Asarlar
May 1, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Ko‘p yillar mobaynida biz faqat o‘sha voqea xususida gapirib yurdik. O‘sha mash’um kungacha har birimiz o‘zimizcha yashab, peshonamizdagini ko‘rib kelayotgandik, hammaning ko‘ngliga g‘ulgula solgan u hodisa esa fikr-zikrimizni o‘z komiga tortdi, go‘yo har yoqda sochilib oqayotgan umrimiz irmoqchalari kutilmaganda o‘sha voqea girdobiga quyildi. Xo‘rozlar qichqirgan zahoti, saharmardonlab barcha baravariga uyqudan uyg‘ongan, xayolida tasodifning bir zarbi tufayli ochilajak fojia eshigini va uning ortidagi qator badbaxtliklarni tasavvur etardi; ommaning og‘zida shu gap edi, ammo biror inson zotining dilida sirni ochib, qurbonni suiqasddan ogohlantirish istagi yo‘q edi, inchunun, hech bir kishi falokat ro‘y bergan, unga nechog‘lik aloqador bo‘lmog‘i va keyin taqdiri qanday kechajagi bobida biror aniq fikrga ega emasdi.

Bu holning tub sababiyatini ko‘pchilik anglay olmasdi, albatta. Keynichalik jarroh sifatida nom qozongan Kristo Bedoyya ham o‘shanda nechun dastlabki fikridan qaytgani-yu, nechun o‘z uyiga borib yotish va ota­onasini suiqasddan xabardor qilish o‘rniga buvasinikiga kirib, ikki soatcha qariyalar bilan valaqlashib, yepiskopning kelishini kutib o‘tirganiga – bu holning asl boisiga hamon tushunolmaydi. Biroq suiqasddan voqiflar ham qasoskorlarga xalaqit berib, niyatini chippakka chiqarishi mumkin bir paytda hech bir ish qilmagan, bu iffat­u nomus masalasi, unga aloqasizlarning aralashuvi nojoizdir, degan aqidaga borib, shu bilan o‘zlarini aldab­ovutib qo‘ya qolishgan. «Nomus – muhabbat demak», – degandi o‘shanda onam menga. Ortesiya Baute sallohlarning ikki xunrez pichog‘ini qonga botmasdan avval ko‘rgandi – shu boshiga bitgan balo bo‘ldi, u o‘ngidayam, tushidayam qonli pichoqlarni ko‘raverib, azob­u o‘kinchdan savdoyiga aylandi, bir kuni shir­yalang‘och holida o‘zini tosh yotqizilgan ko‘chaga otib, yer yuzi bilan xayrlashdi. Santyago Nasarning qaylig‘i Flora Migel g‘addor falakning bu ko‘rgiliklariga achchiqma­achchiq bir chegarachi harbiy yigit bilan qochib ketdi, da’yus eri uni oxir­oqibatda xor qilib, Vichadadagi kauchuk o‘radigan barzangilarga sotib yurib, rasvoyi jahon qildi. Nasarlarning uch avlodiga enagalik qilgan doya Aura Vilyeros esa, Santyago Nasarning so‘yilganini eshitgani hamon vahimadan qovug‘i tortishib qoldi va o‘la­o‘lguncha badaniga suqilgan rezina ichakdan peshob qilib o‘tdi. Klotilde Armentaning oliyjanob eri umrining vafosi bois 86 yoshga kirgan don Roxelio de la Florning uyida, eshigi yopiq narigi xonada Santyago Nasarni to‘rt pora etilayotganini ko‘raman, deya o‘rnidan so‘nggi marta qo‘zg‘aldi­yu, do‘zaxiy manzaradan qayta o‘ziga kelolmay, olamdan o‘tdi. O‘g‘li kiradigan eshikni berkitib qo‘ygan Plasida Linero vaqt o‘tgan sayin gunohini unutib yubordi. Menga u o‘zini oqlab: «Divina Flor, o‘g‘ling uyga kirib ketdi, degani uchun eshikni zanjirlab qo‘ygandim. Ammo u yolg‘on aytgan ekan». Biroq Plasida Linero tushga kiruvchi daraxtning xayrli ekani bilan qushlarning yomonlik darakchisi ekanini almashtirib yuborgani uchun bir umr o‘zini kechirolmadi, shuni o‘ylayverib, zamonasining go‘r yo‘liga yetaklovchi dorisi – zanjabil donasini chaynashga duchor bo‘ldi.

Tergovchi falokatdan o‘n ikki kun keyin keldi, shahar ahlining yoppasiga talvasaga tushganini, tartibsizlik qo‘pganini ko‘rib, boshi qotdi. U shaharning yog‘ochdan qurilgan bosh mahkamasidagi isliqi xonada chelakda qaynatilgan qahvaga shakarqamish sharobidan qo‘shib ichib o‘tirarkan, to‘s­to‘polon va jazirama kun tufayli ko‘z oldidan ketmayotgan arabiy manzarani unutishni, orom olishni istar edi. Mahkama yonida olomon pashshaday g‘ujg‘on o‘ynar, o‘zining bu falokatga nechog‘lik daxldorligini, nimalarni bilishini aytishni istagan izzatparast dovdir odamlar shu qadar ko‘p ediki, ular so‘ramasdan ham eshikdan yopirilib kirishga tirishar, shovqin solishar edi; tergovchi bevosh xaloyiqdan muhofaza etsin uchun madadkor askarlarni chaqirtirdi. U yaqindagina huquqshunoslik bo‘limini tugatgan, egnidagi huquqshunos talabalarning qora movut kostyumi, yengida bitiruvchilarning halqasimon belgisi ham bor edi; uning yurish­turishidan endi yo‘lga kirgan adliya xodimining faxr­shiddati, g‘urur­u viqori yog‘ilib turardi. Ammo u hech bir e’tiborga loyiq ish ko‘rsatmadi, nom­nasabi noma’lumligicha qoldi. Uning qanday odamligi xususidagi biz bilgan gaplar u yozgan, Rioachadagi Adolat saroyida saqlanayotgan, men yigirma yil so‘ng o‘qib­o‘rganganim sud hujjatlari asosida tug‘ilgan mulohazalardir. Asralayotgan hujjatlar judayam betartib ahvolda edi, o‘zimga kerakli manbalarni allaqancha kishining ko‘magi bilan arang­arang topdim; mustamlaka zamonidan meros bu binoda qachondir ikki kecha­yu kunduz Frensis Dreykning* qarorgohi bo‘lgan, endilikda bu yerdagi xonalarda tog‘­tog‘ qog‘oz uyulib yotardi. Dengiz to‘lqinlari pastki qavatlarni bosgan, dasta­dasta hujjatlar kimsasiz bo‘lmalar bo‘ylab suzar edi. Ana shu voqeanomalar koniga aylangan ko‘lda o‘zim ham to‘pig‘imgacha suvga botib, juda ko‘p azob chekdim, besh yillik axtarishlarim natijasida, nihoyat, o‘n nafar tergovchi yozgan besh yuz sahifali sud hujjatining dengiz suvida sho‘rlagan uch yuz­u yigirma ikki varag‘ini topdim.

Tergovchining ismini biror joyda uchratmadim, yozuvidan o‘qib anglashimcha, u ashaddiy adabiyot jinnisi ekan. Shubhasiz, u ispanlarning, lotinlarning qator salaf adiblari ijodini, ayniqsa, o‘sha davrda o‘qish rasm bo‘lgan Nitsshe asarlarini yaxshigina o‘rgangan ekan. Sahifalar hoshiyasidagi belgilar, izohlar – siyohning rangidan qat’i nazar – xuddi qon bilan bitilganga o‘xshardi. Tergovchi zimmasiga yuklangan ishdan shu qadar dovdirab qolganki, voqea, holatlar sharhida kasb­koriga mutlaqo zid ravishda tez­tez lirik chekinishlarga – ko‘nglidan kechgan mulohazalarga yo‘l qo‘ygan. Ayniqsa, taqdir taqozosi yuzasidan ro‘y bergan tasodiflar shunchalik ko‘p va chalkash ediki, hatto adabiyotda ham ifodalash amri mahol bo‘lgan bunday qotillikning amalga oshganiga – suiqasddan shuncha olomon xabardorligiga qaramay, bir odam o‘lib ketaverganiga hecham aqli bovar etmas edi. Biroq u ko‘p sermashaqqat izlanishlar oqibatida, mayda­chuyda tafsilotlargacha aniqlab, Santyago Nasar – fojianing bosh sababchisi, degan xulosaga kelgandiki, bu fikri unga hech tinchlik bermay qo‘ygandi. Anxela Vikarioning dugonalari – o‘sha aldov ishtirokchilari ham necha yillar davomida u to‘ydan oldin ularga o‘z sirini ochganini, ammo zinokorning nomini bekitganini aytib yurishdi. Tergovchiga bergan javoblarida esa bari bir so‘zni takrorlashgan: «U bizni mo‘jizadan voqif etdi, lekin mo‘jizakorini sir tutdi». Anxela Vikario ham dugonalariga o‘xshab bir gapni chaynashdan nariga o‘tmagan. Tergovchi o‘ziga xos quvlik bilan marhum Santyago Nasarning kimligini so‘raganida, u kiprik qoqmasdan:

– U mening ko‘z ochib ko‘rganim edi, – degan.

Bu ishora shundayligicha – yigit uning ko‘zini qachon, qayerda, qay holatda ochganini tafsil­u isbotlar bilan ko‘rsatilmay yozib qo‘yilgan, xolos. Bor­yo‘g‘i uch kunga cho‘zilgan sud jarayonida oqlovchilar mahkamasi raisi bu aybning asossiz ekanini, isbotlanmaganini ko‘p bor ta’kidlagan. Tergovchi Santyago Nasarning gunohini dalillovchi jinoyat belgilari nihoyatda kamligidan shunchalik o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushganki, aloha butun qilgan ishi puchday tuyilgan. Shuning ta’siridami, u 416­sahifa hoshiyasiga qizil siyohda shularni yozgan: «Meni ishontiring – aqidaparast eting, dunyoni o‘zgartirib yuboraman». Bu tashbehli, purma’no ibora ostiga u umidsizligi va nochorligi ifodasi o‘laroq, o‘sha qonrang siyohda yurakka sanchilgan kamon o‘qini tasvirlagan. Santyago Nasarning barcha do‘stlari kabi u ham qurbonning o‘limi oldidagi holatlari bechoraholligining birdan bir ishonchli asosi, deya hisoblagan.

Darhaqiqat, Santyago Nasar umrining o‘sha qazo tonggida, garchand unga yopishtirilayotgan ayb yengil emasligini, bir kor­hol yuz berishini anglasa ham, ayni biror xavfni sezmagan. U, o‘zi yashayotgan muhitning naqadar riyokorligi­yu, zamondoshlarining nechog‘lik ikkiyuzlamachiligini yaxshi tushungan odam, soddadil sallohlar o‘z oilasi boshiga tushgan bu musibat, bu dog‘ tufayli har qanaqa bema’nilikka beixtiyor qo‘l ura olishiga aqli yetishi lozim edi. Bayyardo San Romanning qanday yigitligini hech kim bilmasdi, lekin uning ham barcha oqsuyaklar kabi kiborona xatti­harakati, fe’l­atvori zaminidagi poydevor – xurofiy aqidalardan iborat ekanini Santyago Nasar bilgan, albatta. Shunday qilib, uning ongli loqaydligi o‘z joniga zomin bo‘lgan. Bundan tashqari, eng so‘nggi daqiqalarda, aka­uka Vikariolar uni o‘ldiramiz, deb kutib turishganini aytishganida, ko‘pchilik ta’kidlaganiday, o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan, balki begunoh odam bunday damda nechog‘lik dovdirab qolsa, o‘shanday bir sarosimaga tushgan, xolos.

Menimcha, Santyago Nasar o‘zining nega o‘layotganini anglamagan holda jon uzgan. U singlim Margotga biznikiga nonushta qilgani kirajagini aytgan, so‘ngra Kristo Bedoyya bilan qo‘ltiqlashganicha qirg‘oq bo‘ylab yurib ketishgan, ikkovlon shu qadar xotirjam, beparvo ko‘rinishganki, atrofdagilar vahimali shov­shuvni unutib, hammasi bekor gap ekan­da, degan xayolga borishgan. «Ularni mamnun, beg‘am qiyofada ko‘rib, Tangriga shukrona aytdim va xayriyat­ey, falokatlari aripti, deya ko‘nglimdan kechirdim», – dedi menga Meme Loaisa. Tabiiyki, Santyago Nasarni hammayam birday yaxshi ko‘ravermas edi. Elektrostansiya xo‘jayini Polo Kardilonning aytishicha, Santyago Nasarning beparvoligi uning begunohligidan emas, balki surbetligidan dalolat berarmish. U men bilan suhbatlashganida esa: «Yigitni pul qutirtirvorgandi, pul bilan ajalni sotib olaman, deb o‘ylardi», – dedi yozg‘irib. Uning xotini Fausta Lopes: «O‘zi hamma turklar ham shunaqa», – deya erining so‘zini ma’qulladi. Indalesio Pardo Klotilde Armentaning do‘koniga kirganda, sallohlar unga, yepiskop hazrat jo‘nab ketgan zahoti Santyago Nasarniyam narigi dunyoga jo‘natamiz, deyishgan. U ham boshqa odamlarday birodarlarning so‘ziga e’tibor bermagan, uyqudan qolgan yigitchalar aljirashyaiti­da, deb o‘ylagan, ammo Klotilde Armenta ularning gapi rost ekanligini ta’kidlab, undan Santyago Nasarni ogohlantirishini o‘tingan.

– Bekorga og‘zingni charchatma, – degan shunda Pedro Vikario, – baribir uni so‘yamiz, o‘lganlar qatoriga qo‘shib qo‘yaver.

Bu ochiqdan ochiq, surbetlarcha dag‘dag‘a edi. Birodarlar Indalesio Pardoning Santyago Nasarga do‘stligini, bu so‘zlar shak­shubhasiz uning jig‘iga tegishini bilishardi, aftidan, ana endi u bor gapni do‘stiga borib aytadi, keyin bizni yarashtiradi, sharmandalikdan ham qutulamiz, qo‘limizni ham qonga bo‘yamaymiz, deb o‘ylashgan. Indalesio Pardo oldiniga Santyago Nasarni suiqasddan boxabar etmoqchi bo‘lgan, biroq uning Kristo Bedoyya bilan qo‘ltiqlashgancha bandargohdan kelayotgan xaloyiq ichida beparvo borayotganini ko‘rib, fikridan qaytgan. «O‘shanda negadir hovurimdan tushib, bari puch gap ekan­ku, deb o‘ylab, indamadim», – dedi u menga. U ikkala o‘rtoqning yelkasiga qoqib, mamnunona jilmayib qo‘ygan. Ular esa, azbaroyi to‘yning sarf­xarajatlarini hisoblash bilan band bo‘lganlaridan, unga e’tibor ham bermay, yo‘lda davom etishgan.

Olomon safida ikkovlon ham maydon tomon yo‘l olishgan. Odamlar to‘dasi juda zich bo‘lgan, lekin Eskolastika Sisnerosga ikkala do‘st bemalol, hech qiynalmasdan odim tashlayotganday hamma Santyago Nasarning o‘limga ketayotganini bilganidan unga teginmasdan, ular atrofida bo‘shliq paydo etayotganday tuyilgan. Kristo Bedoyya ham o‘sha soniyalarni xotirlarkan, xaloyiq ikkovlonga g‘alati nazar bilan qaraganini esladi. «Xuddi falokat peshonamizga yozib qo‘yilganday rosa baqrayishgandi», – dedi u menga. O‘shanda Sora Noriyega poyabzal do‘konini ochayotgan ekan, Santyago Nasarning bo‘zday oqarib ketganini ko‘rib, xavotirga tushgan va buning sababini so‘ragan.

– E, Soraginam, ko‘p narsaga aqling yetavermaydi­da, – degan unga Santyago Nasar yo‘lida to‘xtamasdan. – Shuncha ichkilikdan keyin nafaqat odam, hatto tosh ham oqarib ketadi!

Seleste Dangond ko‘cha eshigi og‘zida uyda kiyadigan xalatiga burkanib, yepiskopni kutgani chiqqan nodonlarni mazax qilib kuzatib o‘tirarkan, Santyago Nasarga ko‘zi tushib, kel, men bilan qahva ich, deya taklif etgan. «Men atayin vaqt o‘tsin, falokat ro‘y bermasidan avval biror fikrga kelaylik, degan niyatda uni to‘xtatmoqchi edim», – dedi u menga. Santyago Nasar uyiga shoshayotganini, kiyimini almashtirishi lozimligini, singlim Margot uni biznikiga nonushtaga chaqirganini aytgan. «U shunchalik xotirjam, qilmoqchi bo‘lgan ishlari shunchalik tayin ediki, men sarosimada qoldim, – deya izoh berdi yana Seleste Dangond. – Nazarimda, sallohlar uni o‘ldirolmaydiganday tuyildi». Ana shu olatasir­u shovqin­suronlar ichra ikkilanmay, ko‘nglida neki tug‘ilgan bo‘lsa, hech shubhalanmay amalga oshirgan inson Jamil Shayyum edi. Uzunquloq gaplar daragini eshitgan zahoti u o‘zining gazmol do‘koni eshigiga chiqib, suiqasddan ogohlantirish maqsadida Santyago Nasarni kuta boshlagan. U bu makonga Ibrohim Nasar bilan birga kelgan va eidilikda uch­to‘rttagina qolgan arablardan biri edi; u Ibrohim Nasarning qimordagi doimiy sherigi, u o‘lgach, yetimchalarining madadkori, maslahatgo‘yi bo‘lib qolgan edi. Santyago Nasar bag‘oyat izzat qiladigan va nasihatiga quloq tutadigan hurmatli odam ham shu Jamil Shayyum edi. Biroq shu inson ham ayni kerakli paytda taraddudlanib, mabodo eshitganlarim yolg‘on chiqsa, Santyago Nasarni behudaga tashvishga qo‘yaman, yaxshisi, Kristo Bedoyyadan so‘rayin, balki u anig‘ini bilar, degan andishaga borgan. Ikkovlon o‘tib ketishayotganda, u Kristo Bedoyyani yoniga chorlagan. U Santyago Nasarning yelkasiga do‘stona qoqib, bu paytda ular burchakka yetib borishgandi – keyin Jamil Shayyum tomonga yo‘nalgan.

– Shanbada ko‘risharmiz, – deya u xayrlashgan. Santyago Nasar unga javob bermagan. Jamil Shayyumga qarata arabchalab nimadir degan, gazmolfurush kulgidan ichagi uzilib, unga ham arabchalab bir nimalar deb qichqirgan. Jamil Shayyum buni izohlab: «Ikkovimizning o‘rtamizda shunaqa payrov bo‘lib turardi, bir qiziq gap bor edi – faqat ikkovimiz tushunardik», – dedi menga. Santyago Nasar xayrlashganday ularga qo‘l silkiganda, maydon muyilishidan burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Ikkovi uni oxirgi marta ana shu holatda ko‘rishgan.

  

----------------

* Frensis Dreyk (taxminan 1515 – 1595­y.) ingliz dengizchisi, qaroqchi. Bir necha bor hozirgi Lotin Amerikasi qirg‘oqlariga suzib o‘tgan, ispanlarning kemalari va mulklarini talagan, qulfurushlik qilgan.