Asarlar
April 17, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Muttasil o‘lim dahshati bilan toblangan harbiyat ruhi uning qalbidagi amrifarmolik maylini yanada mustahkamladi, akasiga bog‘liq ba’zi ishlarniyam o‘zi hal etishga o‘rgandi. U uyiga «yuqumli zobitlik rutbasi» bavosil kasalini orttirib qaytdi, harbiydalik chog‘ida doktor Dionisio Iguaran tavsiyasiga ko‘ra, qilinadigan margimushli ukollargayam, ingliz tuzi qorishtirib tayyorlanadigan huqnagayam, xullas, qo‘shinda rasm bo‘lgan davolashning barcha usullariga tosh bardosh ila qarshi turdi. Bavosilini qamoqxonaga tushgandagina davolashdi. Biz, Pabloning og‘aynilari, ukasi harbiy xizmat nonini yeb, anchagina erkin boshqaruvchi bo‘lib qaytgach, kutilmaganda uning fe’l­atvori o‘zgarganini, ukasi chizgan chiziqdan chiqmaydigan dardisarga aylanib, ayniganini sezgandik, bu ham yetmaganday, Pedro Vikarioning yana bir qilig‘i ortiqcha bo‘ldi: u ko‘ringanga ko‘ylagini ko‘tarib, chap biqinidagi o‘qdan qolgan chandiqni namoyish etardi. Pedro o‘z bavosilini harbiy nishonday e’zozlab, ro‘kach qilishi yetmaganiday, pandavaqi Pablo ham uni mo‘tabar insonning ulug‘lik belgisi, deb bilar va bu borada so‘z ketsa, albatta, hayajonlanar edi.

Pedro Vikarioning aytishicha, Santyago Nasarni o‘ldirishga dastlab u ahd qilgan, akasi unga ergashgan, xolos. Polkovnik pichoqlarni tortib olgach, Pedro burchimni bajardim, deb hisoblagan, ana shunda Pablo Vikario tashabbusni o‘z qo‘liga olib, yo‘q, bu bilan ish tugamaydi, uni o‘ldiramiz, deb oyoq tirab turavergan. Birodarlar tergovchiga alohida­alohida yozib bergan tilxatlarida bu xususda og‘iz ochishmagan. Ammo menga Pablo Vikario bir necha daf’a ta’kidlaganidek, ukasini ishni oxiriga yetkazishga ko‘ndirgunicha esi ketgan. Ehtimol, o‘shanda ukasi bir muddat bo‘shanglik qilgandir, kim biladi deysiz; Pablo Vikario yakka o‘zi bostirmadan boshqa pichoqlarni olgani ketganida, ukasi bovul etish niyatida tamarhindiy daraxtlari panasida ivirsib yurardi. Men Pedro Vikario bilan bir marta suhbatlashdim, xolos, ana o‘shanda u: «Akamning boshida bu savdo yo‘q, bilmaydi. Yozilish – men uchun juda azob», – dedi. Pablo Vikario pichoqni topib qaytganida, ukasi hamon daraxtga tirmashganicha kuchanib o‘tirardi. «Bechora og‘riqdan sovuq terga botib ketgandi, – dedi menga Pablo Vikario. – U inqillay­inqillay hozir birovni o‘ldiradigan chog‘i yo‘qligini, bir o‘zim boraverishim kerakligini aytdi». So‘ng Pedro Vikario to‘y dasturxoniga tayyorlangan­u hanuz yig‘ilmagan xontaxtalardan biriga cho‘kkan, dedi menga Pablo Vikario. Aslida esa, ukasi uni o‘n daqiqacha kuttirgan, xolos, biroq bu fursat mobaynida nechog‘lik iztirob chekkani yolg‘iz Pedro Vikariogagina ayon. Pablo Vikario unga qarab turib, tong otguncha vaqtni cho‘zmoqchi, bu bavosil, deb o‘ylab ranjigan. U ukasining qo‘liga zo‘rlab pichoq tutqazgan­da, uni singlisining toptalgan nomusi tiklanadigan intiqom yo‘liga sudragan.

– Boshqa yo‘l yo‘q, – degan u. – Biz uni so‘yib, saranjomlab bo‘ldik, deb o‘ylayver endi.

Itlar tinimsiz hurayotgan bir paytda ikkovlon pichoqlarini hech narsaga o‘ramasdan, cho‘chqaxonadan tashqariga chiqishgan. Tong yorisha boshlagan. Pablo Vikario menga: «Yomg‘ir yog‘mayotgandi», – dedi. Pedro esa: «Aksincha, havo tund edi, dengizdan shamol esar, yulduz larni barmoq bilan sanasa bo‘lardi», – dedi. Bu paytda shov­shuv butun shaharga tarqalgandi, Ortensia Baute ko‘cha eshigini ochayotganda, sallohlar ayni uning uyi yonidan o‘tishayotgan ekan, ularni ko‘riboq, xotinning kapalagi uchib ketgan va Santyago Nasarning arvohini xotirlab, birinchi bo‘lib duo o‘qigan. «Men uni o‘ldirishibdi, deb o‘ylagandim, – dedi u menga. – Shuning uchun ham ko‘chadagi chiroq shu’lasida qo‘llaridagi pichoqdan yaltillab qon tomayotganday ko‘rindi ko‘zimga». Bu tashlandiq mahalladagi yakkam­dukkam uylardan biri Pablo Vikarioning qallig‘i Prudensia Kotes xonadoni edi. Birodarlar har safar shu yerdan, ayniqsa, juma kunlari bozorga ketishayotganda, bir piyola qahva ichish bahonasida yo‘qlab turishardi. Eshikni itarishgandi, itlar bezovtalanib irilladi, so‘ng, tong qorong‘isida ularni tanib, unlarini o‘chirishdi; ikkovlon oshxonaga kirib, Prudensia Kotesning onasi bilan salomlashdilar. Qahva hali qaynamagandi.

– Qahvani keyinroq icharmiz, – dedi Pablo Vikario, – biz juda shoshib turibmiz.

– Nimayam qilardilaring, bolalarim, – dedi kampirsho bamaylixotir, – or­nomus deb odamzod har yo‘lga kiradi.

Ular bu go‘shada anchagina o‘ralashib qolishgan, bu safar endi Pedro Vikario, akam ataylab vaqtni cho‘zyapti, deb o‘ylagan. Ikkovlon qahva ichishayotganda oshxonaga Prudensia Kotes – dirkillama, ayni yetilgan qiz – o‘choqqa o‘t qo‘yish uchun tutantiriqqa bir dasta eski ro‘znoma olib kirgan. «Men ularning maqsadini sezgandim, – dedi menga Prudensia. – Ichimda bu ishni ma’qulladim, agar Pablo shunaqa paytda mardonalik qilmasa, hecham unga tegmasdim». Oshxonadan chiqib ketishdan avval Pablo ikkita ro‘znomani olgan­da, birini ukasiga bergan, so‘ng ikkovlon pichoqlarini o‘rab olishgan. Prudensia Kotes oshxonada qolgan, birodarlar hovlidan o‘tgunlaricha kuzatib, qarab turgan; u Pablo Vikario qamoqdan chiqqunicha yana uch yil yo‘lga ko‘z tikkan va nihoyat, ular bir umrga qovushishgan.

– Ehtiyot bo‘linglar, – degan qiz derazadan ularga qarata.

Klotilde Armentaning ular tag‘in do‘konga qaytishganda avvalgi vajohatlari yo‘qligini sezgani bir hisobda ayni muddao bo‘lgan, ularga o‘zlariga kelishar, degan umidda bir shisha ayiqquloq qaynatmasidan solingan musallas bergan, ichinglar, degan. U menga: «Yo Rabbim, biz xotinlar bu dunyoda naqadar yolg‘iz­u notavon yashab, o‘tib ketarkanmiz­a, bunga o‘sha kuni aqlim yetdi», – dedi. Pedro Vikario undan erining soqol oladigan uskunasini so‘ragan, Klotilde Armenta sallohga sovun, cho‘tka, toza olmos solingan ustara, ilgichli oyna olib chiqqan, ammo yigit o‘zining dudama pichog‘i bilan soqolini kirgan. Klotilde Armenta buni chin erkakning ishi deb baholagan va Pedroga besh ketgan. «U kinodagi qotillarga o‘xshardi», – dedi menga ayol. Keyinchalik Pedro Vikario shu holatni izohlab, menga: «Qamoqxonada pichoqda soqol olaverib o‘rganib ketganman, boshqa narsada qirsam, etim junjikadi», – dedi. Akasi esa, odamga o‘xshab don Roxelio de la Florning ustarasida soqolini olgan. Xullas, ikkovlon tunkezarlarga xos merovona qiyofada ro‘paradagi qorong‘i derazaga tikilishgancha indamay, shoshilmay musallasni ichib tugatishgan, bu orada hangomatalab mijozlar yasama beparvolik bilan go‘yo sut xarid qilmoqchiday do‘konga paydar­pay kirib­chiqib, jo‘rttaga savdoda yo‘q mollarni so‘rab­surishtirishgan, yagona niyatlari Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirmoqqa shaylanib, rostdan shu yerda o‘tiribdimi – xuddi shuni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ishonch hosil qilmoqchi bo‘lgan.

Sallohlar haq deb qarab o‘tirgan xonada shu tun chiroq yonmagan. Santyago Nasar uyiga tonggi soat to‘rtdan yigirma daqiqada qaytgan, zinapoya chirog‘i butun kecha yoniq turganidan o‘z xonasiga yorug‘da bemalol o‘tib, chirog‘ini ham yoqmay, kiyiminiyam yechmasdan karavotga o‘zini tashlagan­u dong qotgan. Bir soat uxlagach, yepiskopni kutishga chiqadi, kechikmasin, deb Viktoriya Gusman uni vaqtliroq uyg‘otgan. Biz Santyago Nasar bilan birga sahargi soat uchgacha Maryam Alexandrina Servantesning islovotxonasida aysh qilgandik: xuddi o‘sha paytda Maryam bibi mashshoqlarning javobini berib, raqsxona chiroqlarini o‘chirib, bu visol uyining gullariga – zanji jononalargayam bir o‘zlari, jazmanlarsiz sal uxlab, hordiq chiqarishsin, deb ruxsat bergan edi. Uch kundirki, zanji dilbarlar tinim bilmay xizmat qilishdi: avval oliynasab mehmonlarning ko‘nglini ovlashdi, ular jo‘nab ketgach, bizga o‘xshab to‘ydan keyin o‘ziga hamsuhbat topolmay yurganlarga eshiklarini lang ochib qo‘yishdi. Maryam Alexandrina Servantes – tengqurlarim uni, o‘lsagina ko‘zi yumiladigan xotin, uxlamaydiyam­uxlatmaydiyam, deyishardi – umrimda uchratganim ayollarning eng dilbari va xushkalomi bo‘lib, ko‘rpada ham odamzod ning jonini kirgizardi, ammo anchagina talabchan juvon edi. U shu yerda tug‘ilib­o‘sgan, butun umri ana shu dorulshahvatda kechgan; bu xonadon eshiklarini dunyodagi boriki ikki oyoqli erkak zoti uchun keng ochib qo‘ygan edi, bir necha xonani soatbay ijaraga berib, ko‘p foyda ko‘rgan; kattagina tashqi hovli sahnidagi raqs maydonchasi chiroqlari ustiga Paramariboda*gi chin bozoridan sotib olingan oshqovoqlarning ichini o‘yib, quritib, qalpoqcha tarzida o‘rnatishgandi. Tengdoshlarimni – butun bir avlodning yigitligini ilk bor barbod etib, juda erta ko‘zini ochgan ham shu juvon edi. U bizga keragidan salgina ortiqcha narsalarni o‘rgatgan bo‘lsa­da, biroq, eng muhimi, jahonda yolg‘iz yashashdan ortiq ko‘rgilik yo‘qligi xususidagi oddiy haqiqatni anglatganidan minnatdormiz. Santyago Nasar uni birinchi ko‘rganidayoq aqldan ozayozgandi. O‘shanda men uni, hoy bola, o‘zingni tiy, nafsim mening balodir, boshga ming dard solodir, deb ogohlantirgan edim. Lekin gapimga quloq solmagan, Maryam Alexandrina Servantesning nag‘malari bechorani qip­qizil jinni qilib qo‘ygan edi. Ibrohim Nasar uni 15 yoshida o‘sha fitnaparvar dilbardan ayirib, «Tangri tal’at» qo‘rg‘oniga bir yilcha qamab qo‘ygunicha ko‘nglining kunduziyam, kechasiyam, kulgisiyam, yig‘isiyam o‘sha edi. O‘sha zamonlardan beri ikkovining o‘rtasida ishqiy g‘avg‘olardan xoli chuqur ehtirom bor edi, juvon Santyago Nasarning izzat­hurmatini joyiga qo‘yardi: agar u yaqin orada yurgan bo‘lsa, boshqa birovga mayl bildirmas edi. O‘sha kuni u bizni kutilmaganda ko‘chagacha kuzatib chiqdi, charchadim, dedi. Ta’til kunlarim tugab qolgandi, shuni nazarda tutdimi, menga muruvvat nigohini tikib ishora qildi, yana yashirincha qaytib kirishim uchun eshikni tambalamay, yo‘lak chirog‘ini o‘chirishni jo‘rttaga unutib, orqasiga qayrildi.

Santyago Nasar kiyim o‘zgartirish bobida ustasi farang edi, zanji dilbarlarni yechintirib­kiyintirish – uning eng sevimli ishi edi, bu mashg‘ulotsiz turolmasdi. Gohida qoraxonlarni shunday liboslarga burkab tashlardiki, ular, hatto o‘zlarini o‘zlari taniyolmay qolishardi. Yigit fohishalarning kiyimlarini o‘zgartiraman, deb libos tanlab javonlarning tit­pitini chiqarib yuborar, bularning barchasini – shu badbaxtlar boshqacha kiyinib, o‘zlarini unutishi, taskin topishi uchungina qilardi. Bir gal bitta zanjiniso dugonasining libosida o‘zini u deb o‘ylab, hayratdan rosa yig‘lagan. U menga: «O‘shanda o‘zimga o‘zim xuddi ko‘zguning ichidan chiqib kelganday tuyildim», – dedi. O‘sha oqshom Maryam Alexandrina Servantes Santyago Nasarning oxirgi marta sevimli mashg‘ulotini takrorlab, mazza qilishiga yo‘l bermagandi, shu ishlaring menga sirayam yoqmaydi, umrimni zaharlagan narsalarni esimga soladi, deya sasigandi. Shundan keyin biz mashshoqlariniyam ergashtirib, ko‘chama­ko‘cha sang‘ib qo‘shiq aytdik, bu paytda aka­uka Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirish qasdida poylashayotgan edi. Santyago Nasarning kallasiga qaysi go‘rdan ham soat to‘rtda Ksiusning uyi joylashgan tepalikka chiqib, yangi kelin­kuyovga qo‘shiq aytib berish fikri tug‘ilibdi, nachora, ko‘ndik.

 

--------------

* Paramaribo – Surinamning poytaxti, katta bandargohi ham bor.