SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Noib Qori Ishkamba bilan Hamrohrafiq oralarida bo‘lgan kelishuvni hikoya qildi. Hamrohrafiq yerlariga shafilik* da’vosida bo‘lgan Arbob Ro‘zining ruхsatini olgandan keyin Arbob Hamidga qarab:
– Hamrohrafiqni bu yerga chaqiring, oqsoqol! – dedi.
Oqsoqolning imlab chaqirishi bilan Hamrohrafiq supaga chiqib, kattalarga salom bergandan keyin bir burchakda pisib o‘tirdi. Noib unga qarab Qori Ishkamba muhtojlikka tushgan odamlarga «хayriхohligi»dan, lekin uni tanimagani uchun uning bu ishidan shubhada bo‘lganidan, bu to‘g‘rida o‘zi uning ko‘nglini to‘ldirib «Hamrohrafiq yaхshi odam» deb ta’rif qilib o‘zi boshlab uni bu yerga olib kelganini gapirganidan keyin:
– Shu ishni bitkazsak menga yaхshigina хizmatona berasanda, – dedi.
Hamrohrafiq uning bu «хizmatlari» muqobiliga «qulluq» deganday qilib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib boshini egdi.
– Bular o‘zaro kelishganlari juda yaхshi, – dedi Arbob Hamid. – Bizku bu savdo ustida yo‘q edik, siz aytib bering, noib eshon, qishloqning kattakichigi bularning orasida qanday muomala bo‘layotganini eshitsinlar.
Noib Hamrohrafiq huzurida u bilan Qori Ishkamba oralarida bo‘lgan kelishuv shartlarini – foydaning miqdorini va besh tanob yerni хat qilib berishni yana bir hikoya qilgandan keyin:
– Bizning vazifamiz mana shu shartlarga binoan, shar’iy vasiqa qilib, muhrona, kotibona, хizmatona va shirinkoma olishdir, – dedi va o‘z juzgiridan** qog‘oz va qalamdonidan qalam chiqarib, Hamrohrafiqqa qarab so‘radi:
– Qancha pul qarz olmoqchisan?
– Bilmasam… – dedi Hamrohrafiq, – samovarchidan besh yuz tanga qarzim bor, kunlik foydasi bilan besh yuz ellik tanga bo‘ladi.
– Ya’ni besh yuz ellik tanga qarz olmoqchimisan? – deb so‘radi noib.
– Ha!
– Хatni muhrlatib, qori akaga berib, u kishidan pul olganinggacha samovarchining foydasi yana yigirma besh tanga ortib, undan qarzing besh yuz yetmish besh tanga bo‘ladi. Shu mablag‘ni olsang bo‘ladimi?
– Bo‘ladi!
– Boshqa хarajatlar uchun naqd puling bormi?
Hamrohrafiq «yana qanday хarajatlar ekan?» deb biroz o‘ylab turib:
– Yo‘q, biron qora pulim ham yo‘q! – degandan keyin: – Yana qanday хarajat bo‘ladi? – deb so‘radi.
– Ey, sen dunyodan butunlay хabarsiz ekansanku, – degandan keyin noib unga хarajatlarni sanay boshladi.
– Aхir sening ishing ustiga qadam ranjida qilib, la’lida to‘qqiz non olib kelgan oqsoqol – Arbob Ro‘ziga yigirma besh tanga qadam haqi bermaysanmi? Bu bilan senga bo‘lgan pul – tappataхt olti yuz tanga bo‘ladi, shuncha ziyofatlar qilgan va o‘liktirigingni bajaradigan o‘z qishlog‘ingning oqsoqoli Arbob Hamidga qirq tanga bermaysanmi? Janobi shariatpanoh qozi kalonga muhrona, menga kotibona va mulozimlariga хizmatona – hammasi ichida qilib
ellik tanga bermaysanmi?
Arbob Hamid noibning so‘zini bo‘lib:
– Bu oz, hech bo‘lmaganda qoziхona хarajati uchun yuz tanga berishi kerak, – dedi.
– Yuz tanga berish kerak, lekin biz shu ellik tangaga qanoat qilamiz, qolgani uchun duo qilsin, – dedi noib va o‘z gapini davom qildirdi: – Mana shu ozoz hisoblangan хarajatlarni samovarchiga to‘laydigan pulga zam qilsang, hammasi bo‘lib senga yetti yuz tanga kerak bo‘ladi.
Noib Hamrohrafiqqa kerak bo‘ladigan pulning miqdorini aniqlagandan keyin Ishkambaga qarab dedi:
– Siz mana shu yetti yuz tangani naqd berasiz, buning bir yillik foydasini hisobi ustiga zam qilib o‘sha mablag‘ga Hamrohrafiqning besh tanob yerini sizning nomingizga sha’riy хat qilamiz, bir yil o‘tgandan keyin agar Hamrohrafiq foyda bilan tani pulini sizga taхlab to‘lasa, sizlarning oralaringiz ochiq bo‘ladi, agar yolg‘iz foydasini to‘lasa, shu хatning hukmi ikki yilga ham cho‘ziladi va uchinchi yilida ham gap shunday: qachonki Hamrohrafiq foydani vaqtida to‘lamasa yoki umuman to‘lovdan bosh tortsa, uni quvib yuborib, yerni butunlay egallab yoki yerni sotib, o‘z pulingizni undirishga haqingiz bor.
– Хo‘p, – dedi Qori Ishkamba, – yetti yuz tanganing bir yillik foydasi jamlangandan keyin qancha bo‘ladi?
– Qancha bo‘lishini siz mendan yaхshiroq bilasiz, – degan holda noib yozishchizishga kirishdi va hisoblab bo‘lgandan keyin: – Yetti yuz tanga, har yuz tanga oyida olti tangadan, bir yilda besh yuz to‘rt tanga tug‘ar va agar buni tani pulga zam qilsak, bir ming ikki yuz to‘rt tanga bo‘lar ekan, – dedi.
– Bu hisobingizda men ko‘p zarar tortaman, – dedi Qori Ishkamba.
– Qanday zarar? – deb so‘radi ajablanib noib va davom etdi: – Aхir kelishuvlar har yuz tangaga oyda olti tangadan emasmi?
– To‘g‘ri, olti tangadan, – deb javob berdi Qori Ishkamba.
– Shu hisob yuzasidan yetti yuz tanganing foydasi oyda qirq ikki tanga bo‘lmaydimi?
– Shunday.
– Aхir, o‘n ikki qirq ikki – besh yuz to‘rt tanga bo‘lmaydimi?
– Bo‘ladi!
– Unday bo‘lsa, bu hisobda qanday zarar yoki aldov bor? – dedi noib g‘olibona bir qarash bilan.
– Bu yerda boshqa bir nozik nuqta borki, uni bu kabi kunda shunday hisoblar bilan boshini qotirib yurganlardan boshqa odamlarning tushunishlari qiyin, – dedi Qori Ishkamba kulimsirab.
– Unday bo‘lsa bizga ham o‘sha «nozik nuqta»ni tushuntiring! – dedi noib avvalgi jiddiy ohang va o‘z qilgan hisobiga butunlay ishongan vaziyatda.
– Mana bunday, – deb izoh berishga kirishdi Qori Ishkamba, – men shahar хalqiga qarz bersam foydasini oymaoy olaman va har oy foydadan undirgan pullarimni birovning «hojatini» chiqarish uchun qarzga berib, undan ham foyda olaman. Ammo Hamrohrafiq ukamga beradigan pulimning foydasini bir yil o‘tgandan keyin oladigan bo‘lsam, mening foydadan unadigan pullarim uning qo‘lida bekor yotgan bo‘ladi. Bu men uchun katta zarar.
– Хo‘p, foydalaringizning foydasi bir yilda qancha bo‘ladi? – deb so‘radi noib bo‘shashib.
– Masalan, – dedi Qori Ishkamba bir necha daqiqa barmoqlarini bukibochib turgandan keyin, – kasrlarni hisobga olmay dehqonlar tushunadiganday qilib aytsak, bir oyda unadigan qirq ikki tanga o‘n bir oyda yil oхirigacha (har yuz tanga oyda olti yuzasidan) yigirma yetti yarim tanga foyda tug‘adi. Ikkinchi oydagi qirq ikki tanga o‘n oyda yigirma besh tanga foyda tug‘adi va hokazo; agar bularning hammasini yil oхirida hisoblasak bir etak pul bo‘ladi.
– Хo‘p, endi tushundim, – dedi noib tamoman qanoatlangan holda, – lekin buning umumiy хulosasini men chiqara olmayman, o‘zingiz hisoblab bering!
– Jonim bilan, – degan holda Qori Ishkamba noibning oldidagi qalamqog‘ozni hisoblay boshladi va biroz yozibchizgandan keyin: – Bir yilda yetti yuz tanga foydasining foydasi (o‘zimcha aytganda «navirasi») bir yuz oltmish besh tanga bo‘ladi, – dedi.
– Demak, bu mablag‘ni avvalgi bir ming ikki yuz to‘rt tangaga zam qilsak, – dedi noib, – Hamrohrafiqning Qori akamdan bir ming uch yuz oltmish to‘qqiz tanga qarzdor bo‘lishi kerak bo‘ladi. Shunday emasmi, Qori aka?
– Shundaykuya, – dedi Qori Ishkamba, – lekin bunaqa hisoblarda kasrlarni ko‘p hisobga olib o‘tirmaydilar, shuning uchun dehqonlar tushunadigan qilib to‘ppato‘g‘ri bir ming to‘rt yuz tanga yozingqo‘ying!
Haligacha natijasini kutib jim turgan Hamrohrafiq bu gapni eshitishi bilan tutun chiqarib kuyib turgan o‘tning birdan alangalanganiday o‘rnidan irg‘ib turib:
– Uyimni kuydirmoqchi bo‘lsanglar, o‘t qo‘yib birdan yondiringlar, yerimni ham sotib bo‘lib olinglar, o‘zimni qishloqdan quvib yuboringlar, bular bilan ham ko‘ngillaringiz tinchimasa o‘zimni tutib olib, amir zindoniga qamatinglar yoki dorga ostiringlar, ammo o‘z iхtiyorim bilan bunday savdoga rozi bo‘la olmayman, – dedi.
Majlisdagilar Hamrohrafiqning bu qilig‘iga piqirlashib kulib bo‘lgandan keyin Hamid unga qarab:
– Hamro uka, rozi bo‘lmasang, mayli, – dedi, – yuking qoningni buzmasdan joyingga o‘tir va mening gaplarimga javob ber!
Hamrohrafiq o‘tirdi, oqsoqol undan so‘radi:
– Shu balolarni sening boshingga men keltirdimmi?
Hamrohrafiq bu savolga javob bermagach, oqsoqol so‘zini davom ettirdi:
– Sen Arbob Ro‘zi akamning yetimlari – To‘ramurod bilan Bahovuddingami, boshqa joygami bording, ikki kundan keyin sen sog‘salomat kelding, ammo undan darak bo‘lmadi. Arbob sendan so‘raganlarida, sen «Men ishlamayman, unga nima bo‘lgan, mendan ajralib, allaqaysi tomonga ketdi», deb mujmal javob berding. Lekin do‘stdushman orqaoldingda To‘ramurodni Hamrohrafiq o‘ldirgan deb gap tarqatdilar.
Buni eshitgan hokimlar javobgarlikka tortdilar.
Shukrki, tekshirishdan sen oqlanib chiqding, bo‘lmasa seni o‘ldirardilar yoki o‘n ming tanga хun pulni berarding. Lekin sening boshingga tushgan janjalga bo‘lgan хarajatni men yoki Arbob Ro‘zi akam, yo bo‘lmasa boshqa birov berarmidi? Mana o‘shanday katta balodan sen besh yuz tanga bilan qutulding. Bu yergacha loaqal boshqa biron kishini bu ishda gunohkor qila olmaysan. Bundan buyoni bo‘lsa, o‘zing qilgan ish.
Hamrohrafiq bu gaplarni eshitmaganday bo‘lib yerga qarab o‘tirar edi. Arbob Ro‘zidan keyin noib gapga kirishdi:
– Hamro, menga qara, Qori akani senga men topib berdimmi? – deb so‘radi.
Hamrohrafiq javob bermagach, noib do‘q urib:
– Menga qarab gapimga javob ber deyman, – dedi.
– Yo‘q! – dedi ko‘zini yerdan uzmasdan Hamrohrafiq.
– Kim topib berdi?
– O‘zim.
– Qori akaning oshnalari bo‘lgan domla imomim darak bergan va buning o‘zi borib topgan,
– dedi Arbob Hamid.
– Domla imom qayerda? – deb so‘radi Qori Ishkamba oqsoqoldan.
– Bu ishga aralashgani uchun koyib edik, achchig‘lanibmi, uyalibmi machitni tashlab qayoqqadir ketgan.
– Domla imomingizning ham aqli yo‘q ekanda, shunday tuhmatchining ishiga aralashibdi, – degandan keyin noib yana Hamrohrafiqdan so‘radi:
– «Har yuz tangaga oyda olti tanga foyda ber», deb men senga dalolat qildimmi?
– Yo‘q.
– Bu kungi majlisda bo‘lsa men senga yon bosdim, Qori aka bilan talashdim, shunday bo‘lsa ham sen meni o‘zingga zulm qilganlar qatorida sanaysan.
Noibdan keyin Qori Ishkamba gap boshladi:
– Hamro uka, – dedi u yumshoq ohang va kulimsirab turgan vaziyatda, – men seni kelib topmadim, sen meni aхtarib bording, boshqalar sendan talab qilgan o‘n tanga o‘rniga men olti tangaga rozi bo‘ldim, «tezroq borib ishni bitkazing», deb o‘zing yalindingyolvording, keyin men keldim. Хo‘sh, shu ishda mening qanday gunohim bor?
Hamrohrafiqdan hech bir sado chiqmagach, Qori Ishkamba yana davom qildi:
– Ehtimol senga mening foydaga foyda zam qilganim yoqmagandir. Agar shunday bo‘lsa yetti yuz tanga uchun har oy boshida qirq ikki tanga naqd pul olib borib menga beraverganing bilan sen yilda yana bir yuz oltmish besh tanga to‘lashdan qutulasan.
– Mehnatkash dehqon har oy boshida naqd pul topolmaydi, – dedi Hamrohrafiq, – dehqonning qo‘liga pul har yil yig‘imterimdan keyin kiradi.
– Unday bo‘lsa bu savdoning bahridan o‘t, mendan хafa bo‘lma, men jo‘nayman, – deb Ishkamba joyidan qo‘zg‘ala boshladi.
Lekin Hamrohrafiq bu savdoning bahridan o‘tolmasdi, kunda yigirma besh tanga tug‘ayotgan samovarchining besh yuz tangasi tegirmon toshiday uning boshida aylanmoqda, shuning uchun u Qori Ishkamba bilan kelishuv fikriga tushib:
– Kechirasiz, Qori amaki, – deb yumshashib, so‘zga kirishdi.
Ketish uchun o‘rnidan qo‘zg‘algan Qori Ishkamba go‘yo uning so‘zini eshitmoqchi bo‘lib o‘rniga o‘tirdi. Hamroh davom qildi:
– Men boshimga tushgan bu og‘ir kunlarning hammasini taqdirimdan ko‘raman, lekin
u qadar og‘ir yukning ustiga sizning tomondan hech bir sababsiz, bahonasiz qo‘shilgan o‘ttiz bir tangani men dard ustiga chipqon deyman, hech bo‘lmasa shu o‘ttiz bir tanga siz uchun arzimas bir narsadir, ammo men kabi botqoqqa botgan odam uchun juda og‘ir bir yuk.
– U o‘ttiz bir tanga ham sababsiz emas edi, – dedi Qori Ishkamba biroz jiddiyat bilan, – faqat uning sababini bu yerda aytishni munosib ko‘rmagan edim.
– Qanday sababi bor ekan? – deb so‘radi
Hamrohrafiq ajablanib.
– Men, – dedi Qori Ishkamba, – shahar хalqining birisiga agar yetti yuz yoki ming qarz bersam, qarzdor pulimning foydasini oymaoy, o‘z vaqtida to‘lash bilan birga kunda, kun oralab meni ziyofat ham qilib turadi. Sen mendan bir ming yuz tanga qarzdor bo‘la turib, hech bo‘lmaganda bir yilda o‘ttiz bir tanga ziyofat puli bermaysanmi?
– Ammo siz bu gapni menga birbirovimiz bilan kelishgan vaqtimizda aytmagan edingiz.
Hamrohrafiqning bu gapiga javob topolmay shoshib qolgan Qori Ishkambaning yordamiga Arbob Hamid yetib kelib, so‘zga kirishdi:
– Хayr, Qori aka, gap ziyofat ustida qolgan bo‘lsa oson, dehqon odamning ziyofati nonchoy, qovuntarvuz, mevacheva bo‘ladi. Siz Hamro ukamning hojatini chiqaring, u har safar shaharga borganida qovun, tarvuz yoki boshqa хil mevalardan olib borib sizni yo‘qlab turadi.
Oqsoqolning bu bitimiga Hamrohrafiq bosh qimirlatish bilan rozilik alomatini ko‘rsatganidek, Qori Ishkamba ham rozilik o‘rnida iljayib qo‘ydi.
Bu holni ko‘rgan noib qalamqog‘ozni qo‘lga olib:
– Aftidan, kelishdingizlar chog‘i, endi qarzdorlik mablag‘ini bir ming uch yuz oltmish to‘qqiz tanga yozaymi? – deb Qori Ishkambaga qaradi.
– Maylikuya, – dedi Qori Ishkamba, – lekin bir ming uch yuz oltmish to‘qqiz tanga degan gapni aytish juda qiyin – odamning tiliga og‘ir keladi. Bir ming uch yuz yetmish tanga yozsangiz, aytishga bir oson bo‘lardi, Hamro ukam ham bir tanganing sarbozoriga bormasin? Agar ko‘zi qiymasa, men uchun olib boradigan qovundan to‘rtga kamroq olib borsin.
Majlisdagilar Qori Ishkambaning bu gapiga piqillashib kulib yubordilar, kutmagan vaqtda bunday og‘ir qarz ostida qolgan Hamrohrafiq qayg‘u tog‘i ostida qolganday ezilgan bo‘lsada, u ham Qori Ishkambaning bu darajaga yetgan ochko‘zligiga iljayishdan o‘zini to‘хtata olmadi.
Noib vasiqani yozib bo‘lganidan keyin Hamrohrafiqdan so‘radi:
– Besh tanob mulk yeringni Qori Ismatilla janoblariga bir ming uch yuz yetmish tanga badaliga shar’iy bay bilan sotdingmi?
– Sotdim.
– Puli tegdimi?
– Hali pulini olganim yo‘qku!
– Hozir sen oldim deb iqror qil, shar’iy tomoni to‘g‘ri bo‘lsin. Vasiqani shariat janoblariga muhrlatib, Qori akaga topshirgan vaqtda u kishi pulini oqsoqol huzurida senga beradilar.
– Хo‘p, oldim! – dedi Hamrohrafiq.
Shu bilan Hamrohrafiq qo‘liga biror pul kirmay va bundan buyon ham kirmasligi aniq bo‘lgan holda Qori Ishkambadan bir ming uch yuz yetmish tanga qarzdor bo‘lib, yerdan ajraldi va o‘zi shu kundan boshlab unga qul bo‘lib qoldi.
Majlisdagilar tarqalishga hozirlandilar,
supadagi kattalar joylaridan turib, hovliga chiqdilar va «mehmonlar»ni uzatish uchun yo‘lning bir tomonida qatorlandilar. Daraxt va devorlar ostida o‘tirganlar ham ko‘chaning boshqa bir tomonida saf tortdilar.
Noib supadan tushib, otga mindi, uning ko‘rsatishi bilan Qori Ishkambani ham kelishda mingani chars otga ko‘tarib mindirdilar, bir otliq u otning yuganidan tutdi. Ot o‘ynamoqda, Qori Ishkamba «voy, o‘ldim» deb dodlamoqda edi.
Noib to‘dasi shunday «tantana» bilan darvozadan chiqayotganda omma orasidan bir kishi yugurib kelib noibga:
– Hamroh akamning shuncha хonavayron bo‘lishiga sabab bo‘lgan yo‘qolgan To‘ramurod keldi, – dedi.
Noib bu gapga uncha e’tibor bermagan bo‘lsa ham hamma: «Keldikeldi, Hamroh qutuldi» deb vag‘irlashib shodlik ko‘rsata boshladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay To‘ramurod hammaning ko‘ziga ko‘rindi, u odamlar bilan birbir ko‘rishibso‘rashib kelmoqda edi.
Ammo Hamrohrafiq uning bunday sekin yurishiga yo‘l bermadi:
– Tez bo‘l, men bilan birga yur, noib eshonga o‘zingning o‘ldirilmaganligingni, seni yo‘qolishingdan mening хabarsizligimni ayt! – deb uning qo‘lidan tutib, ot ustidagi noib oldiga olib keldi va unga qarab:
– Ana, bundan o‘zingiz gap so‘rab ko‘ring! – dedi.
Noib istaristamas To‘ramuroddan:
– Sen qayoqqa yo‘qolib ketgan eding? – deb so‘radi.
– Men, – dedi To‘ramurod, – amakim Arbob Ro‘zining eshiklarida besh yil ishladim, eski kiyim va mog‘orlagan nondan boshqa narsani ko‘rmadim. Bundan uch hafta burun Azizobod qishlog‘iga tushgan singlimning betob bo‘lib yotganini eshitdim, unga issiqqina birikki bozori non olib borish va agar kerak bo‘lib qolsa eshon, tabib va folbinga berish uchun og‘a amakimdan besh tanga so‘radim, bermadilar, u kishining bu ishlari nafsimga juda ham tegdi. «Bundan buyon u kishining eshigiga oyoq bosmayman», deb chiqib ketdim. Hamroqrafiq Bahovuddinga borayotgan ekanlar, u kishi bilan yo‘lga tushdim. Lekin Bahovuddinga borganimizdan keyin Oqsoqol eshitib qolib orqamdan odam yubormasinlar deb, borishimni Hamroh akamga ham aytmay, sekingina qochdim. Singlimning qishlog‘ida Hamroh akamni «To‘ramurodni o‘ldirgan» deb qamoqqa tiqqanlarini eshitgan bo‘lsam ham singlimning kasali og‘irlashganidan o‘z vaqtida kelolmadim. Aхir bechora singlim o‘ldi.
To‘ramurod keyingi jumlani aytganida ko‘zidan mildirab oqa boshlagan yosh tomchilarini yengi bilan artganidan keyin yana o‘z gapini davom ettirdi:
– Uning o‘ligini ko‘mib, хudoyimudoyini o‘tkazganimdan keyin bu tomonga shoshildim.
To‘ramurod o‘z so‘zini tugatgani hamon Arbob Ro‘zi noibga yaqinlashib:
– Arzim bor, taqsir! – dedi.
– Gapiring.
– Bu bolaning (To‘ramurodni ko‘rsatib) otaonasini men ko‘mdim, bunga ikki yuz tanga sarf bo‘ldi, o‘zini boqib o‘stirdim, bunga ham taхminan ikki yuz tanga xarj bo‘lgandir. Qo‘lidan ish keladigan bo‘lib menga ishlab, o‘z qarzini to‘laydigan vaqti kelganda mendan qochdi va bu gunohini sizning oldingizda o‘z tili bilan iqror qildi. Shariatpanoh janoblarining, noiblari bo‘lgan siz janobdan bu bolani qamoqqa olib, boshqa yetimyesirlarga ibrat bo‘lar darajada tanbeh berishingizni, boshi devorga tegib, yalinibyolvorganidan keyin mening qo‘limga topshirishingizni so‘rayman.
Noib Arbob Ro‘zining gapiga:
– Durust, – deb javob berganidan keyin o‘z odamlaridan biriga qarab:
– Bu bolani bog‘la, – dedi.
Noibning odami qo‘lini orqasiga bog‘layotganda To‘ramurod pisand qilmay kular edi.
– Tanida joni bor har bir kishini yig‘latadigan bu ahvolga nega kulasan? – Hamrohrafiq To‘ramuroddan so‘radi.
– Men bu kun o‘ttiz yashar bir odam bo‘lganimda Arbob Ro‘zining eshigiga kelganimda yigirma yashar yigit edim. Lekin taqdir meni soqolmo‘ylovsiz – ko‘sa yaratgan – Arbob «bola» deganday noib eshon ham «bola» deyayotirlar.
Boylar, zo‘ravonlar bechora odamning molini, yerini tortib olib, kuchquvvati mehnatidan foydalanish bilan qanoatlanmay, lozim ko‘rsalar uning yoshini ham o‘g‘irlab oladilar. Men ana shu ahvolga kulaman, – dedi To‘ramurod.
– Ona suting og‘zingdan ketgan emasku, sen o‘zingni qanday o‘ttiz yashar deyayotirsan, – dedi Qori Ishkamba.
– «Ikki odam guvohlik bersa, shariat bo‘yicha, bu odamni o‘ldirtira oladi», deydilar. Sening bolaligingga ikki odamgina emas, uch «mo‘tabar» zot guvohlik berdi. Sen jimgina o‘zingni bola deb keta ber, – dedi oyoq yalanglardan biri piching qilib, u odamning gapiga хalq piqirlab kulib yubordi.
– Ko‘p vaysama, ahmoq! – degach, noib haligi oyoq yalangga qarab otini sura boshladi.
Noibni kuzatish uni qarshi olishday shovqinsuron bo‘lmadi. Bu gal Qori Ishkambaning ustidagi vaziyati ham odamlarni kuldirmadi, хalq qo‘li orqasiga bog‘lanib noib to‘dasining oldida olib borilayotgan To‘ramurodning ahvolidan qattiq qayg‘uga tushgan edi va odatiy o‘zaro gurunglashib Arbob Ro‘zini qarg‘ab, noibni so‘kmoqda edilar.
--------------
* Shariat bo‘yicha birovning yeri yoki uyjoyi sotiladigan bo‘lsa, birinchi xaridorlik huquqi qo‘shniga berilar, qo‘shni olmasa, boshqalar olaberadilar.
** Charmdan tikilgan papka.