‘ldi, – dedi u o‘ziga o‘zi. – O‘zim uchun hozirdanoq, darhol kurashga kirishmasam, ish pachava».

Gimmler ayg‘oqchilik ma’lumotlariga asosan Italiyadagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni feldmarshal kesselringning G‘arb bilan muzokara olib borishga moyilligini bilardi. Bu haqda faqat Shellenberg bilan Gimmlergina xabardor edilar. Ushbu ma’lumotni yetkazgan ikki ayg‘oqchi yo‘q qilingan edi: ular kesselring huzuriga qaytib ketayotganlarida oldindan belgilab qo‘yilgan aviatsiya halokatiga uchragan edilar. Sirni saqlash – muvaffaqiyat garovidir. Italiyadan Shveysariyaga yo‘l ochiq. Shveysariyada esa Amerikaning Yevropadagi maxfiy kuzatuv xizmatining boshlig‘i Allen Dalles bor. Bunisi endi jiddiy masala. Bu jiddiy odamlarning bevosita aloqasi bo‘ladi, ustiga-ustak, kesselringning do‘sti, Italiyadagi SS boshlig‘i general karl Volf Gimmlerga sodiq.

Gimmler telefon go‘shagini ko‘tarib:

– Marhamat, general karl Volfni zudlik bilan chaqirtiring, – dedi.

SS oqsoqoli Volfga ishonar edi. U G‘arb bilan Gimmler nomidan jiddiy muzokaralar boshlashga qodir...

* * *

Shtirlits huzuriga pastor Shlagni birinchi so‘roq uchun olib kirganlarida, unga qarshi ish uyushtirish niyati yo‘q edi: Shellenbergning buyrug‘ini bajarishga kirishgandi, xolos. Uch kun suhbat qilib, bu qariyaga juda qiziqib qoldi: Shlagda hayron qolarlik darajada ba ma’nilik va bolalarga xos soddalik bor edi. Agar chol Myuller boshliq gestapochilar qo‘liga tushgudek bo‘lsa, uni tezda hayvon darajasiga keltirishlariga Shtirlitsning aqli yetardi.

Iloji bor paytlarda Shtirlits yetarli dalillarsiz qo‘lga olingan va ishi unchalik jiddiy bo‘lmagan kishilarga yordam berishga harakat qilardi. Tabiiyki, u o‘zining asosiy ishini xavf ostida qoldirmaslikka intilardi, ammo inson taqdiriga befarq qaray olmasdi. U kishilarni qutqarishning muayyan bir shaklini o‘ylab topdi: arzimas ish bilan qo‘lga tushgan kishilarni o‘ziga «yollab», ularning darhol yoki bir oz qamoqxonada yotganidan keyin ozod qilinishiga erishardi. Bunday kishilar ozod qilingach, Shellenberg qo‘li ostidagi maxfiy kuzatuv xizmati va albatta Shtirlits uchun qiziqarli bo‘lgan muassasalarga ishlashga jo‘natilar edilar. U qo‘l ostidagilardan partiyaning ko‘zga ko‘ringan a’zolari ustidan ma’lumot yig‘ishni so‘rardi. Bundan maqsad, ikkiyuzlamachilik qilgan, qaltis gaplarni gapirgan, axloq jihatdan buzilgan ashaddiy gitlerchilarni obro‘sizlantirish edi. Shunday qilib, u «uch tomonlama» yutib chiqardi. Gitlerchilarga qarshi biror-bir fikr bildirgan kishilarni qutqarib qolardi, ishga yuborilgan ayg‘oqchilaridan maxfiy ma’lumotlar olib turardi va nihoyat, ulardan olingan materiallardan foydalanib, tuzumga sodiq nemislarni lavozimidan ag‘darardi.

U pastor bilan suhbatlashar, uning ustidan yig‘ilgan ma’lumotlar bilan tanishar ekan, pastor keyinchalik uning ishiga qanday yordam berishi mumkinligi ustida ko‘proq bosh qotira boshladi.

Shtirlits pastorning natsizmdan nafratlanishidan tashqari, qarshilik harakatiga yordam berishga tayyor ekanligiga ishonch hosil qilib, – ig‘vogar klaus bilan suhbatini tinglagach, bunga iqror bo‘lgandi, – o‘zining bo‘lajak ishlarida Shlagdan qanday foydalanish maqsadga muvofiq ekanligi haqida aniq bir qarorga kelmagan bo‘lsa-da, ma’lum rolni mo‘ljallab qo‘ydi unga.

Shtirlits hodisalar qanday rivoj topishini oldindan fol boqqandek aniqlab olmas edi, ammo bo‘lajak operatsiyaning umumiy qiyofasini aniq tasavvur qilardi. Jinoyatchini qanday fosh etib, qanday qo‘lga tushirishini oldindan chamalagan izquvarlar aks ettirilgan detektiv romanlarni o‘qib, ensasi qotardi. Yevropani bosib o‘tib, Anqaraga yo‘l olgan poyezdda ketayotib, bir kitobda o‘qigan voqeasini doim eslab yurardi – bu voqea uning yodidan hech chiqmasdi. Bir kuni, deb yozardi tushmagur adabiyotshunos, Pushkindan go‘zal Tatyananing taqdiri nima bo‘lishini so‘rashganda, Pushkin ranjib: «Uning o‘zidan so‘rang, men bilmayman», – deb javob bergan ekan. Shtirlits matematik va fiziklar bilan suhbat qilib turardi, u atom masalasi bilan shug‘ullanuvchi fizik Rungeni gestapo qamoqqa olgandan keyin shunday suhbatlarni yanada ko‘paytirdi. Shtirlitsni fan nazariyotchilarining kashfiyotlarni qanchalik oldin rejalashtirishlari qiziqtirardi. «Bunday qilish mumkin emas, – deb javob berardilar unga. – Biz faqat tadqiqot yo‘linigina belgilaymiz, qolgani tajriba jarayonida aniq bo‘ladi».

Maxfiy kuzatuv xizmatida ham ana shunday. Operatsiya doirasi aniq belgilab qo‘yilsa, u chippakka chiqishi mumkin, chunki oldindan belgilangan biror aloqa uzilsa, asosiy maqsadning barbod bo‘lishiga olib kelishi mumkin. kishi o‘zini asosiy vazifani hal qilishga bag‘ishlab va oldindan turli imkoniyatlarni hisobga olib, ish ko‘ra bilsa, muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Ayniqsa, kishi yakka o‘zi ish ko‘rayotganda shunday qilishi lozim. Shtirlits ana shunday deb o‘ylardi.

«Pastor... – dedi o‘ziga o‘zi Shtirlits. – Xo‘sh, pastorga kelaylik. Endi klaus yo‘q qilinib, u yana ikki kishini, bizning aloqachilarimizni sotolmaydigan bo‘lgach, pastor so‘zsiz menga tobe bo‘lib qoladi. Cholning ekskansler Bryuning bilan aloqasi borligini aniqlab bo‘lmaganini Shellenbergga aytgan edim va u, aftidan, cholga qiziqmay qo‘ydi chog‘i. Ammo Markaz buyrug‘idan keyin cholga bo‘lgan qiziqishim ortdi».

Shtirlitsning umumiy mulohazasi aniq va ravshan edi. U faqat bir narsada yanglishayotgandi: Shellenberg pastorni unutmagan edi. Aksincha, u bilan chinakam qiziqa boshlagandi...