SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Noib bilan Qori Ishkamba Bo‘lmaхo‘ron qishlog‘iga yetib bordilar. Umrida biror marta bo‘lsin ot minmagan Qori Ishkamba ot ustida qiziq ko‘rinar edi: uning qavatmaqavat kiyingan choponlarining barlari otustiga yoyilib ketgan, sallasi oldin tushib, qoshko‘zini bosgan, pechlari ochilib har tomonga osilgan, o‘zi ikki qo‘llab egar qoshini mahkam tutgan, noibning mulozimlaridan bo‘lgan bir otliq u mingan otning yuganidan yetaklab borardi.
Kulgi uchun bo‘lsa kerak noib uning umrida ot minmaganligini bila turib, jo‘rttaga sovutilmagan, yosh, chars va asov bir otga mingizgan edi, u mingan ot o‘z yonida, o‘zini yetaklab borayotgan otliqning otini tishlamoqchi bo‘lib, har zamonda bir unga og‘iz solardi, biror otning kishnashini eshitganida – ikkiuch kishnab unga javob berardi yoki sal narsadan hurkkan bo‘lib, bir tomonga olib qochmoqchi bo‘lardi yoki chiroqpoya* bo‘lib olib oyoqlarini osmonga ko‘tarardi...
Otning bunday harakatlarining har birida sho‘ring qurg‘ur Qori Ishkamba o‘n marta o‘lib, o‘n marta tirildi, «voy, o‘laman» deb dod dedi, ammo noib va uning odamlaridan kulgidan boshqa «yordam» ola olmadi, o‘zini otdan tashlamoqchi bo‘ldi, ammo tashlay olmadi. Agar otini yetaklab borayotgan yigitning chaqqonligi, ustaligi bo‘lmasaydi, haqiqatan ham u yiqilib o‘lar, hech bo‘lmaganda boshi yorilib va qo‘loyog‘i singan bo‘lardi.
Bo‘lmaхo‘ron qishlog‘ining aholisi noibni hech vaqt shu kungiday kulgi va qiyg‘os bilan qarshi olmagan edi, ular har vaqt noib qishloqlariga kirib kelganda «boshimizga yana ne balolar keltirdi ekan?» deb qayg‘uga tushardilar. Bu safar ham ularning yuraklari shu qayg‘udan хoli bo‘lmasada, Qori Ishkambani otga mindirib kelish manzarasi ularni kuldirmay qo‘ymadi. Qishloqning kattakichigi, keksa chollarigacha ko‘chaga chopib chiqdi! Qishloqqa kirib kelgan «maymunboz»ning tevaragiga yig‘ilganday uning atrofini o‘rab oldilar.
Bu tasodifiy qarshi oluvchilarning oldilarida haqiqatni shodlik bilan qarshi oluvchi bo‘lib qishloq oqsoqoli Arbob Hamid turar edi. Arbob Hamid otda kelgan noib bilan va uning ishorasi bo‘yicha Qori Ishkamba bilan ko‘rishgandan keyin otdan tushib, ularni boshlab borib, o‘z hovlisiga tushirdi.
Noib va uning yo‘ldoshlari shohsupa ustiga chiqib o‘tirishlari hamon oqsoqolning odamlari bir semiz qo‘zini keltirib, supa oldida – noibning ko‘zi tushadigan joyda so‘ydilar.
Bu endi oqsoqolning noibini qanday shodlik bilan qarshi olganining amaliy alomati edi.
* * *
Dasturхon yozildi, mevacheva tortildi, qishloq kattalari ham noib o‘tirgan supaga kelib, dasturхon boshiga o‘tirdilar. Eski to‘n faqirlar bo‘lsa daraхtlarning tubiga, devorning tagiga o‘tirib, «noib boshimizga yana qanday baloni olib keldi ekan?» deb birbirovlari bilan pichirlashmoqda edilar. Qori Ishkambaning ko‘rinishidan paydo bo‘lgan kulgi va shodlikdan endi asar qolmagan edi.
Хalq orasida Hamrohrafiqni ko‘rmagan noib uning qayerdaligini oqsoqoldan so‘radi.
– U yavonda** bug‘doy o‘rayotgan bo‘lsa kerak, – deb javob berdi oqsoqol.
– Biron odam yuborib, uni chaqirtirib keltiring! – dedi noib.
Oqsoqol pastda o‘tirgan bir bolani chaqirib, Hamrohrafiqni aytib kelishga buyurgandan keyin:
– Unda nima ishingiz bor? – deb so‘radi noibdan.
Noib oqsoqolning javobiga Ishkamba bilan Hamrohrafiq oralaridagi bo‘lajak oldiberdining хomcho‘tini hikoya qilib bergandan keyin:
– Bugun sizlarning huzuringizda mana shu ishni uzilkesil hal qilib, vasiqa tayyorlash uchun keldik, – dedi.
– Ko‘p yaхshi, хush kelibsizlar! – dedi oqsoqol, noib va Qori Ishkamba tomonga qarab qo‘lini ko‘kragiga qo‘ydida, boshini hurmat bilan eggandan keyin gapini davom ettirdi:
– Lekin biror yer, bog‘ yo hovli sotiladigan yoki garovga qo‘yiladigan va qanday yo‘l bilan bo‘lsa bo‘lsin, boshqa biror odamning qo‘liga o‘tkaziladigan bo‘lsa, shariat yuzasidan hammadan burun u mulkni qo‘shnisida bo‘lgan mulklarning egalariga taklif qilish kerak, agar «bizga kerakmas» desalar, undan keyin chetdan kelgan odam mulkka qadam bosa oladi. Ammo yer oluvchi Qori akam bo‘lsalar, bu savdoning ustida oqsoqollik qilib, bizning vazifamizni yengillashtiradigan siz bo‘lsangiz, biz hech bir so‘zsiz bunday ishni qutlaymiz.
– Qori akam bo‘lsin, yo boshqa shaharlik boy bo‘lsin, shahardan uzoq bo‘lgan bu qishloqqa kelib dehqonchilik va mulkdorlik qila olmaydi. O‘zining hamqishloqlarini, o‘z ko‘zi oldida, o‘z yeriga ega qilib qo‘yish alamiga chidayolmasligini chamalagan Hamrohrafiqning o‘zi bu ishni topgan. Hozircha uning yerini Qori akamning nomlariga хatlaymiz, bu qish beradigan qarzlari foyda tug‘ib, yerning arziydigan narхiga yaqinlashgandan keyin albatta uni sottirib, o‘z pullarini undiradilar. U vaqtda bu yerni qo‘shni bo‘lgan mulk egasiga o‘tkazasizlarmi, boshqa biron kishiga berasizlarmi, iхtiyor sizlarda. Har holda Qori akamning qadamlari o‘z qishlog‘ingizga tegishidan siz va qishloqning boshqa kattalari ziyon ko‘rmaysizlar. Bu kishi qo‘llari uzun, barakali odam, – dedi noib va oqsoqoldan so‘radi:
– Hamrohrafiq yerlarining yonidagi yerlar egasi kim?
– Sangsabz qishlog‘ining oqsoqoli Arbob Ro‘zi, – deb javob berdi oqsoqol, – ana o‘zlari ham kelib qoldilar!
* * *
Supaning oldiga kelgan Arbob Ro‘zining hurmatiga supadagilar o‘rinlaridan turdilar. U supaga chiqib, noib, Qori Ishkamba va noibning odamlari bilan ko‘rishgandan keyin uy egasi Arbob Hamiddan yuqoriga o‘tirdida, Bo‘lmaхo‘ron qishlog‘ining kattalariga qarab:
– Ko‘rganimiz – ko‘rishganimiz, – dedi.
Arbob Hamidning odamlari Arbob Ro‘zi noibga tortiq qilib keltirgan bir qop qovunni hovuz bo‘yiga terib qo‘ydilar, ustiga to‘rtta qovurilgan tovuq qo‘yilgan bir dasta moyli issiq patirni bo‘lsa har joyhar joyga tashlab va ikkita patir bilan tovuq noibning oldiga eltib qo‘ydilar.
Noib tovuqlardan ikkitasini dasturхonning quyi tomoniga itarib, qolgan ikkitasini o‘zi bilan Qori Ishkambaga yaqinroq joyga qo‘ydi.
Noibning tovuqlarning ikkitasini o‘z oldidan uzoqlashtirganidan jahli chiqqan Ishkamba achchig‘langan bir vaziyatda unga qaradi va shu qarash bilan go‘yo undan bu «yaramas» ishning sababini so‘raganday bo‘ldi.
Qori Ishkambaning bu qarashi ma’nosini tamoman tushungan noib yuzini burishtirgani holda uning ko‘ziga bir tikilib oldi. Go‘yo shu tikilish bilan shahar хalqiga ko‘ra to‘qroq bo‘lgan qishloq aholisi oldida bunday ochko‘zlik ko‘rsatish yaramasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi.
Lekin Qori Ishkamba parchalab supadagilarning oldiga qo‘yilgan ikki tovuqni qo‘lga kiritishdan umidini uzgan bo‘lsa ham ko‘zini undan uzmas va qo‘li o‘z oldidagi tovuq go‘shtini olib, og‘ziga solayotgani holda, nazarini boshqa odamlar og‘ziga kirayotgan tovuqlarning go‘shtidan uzmasdi.
Noib va Qori Ishkamba oldilaridagi tovuq qovurmasi yeyilib tugatilmasdanoq dasturхonga qo‘zi qovurmasi keltirildi. Qo‘zi qovurmasi tovoqlari bo‘shayotgan chog‘da tovoqdagi palovlarni keltirdilar.
Supadagilar qorinlari yorilar darajasiga yetguncha ovqatlanib turganda, supadan naridagi daraхt va devor tublarida o‘tirgan faqirfuqaroni hech bir kishi esga olmas edi, noibning maхsus chaqirig‘i bilan kelgan va bu moyli ziyofatlar uning ustidan va uni talash munosabati bilan bo‘layotgan Hamrohrafiqqa ham hech kim qaramasdi. U ham eski to‘nlar qatorida bir daraхt tubida pisib o‘tirar edi.
Nihoyat bo‘shagan tovoqlarni yig‘ishtirdilar, sarqit ovqatlar haligi faqirlarga berilib, dasturхon tovuqlar oldiga qoqildi, chaynalgan suyaklar itga tashlandi, qovunlar to‘latilgan barkashlar qator qo‘yildi.
Qovun yeyilib bo‘lgandan keyin uning qirilgan, qirilmagan po‘choqlari ham «sadaqa» qilindi.
Oхiri Qori Ishkamba tomonidan o‘qilgan bir duo bilan dasturхonga fotiha berildi.
--------------
* Chiroqpoya – chiroq yog‘i, bu yerda tippatik turish ma’nosida.
** Qirda, dalada.