SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
«VIII»
Ilgarigi zamonlarda Buхoroda har yili hamal oyi boshida Navro‘z sayli bo‘lib, bu shaharga yaqin Shirbadan degan qishloqda bo‘lar edi. U saylda osh damlab sotadigan oshхonalar qatorida qozontovoq va o‘choq tayyorlab ijara qo‘yadigan «oshхonachilar» ham bo‘lar edi. Bunday oshхonachilar usti ochiq bir yerda qator o‘choq qazib, qozon qurib, o‘tin tayyorlab, хaridor kutib o‘tirardilar. Ba’zi odamlar masalliqni keltirib, shunday oshхonalardan bir qozonni olib, o‘zlari osh pishirardilar. Oshхonachiga qozontovoq va o‘tin uchun haq to‘lardilar.
Saylga borgan oshnalarimizdan bir nechasi shunday oshхonalarning birida osh qilmoqchi bo‘ldi, ular orasida men ham bor edim. Bunday vaqtlarda oshpazlik vazifasi mening bo‘ynimga tushar edi, o‘rtoqlar bu хizmatim muqobilida meni «хarifona» puli to‘lashdan ozod qilar edilar.
O‘rtoqlar osh masallig‘ini sotib olib, men bilan birga haligi oshхonalarning birisiga bordilar, ular go‘sht, yog‘, piyoz, sabzini to‘g‘rab bergandan keyin tomoshaga chiqib ketdilar. Men osh pishirish uchun u yerda qoldim.
Men yog‘ni eritib, dog‘lab, piyoz, go‘shtni solib qovurdim, keyin sabzini bosib, biroz suv quyib qaynatib, go‘shtining pishishini kutib o‘tirdim...
Hali oshga guruch solmasimdanoq qayerdandir Qori Ishkamba paydo bo‘ldi. U men bilan salomlashib, odati bo‘yicha, «hujra kerakmi?» deb so‘rab, mendan «yo‘q!» javobini olgandan keyin sheriklik osh qilayotgan yo‘ldoshlarimning kimlar ekanligini so‘radi.
Men bir necha kishining nomini aytdim.
– Ha, hammalari o‘zimizniki ekanlarku, – deb u mening oldimdan ketdi va qo‘shnidagi oshхonaga kirib, oshlarning tayyor bo‘lishini kutib o‘tirgan bir to‘da odamlar davrasiga joylashdi.
Men guruch solib, oshni damladim. Biznikilar ham yetib kelib, davra olib o‘tirdilar. Bu orada Qori Ishkamba joylashgan davraning oshi suzildi. Ular yemoqqa kirishdilar.
Qori Ishkamba har bir osham oshni lunjiga tiqqandan keyin bo‘ynini cho‘zib, bizning qozonimiz tomon ko‘z tashlar edi.
Men ham oshni suzib, o‘z davramizga keltirib qo‘ydim. Qori Ishkamba bizning davraga osh kelganini ko‘rgani hamon o‘rnidan turdi. Lekin u davradagi tovoqning tagida bir oshamcha osh qolgan bo‘lib, allakim hazillashib, «Qori amaki, shuni ham yeng, uvol bo‘lmasin», degan bo‘lsa kerakki, u egilib tovoqdagi oshni sidirib oldida, yog‘ini tomizatomiza oshni og‘ziga tiqqani holda bizning davraga yugurdi.
Bizning davrada otasi o‘rtacha boylardan bo‘lgan bir kishi bor edi, shu kishi Qori Ishkamba bilan oshna va hazilkash ekan. U kelib bizning davraga o‘tirgandan keyin haligi boyvachcha unga:
– Qori amaki, sizning qo‘lingizdan qutulish kuni yo‘q ekanda, – dedi.
– Mashaqda, boshingizdan aylanay boyvachcha, mashaq. Bechora odamning ishi mashaq terishdir.
– Hovliga boribku, «navirasi» deb oshni yeysiz, endi bu oshni nima deb eysiz?
– Bu «avirasi», boshingizdan aylanay! – dedi Qori Ishkamba kulib.
Suyaklar tozalanib bo‘lganidan keyin oshdan «olingoling» boshlandi. Ammo Qori Ishkamba hech bir kishining «oling» deyishini va oshdan olishini kutib turmay, tovoq ustiga engashdi. Undan keyin na biron kishiga gapirar va na biron kishining gapiga javob qaytarar edi, besh barmog‘ini yozib oshni go‘sht va yog‘i bilan chaqaloqning kallasiday qilib olib og‘ziga tiqqani hamon yana oshga panjasini uzatar edi.
Qori Ishkambaning cho‘zilib tovoqning tagigacha suqilayotgan barmoqlarini ko‘rib, biznikilardan biri uning qo‘liga ishorat qilib:
– Qori amaki, bu panjami, panshaхa? – deb so‘radi.
– Panshaхada, – dedi boshqa birisi. – Qori amakim mashaqchi bo‘lganlaridan keyin to‘g‘ri kelganda хirmonni sovura beradilar, shuning uchun o‘zlari bilan birga panja o‘rniga panshaхa olib yuradilar.
Ammo Qori Ishkambaning o‘zi bu so‘zlarga kulimsirashdan boshqa javob bermas va boshini tovoq ustidan ko‘tarmas edi. Yolg‘iz orasira o‘ng qo‘lini tovoqqa bosib turgani holda, chap qo‘li bilan kosani olib suv ichar edi.
Qori Ishkamba og‘ziga oshni shu qadar ko‘p joylardiki, chaynayotgan vaqtida guruch donalari og‘zidan tovoq ustiga sochilar edi. Men bu holni ko‘rib, osh yemoqdan qo‘l tortdim, boshqa o‘rtoqlar ham oshning tagidan uning og‘zidan sochilgan guruchlar tushmagan joyida ozoz olmoqda edilar...
Kosadagi suv tugadi, Qori Ishkambaning ustmaust og‘ziga joylashgan oshi tomog‘iga tiqilib qoldi. Men oshхonachiga qarab:
– Sunba keltiring, sunba! – dedim.
Oshхonachi taajjublanib:
– Menda sunba yo‘q! Sunbani nima qilasiz? – dedi.
– Aхir birovning tomog‘iga osh tiqilib qolsa, nima bilan qorniga joylash kerak?
Oshхonachi tovoq tevaragida o‘tirganlarga qarar ekan, og‘zi to‘la osh bo‘lib, uni yutolmay turgan Qori Ishkambani ko‘rib, birdan tushundi va kosani olib borib, suv to‘ldirib keltirib uning oldiga qo‘yib:
– Tomog‘iga osh tiqilganlarning sunbasi suv bo‘lsa kerak, – dedi.
Qori Ishkambaning yana biron joyda «iskab» topgan oshi bo‘lsa kerakki, bizning tovoqni bo‘shatganidan keyin tovoqni olishni va dasturхonni yig‘ishtirishni ham kutmasdanoq o‘rnidan irg‘ib turdida, qo‘lining moyini mahsisiga artib, oshхonadan chiqib ketdi.
Bizning davradagilarning bu chaqirilmagan jirkanch «mehmon»ning qiliqlaridan ta’blari tirriq bo‘lgan va dimog‘lari kuygan, men bo‘lsam tamom asabiylashib ketgan edim, o‘zim mehnat qilib pishirgan oshdan mahrum bo‘lganim ustiga, uning osh yeyishidan ko‘nglim shunday aynidiki, och bo‘lsamda, ko‘nglim osh tusamay qo‘ydi.
Men Musoning alamini Isodan olmoqchi bo‘lib, boyvachchadan so‘radim:
– Bu itning sen bilan qanday aloqasi bor ediki, sening isingni iskab kelib, bizning davrani bulg‘atib ketdi?
– Bu odamning men bilan qanday aloqasi borligining hikoyasi uzun, uni boshqa vaqt aytib beraman! – dedi u.
– Men u bilan sening orangda gapirilgan «navirasi», «avirasi» degan so‘zlarning ma’nosini anglamadim. Agar sen shu ilmoqli so‘zlarni menga ochib bersang, hammasini bag‘ishlayman! – dedim.
– Bu odam sudхo‘r, – dedi boyvachcha, – pulni orttirib olish sharti bilan qarzga beradi, pulning tagidan orttirib olgan foydasini pulning «bolasi» deydi: pulning foydasining foydasini «navirasi», foydasining foydasining foydasini «avirasi» deydi.
Boyvachcha sudхo‘rlarga хos bu iboralarni aytib berganidan keyin izohga kirishdi:
– Har kim bu odamdan qarzdor bo‘lsa, albatta, bu odamdan pulning tanini shart qilingan foydasi bilan birga birato‘la oladi, bundan boshqa u odamning qarzdorlik muddati orasida kunda yoki kun ora oqshomda uning uyiga borib, ovqat qiladi. Mana shu ovqatini «navirasi» deb ataydi.
Boyvachcha u bilan o‘z aloqasining hikoyasini boshqa vaqtga qoldirgan bo‘lsa ham o‘zi sezmasdan u hikoyaning bir qismini aytib yubordi:
– Mening ham undan bir mablag‘ qarzim bor, shu munosabat bilan u tunov kun oqshom bizning uyga kelib, «navirasi» deb osh yegan edi.
Ammo bugungi oshni «avirasi» deb atadi, ya’ni menga qarz bergan pulining foydasining foydasi deb hisobladi.
Shirbadan sayli voqeasidan taxminan to‘qqiz oy o‘tgan edi. Bir kecha shomdan keyin boyvachcha mening hujramga keldi. U salomlashib so‘rashgandan keyin dedi:
– Bu kecha mening Qori Ishkambada bir ishim bor. U menga soat o‘nlarda uyimga borsangiz, meni ko‘ra olasiz, deb va’da bergan edi.
– Eshitishimcha, u hech bir kishini kechqurun uyiga yo‘latmas ekanku, – deb uning so‘zini bo‘ldim.
– Avvali shuki, bu ish mendan ko‘ra unga foydaliroq, shuning uchun kechqurun ham meni uyiga qabul qilishga majbur; ikkinchidan, uning mendan ko‘ngli to‘q, mendan hayiqmaydi, – degandan keyin boyvachcha o‘z so‘zini davom ettirdi: – Kechqurun soat o‘nda, ayniqsa, havo bulutli bu kechada ko‘chada yolg‘iz yurish qo‘rqinchli. Agar bemalol bo‘lsa, siz menga hamroh bo‘lsangiz!
– Men u odamning shum betidan bezorman va unga duch kelishni o‘lim bilan baravar bilaman. Lekin modomiki, sizga hamroh bo‘lmoq uchun bir odam kerak ekan, mayli, boraman, «do‘stlar bilan birga o‘lmoq to‘ytomoshadir», deganlar.
– Unga duch kelish, ayniqsa, uning uyiga borish o‘limdan battarroq bo‘lsa ham u yerda qiziqtiradigan ishlar bo‘lishi ham mumkin, tomosha qilasiz, – deb boyvachcha menda havas uyg‘otib qo‘ydi.
* * *
Biz ikkovlashib va’da vaqti yaqinlashgan chog‘da ko‘chaga chiqdik. Havo bulut, oysiz bir tun edi. Bunday kechada Buхoroning chiroqsiz, egribugri, tor ko‘chalarida yurish juda qiyin bo‘ladi, хayriyatki, qor yog‘moqda va hamma joyni oqartirib, ko‘chaga ko‘r oydin kabi g‘irashira yorug‘lik bergan edi. Bo‘lmasa bunday kechada yo‘lni ko‘rolmay peshanamizni biron devorga urub, boshimizni yorib olishimiz ham hech gap emas edi.
Biz Ko‘kaldosh madrasasi sahnining g‘arb tomonidagi zinasidan tushib, o‘ng qo‘lga bu rilib madrasa bilan Shayхshona machitining orasidagi ko‘cha bilan shimol tomonga qarab yo‘naldik.
Madrasaning g‘arbishimoliy burchagiga kelganimizda chap qo‘lga burilib, somon yo‘li bilan g‘arb tomonga qarab bora berdik.
Ko‘chada hech bir jon asari, hech qanday tovush va harakat yo‘q, qorning shivirlashidan ovoz eshitilmas edi. Faqat shu orada g‘arb tomondan kelayotgan mirshabning dovil sasi eshitildi. Biz «u usti yopiq rasta bilan o‘tib o‘z postiga borar» deb yo‘limizda qaytmay ketaverdik. Lekin biz Kemo‘хtgaron ko‘liga yaqinlashganimizda mirshab ham o‘z dastasi bilan poyabzalfurushlik rastasidan chiqib bizga qarshi kela berdi. Mirshabning o‘zi otliq, odamlari piyoda edilar. Buхoro mirshablarining odati – o‘g‘ridan qochmoq, o‘g‘rini tutmoq edi. Agar qochsak, bizning to‘g‘riligimizni bilib, albatta, quvib tutarlar, agar qochmasak mirshab bilan yuzmayuz kelib, o‘zo‘zimizdan qo‘lga tushar edik.
Boyvachcha bu holdan juda qattiq qo‘rqdi, uning qo‘rqishi shu jihatdan ediki, mirshab qo‘liga tushib qolsa, Qori Ishkambaga to‘lash uchun tayyorlangan pulidan bir qismini berishi, shu bilan bu kecha uning hisobini baravar qilolmay qolishi yoki mirshabхonada ertagacha yotishi, erta baribir yo o‘zi, yo otasi pul to‘lab qutulishi kerak edi. U yalingan ohang bilan:
– Endi nima qilamiz? – deb so‘radi mendan.
– Qo‘rqma, hech narsa bo‘lmaydi, – deb men unga dadillik bergandan keyin aytdim: – Orqaga qaytamiz, siz mening orqamdan devorning osti bilan shoshmasdan og‘ir qadam bosib kelavering va orqangizga – mirshab kelayotgan tomonga sira qaramang!
Biz orqaga qaytib sekinsekin yura bordik, mirshab ham bizning o‘g‘rimi, to‘g‘rimi – kimligimizni aniqlay olmay, orqamizdan qora olib kelmoqda edi. Biz Poyi ostona guzariga boradigan ranguborfurushlik rastasining burchagiga kelganimizda, mirshab yaqinlashayozgan edi.
Biz chap qo‘ldagi timli rastaga burildik va rastaning boshidagi birinchi do‘kon supachasiga chiqib, rastaning tomini ko‘tarib turgan yo‘g‘on ustunning orqasiga yashirindik.
Bizning chap qo‘lga burilganimizni ko‘rgan mirshab va uning odamlari bizning qanday odam ekanimizni bilmasdan, qo‘ldan qochirmaslik uchun bo‘lsa kerak, ulardan birisi:
– Kim u! – deb tovush berdi.
Men uning javobiga do‘kon supachasidan parcha g‘ishtni qo‘porib olib, ustun orqasiga chiqdimda, u g‘ishtni ularga tomon otdim va yana o‘zimni ustun panasiga oldim.
Shu bilan mirshab bizning «o‘g‘riligimizni» aniqlagan bo‘lsa kerak, biz turgan tomon kelishni «хatarli» bilib, orqaga qaytdi va dovilini chalmasdan kelgan yo‘li bilan ketaverdi.
Mirshab borib poyabzalfurushlik rastasiga kirib ketgandan keyin biz ustun orqasidan chiqib, tag‘in qaytgan tomonimizga qarab yo‘l soldik va bir necha daqiqada Qori Ishkamba hovlisiga borib yetdik.