Asarlar
April 20, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Santyagoning vahshiyona pichoqlangani bir bo‘ldi­yu, doktor Dionisio Iguaran yo‘qligi bois padar Karmen Amadorning uni shafqatsizlarcha yorgani bir bo‘ldi. «U bechora jon uzib qutulmagan ekan, biz uni yana bir bor chavaqlab yorib, o‘ldirdik, o‘zing gunohimdan o‘t, e, Parvardigor, – deya pushaymon chekdi padar Amador Kalafelledagi xastaxonada. – Biz ham nochor edik, shahar hokimi yorasan, deb buyurgandi­da, o‘zingiz bilasiz­ku, u yovvoyi odamning amri qanchalik ahmoqona bo‘lmasin, bajarishdan bo‘yin tovlay olmasdik». Ammo mo‘ysafidning aytganlari unchalik ham to‘g‘ri emasdi. Polkovnik Aponte o‘sha tala­to‘p dushanbada viloyat hokimiga sim qoqib, uni ahvoldan xabardor etgan, u janob esa, tergovchi yetib borgunicha qo‘lingizdan keladigan chorani ko‘ravering, deya farmon bergan. Shahar hokimi bu rutbaga erishgungacha qo‘shinda zobit sifatida xizmat qilgan bo‘lsa­da, adliya sohasidan mutlaqo bexabar, bu ham yetmaganday o‘lguday takabbur edi, shu bois mazkur holatda ishni nimadan boshlash lozimligini birovdan so‘rashga or etardi. Shuning uchun u, jasad yorilishi kerak, deb qo‘ya qoldi. Kristo Bedoyya tibbiyot bilan shug‘ullanardi, Santyago Nasarning yaqin do‘sti edi, u shahar hokimini bu ishni qilmaslikka ko‘ndirdi. So‘ng polkovnik doktor Dionisio Iguaran kelgunicha murdani muzxonada saqlanglar, deya amr etdi, lekin odam jasadi sig‘adigan bunday muzxonali sovutgich topilmadi, bozordagi birdan bir katta sovutgich ham buzuq ekan. Rosmana tobut yasattirib keltirguncha mayitni katta xonaning o‘rtasida, temir karavotga yotqizishdi, qavmdoshlari u bilan shu yerda vidolashishdi. Yotoqxonadan hamda qo‘shni xonadonlardan bir necha ventilyator olib chiqildi, ammo marhumni ko‘rgani kelganlar shu qadar ko‘payib ketdiki, oqibatda javonlar xoliroq joyga surildi, qafasdagi qushlar, katta­katta gultuvaklar chetroqqa olindi, biroq shundan keyin ham dim bo‘laverdi, xonada turib bo‘lmay qoldi.

Itlar o‘likning isini olib, bezovtalanib, sarosimalanib g‘ingshiy boshladi. Men kirganimda tuban maxluqlar tinmay uvlashar, ayni asnoda oshxona tomonda jon uzayotgan Santyago Nasar talvasali ingranib yotar, Divina Flor bo‘zlay­bo‘zlay eshik tambasi bilan itlarni urib, hayhaylab haydar edi.

– Kel, manavi ochofatlarni haydashib yubor! – dedi u meni ko‘riboq. – Ichagini yeyman deydi­ya, ajal kelgurlar!

Biz itlarni og‘ilga qamadik. Bir ozdan keyin Plasida Linero, dafn o‘tguncha itlarning qorasini o‘chirib turinglar, dedi. Ammo choshgohda, nima bo‘lganini hech kim bilmay qoldi, maxluqlar og‘ildan qochib chiqishib quturganday uyga yopirilishdi. Plasida Linero ana shunda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

– La’nati hayvonlar! – qichqirdi u. – Otib tashlanglar!

Onaning amri darhol bajo etildi, xonadon suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi. Xayriyatki, jasad ortiqcha xavotir tug‘dirmas, ayniqsa, yuziga hech narsa qilmagandi – Santyago Nasar qo‘shiq aytayotgandagi ifoda chehrasida hamon qotib turardi; Kristo Bedoyya uning osilib, qornidan chiqib ketgan ichak­chovog‘ini joy­joyiga qo‘yib, ustidan movut bog‘lami bilan o‘rab­chirmab tashladi. Biroq kunbotarga yetmay, yaralardan sariq xilt­u fasod sizib chiqib, atrofni pashsha bosdi, og‘zining tevaragini binafsharang dog‘ qopladi, so‘ngra u suvdagi bulut ko‘lankasiday siljiy­siljiy sochining ildizlarigacha qamrab oldi. Marhumning yuzidagi hamishagi yoqimli, samimiy ifoda o‘rnini xunuk, g‘ayri bir alomat egalladiki, onasi uning betiga ro‘molcha yopib qo‘ydi. Shunda polkovnik Aponte ortiqcha kutish o‘rinsizligini angladi va padar Amadorga, o‘likni yoring, deb buyurdi. «Bir haftadan keyin go‘ridan kovlab olib, yana ichini yorilsa, bundan beshbattar bo‘ladi», – dedi u. Padar bir paytlari Salamankada tibdan, xususan, jarrohlik ilmidan ta’lim ko‘rgandi, ammo shahodatnoma olmasdan diniy maktabga o‘tib ketgandi. Albatta, kashishning o‘lik yorishi qonundan tashqari ish ekaniga, hatto shahar hokimining ham aqli yetardi. Shunga qaramay, buyrug‘i ijro etilishini talab qildi.

Jasadni shu yaqin­o‘rtadagi maktab binosida yorishdi, bu ham bir xunrezlik bo‘ldi; padar Amadorga endigina tib ilmidan saboq olayotgan, ayni kunlarda ta’tilga kelgan talaba yigit, ne qilganlarini daftarga yozib borgan dorixonachi ko‘maklashdi, uchovlon birgalashib, o‘likni qassobday yana so‘yishdi. Ularning qo‘lida bir­ikkita mayda­chuyda jarrohlik asboblari bor edi, xolos, zaruriyatdan ro‘zg‘orda ishlatiladigan oddiy pichoqdan ham foydalanishdi. Marhumning a’zoyi badani chappa­rastasiga chavaqlab tashlanganini nazardan soqit etsak, padar Amador yozgan hisobot risoladagiday edi, shu boisdanmi, tergovchi uni asqatib qolar, degan niyatda sud hujjatlariga tirkab qo‘ygan.

Sallohlar Santyago Nasarning tanasiga pichoq sanchaverib, g‘alvir qilib yuborishgandi, zarbalardan yettitasi uning ayni jon joyiga tekkandi. Jigar ikki yeridan deyarli bo‘lib tashlangan. Oshqozonning to‘rt joyiga juda qattiq tig‘ urilgan, ulardan biri, hatto oshqozon bezini ajratib yuborgandi; yo‘g‘on ichak olti yeridan og‘ir yaralangandi, tig‘ ingichka ichakka dovur yetib borgandi. Orqadan urilgan yagona zarb pastdan uchinchi qovurg‘a orasidan o‘tib, tig‘ o‘ngdagi buyrakka sanchilgan edi. Qorinda ancha­muncha shilta xiltlar to‘plangandi; o‘sha chiqitlar ichidan Santyago Nasar to‘rt yasharligida yutib yuborgan tilla medalyonni topib olishdi. Ko‘krak qafasining ikki nuqtasi jarohatlangan: biri – o‘ng yonboshda, ikkinchisi qovurg‘a ostida edi, ayni shu zarb o‘pkaga tegib o‘tgandi; ikkinchisi chap qo‘ltiqda edi. Qo‘l panjalari va bilaklarining olti joyi tilingan edi. Vujudning ikki uzviga – o‘ng songa va qorin to‘qimasiga enlatib, urilgan pichoq ham ancha chuqur botgan ekan. O‘ng qo‘lning kafti bamisli chopilganday edi, sud hisobotida bu haqda: «Chormixga tortilgan Iso alayhissalomning vujudidagi tamg‘aga o‘xshaydi», – deb yozilgan. Miyasining vazni oddiy inglizning miyasidan 138 misqol og‘ir edi, shunga suyangan holda padar Amador sudga bergan hisobotida Santyago Nasar – miyasi butun yigit ekan u kelajakda donishmandlardan biri bo‘lardi, degan mulohazani bildirgan. Hisoboti so‘nggida u jigarning cho‘zilib ketganini, bu marhumning jigari shamollaganida oxirigacha davolanmagani oqibati ekanini ta’kidlagan. Suhbatlarimizdan birida kashish menga: «Baribir umri tugab, jigari qilqillab, haqqa yetishib qolgan ekan», – dedi. Doktor Dionisio Iguaran haqiqatan ham bir vaqtlar, Santyago Nasar sariq bo‘lganida, uni muolaja etgandi, jasadni yorish ustida gap aylanganda, u odamlarning omiligidan ori kelib, nihoyatda g‘azablandi. «Bu padar shu qadar nodonki, to‘g‘risini aytsam, kashishlikdan bo‘lak ishga yaramaydi, – dedi doktor menga. – Odatda, issiq mintaqadagi o‘lkalarda tug‘ilgan insonlar jigari ispanlarnikidan kattaroq bo‘ladi, shu haqiqatni unga anglatishdan ko‘ra, o‘lish osondir». Padar Amadorning hisobotida ta’kidlanishicha, yettita yaraning har biri bittadan ajalni chaqirgan, qisqasi, u ko‘p qon ketishi oqibatida o‘lgan.

Azamatlar o‘shanda bizga butunlay bir boshqa jasadni qaytarib berishdi. Suyak kesishayotganda bosh chanog‘ining yarmini ko‘chirib yuborishgandi, marhumning mamot soya sololmagan mardona chehrasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgandi. Bundan tashqari, kashish qorinni yorib, bir ko‘tarishda uning ichini qo‘porib yuborgan ekan, keyin ichak­chavoqni joylashtirishga ojizlik qilib, jaholatdan xunobi oshib, axiri duoyi fotiha bilan ularni yuvindi chelakka tashladi. Maktab derazasiga yopishib olib, oyna ko‘zlariga burnini tirab, jarrohlik jarayonini kuzatayotgan so‘nggi tomoshatalablarning ham darmoni qurigandi, padarning yordamchisi – tolibi tib ham hushini yo‘qotib ag‘darilib tushgandi; o‘z vaqtida ko‘p o‘liklarni ko‘rgan, qon to‘kib­qon kechgan polkovnik Aponte ham bundayin jasad yorishdan ko‘ngli ozib, arvohparastligi yetmaganday, go‘sht degan narsani ko‘rsa yo eshitsa, seskanadigan, hazar qiladigan bo‘lib qoldi. Ichi bo‘shagan jasadga latta­puttani so‘nmagan ohakka bulab­bulab tiqib, ustidan juvoldiz bilan chalakam­chattisiga shunchaki chatib qo‘yilgan edi, biz uni shohi yopinchiqli yangi tobutga olayotganimizda tikilgan joylari so‘kilib, ichidan g‘ayri narsalar to‘kilib ketdi. «O‘sha holatda murda uzoq saqlanadi deb o‘ylagandim», – dedi menga padar Amador. Biroq ish boshqacha tus oldi: mayit aynib, sasib, hammani shunaqayam behuzur qildiki, nochorlikdan uni tongdayoq ko‘mib yubordik.

O‘sha seshanba tonggi tund, tiyra edi. O‘tgan kunduz­u kechada bir olam g‘avg‘o­yu savdoni ko‘rganim bois bir o‘zim uxlolmasligimni sezganimdanmi, oyog‘im Maryam Alexandrina Servantesnikiga tortaverdi, borsam, baxtim chopganini qarangki, eshik tambalanmagan ekan. Daraxtlarga osig‘liq qovoq qalpoqli chiroqlar yoniq, raqs maydonida gulxan gurullardi, katta­katta chelaklarga suv to‘ldirib, o‘tga qo‘yishgandi – zanji dilbarlar aza chekishib, bayramona kiyimlarini qoraga bo‘yashayotgan ekan. Maryam Alexandrina Servantes odatdagiday – xuddi to‘yib uxlab turganday xushkayf va shir­yalang‘och edi: u begonalar bo‘lmasa, xosxonasida onadan tug‘ilganday qiyofada yuraverardi. U o‘zining shohona karavotida turk jononlariday chordona qurgan, ro‘parasidagi patnisda turli noz­ne’matlar Bobil minorasiday baland bo‘lib uyulib turar edi: buzoq go‘shti do‘lmasi, dimlangan tovuq, qo‘y go‘shti, banan­u sabzavot – deyarli besh kishilik ovqat unga muntazir edi. Uning g‘ussa chekkanda tinmay ovqat yeydigan odati bor edi, nazarimda, men uni bunday qayg‘uli damlarda biror marta ham g‘amgin ko‘rmaganman. Kiyimlarimni yechmasdan ohista uning yoniga cho‘zildim, bir og‘iz ham gapirishmadik, men o‘zimcha aza tutib yig‘ladim. Yigirma yoshida Santyago Nasarning yigit umrini xazon qilgan g‘addor falak dastidan faryod chekdim, ayniqsa, uning to‘rt pora qilib qadimiy usulda boshi, qo‘l­oyog‘ining kesib o‘ldirilishi alamimni haddan ziyod etdi. Tushimda bir ayol xonaga kirganday bo‘ldi, qo‘lidagi go‘dagi hadeb chapillatganicha makkajo‘xori so‘tasini g‘ajirdi, yarim chaynalgan donlar uning ko‘ylagiga to‘kilardi. Xotin menga: «G‘ajigani g‘ajigan, hech to‘yay demaydi», – dedi. Birdaniga ko‘ylagim tugmalarini kimdir shoshilib yechayotganini sezdim, shundoqqina tepamda hansirayotgan aysh­ishrat bandasining vahshiyona nafasini his qildim, ishvasi hushimni oldi, beixtiyor ishrat komiga cho‘ka boshladim. Biroq u nogahonda jimib qoldi, ohista yo‘taldi – go‘yo ovozi olis­olislardan eshitilganday bo‘ldi.

– Yotolmayman, – dedi u. – Sendanam o‘lik hidi kelyapti.

Faqat mendangina emas, balki butun tevarak­atrofdan Santyago Nasarning isi kelardi. Aka­uka Vikariolar ikkoviniyam shahar hokimi vaqtincha hibs etgandi, qamoqxonada yotgan yerlarida shu hidni tuyib, rosa qiynalishgan. «Sovun­sochiq bilan harchand ishqalamay, baribir hidini ketkazolmadim», – dedi menga Pedro Vikario. Egizaklar uch kun uxlasholmadi, ko‘zlari yumilgan zahoti aloq­chaloq tush ko‘raverishdi, tushlarida bari takror bo‘laverdi. O‘sha intihosiz kundagi holatini eslab, ancha keksayib qolgan Pedro Vikario menga: «Baribir ko‘zim ochilib ketaverdi», – dedi. Uning mana shu birgina iborasidan ular qamoqxonada uyqusizlik tufaili do‘zax azobini chekishganini angladim.

Hibsxona uzunasiga uch qadam, tuynugi panjaralangandi, axlat­tuvak, yuvinish uchun bir ko‘za suv, tog‘ora, ikkita bo‘yra to‘shalgan tosh­taxta ham bor edi. Bu xona shaxsan polkovnik Apontening amriga binoan jihozlangandi, uning og‘iz ko‘pirtirishicha, dunyoda bundan ham yaxshiroq, insonparvarroq qamoqxonani topib bo‘lmas ekan. Ukam Luis Enrike shahar hokimining bu gaplarini juda to‘g‘ri deb, ma’qulladi, chunki u bir gal mashshoqlar bilan janjallashib qolib, shu yerga qamalganida polkovnik Aponte azbaroyi odamparvarligidan ukamning hisbxonaga bir zanji fohishani olib kirib yotishiga ruxsat bergan. Soat ertalabki sakkizda, mahalliy arablar tahdididan endi qutulganliklarini fahmlashgan sallohlar xuddi shuni eslab, biroz taskin topishgan. Ikkovlon ham zimmalaridagi og‘ir vazifani bajarganliklaridan ancha yengil tortib, mamnun bo‘lishgan. Endi ko‘ngillarini birgina narsa – o‘sha badbo‘y o‘lik hidi bezovta qilmoqda edi, xolos. Mahbuslar sovun­sochiq, ishqalagich, ko‘proq suv berishlarini so‘ragan, yuz­qo‘llaridagi qon yuqini obdan tozalashgan. Pedro Vikarioning istagiga ko‘ra, unga hapdori, ichini yumshatadigan dori, bavosiliga qo‘ygani toza doka berilgan, u hatto ertalabgacha ikki marta yozilib qaytgan. Biroq kun yoyilishi bilanoq uning azobi ortgandan ortib, o‘lik hidiniyam esidan chiqargan. Soat ikkilarda, ayni qiyomda Pedro Vikarioning sillasi qurib, bo‘yraga cho‘zilishgayam madori yetmagan, ammo oyoqda tik turishga ham holi qolmagandi – charchoq va og‘riq uni turgan joyida qulatgan. Chotidagi og‘riq bo‘ynigacha chiqqan, peshobi taqqa to‘xtagan, bundan vahimasi ortib, yo Rabbim, bir umr uxlay olmaydigan kasalga chalindimmi, deya o‘ylagan. U menga o‘sha kunlarni xotirlab: «O‘n bir oy ko‘z yummadim», – dedi, avvaldan fe’l­atvorini bilganim uchun so‘ziga ishondim. O‘shanda boyaqishning tomog‘idan ovqat o‘tmay qolgandi. Pablo Vikario harqalay beriladigan yemaklardan oz­oz yutishga qodir edi, lekin chorak soatdan keyin qorni burab og‘rib, hojatxonaga chopardi. Soat oltida, Santyago Nasarning jasadi yorib­ko‘rib bo‘lingach, javobgarlar shahar hokimini chaqirtirishdi. Pablo Vikario ukasini zaharlashganiga amin edi. «Suv bo‘lib ketaverdim, – dedi menga Pablo Vikario. – Bu anavi turklarning1 ishi, degan o‘y xayolimda charx uraverdi». Bu muddat mobaynida axlat chelak ikki marta to‘kib kelingan, bundan tashqari, soqchi Pablo Vikarioni olti marta dorug‘a hojatxonasiga olib borgan. Polkovnik Aponte uni aynan xalajoyda inqillab o‘tirgan alpozda uchratgan, tepasida soqchi miltiq ushlab turardi; javobgarning ichi sharillab ketayotganini ko‘rib, mahbuslarning zaharlanish borasidagi davolarida jon bor ekan, deb o‘ylagan u. Biroq sallohning faqat suv ichib, uyidan onasi Pura Vikario jo‘natgan nimayiki bor hammasini aralashtirib yeyaverganini eshitgach, bu fikridan qaytgan. Bandining nafsi buzuqligidan g‘ashi kelgan polkovnik Aponte ularni maxsus soqchilar Rioachadagi g‘aroyib qamoqxonaga olib ketmagunicha o‘z uyida, qattiq nazorat ostida saqlashni buyurgan.

Aka­uka Vikariolar dilidagi qo‘rquv ko‘chadagilar vahimasi bilan bir xil edi. Arablar o‘ch olishmaydi, deb hech kim kafolat berolmasdi, lekin ikki suiqasdchidan boshqa biror inson zahar haqida gapirgan ham, o‘ylagan ham emasdi. Xaloyiqning fikricha, arablar shom tushgan zahoti tuynukdan kerosin shisha otib qamoqdagi egizaklarni kamerasi bilan birga yondirib yuborishi lozim edi. Biroq bu shunchaki mahobat edi xolos.

Arablar jamoasining barchasi tinchlikparvar bo‘lib, ular asr avvalida Karib dengizi sohillaridagi uzoq­yaqin shahar­u qishloqlarga ko‘chib kelib, joylashib qolishgan va asosan bozorlarda rang­barang matolar, mayda­chuyda attorlik buyumlarini sotib kun kechirishardi. Bari ahil, mehnatkash edi, katoliklar mazhabiga e’tiqod etishardi. Arab jamoasidagilar faqat o‘z hamqavmlariga qiz berib­qiz olishar, yetishtirgan donlarini o‘zlari sotishar, hovlilarida qo‘y boqishar, bog‘chalarida xushbo‘y tog‘rayhon­u baqlajonlar o‘stirishar edi. Ularning birdan bir qusuri – qartavozlikka ruju qo‘yishgani edi, xolos. Ota­bobolar ona yurtlarida o‘rganishgani – arab tili shevasida so‘zlashishar, uni ikkinchi avlod ham buzmay saqlagan, ammo uchinchi avlod – nabiralar, bundan Santyago Nasar mustasno, ota­bobolarining arabcha kalomini eshitib, ularga ispancha javob qaytarishga odatlanishgan edi. Ana shu yuvosh arablarning birdan junbishga kelishiga va sallohlarning jinoyati vajidan bizdan o‘ch olishiga aql bovar qilmasdi. Shuningdek, vaqtida obro‘li, jangari odamlar yetishib chiqqan va ularning bir nechtasi qotillikda, mayxona­yu qovoqxonalarda mushtumzo‘rlikda nom qozongan, endilikda ancha popugi pasayib qolgan Plasida Linero urug‘larining qasos istashi ham imkondan xorijdagi bir hol bo‘lib, bu xususdayam hech kim xavotirga tushmasdi.

 

 

 

------------

* Kolumbiyada barcha arab qavmlarini turklar deb atashadi.