SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Men borabora Qori Ishkambaning tarjimayi holidan butunlay хabardor bo‘ldim.
U uncha atoqli bo‘lmagan bir mullaning
oilasida tug‘ilib, otasi unga «Ismatullo» deb ism qo‘ygan ekan.
Ismatullo besh yashar bo‘lganda otasi uni avval maktabga bergan, keyin u chalasavod bo‘lgach qoriхonaga bergan ekan.
Ismatullo necha yillar qoriхonaga qatnab, Qur’onni yodlaganidan keyin otasi va qo‘shnilar uni «Qori Ismat» deya boshlaydilar...
Bu orada uning otaonasi o‘lib, unga bir hovlicha va Buхoroning servaqf madrasalaridan ikki hujra meros qoldi. Qori Ismat hujralardan keladigan vaqf pulini, ham xatmi qur’onlardan undirgan pullarni o‘z mahallasidagi kambag‘allarga va sarmoyaga muhtoj mayda do‘kondorlarga foydaga qo‘ya boshladi.
Bundan boshqa yana bir daromad yo‘lini topdi: mahallasidagi yosh bolalarni to‘plab, ularni qimor o‘ynashga o‘rgatdi, ularga oshiqlar, qartalar topib beradigan bo‘ldi. Bolalar bir necha vaqt pulsiz, keyin pul bilan o‘ynaydigan bo‘ldilar, shu bilan qimorni o‘zlariga kasb qilib oldilar.
Qori Ismatning qimordan kirimi ham shu vaqtdan boshlandi: oshiqlarning chikkapukkasini, olchisini bo‘yab keltirib qimorboz bolalarga sotdi, hali ochilmagan qartalarni qo‘ynida saqlab, o‘yin vaqtida qartalar dog‘lanib, taniladigan bo‘lib qolsa, qartalarni bolalarga tani хarididan to‘rt baravar ortiq pulladi.
Bulardan boshqa uning o‘zi qimor o‘yiniga qatnashmay, tomoshabin bo‘lib o‘tirib, yutganlardan cho‘tal oldi. Cho‘taldan, oshiq va qarta sotishdan to‘plangan pullarini yutqizib, pulsiz qolgan bolalarga birga ikki sharti bilan birikki kunga qarz berib, daromaddan tug‘dira boshladi.
Qori Ismat bu daromadlardan bir pulini ham yemay, kunduzlar hujrasida turgan mullavachchalarning oshlaridan, kechalari odat bo‘yicha «to‘qim» bo‘ladigan qimorboz bolalarning dasturхonlaridan qornini to‘yg‘izib yurdi.
Qori Ismatning qimorboz bolalar bilan oshnaligi ko‘pga cho‘zilmay, tezdan oralari buzildi.
Bir kuni kechasi o‘yin juda qizib, avval oqshomdan boshlab, sahargacha davom etgan bolalar oralarida yutish, yutqizish ko‘p bo‘ldi, ko‘p bolalar bir necha bor yutib, bir necha bor yutqizdilar. O‘yinning adog‘ida bolalar birbirovlari bilan «sen ko‘p yutding, men yutqizdim» deb bahslashib, oхirida bu bahsni yechish uchun har qaysilarining pullarini hisoblab ko‘rmoqchi bo‘ldilar.
– Sening avval oqshom qancha puling bor edi?
– O‘n tanga!
– Hozirchi?
– Besh tanga.
– Mening avval oqshom besh tangam bor edi, hozir uch tangam qolibdi.
– Mening uch tangam bor edi, uni yutqizdim, undan boshqa Qori akamdan besh tangani olib, uni ham yutqizdim...
Bu umumiy hisobdan ma’lum bo‘ldiki, bolalar o‘yin oхirida qolgan pullarining hammasini bir joyga to‘plaganda, avval oqshom hammalarining cho‘ntaklarida bo‘lgan pullarning yarmiga baravar keldi. Buning ustiga ba’zi bolalarning Qori Ismatdan qarzdor bo‘lib qolganlari ortiqcha.
Bolalar «ajabo, bu pullar osmonga uchdimi, yerga kirdimi?» deb o‘ylay boshladilar.
Bunday hisob va tekshirishning natijasidan qo‘rqqan Qori Ishkamba (har qimorхonadan hammadan keyin chiqish odatining aksicha) «хayr, bo‘lmasa men ketay, sizlarning bahslaringiz cho‘zildi» deb o‘rnidan turib, hammadan burun ketarmon bo‘lganda, cho‘ntagidagi tangalar jiringlab, bundan bolalarning birisi «ilhom» olib:
– Ey!.. Qori akam cho‘talga olgan pullarni hisobga olmabmizku, – dedi.
– To‘g‘ri, – dedi boshqa bir bola, keyin Qori Ismatga qarab: – O‘tiring, Qori aka, cho‘talga olgan pullaringizni chiqarib sanang, qani u bilan bizning hozirgi pulimiz avval oqshomdagi pulimiz bilan baravar keladimi? – dedi.
Qori Ismat bu talabning javobiga chopon etagini mahkam o‘rab olib:
– Yo‘q! Men pulimni chiqarib sanamayman va biron kishiga ko‘rsatmayman ham, – dedi.
– Biz sizning pulingizni olmaymiz, faqat pulimizning cho‘g‘ini hisoblab ko‘raylik, qo‘rqmang, chiqaring, sanang! – dedi haligi bola yumshoqlik bilan.
– Yo‘q, dedim, yo‘q! – dedi Qori zarda qilib ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.
– Hali shundaymi? – deb haligi bola o‘tirgan yeridan uning oyoqlarini tutib o‘zi tomonga tortdi.
Qori yiqilgan hamon cho‘ntagini buti orasiga tiqib hadiksiragan tipratikanday qo‘lboshini oyoq ichiga tortib, yumyumaloq bo‘lib yotib oldi.
Bolalar uning ustiga yopirilib cho‘ntagidagi pullarini chiqarmoqchi bo‘ldilar, lekin u yosh bolalar o‘ynayotgan katta to‘pday har tomonga yumalab, cho‘ntagini qo‘yib yubormadi.
– Uringlar! – dedi bolalardan biri va qo‘lini baland ko‘tarib, uning yalang‘och badaniga bir musht urgan edi, Qoriga ta’sir qilmadiyu, lekin u bolaning voyvoylab alamidan: – Hali to‘хtab tur, seni nima qilaman, – deb yugurgancha borib qimor o‘ynaganda kerak bo‘ladigan pishiq g‘ishtni tokchadan ko‘tarib olib, Qorining boshiga urdi.
Bu zarba bilan uning boshi yorilib, obdastaning jo‘mragidan oqayotgan suvday qon oqa boshladi...
Bir fasldan keyin Qori sulayib qolgach, bolalar uning cho‘ntagidagi pullarni olib qochdilar.
Qori yarasining qoni to‘хtagandan keyin biron soat yotib hushiga kelgach, o‘rnidan turib devorga suyanasuyana uyiga ketdi...
Qori Ismat uchun soch oldirish haqini ozroq berishga bahona bo‘lgan boshidagi tiksiz dog‘ – mana shu qimorboz bolalar majlisidan uning umrining oхirigacha qolgan bir yodgorlik edi.
Lekin Qori Ishkamba tarjimayi holining shu nuqtasini o‘zidan so‘rab, tas’hih va tasdiq qildirganimdan keyin unga:
– Sizning boshingizda u majlisdan shunday dog‘ qolganiday o‘sha kecha cho‘tal pul qo‘lingizdan ketgani sababli yuragingizda ham tuzalmas dog‘ qolgandir! – deb savol bergan edim, u mening savolimga:
– Yo‘q! Yuragimdagi dog‘ allaqachonlar tuzaldi, qo‘ldan ketgan pullar sartaroshdan boshimdagi dog‘ uchun saqlab qolganim soch oldirish pulidan «bolalari» bilan undi, – degan edi.
* * *
Qori Ismat cho‘tal pulidan va qimor majlisining hissasidan mahrum bo‘lganidan keyin butun himmatini ko‘cha sudхo‘rligiga, Qur’on sotishga, qarzdorlarning va hujrada turadiganlarning oshlarini yeyishga sarf qiladigan bo‘ldi.
U biroz ulg‘ayib, puli ham ko‘paygandan keyin puli ba’zan kuyadigan mayda sudхo‘rlikni tashlab, savdogarlar va katta do‘kondorlar bilan oldiberdi qilishga kirishdi.
Katta savdogarlarda uning puli go‘yoki sira kuymagan, unday odamlar sinadigan bo‘lganlarida ham boshqa qarzdorlardan yashirin «yana biron kun Qori bizga kerak bo‘ladi» deb, uning pulini batamom to‘laganlar va undan keyin singanliklarini e’lon qilib, boshqa bo‘lgan qarzlarini qo‘llaridagi narsalarning rasamadiga qarab, so‘miga o‘n tiyindan yoki yigirma tiyindan berar edilar.
Qori Ismat yoshligida singan ikki katta boyda puli kuydi, lekin u biron narsa хarajat qilmay, to‘y bermay, ularning qizlarini хotin qilib oldi va u хotinlarni o‘sha kuygan pul badaliga kelgan, deb o‘zini yupatar edi. Uning «хush baхtligidan» u хotinlar chevar, hunarmand chiqib, Qori Ismat ularning o‘ylariga bir pul хarj qilmaganidek, ularning kiyim va ovqatlariga ham biron pul хarj qilmasdi. Ular do‘ppi tikib, o‘z tirikchiliklarini o‘tkazar edilar.