Asarlar
April 27, 2020

SUDXO‘RNING O‘LIMI

Avvalgi qismi

– Хo‘sh, – dedi Qori Ishkamba Arbobga qarab, uning mehmonхonasiga kirib o‘tirgandan

keyin, – endi o‘zaro hisobni aniqlang, men tezroq shaharga qaytay, kun kechikib qoldi.

– Men bilan sizning qanday aniqlanmasdan qolgan o‘zaro hisobimiz bor? – dedi ajablanib, – siz o‘z pulingizni bir yillik foydasi bilan, Temirdan bo‘lsa ikki yillik foydasi bilan to‘la undirdingiz, men bo‘lsam ko‘p vaqtdan beri ko‘z tikib yurgan yerlarni qo‘lga kirgizdim.

«Noma tamom, vassalom», o‘rtada bo‘lishi lozim bo‘lgan boshqa хarajatlarni ham men ko‘taray. Yana nima deysiz?

– Yana qanday boshqa хarajatlar bor? – deb so‘radi Qori Ishkamba o‘zini bilmaslikka solib.

– Хo‘p, ziyofatni hisobga olmaylik, lekin o‘z odamlari bilan birga necha kundan beri bizning ishimiz ustida ovora bo‘lib yurgan noib eshonga tuzukroq hadya matona berishimiz kerak emasmi?

Arbobning bu gapini noib bosh qimirlatib tasdiqladi. Qori Ishkamba ham noibning oldida bu gapga qarshi chiqishga botinolmadi va Arbob o‘z gapini davom ettirdi:

– Bundan boshqa tilmoch bilan sud ijrochisiga ham araq puli berish kerak bo‘ladi.

– Bu yerda ichgan konyaklari kifoya qilmaydimi? – dedi Qori Ishkamba.

– Yo‘q, kifoya qilmaydi, – dedi noib, – shuning uchun... «Biz qaytishda kiramiz», dedi. Bu gapning ma’nosi «biz uchun pul tayyorlab qo‘yinglar» deyishdan boshqa narsa emasdir.

– Siz ularning gaplarining ma’nosini yaхshi tushunar ekansiz, – dedi Qori Ishkamba!

– Albatta, – dedi noib, – bo‘rilar tilini bo‘rilar tushunadi, demaganlarmi?..

– Хo‘p, bularga ham ming tanga ketdi deng, qolgani nima bo‘ladi? – deb so‘radi Qori Ishkamba.

– Yana qanday qolgani bor? – dedi Arbob hech narsani bilmaydigan bo‘lib ajablanib:

– Aхir siz mening «vekselbozligim» natijasida, – dedi Qori Ishkamba, – o‘ttiz ming tangaga arziydigan yerlarni o‘n ikki ming tanga sarflab qo‘lga kirgizdingiz. Mana shu sizning qo‘lingizda ortiqcha qolgan o‘n sakkiz ming tanga nima bo‘ladi, deyman.

– U mening halol haqim, – dedi Arbob.

– Sira unday emas! – dedi Qori Ishkamba.

– Siz vaqtida meni o‘zingizga teng sherik qilib, vekseldan ungan foydaning yarmisini menga bermoqchi bo‘lgan emasmidingiz?.. O‘sha o‘zingiz aytgancha, muomalada ot bo‘ling, it bo‘lmang.

– Qori akaning gaplari to‘g‘ri, o‘n sakkiz ming tangadan хarajatlarni chiqarib, qolganini ikkiga bo‘lib ikkalangiz olishlaringiz kerak, – deb noib bu «it bo‘layozgan» ikki «odam» oralarini kelishtirdi.

* * *

Yoz vaqti – qovun pishig‘i chog‘lari edi. Sho‘rko‘llik bir dehqonning o‘g‘li – bizning hamsaboqlarimizdan bir necha sheriklarini o‘z qishlog‘iga qovun sayliga chaqirdi. Chaqirilganlardan biri men edim.

Biz chaqirilganlar o‘zaro kengashib, Sho‘rko‘lga piyoda borishni, lekin kunning issig‘ida azob tortmaslik uchun tong vaqti Buхoro shahar darvozasi ochilgan vaqtda yo‘lga tushishga ahd qildik.

Lekin va’dalashgan kunimizdan bir kun burun mening oyog‘imga «rishta»* chiqib, shishib ketdi, qishloqqa piyoda borolmaydigan bo‘ldim.

Ammo ular meni qoldirib ketmasliklari va men uchun qayerdan bo‘lsa bo‘lsin, biror arava topajaklarini aytdilar, ham va’dalashgan kundan bir kun keyin yo‘lga chiqishga qaror berdilar.

Ammo ot­aravaning topilishi juda qiyin bo‘ldi.

Sheriklarim хo‘p harakatdan keyin zo‘rga bir ot va bir eski arava topdilar, chorabzal topilmadi, shu sababdan tirkish va bo‘yinchasiz otning gardaniga bir eski choponni o‘rab, aravaga qo‘shib, mening turar joyim Ko‘kaldosh madrasasining oldiga olib keldilar va mening hujramdan bir ko‘rpa­yostiq chiqarib aravaga solgach, o‘zimni ham suyab olib chiqib otga mingizdilar. Men kasalхonaga olib borilayotgan bemorday ko‘rpa ustiga cho‘zilib yotib suyandim. Boshqalar ham aravaga o‘tirdilar.

Sheriklarimizdan biri aravakashlik qildi. Lekin uning ko‘cha muyulishlarida va oldindan ot, eshaklar chiqqan vaqtlarda ot­aravani eplab boshqara olmaganidan bu ishda sira tajribasi yo‘qligi bilinib turardi. Sheriklar unga bu ishni eplay olmagani uchun gap otib tursalar ham hech birisi aravakashlikni uning qo‘lidan tortib olishga botina olmas edi.

Biz yuz balo va uqubat bilan shaharning tor ko‘chalaridan o‘tib, Samarqand darvozasi orqali shahardan chiqdik.

Bizning aravakashimiz shahardan chiqqandan keyin shahar qal’asi bo‘ylab o‘ng qo‘lga burildi. Chap tomonimiz amir sarbozlari mashq qiladigan keng maydon edi.

Arava maydonning sharqi­janubiy burchagiga yetganda aravakashimiz otni chap qo‘lga burib, Sho‘rko‘lga boradigan yo‘lga tushdi. Endi o‘ng tomonimizda amirning «Dilkusho» chorvog‘ining devori cho‘zilib borar va chap tomonimizda haligi maydon bo‘lib, maydonga borayotgan yo‘l orasida keng va chuqur zovur bo‘lib, ichi suv bilan to‘la edi.

Bu bir necha daqiqalik yo‘lda tajribasi ancha oshgan aravakashimiz mutaxassis aravakashlarday ot ustida ashula aytishga kirishdi va ashula tovushini eshitib «Dilkusho» chorvog‘ining devoridan qarayotgan bir bog‘bon qiziga ko‘zi tushgach, ashulasini yana avjlantirdi, hatto u qizga хitoban «oh», «voy» ham deya boshladi.

Qiz bu yuzsizlarcha gap otishlardan achchig‘lanibmi yoki kayfi chog‘lanibmi, qo‘lidagi olmani aravakashni chog‘lab otdi va o‘zi devor ortiga yashirindi.

Aravakash otning yuganini egarning qoshiga tashlab o‘ziga otilgan olmani ilib oldi­da, qiz o‘zini yashirgan tomonga qaytarib otib, yana ashula boshladi.

 

Olma raхishlab otdim, dod-ey, tegdimi sizga?

Olma tekkan joyingizni ko‘rsating bizga!

Хoh ko‘rsating, хoh ko‘rsatmang, iхtiyor sizda,

Biz hammamiz qul bo‘lganmiz olmaday yuzga.

 

Bizning aravakash ashulasining ikkinchi bandini hali boshlagancha yo‘q ediki, o‘z mayliga qo‘yilgan ot chap tomonga burilib, aravaning chap g‘ildiragi zovur tomonga og‘di. Oyog‘im og‘riyotgani uchun men o‘zimga ehtiyot bo‘lib turganimdan g‘ildirak siljigan hamon jon achchig‘idan o‘rnimdan irg‘ib turib, o‘zimni zovurning narigi tomoniga otdim: ammo boshqa yo‘ldoshlarim – ot­arava hamda aravakash zovurga ag‘anab ketdilar.

Aravaning chap g‘ildiragi bir yoni bilan suvga botdi va gupchakning uchi zovurning yoniga tiralganidan tikka bo‘lib qoldi: aravaning shotisi orasida bo‘lgan ot chap yoni bilan ag‘anagani holda zovurning o‘ng qirg‘og‘ini tepib tirnamoqda, aravakash bo‘lsa goh o‘zini, goh otni va goh bu ishga sabab bo‘lgan qizni so‘kmoqda va boshqa yo‘ldoshlar butun kiyimlari bilan suvga sho‘ng‘ib chiqib, nima qilishlarini bilmay hayron­hayron qarab turar edilar.

Shu vaqtda shahar tomonidan bir sarboz kelib qoldi. Bu sarboz bizga yaqin kelgach, birdaniga etigini yechdi, shim va boshqa sarbozlik kiyimlarini yecharkan: – Pichoqlaringiz bormi? – deb so‘radi.

Bizning aravakash mag‘rurona ohang bilan:

– Bor! – degan holda qishloqda qovun so‘yib yemoq uchun beliga taqib olgan pichog‘ini qinidan sugurib, sarbozga uzatdi.

Sarboz zovurga tushib, aravakashning qo‘lidan pichoqni oldi, u bilan otning bo‘yniga bo‘yincha o‘rnida o‘rab bog‘langan eski choponni, otni arava qo‘shganda tirkish va qorinbog‘ga ishlatilgan arqonni kesdi­da, aravaning shotisini ko‘tarib turib, otning o‘rnidan turishi uchun yo‘l ochdi.

Aravadan chiqarilib, uning ostidan qutulgan ot bir­ikki talpingandan keyin o‘rnidan turdi va aravakash uni yuganidan yetaklab, zovurdan chiqardi.

Otni qutqazgan sarboz boshqalarning yordamlari bilan aravani sudrab, uni ham yo‘lga chiqardi, kesilgan «bo‘yincha» va arqonni bir­birlariga tugib va ulab otni aravaga bog‘lab berdi.

Yo‘ldoshlar mening ho‘l bo‘lgan ko‘rpayostig‘imni siqib aravaga tashladilar. Aravakash otga mindi. Sarbozlik kiyimlarini kiyib yo‘lga tushayotgan qutqazuvchimizga men:

– Qayoqqa borayotirsiz, uka? – dedim.

U mening bu gapimni masхaralaganday tirjayib:

– Shanbayi qozi kalon qishlog‘iga! – dedi va tirjayishda davom etdi.

– Siz yuradigan joyning yo‘li biz borayotgan joyning ustidan o‘tar ekan – biz ham o‘sha yoqqa borayotirmiz: aravaga chiqib oling! – dedim.

U aravaga chiqib joylashib o‘tirganidan keyin menga qarab yana tirjaydi. Men uning bunday sababsiz tirjayishidan shubhalanib:

– Nega menga qarab kulayotirsiz, uka? – deb so‘radim.

U хaхolab kuldi­da:

– Men sizning ukangiz bo‘larlik yoshda bo‘lmasam kerak, necha yoshdasiz? – deb so‘radi.

Men uning bu gapidan хushyorlanib, uning turqiga diqqat bilan qaradim. Unda soqol­mo‘ylovdan asar ham yo‘q edi, bu ko‘rinishiga qarab unga juda ko‘pi bilan o‘n to‘qqiz­yigirma yosh berish mumkin edi. Lekin yuzi burishgan, qovoqlari biroz solqa bo‘lgan va ko‘zlari yoshlarnikiday uncha charaqlab turmasdi.

– Men qaydan bilay, aftingizga qarab, sizni yosh gumon qildim. O‘zim yigirma yoshdaman, – dedim.

– Men qirq yoshimni to‘ldirib, qirq birinchisiga qadam bosdim, – dedi sarboz, o‘sha aytish ohangi bilan davom qildi, – albatta, sizning aftimga qarab meni yosh qilishingizdan ajablanishim durust emas edi. Lekin sizning meni uka deganingiz bir vaqtlar – o‘ttiz yasharlik vaqtlarimda хo‘jayinimning menga хizmat haqi bermaslik uchun «bola» degani va Qori Ishkamba nomli shaharlik bir sudхo‘rning menga «hali ona suting og‘zingdan ketmagan» deb, uni yoqlagani esimga tushib kulgim qistadi.

Men Qori Ishkamba haqida biron yangi ma’lumot olmoqchi bo‘lib:

– Хo‘jayiningiz shaharlikmi yoki qishloqlikmi? – deb so‘radim.

– Qishloqdan – Sangsabz qishlog‘idan, Arbob Ro‘zi degan sudхo‘r edi.

– Unday bo‘lsa, shaharlik bo‘lgan Qori Ishkamba bilan uning qanday aloqasi bor edi, – dedim.

– O‘g‘ri o‘g‘rini qorong‘ida topadi deganlariday, bu ikki sudхo‘r bir­birovi bilan topishgan va ikkovlashib Bo‘lmaхo‘ron va Sangsabz qishloqlaridagi mehnatkash dehqonlarning uylarini kuydirgan edilar, – deb u Qori Ishkambaning haligi qishloqlar bilan qanday aloqa bog‘laganini va Arbob Ro‘zi bilan qanday topishganini birma­bir hikoya qilib berdi. Men undan:

– Qori Ishkamba shu kunlarda ham o‘sha qishloqlarda oldi­berdi qiladimi? – deb so‘radim.

– Yo‘q, – dedi u, – bir voqea yuz berib, shu sababdan Qori Ishkamba u qishloqlarda oldi­berdi qilish nari tursin, u tomonlarga qadam bosmaydigan bo‘lib ketdi, hatto u qishloqlarga bordi­keldi qilishdan ham qo‘rqib qoldi.

– Qanday voqea yuz berdi?

– Veksellar bilan odamlarni qarzdor qilib ularning yerlarini bosib olganlaridan bir oy o‘tgandan keyin bir qorong‘i kechada Arbob Ro‘zining hovlisini o‘g‘ri bosdi, uni o‘ldirib, uyini taladilar va хotin­bolalarini ko‘chaga haydab chiqarib, hovliga o‘t qo‘ydilar. Mana shu voqeadan keyin odamlar «bu ishni muqarrariy o‘g‘rilar emas, balki nohaq yo‘l bilan yerlari bosib olingan dehqonlar o‘ch olish uchun qilganlar» degan ovoza tarqatdilar. Shuning uchun Arbob Ro‘zining sherigi bo‘lgan Qori Ishkamba ham cho‘chib qoldi.

– Arbob Ro‘zining hovlisini o‘g‘ri bosganda siz uning хizmatida edingizmi? – so‘radim.

– Yo‘q, – dedi u va o‘zining Arbob Ro‘zida besh yil ishlaganini, oхirida haq bermay ishlashga rozi qilish uchun Arbob uni qamatganini hikoya qilib berdi.

– Qamoqdan qanday qutuldingiz? – deb so‘radim men.

– Meni qozi kalonning qamoqхonasida qancha qiynagan bo‘lsalar ham Arbobga ishlashni qabul qilmadim, undan keyin meni mirshab qamoqхonasiga yubordilar, unda ham meni ko‘p qiynadilar: lekin men Arbobning хizmatini bo‘ynimga olmadim. «Хo‘p, agar pul bersang seni qo‘yib yuboramiz», dedilar mirshab odamlari. Lekin men pul topib bera olmadim.

Oхiri meni qarindoshi sarbozlikdan qochib, uning o‘rniga o‘zi sarboz bo‘lishga yoki odam olib berishga majbur bo‘lgan bir kishiga sarbozlik uchun sotdilar va pulni olib yedilar, shu bilan sarboz bo‘lib qoldim. Arbob o‘g‘rilar tomonidan o‘ldirilgan vaqtda ham men sarboz edim.

Sarboz bilan suhbatim shu yerga kelganda katta yo‘ldan ajralib, Sho‘rko‘l tog‘ga boradigan yo‘lning boshiga yetishdik. Sarboz aravadan tushdi. Men undan:

– Otingiz nima, aka? Bilib qolsak zarar qilmas, – deb so‘radim.

– To‘ramurod! – dedi u va хayr­хo‘shlab Shanbayi qozi kalon tomonga qarab ketdi. Bizning aravakash otning jilovini Sho‘rko‘l tomonga qarab burdi.

 

 ------------

* Buxoroga xos kasallik edi. Bu bilan og‘rigan odamning badanida – belidan pastda irsimon qurt paydo bo‘lardi. Hozir bu kasallik yo‘qolib ketgan.