OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Kristo Bedoyya Jamil Shayyumning so‘zlarini eshitiboq, Santyago Nasarni quvib yetish niyatida peshtaxtadan sakrab, eshikka otilgan. U do‘stining muyilishdan shundoqqina burilayotganini ko‘rgandi, ammo maydonga yoyilib borayot gan kishilar ichidan uni topolmagan. Bir necha odamdan Santyago Nasarni so‘raganda, ular:
– Hozirgina sen bilan birga ko‘rgandik, – deya bir xil javob qaytarishgan.
Kristo Bedoyyaga bu qisqa muddatda Santyago Nasar uyiga yetib kelishi mumkin emasday tuyildi, biroq, shunga qaramay, u uyga kirib, uni surishtirmoqqa qaror qildi; ko‘cha eshik u o‘ylaganday qulf emas, balki qiya ochilib turar edi. Tong qorong‘isida u ostonada yotgan xatni ilg‘amadi, bemahalligi uchun oyoq uchida yurib, mehmonxonadan o‘tdi; uy ichkarisidan itlarning bezovtalanib g‘ingshigani eshitildi, so‘ng maxluqlar unga sari chopib kelishdi. U xuddi uy egasiday kalitlarni shiqirlatdida, itlarni tinchitdi, keyin galani ergashtirib oshxonaga yo‘naldi.
Yo‘lakda mehmonxona polini yuvgani paqir, latta ko‘tarib kelayotgan Divina Florga urilib ketayozdi. U Santyago Nasar qaytmaganini aytdi. Kristo Bedoyya oshxonaga kirganida Viktoriya Gusman quyon go‘shtini qozonga solib, tagiga o‘t yoqqan edi. U yigitning ko‘zlaridan ahvol nihoyatda qaltisligini anglagan. «Yuragi hapriqib, og‘ziga kelib qolayozgandi», – dedi u menga. Kristo Bedoyya undan, Santyago Nasar uydami, deb so‘raganida, yolg‘ondakam takalluf bilan, u hali uxlagani qaytmadi, deya javob bergan.
– Hazilning vaqti emas, – degan unga Kristo Bedoyya. – Uni o‘ldiramiz, deb qidirib yurishibdi.
– U badbaxt bolalar hech kimni o‘ldirolmaydi, – degan u.
– Axir, shanbadan beri uchib, tishlarini qayrab, payt poylab yotishibdiku, – degan darg‘azab bo‘lgan Kristo Bedoyya.
– Baribir bunga qo‘li bormaydi, – degan u, – ularning hushi joyida, hanuzgacha birorta mastning o‘z najasini o‘zi yeganini eshitmaganman.
Kristo Bedoyya mehmonxonaga o‘tganida Divina Flor endigina derazalarni ochib, uyni shamollatayotgan edi. «O‘sha kuni yomg‘ir yog‘magandi, – dedi menga Kristo Bedoyya. – Aniq esimda. Vaqt yettiga yaqinlashib qolgan, deraza ko‘zida quyosh nurlari jilvalanardi». U Divina Flordan, Santyago Nasarning mehmonxonadan yotoqxonasiga o‘tib ketmaganiga imoning komilmi, deb yana so‘ragan. Bu gal qiz tayinli bir gap aytolmay, dovdirab qolgan. So‘ng yigit undan Plasida Lineroni so‘ragan, qiz bir daqiqa avval uning xonasiga qahva olib kirganini, ammo uni uyg‘otgani botinolmaganini aytgan. Odatda Plasida Linero rosa yettida o‘rnidan turar, xonasida qahva ichgach, pastga tushib, tushlikka qanday ovqat pishirish lozimligi xususida buyruq berar edi. Kristo Bedoyya soatiga qarasa, oltiyu ellik olti ekan. Shunda u Santyago Nasarning uyga qaytmaganiga yana bir bor ishonch hosil qilmoq niyatida ikkinchi qavatga ko‘tarilgan.
Yotoqxona eshigi ichidan berk edi, chunki Santyago Nasar tashqariga onasining xobxonasi orqali o‘tib ketgandi. Kristo Bedoyya bu xonadonning eng yaqin kishilaridan bo‘lib, uni o‘z uyiday yaxshi bilardi. U do‘stining xonasiga Plasida Lineroning yotog‘i orqali o‘tish niyatida eshikni ohista itardi. Derazaning tepa ko‘zidan tongotar oftobining o‘tkir, qiyrixon yog‘dulari xonaga bir zaylda yog‘ilar, to‘r belanchakda xuddi kelinchakday yuzini yostiq qilingan qo‘llariga bosgancha bir ayol shiringina uxlab yotar edi – bu manzara yigitga ro‘yodek tuyildi. O‘sha holatni eslarkan, Kristo Bedoyya menga: «Tushdagiday edi», – dedi.
U bir daqiqacha ayolga mahliyo termilib qolgan, so‘ng sekingina yurib, xonadan chiqqan, g‘uslxonadan o‘tib, Santyago Nasarning yotog‘iga kirgan. Karavotdagi o‘ringa hech kim teginmagandi, oromkursi suyanchig‘iga dazmollangan suvoriy qora kostyum osig‘liq edi, teparoqda suvoriy qalpoq ilingandi, yerda bir juft uzun etik, yonida otning uzangisi turardi. Santyago Nasarning javondagi soati oltiyu ellik olti raqamini ko‘rsatardi. «Men birdan, u uyga kelib, qurolini olib chiqib ketsa, yaxshi bo‘lardi, deya o‘yladim», – dedi menga Kristo Bedoyya. Javonning tortmasini ochib, u to‘pponchasini ko‘rgan. «Hech qachon to‘pponcha otmagandim, – dedi menga Kristo Bedoyya. Santyago Nasarga eltib beraman, degan fikrda qurolni oldim». U to‘pponchani ko‘ylagi ostidan beliga qistirib qo‘ygan, shu bo‘yicha tegmagan, jinoyat sodir etilgach, birdan to‘pponchani eslagan, uni qo‘liga olib, o‘qlanmaganini bilib qolgan. O‘shanda javon tortmasini yopayotganda, eshikdan qo‘lida qahva tutgan Plasida Linero kirib kelgan.
– Voy tavba, deya u xitob etgan. – Senmiding, o‘takamni yorib yubordinga!
Kristo Bedoyya ham cho‘chib tushgan. U qarshisida sochlari yoyiq, to‘rg‘aygulli zarxalat kiygan ayolni ko‘rib, yorqin tong yog‘dusidan ko‘zlari qamashib, hafsalasi pir bo‘lgan. Yigit sarosimalanib, bu yerga Santyago Nasarni izlab kirganini aytgan.
– U yepiskopni kutgani ketgandi, – degan Plasida Linero.
– Yepiskop bizning bandargohda to‘xtamadi, – degan yigit.
– Shunday bo‘lishini bilardim, – degan u. – Otasining tayini yo‘q odamda subut nima qilsin!
Ayol birdan so‘zini to‘xtatib, Kristo Bedoyyaning o‘zini qo‘yarga joy topolmay, alangjalang bo‘layotganini sezib qolgan. «Ishqilib, o‘zi kechirsin meni, – dedi ayol menga, – bola bechora shunday dovdirardiki, o‘shanda miyamdan, bu o‘g‘rilikka kiribdi-yov, degan fikr o‘tgandi». U Kristo Bedoyyadan, ha, tinchlikmi, deya so‘ragan. Yigit o‘zining qay ahvolda ekanini anglaganu, ammo gap nimadaligini ochiq aytishga jur’at etmagan.
– Bir daqiqayam ko‘z yummadim, uyqusizlikda, garangsib qolibman, – degan u.
Kristo Bedoyya boshqa hech narsa demay chiqib ketgan. «Bu xotinning nazarida har doim o‘g‘rilar uning uyini tunashayotganday tuyilaverardi», – dedi menga Kristo Bedoyya. Yigit maydonda yepiskopsiz ibodat o‘tkazolmasdan rohiblarni ergashtirib qaytayotgan padar Amadorni uchratgan, unga bir nima deyishga taraddudlanganu, ammo indamagan: kashishning qo‘lidan duo qilishdan o‘zga ish kelmaydi, deb o‘ylagan. U yana bandargoh sari oshiqqan va birdan orqadan, Klotilde Armentaning do‘konidan o‘zini chaqirishayotganini eshitgan. Devor yonida yuzlari oqargan, yoqavayron yenglari shimarilgan qo‘llarida arradan yasalgan qo‘pol dudama pichoq tutgan Pedro Vikario turardi. U o‘zicha qattiq xezlanib, niyatini oshkor etishga, xunrezlikka tayyorlanayotganini hammaga bildirishga intilardi; albatta, buni u atayin qilar biror insof egasi kelib, uni yomoi yo‘ldan qaytarishiga umid bog‘lar edi.
– Kristobal! – deya qichqirgan yaltoqi ovozda Pedro Vikario. – Santyago Nasarga aytib qo‘y, biz uni o‘ldirish uchun poylab turibmiz.
Kristo Bedoyya ularga yo‘liga bo‘lsayam xalaqit berganidami, ikkovlon uning bu yaxshiligini bir umr eslab yurishardi. «To‘pponchani otishni bilganimdaydi, Santyago Nasar ham behudaga o‘lib ketmasdi», – deya o‘kindi u menga. U to‘pponcha o‘qining afsonaviy qudrati xususidagi gaplarni eshitgandayoq badanida titroq turgan.
– Bilib qo‘y, uning «magnum»i bor, o‘qi avtomobilniyam ilmateshik qilib yuboradi, – deya qichqirgan Pedro Vikarioga qarab.
Pedro Vikario uning aldayotganini sezgan. «Agarda u ot minib chiqmasa, qurolini olib yurmasdi», – dedi menga Pedro Vikario. Shunga qaramay, singlisining sha’nini oqlamoqqa va qon to‘kmoqqa qat’iy ahd etgach, u mabodo Santyago Nasarning qo‘lida qurol bo‘lsa ne chora ko‘rmoqni ham oldindan o‘ylab qo‘ygan.
– Jonsiz jasad to‘pponcha otolmaydi, – deya javoban baqirdi u.
Shu payt eshik yonida Pablo Vikario ko‘ringan. U ham ukasiga o‘xshab rangquti o‘chgan, egnida to‘yda kiygan qora movut kostyumi, qo‘lida ro‘znomaga o‘rog‘liq pichoq bor edi. «Agarda shu voqeaning shohidi bo‘lmaganimda, o‘lsamam ularning qay biri kimligini ajratolmay, dunyodan o‘tib ketardim», – dedi menga Kristo Bedoyya. Pablo Vikarioning orqasidan Klotilda Armenta chiqib kelgan va Kristo Bedoyyaga, tezroq borib do‘stingni falokatdan qutqar, xotinchalishlarga to‘la bu shahar o‘lgurda fojianing oldini olishga qodir birdan bir erkak kishi o‘zingsan, deya chinqirgan.