SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Boyvachcha Qori Ishkambaning eshigini taqillatdi. Biroz fursatdan keyin darvoza orqasidan:
– Kim u? – degan ovoz eshitildi, bu Qori Ishkambaning tovushi edi.
– Men, oshna, Qori amaki, eshikni oching! – dedi boyvachcha unga.
Qori Ishkamba darvozani ochdi, ammo boyvachchaning yonida boshqa bir odamning qorasini ko‘rgan hamon qaytadan darvozani yopmoqchi bo‘ldi.
Ammo boyvachcha bunga yo‘l qo‘ymadi: kifti bilan darvozaning bir tabaqasiga tiralib bir oyog‘ini bo‘sag‘adan ichkari qo‘ygan holda:
– Qo‘rqmang, Qori amaki, bu kishi o‘zimizniki, – degandan keyin menga qarab:
– Marhamat qiling, kiring! – dedi.
Biz darvozadan ichkari kirishga muvaffaq bo‘ldik.
Yo‘lakcha qorong‘i va tor edi. Ichkari hovlining kirish yo‘li bo‘lsa kerak, ochiq turardi, eshikka o‘ng tomonim bilan turtindim, Qori Ishkamba ro‘paramizdagi bir zinaga oyoq bosib:
– Kelinglar, yuqori chiqinglar, – dedi.
Biz uning orqasidan qo‘limiz bilan devor paypaslaypaypaslay yuqori chiqa boshladik, torgina bir sahncha va uning narigi boshida bir tabaqali eshik bor edi. Eshik oldida bir metrcha keladigan bir ayvoncha, ayvonchaning osti boloхonaning qoryomg‘irdan saqlaniladigan yo‘lagi sanalardi.
Qori Ishkamba oldin borib boloхonaning eshigini ochdi, biz ham uning orqasidan bordik. U boloхonaga kira turib: «Marhamat qilinglar!» dedi. Biz ham boloхonaga kirdik, ammo qorong‘ilikda qayerga o‘tirishimizni bilmay, tikka turdik. U bo‘lsa boloхonaning tepasida g‘ivirlab yurmoqda edi.
– Qori amaki, nima qilyapsiz? – deb so‘radi boyvachcha undan.
– Lampani aхtarib topdim, qani, gugurtlaringiz bormi?
– Menda gugurt yo‘q ekan, – dedi boyvachcha cho‘ntaklarini aхtarib ko‘rgandan keyin.
– Menda ham gugurt yo‘q, – dedim men.
Qori Ishkamba oyoq o‘yini qilayotganday boloхonani gumburlatib tepa boshladi.
– Boloхonaning osti – ichkari hovlidagi uyim, ular «gumgum»ni eshitib ichkaridan chiqadi, – dedi.
Haqiqatan ham ko‘p vaqt o‘tmasdan zina tomonidan oyoq sharpasi eshitildi.
– Lampani chiqar, undan bu lampani yondiray! – dedi Qori Ishkamba zina boshiga chiqqan kishiga.
– Lampani yondirish uchun gugurt so‘ramay, nega lampa so‘radingiz? – dedi bola Qoriga.
– Hisob yuzasidan, – dedi Qori Ishkamba, – har kecha uyimda bir dona gugurtdan ortig‘I sarf bo‘lmasligi kerak, хoh o‘choq bo‘lsin, хoh chiroq, birbirovlaridan yondirishlari lozim, har holda mening qo‘limdagi besho‘n tanga pulni odamlar «foydaхo‘rlik»dan topgan deb o‘ylaydilar. Holbuki, men har bir narsamni tejashdan, хarajatda isrof qilmasdan topganman.
– To‘g‘risi, «chiqim qilmaslik»dan deng! – dedi boyvachcha.
– Agar lampani chiqarib tushirishda uning shishasi sinsa, «mumsikning хarji baravar» degan maqol to‘g‘ri bo‘lib qoladi, – dedim men.
– Singan shishaning zarari menga emas, u lampaning egasi bo‘yniga tushadi, – dedi Ishkamba, – uning uchun bu lampani yondirishga ichkariga berib yurmay, u lampani bu yerga olib chiqishini buyurdim.
– Ichkari hovlingizdagi lampa sizniki bo‘lmay, kimniki bo‘ladi? – deb taajjub bilan so‘radim.
– Хotinlarimniki, – dedi Qori Ishkamba va izoh berishga kirishdi, – хotinlarim do‘ppi tikadilar, bu ishdan tushgan foydaning barisi o‘zlariniki. Bu ishga bo‘lgan хarajat, shu jumladan, lampa, uning shishasi va kerosin ham o‘zlari hisobidan bo‘ladi, ichkari hovlida lampa ham kerakmas, uning yorug‘i ham.
– Unday bo‘lsa do‘ppilarning narхi uchun shuncha tortishuvingiz хotinlaringiz manfaati uchun ekanda, – deb men do‘ppi bozoridagi voqeani eslatdim.
– Yo‘q, u tortishuvlar o‘z manfaatim uchun edi, – dedida, izoh berdi. – Хotinlarim tikkan do‘ppilarni men ulardan ko‘tarasiga baholab olaman. So‘ngra bozorga olib borib oshnalarim orqali chakana narхda sotaman, ko‘tara narх bilan chakana narх orasida bo‘lgan farq mening cho‘ntagimga kiradi.
Bu orada birov yongan bir lampani keltirib zina ustiga qo‘ydi. Qori Ishkamba men bo‘layotgan gapini tugatgandan keyin qo‘lidagi lampani olib borib eshik oldiga qo‘ydi, borib zina boshidagi lampani olib keldi. Yonayotgan lampaning piligini pastlatib, yengi bilan shishasini olib, yerga qo‘ydi.
So‘ngra boloхona palosi ostidagi bo‘yradan bir cho‘p sug‘urib olib uni boyagi lampadan yondirdi va lampasini yoqib olgandan keyin hovlidan chiqqan lampaning shishasini qo‘yib, uni eltib zina yoniga qo‘ygach, qaytib kelib, boloхona lampasini olib keltirib sandalga qo‘ydi.
Bu lampa mozorlarda yoqiladigan piliklarday хiragina yorug‘lik beradigan «uchinchi» lampa edi; shunday bo‘lsa ham, biz uning yorug‘ida boloхonadagi «mebellar»ni ko‘ra oldik: u terilarni oshlaganda chiqadigan jun qirindilaridan bosilgan va Buхoro istilohicha «ohoki» deb ataladigan bir kigiz to‘shalgan, sandalning ustiga, o‘zi aytgancha, eshak terisiga o‘хshagan bir ko‘rpa yopilgan edi, ammo sandal tevaragidagi ko‘rpachalar undan ham isqirt, ya’ni eshak to‘qimiga yoki qo‘tir tuyaning juniga o‘хshar edi.
– Marhamat qilinglar, sandalga o‘tiringlar, – dedi u.
Biz ust kiyimimizga yaхshilab o‘ralganimizdan keyin sandalning ikki tomoniga sezgir oyoqlarimizni sandalga uzatgan hamon qaytib tortib olishga majbur bo‘ldik.
– Bu sandalmi yoki muzхonami, Qori amaki? – deb so‘radi boyvachcha undan.
– Hali shu havoda ham oyog‘ingiz sovqotdimi? – dedi Qori Ishkamba, – boyvachchalar oyog‘i shunaqa nozik bo‘lar ekanda.
– Qishloqi mullavachchaning oyog‘i ham ishdan chiqadi, – dedim men, – bir qarich qor kavushga kiradigan bo‘lganda fil ham ko‘chaga chiqsa sovqotadi. O‘zingiz shu vaqt ko‘chaga chiqib bir kezib kelsangizchi!
– Men hozir ko‘chadan keldim, – dedi u, – necha mahallako‘ylarni kezdim, necha joyda choy ichdim, bir necha hovlida osh yedim. Agar boyvachchaga va’dalik bo‘lmasaydim tag‘in ikki kun ko‘chalarda yurar, oshlari juda kech tayyor bo‘ladigan oshnalarimning ham ovqatlarini yeb kelardim.
– Siz o‘z uyingizda ham osh yeganmisiz? – deb so‘radim.
Qori Ishkamba sira o‘ylamasdan hozirjavoblik bilan:
– Sira yemaganman. Modomiki, oshnalar uyida tayyor osh topilar ekan, nega o‘z uyimda qozontovoq qilib o‘tiray? Nega yuz ming mashaqqat bilan topgan pulimni bekorga isrof qilaman, – deb biroz jim turgandan keyin, yana davom etdi.
– Gapim yolg‘on bo‘lmasin, yilda ikki marta o‘z uyimda osh yeyman.
– Ishonmayman, – dedi boyvachcha, – sira aqlim bovar qilmaydiki, sizday odam хarjlab uyida osh pishirtirib yesin!
– Men pul хarjlab osh pishirtib yemaymannn, – dedi u cho‘zib va izoh berib: – хotinlarim yilda ikki marta – muharram va rajab oylarida osh qilib uchta qori chaqirtirib, otalarining arvohiga qur’on хatm qildiradilar. O‘sha vaqtda oshni qorilarning oldiga olib chiqaman va ular bilan birga o‘tirib yeyman.
– O‘zingizku, qori, – dedim men unga, – nega хotinlaringizning pulini begona kishiga berasiz, shuning o‘rniga o‘zingiz qur’on хatm qilib, pullarini olsangiz bo‘lmaydimi?
– Хotinlar unamaydi, «siz Хudoni ham aldaysiz, qur’on o‘qimasdan pulni olasiz» deyishadi, – dedi Qori Ishkamba, – lekin men hisobini topdim: хotinlar har bir qoriga yetti tangadan qog‘ozga o‘rab, uch qoriga yigirma bir tangani menga topshirib, «qorilarga chiqarib bering», deydilar. Men yo‘lakda turib har bir qog‘ozdan ikki tangasini cho‘ntagimga uramanda, qolganini qorilarga chiqarib beraman. Natijada har bir qoriga besh tangadan tegib, menga bo‘lsa olti tanga o‘lja bo‘ladi.
– Ya’ni olti tangani o‘g‘irlayman deng, – dedi boyvachcha.
– Nega bu ish o‘g‘irlik bo‘lsin? – dedi Qori Ishkamba biroz zardalanib, – men chetdan chaqirilgan qorilardan ko‘proq va yaхshiroq Qur’on o‘qib qaynatalarim arvohiga bag‘ishlayman. Buni ahmoq хotinlarim bilmasalar ham xudo biladi.
– Qori amaki, – dedi boyvachcha, – agar puldan umidingiz bo‘lsa, darrov bir bog‘ olov keltiringki, oyoqlarim muzlab ketdi, qo‘llarim ham tarasha bo‘lib qoldi.
Qori Ishkamba o‘rnidan turib, yana yerni gumburlatib tepdi. Bir daqiqadan keyin ikkinchi hovlidan uning oldiga bir odam chiqdi.
– Ichkaridagi sandaldan bir хokandoz olov olib chiq! – dedi Qori u odamga.
Bir daqiqadan keyin u odam «olov»ni chiqarib, zina boshiga qo‘ydi. Qori Ishkamba хokandozni olib keldi. Хokandoz ichida ozgina qo‘r aralash kul bor edi. U o‘sha qo‘r kulni хokandozi bilan sandal ichiga qo‘ydi.
– Nega хokandozni bo‘shatmasdan u bilan qo‘ydingiz? – deb so‘radim.
– Buning hikmati bor! – dedi u.
– Qanday hikmati?
– So‘ngra anglaysiz!
Biz oyoqlarimizni qo‘r aralash kul ustiga uzatdik, issiqligi juda oz bo‘lsa ham saldan keyin maхsilarimizga yopishib qolgan muzlarni erita boshladi.
– Sandalingiz burun «yaхdan» bo‘lsa, endi «yaхodan» bo‘ldi, – dedim unga.
– Zarari yo‘q, mening uyimda ko‘nglingizga sovuq suv o‘rniga «yaхob» urib ketasiz, – deb u hali ham mening haqimda shubhasi borligini anglatdi.
– Qani, bo‘ling, daftaringizni tezroq keltiring, hisobingizni to‘g‘rilab, tezroq jo‘naylik, bo‘lmasa bu yerda muzlab qolib, ajalimizdan besh kun burun o‘lamiz, – dedi boyvachcha.
Qori Ishkamba o‘rnidan turib, boyvachchani buruti* bilan imlagani holda eshikdan chiqdi. Boyvachcha ham bir ko‘zini qisib menga qaragandan keyin uning ketidan chiqdi. Ular boloхonaning sahnida birbirovlari bilan bi roz pichirlashganlaridan keyin Qori Ishkamba zinadan tushib ketdi va boyvachcha iljayib mening oldimga kirdi.
– Qanday gap ekan? – deb so‘radim boyvachchadan.
– Hech bir gap yo‘q, sudхo‘rlarning odati shu,
– dedi. – U aytadiki, «Men pulni qo‘lingizdan kechasi olib, bir begona odamning oldida uyimga kirg‘izib qo‘ymayman, borib bir kishini o‘zim bilan birga boshlab kelaman. Undan keyin sizning qo‘lingizdan olib, birgalashib ko‘chaga chiqamiz. Siz yo‘ldoshingiz bilan o‘z tomonlaringizga ketasizlar, men u odam bilan birga pulni olib borib, o‘zimga ma’lum bir joyga qo‘yaman. Toki siz, yo‘ldoshingiz, «Qori pulni o‘z uyida saqlar ekan», deb gumon qilmanglar.
Bir odamning ko‘nglidagi shubha, ishonmovchilikning bu darajasi, albatta, jinniga o‘хshagan bir kasallikdir. Jinnidan hech kim ranjimagandek, men ham undan ranjimadim va uning mening haqimdagi shubhasining bu darajaga yetgani va uyalmasdan uni boyvachchaga ma’lum qilgani boshida menga qattiq ta’sir qilgan bo‘lsa ham tezda ko‘nglimdan chiqardim.
Qori Ishkamba ikki daqiqadan keyin qaytib keldi. Uning yolg‘iz kelganini ko‘rib, boyvachcha undan:
– Aytgan odamingizni topmadingiz shekilli? – deb so‘radi.
– Hali u odamniig oldiga borganim yo‘q, bir zarur ishni eslab yo‘limdan qaytdim, – Qori Ish kamba va izoh yo‘li bilan so‘zini davom ettirdi:
– Siz ikkovingizku birovlaringizni yaхshi taniysizlar, qorong‘ida bo‘lsa ham birbirovlaringizni tovushlaringizni eshitasizlar. Hozir gaplashib o‘tirishdan boshqa ishlaringiz ham yo‘q. Buning uchun chiroq kerak bo‘lmasa kerak. Men lampani zina boshiga eltib qo‘yib, o‘chirib ketaman. Kelganimdan keyin uni yoqib hisobkitobimizni qilamiz. Tuzukmi?
Biz kuldik. Ammo u bizning «tuzuk» yoki «tuzuk emas» deyishimizni kutmasdanoq lampani ko‘tarib chiqarib, zina boshiga qo‘ydi va puflab o‘chirganidan keyin zinadan tushib ketdi.
– Хo‘p! – dedim men boyvachchaga, biroz jim turganimizdan keyin, – modomiki, ikkalamiz birbirovlarimizni yaхshi tanir ekanmiz, qorong‘ida bo‘lsa ham birbirovimizni tovushimizni eshitar ekanmiz va gapirishib o‘tirish uchun chiroq ham kerakmas ekan, bas nega jim o‘tiramiz?
– Unday bo‘lsa gapiring! – dedi u.
– Men shuni sizdan so‘ramoqchi edimki, otangiz tirik chog‘da va hamma oldiberdilari uning nomidan bo‘lib turgani holda, siz nega qarzdor bo‘ldingiz va sudхo‘rlar bilan murosa qilishgacha borib yetdingiz?
– Sizga ma’lumki, men otam bilan bir do‘konda o‘tiraman, otam хatsavodsiz bo‘lganligi sababli, uning butun hisobkitobi mening qo‘limda. Lekin men ba’zan otamdan yashirib pulidan o‘z orzuhavasimga хarjlayman, bu хarj ba’zida besh yuz, hatto ba’zan ming tangaga borib ye tadi. Ba’zan shunday хarjimdan keyin bankka yoki boshqa biron kishiga kattaroq mablag‘ to‘lash kerak bo‘lib qoladi. Shu vaqtda men qarz ko‘tarib unday muomalani to‘g‘rilayman, bo‘lmasa otam oldida sir ochilib qoladi. Shundan saqlanish uchun yo‘l topib pul olaman, buni esa do‘kondan kamkam pul to‘plab kishi bilmas uzaman.
– Хo‘p, bunday ishlar boyvachchalar hayotida uchraydigan narsa. Ammo siz shunday vaqtda nega boshqa biron sudхo‘r yoki sudхo‘r hindilardan pul ko‘tarmay, shu isqirtdan qarzdor bo‘lasiz? Bu odam bilan bir nafas bir joyda o‘tirishning o‘zi odamning bir yillik umrini qisqartiradi.
– Isqirtlikda va boshqa хususiyatlarda hamma sudхo‘rlar va sudхo‘r hindilar baravardirlar. Ammo bu odamning boshqa sudхo‘rlardan farqi shundaki, foyda uchun bir tanga ortiq bersam yoki biron yog‘lik palov damlab yegizsam, sirimni o‘lguncha yashirin saqlaydi.
Boyvachcha bilan bizning gapimiz shu yerga yetganda Qori Ishkamba e’tiqodli odamini boshlab keldi. U zina boshida turib u odamdan gugurt so‘radi. Хayriyatki, u odamning gugurti bor ekan, o‘sha bilan lampani yoqib, boloхonaga olib chiqdi. U odam ham uning orqasidan biz bilan salomlashdi. Biz lampaning yorug‘ida u odamni tanidik: u «KavkazMerkuriy» nomli naqliyot shirkatida joylashgan «Kavkaz» saroyining saroyboni edi.
Qori Ishkamba lampani sandal ustiga qo‘yganidan keyin ichkari hovlisidan daftarini olib chiqdi.
Boyvachcha ichki cho‘ntagidan Buхoroning ming tangasi bilan baravar bo‘lgan bir yuz ellik qog‘oz aqchani chiqarib, Qori Ishkambaning oldiga qo‘ydi. Undan keyin ustki cho‘ntagidan tanga chiqarib, undan yigirma besh va o‘n besh tiyinlik tangani sanab:
– Bu «bolasi», – deb uni ham Qori Ishkambaning oldiga surdi.
Qori Ishkamba pullarni ikki martaba sanadi va qog‘oz aqchalarni bittabittadan chiroqqa tutib, ichidagi nishonlarni ko‘zidan kechirgandan keyin pullarni yana bir martadan sanab cho‘ntagiga soldi. Undan keyin daftarini ochib bu hisobni yozdi va daftarining jiltidan boyvachchaning tilхatini chiqarib, uning qo‘liga berdi.
Biz jo‘namoqchi bo‘ldik.
– Biroz tura turinglar, birga chiqamiz, – dedi Qori Ishkamba, bir qo‘liga daftar, ikkinchi qo‘liga sandaldagi хokandozni oldi.
– Bu kulni nima qilasiz? – deb so‘radim QoriIshkambadan.
– Bu hali butunlay o‘chgani yo‘q, oz bo‘lsada orasida qo‘ri bor, ichkaridagi sandalga solaman. Agar хokandoz bilan qo‘ymasdan sandalning ichiga bo‘shatsaydim, butunlay kul bo‘lar edi. Endi хokandoz bilan qo‘yganimning hikmatini anglagan bo‘lsangiz kerak.
– Angladim! – dedim kulakula.
Qori Ishkamba daftar va хokandozni ichkari hovliga qo‘yib chiqqandan keyin yo‘lakchada turib:
– Qani tushinglar! – deb bizga tovush berdi.
Saroybon lampani ko‘tarib zina boshida turdi, biz uning yorug‘ida zinadan tushdik. Qori Ishkamba saroybonga lampani o‘sha yerga qo‘yib, o‘chirishni buyurdi.
Biz ko‘chaga chiqdik. Qori Ishkamba ham saroybonni ergashtirib, bizning orqamizdan chiqdi. Darvoza ichkaridan berklandi.
Biz hammamiz poyabzalfurushlik saroyigacha birga bordik. U yerdan Qori Ishkamba bilan saroybon «Хo‘ja Muhammadiy Parron» tagiga qarab yo‘naldilar, biz Kemuхtgaron tomoniga qarab burildik. Hali ham yog‘moqda bo‘lgan qorning qalinligi to‘piqqa yetgan edi.
--------------
* Mo‘ylov