OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Odamlar ikkoviniyam batartib, mo‘minqobil yigitligini yaxshi bilishardi, shuning uchun bu gapga hech kim e’tibor bermagan. «Hamma ularning bu gapiga mast odamning aljirashida, deb qaragandi», – deyishdi menga ba’zi qassoblar; Viktoriya Gusman ham, akaukalarni keyinchalik ko‘rgan kishilar ham, asosan, shunday fikrda edi. Bir safar men qassoblarga, shu kasbkordagi odamlar qonida tug‘ma qattollik mayli bo‘lsa kerak, degandim, boshim baloga qoldi. Ular bu mulohazamni rad etib: «Hayvonni so‘yayotganda, ko‘ziga qaray olmaysan kishi», – deyishdi. Ulardan biri esa o‘zim so‘ygan birorta jonliq go‘shtini yeyolmayman, dedi. Boshqa bittasi avval bir bor ko‘rgan yoki, ayniqsa, sutini ichgan sigirni so‘yolmasligini aytdi. Shunda men akauka Vikariolarning o‘zlari boqqan, o‘rganib qolgan, hattoki erkalab nom qo‘yib yurganlari nechanecha mollarni kiprik qoqmay bo‘g‘izlashlarini qassoblarga aytgandim: «Bu gapingiz to‘g‘ri, – dedi biri. – Ammo siz ular mollariga odamlar otini emas, gullarning nomini qo‘yishganini unutmangda». Pablo Vikarioning dag‘dag‘asi yolg‘ondakam emasligini anglagan yolg‘iz odam Faustino Santos unga hazillashib: «Atrofda kallasini shartta uzib tashlash shart bo‘lgan qancha boybadavlat kishilar yuribdiyu, senlar nega endi aynan Santyago Nasarni o‘ldirmoqchisizlar», – deb so‘ragan.
– Buning sababini Santyago Nasarning o‘zi yaxshi biladi, – deb javob qaytargan Pedro Vikario.
Faustino Santos o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan, keyinchalik menga aytganidek, bir oz o‘tgach, shahar hokimining nonushtasiga pishiriq olgani mirshab kelgan, unga bu gapni tushuntirgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, mirshab Leandro Pornoy otli kimsa ekan, u to‘ydan bir yil keyin, saltanat bayrami kunida, buqa suzib, bo‘ynidagi shox tomiri yorilib o‘lgan.
Shu bois u bilan gaplasholmadim, inchunun, Klotilde Armentaning tasdiqlashicha, uning sut do‘koni yonida Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldiramiz, deb o‘tirishganida, ikkovini dastavval ana shu mirshab ko‘rgan.
Klotilde Armenta endigina erini uyiga jo‘natib, peshtaxtani arta boshlagandi o‘shanda: erxotin do‘konni birga ochishar, ertalab sut, kun bo‘yi turli oziqovqatlar sotilar, kechqurun soat oltidan keyin bu katalak mayxonaga aylanardi. Xotin do‘konni tonggi soat uch yarimlarda ochgan.
Uning eri, yaxshilarning yaxshisi don Roxelio de la Flor, mayxonani har galgiday soat birda yopmoqchi bo‘lgan, to‘ydan chiqib, atrofda tentirab yurgan mayparastlarning barchasi shu yerdan qo‘nim topib, gap ta’sir qilmas darajaga yetgach, u soat uchdan keyin do‘konni berkitmasdan uyiga uxlagani jo‘navorgan, Klotilde Armenta esa, yepiskop kelgunicha sutni sotib ulguray, deb barvaqt turgan edi.
Vikariolar do‘konga soat to‘rtdan o‘n daqiqa o‘tganda kirishgan. Odatda bu mahalda faqat yeguliklar sotilardi, ammo Klotilde Armenta ularni bir shisha shakarqamish mayi bilan siylagan, bu uning qassoblarga ehtiromidan emasdi, albatta. Akaukalar unga to‘y tortidan juda katta bo‘lagini yubortirishgan, ayol shundan xursand edi. Ular bir ko‘tarishda shishani bo‘shatishdida, hech narsa bo‘lmaganday o‘tiraverishdi. «Ikkoviyam muzlabto‘ngib qolganga o‘xshardi, – dedi menga Klotilde Armenta, – agarda o‘sha paytda ustlaridan yermoyi sepib yoqib yuborilsayam, bilishmasdi». So‘ngra ular movut kostyumlarini yechib, ayricha bir ehtiyotkorlik bilan kursi suyanchig‘iga ilishganda, yana bir shisha may so‘rashgan. Ko‘p terlashganidan ko‘ylaklari anchagina kirlangan, o‘zlariyam soqollari olinmaganidan qandaydir vahshiyona tusga kirishgan edi. Birodarlar shishadagi mayni endi bamaylixotir o‘tirib, shoshilmasdan Plasida Lineroning ro‘paradagi uyidan ko‘z uzmay, maydalab ichishgan; uy derazalari qorong‘i, chirog‘i o‘chiq ekan.
Qasoskorlar nazarini tikkan peshayvon tarafdagi eng katta deraza Santyago Nasar yotog‘iniki edi.
Pedro Vikario Klotilde Armentadan, anavi derazaning chirog‘i yonmadimi, deb so‘ragan, ayol yo‘q deb javob bergan, yigitning bu savoli unga g‘alati tuyilgan.
– Biror narsa bo‘ldimi unga? – qiziqib so‘ragan ayol.
– Yo‘g‘e, tinchlik, – degan Pedro Vikario. – Hozir u bizga juda kerak bo‘lib qoldi, o‘ldirmoqchimiz.
Ayol bu kutilmagan gapga avvaliga ishonmagan, ammo sallohlar qo‘lidagi sochiqqa o‘ralgan pichoqlarga ko‘zi tushgach, hayronligi yanada ortgan.
– Nega o‘ldirmoqchisizlara, tag‘in shunchalik tong saharlabdaya, sababini bilsak bo‘ladimi? – deya so‘ragan.
– Negaligini uning o‘zi biladi, senga qizig‘i yo‘q, – degan Pedro Vikario.
Klotilde Armenta ikkoviniyam sinchiklab ko‘zdan kechirgan. U akaukalarni juda yaxshi bilardi, ayniqsa, Pedro Vikario harbiydan qaytgach, o‘zicha egizaklarni birbiridan farqlay boshlagan edi. «Ikkoviyam g‘o‘r, hali ham beg‘ubor bola edida, axir», – dedi menga do‘konchi xotin. Xuddi mana shu fikri qo‘rqitib yuborgan, zotan, faqat bolalargina har ishga qodir, deya hisoblardi. U sut shishalarini tashiyotgan joyida ishini tashlab, erini do‘kondagi ahvoldan xabardor qilgani uyiga chopgan. Don Roxelio de la Flor zaifasining so‘zlarini mudrab yotib eshitgan.
– Ko‘pam jinni bo‘laverma, – degan u xotiniga. Ikkoviyam odam o‘ldiradigan, xususan, boy odamga pichoq ko‘taradigan bolalardan emas.
Klotilde Armenta orqasiga qaytganida, sallohlar shahar hokimiga sut olgani do‘konga kirgan mirshab bilan suhbatlashib o‘tirishgandi. U erkaklarning gapini unchalik anglamagan, biroq mirshab chiqib ketayotib, ularning pichog‘iga ko‘z tashlaganida, demak, birodarlar ungayam o‘z ahdlarini ochiq bidirishibdida, deb o‘ylagan.
To‘rtdan sal avval uyg‘ongan shahar hokimi polkovnik Lasaro Aponte mirshab Leandro Pornoy Vikariolarning yovuzona qarori xususidagi xabarni aytgani kirganida, soqolini olib bo‘lgandi. O‘tgan kecha polkovnik janjalchi ulfatlar o‘rtasidagi bir necha mojaroni tinchitib charchagan, saharlab yana bir falokat haqida mulohaza yuritishga shoshilmas, zero, bunga istagi ham yo‘q edi. U bamaylixotir kiyingan, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ini ko‘nglidagiday chiqquncha qaytaqayta bog‘lagan, keyin yepiskopning ko‘zi tushar, degan ilinjda bo‘yniga Bibi Maryam qavmlariga mansub tumorni taqqan edi. Piyoz qo‘shib dimlangan jigarni yeb o‘tirganida, xotini Bayyardo San Roman Anxela Vikarioni onasinikiga eltib tashlabdi, degan hovliqib, polkovnik esa uning so‘ziga zig‘ircha e’tibor bermagan va:
– Yo, tavba, Xudoyimey! – degan hazillashib. – Yepiskon endi nima derkina?
Biroq shu zahotiyoq polkovnik mirshabdan eshitgan gaplari bilan xotini aytgan so‘zlarni birbiriga qiyoslarkan, ularning chambarchas bog‘liqligini anglagan. U o‘rnidan shitob turib, yepiskopga ilhaq odamlar bilan jonlangan ko‘cha bo‘ylab, yangi bandargoh tomondan maydon sari yo‘l olgan. «Esimda, sahar soat beshlar edi, yomg‘ir tomchilab turardi», – dedi menga polkovnik Lasaro Apnonte. Ko‘chada uni uch kimsa to‘xtatib, egizak Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirmoqchiligini xufiyona xabar qilishgan, ulardan faqat bittasigina sallohlar qurbonni qaysi joyda kutib yotishganini aniq aytgan.
Polkovnik birodarlarni Klotilde Armenta do‘koni yonida uchratgan. «Ularni ko‘riboq, bolalar shunchaki o‘dag‘aylashiptida, deb o‘yladim, – deya u menga ko‘nglidagini ochiq aytdi. – Men ikkovini ham o‘lguday mast, deb behuda xavotirlangan ekanman». Polkovnik ulardan maqsadlari nimaligini so‘rab o‘tirmagan, pichoqlarini tortib olganu, uxlagani uyiga jo‘nayvergan. U xotinining vahimali so‘zlariga e’tibor bermaganidek, sallohlarning bunday o‘tirishlariga ham loqayd qaragan.
– Axir, mundoq bir o‘ylab ko‘ring, yepiskop sizlarni shu ahvolda ko‘rsa, nima deb o‘ylaydi? – degan u Vikariolarga.
Akaukalar jo‘nab ketishgan. Klotilde Armenta shahar hokimidan ularni qamoqqa olmagani uchun xafa bo‘lgan: jilla qursa, hamma gap bir yoqli qilinguncha polkovnik ikkovini hibsga olishi lozim edi. Polkovnik ayolning da’vosini eshitgach, qo‘lidagi pichoqlarni dalil sifatida ko‘rsatgan va:
– Endi nimasi bilan so‘yadi, vahimachi? – degan.
– Nahotki, ular yomonligini qo‘yadi, deb o‘ylaysiz? – degan ayol unga. – Axir, ularning zimmasida oila sha’ni, birovni o‘ldirishdek og‘ir majburiyat turibdi, bechoralarni ana shu yukdan qutqarish kerakku!
Vikariolar yovuz niyatini amalga oshirishda qanchalik qa’tiy bo‘lmasin, biror sulhparvar kelib, ikkovini ham bu badniyatdan qaytishga undashini, qattollik balosidan xalos etishini sidqidildan istashayotganini Klotilde Armentaning ko‘ngli sezgan. Polkovnik Apontening g‘ofil dili bundan bexabar edi, albatta.
– Shubhaga borib, birovni qamash mumkin emas, – degan u. – Hozir eng muhimi, Santyago Nasarni suiqasddan voqif qilinsa, bas, shuning o‘zi yetarli, u yog‘i – olam guliston!
Klotilde Armentaga polkovnikning xulqi yoqmasdi, shuning uchun u har doim, bu pakana, xo‘ppa semizning yengiltakligi boshiga ko‘p malomatlar soladi, deb yozg‘irib yurardi, ammo, menimcha, Lasaro Aponte, garchand bir oz aljib qolgan, ba’zi bemaza aqidaparastlar pochtada yuboradigan qo‘llanmalarni o‘qiyverib, miyasi chalg‘ib, tanholikda arvohlar bilan so‘zlashadigan qilig‘i bo‘lsayam, o‘zi asli baxtiyor insonlardan edi. Biroq o‘sha dushanbadagi xattiharakatlari uning shildir kimsaligini oshkor etdi. Gap shundaki, polkovnik Santyago Nasarni bandargohda ko‘rib qolmagunicha uni esiga keltirmagan, ko‘zi tushgan zahoti suiqasd xususida o‘ylab, indamagan, hech narsa bo‘lmaydi, deb hisoblagan va podadan oldin chang chiqarmaganidan quvongan.
Vikariolar shum niyatlarini sut do‘koniga kirgan o‘n ikki kishiga aytishgan, ana shu kishilar soat oltigacha shu shumxabarni butun shaharga yoyishgan. Ro‘paradagi uyda turib Nasarlarning bu qasddan bexabarligini Klotilde Armenta tasavvuriga sig‘dirolmasdi. Uningcha, Santyago Nasar uyda emas, zotan, yotog‘ining chirog‘i ham o‘chiq edi; ayol kimni ko‘rsa, Santyago Nasarni uchratsang, shu gaplardan ogoh et, derdi; u hatto sutga kelgan rohiba xizmatchi orqali padar Amadorga ham xabar yetkazgan. Soat to‘rtda u Plasida Lineroning oshxonasida chiroq yonganini ko‘rgan va darhol har kuni ertalab bir ho‘plam sut tilanib keladigan gadoy xotinni, bor gapni aytgin, deb oqsoch Viktoriya Gusman oldiga yuborgan. Yepiskop tushgan kema bo‘kirib ovoz bergan paytda deyarli barcha odam uyg‘onib bo‘lgan, butun shahar ahli unga peshvoz chiqishga oshiqmoqda edi; bizlar – umuman, egizak Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirish niyatida poylashayotganidan bexabarlar barmoq bilan sanarli edik; bu paytda suiqasd va uning sababi haqidagi shovshuv shaharni tumanday qoplagandi.
Akaukalar qo‘llarida ro‘znomaga o‘rog‘liq pichoqlarni tutgancha yana do‘kon yoniga qaytishganida, Klotilde Armenta hali sutni sotib ulgurmagandi. Bitta pichoqning uzunligi o‘n ikkiyu, eni uch pultada, tig‘i qalin, zanglagan edi, uni eski temir arrapichoqdan Pedro Vikarioning o‘zi, urushdan so‘ng nemis pichoqlari savdoga kirmasidan sal avval yasagandi. Ikkinchi pichoq kaltaroq, lekin narigisidan enliroq, o‘roqday egri edi. Tergovchi sud hujjatida pichoqni so‘z bilan ifodalay olmagani boisidan rasmini chizib qo‘ya qolgan, surat ostiga yozgan xatida uning kichkinagina turkiy yatag‘anga o‘xshashligini ta’kidlagan. Xuddi mana shu qo‘pol, hayvon so‘yadigan pichoqlar bilan qosidlar Santyago Nasarni qiynab o‘ldirishgan.
Faustino Santos og‘aynilarining xattiharakatini idrok etolmay qolgan. «Ular yana pichoq charxlagani qaytib kelishdi, – dedi u menga. – Kela solib, Santyago Nasarning ichakchavog‘ini ag‘darib tashlaymiz, deya ataylab hamma eshitishi uchun baqiribchaqira boshlashdi. Men bu og‘zi polvonlar shunchaki valdirashyaptida, deya ko‘nglimdan kechirib, pichoqlariga ham nazar solmadim, oldingisi deb o‘ylagandimda». Sallohlar tag‘in do‘kon ro‘parasida ko‘rinishlari bilanoq, Klotilde Armenta ularning avvalgi vajohatlari yo‘qligini tuygan.
Haqiqatan ham, ikkovi o‘rtasida ixtilof tug‘ilgandi. Gap shundaki, zohiran ular biribiriga naqadar o‘xshamasin, botinan ayricha edi, og‘ir, mushkul fursatda ana shu ruhiy, xulqiy tafovut o‘zini oshkor etardi. Pablo Vikario ukasidan olti daqiqalik katta edi, o‘smirligidayoq tahayyulining kuchliligi va dadilligi bilan undan ajralib turardi, Pedro Vikario esa, bilishimcha, bolaligidan ta’sirchan, farmonbardorlikni xush ko‘radigan bola edi. Yoshlari 20 ga yetgach, ikkoviyam harbiyga chaqirildi, biroq Pablo Vikarioga ozodlik tegib, oilaga bosh bo‘lib qoldi. Pedro Vikario jamoat tartibini saqlovchilar safida o‘n bir oy xizmat qildi.