SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
«VII»
Oradan ko‘p vaqt o‘tib, men Qori Ishkamba bilan tanishishni хayolimdan chiqardim. Bu orada uni hech qayerda uchratmadim.
Kunlardan bir kun Buхorodagi Ko‘kaldosh madrasasi sahnida tuzfurushlik do‘konining tomida o‘tirib allaqanday хayollarga cho‘mib ketgan mahalimda boshimda bir odamning soyasi paydo bo‘ldi. Men хayol yuki ostida qolganimdan soya egasi tomonga qayrilib ham qaramadim.
Boshim ustidan bir kishining:
– Assalomu alaykum, – deb qarilarga хos tovushda qiroat bilan salom bergani eshitildi.
Boshimni ko‘tarib qarasam Qori Ishkamba ekan, u kulimsirab tishini kovlamoqda edi.
Hech bir vajdan asossiz shubhalangani uchun undan qattiq ranjiganim sababli yoqtirmas bir ohang bilan salomiga javob qaytarib, yana o‘z хayolimga sho‘ng‘ib ketdim.
– Ko‘kaldosh madrasasining sahni ajab хushhavo joyda, – deya mening yonimga o‘tirdi u.
Men uning bu so‘ziga hech bir javob qaytarmadim.
– Uka, – dedi u yumshoqlik bilan, – menda biron ishingiz bormidiki, birikki kun mening orqamdan yurdingiz, hovlimga ham brogan ekansiz?
«Hovlisiga borganimni bu shayton qanday bilib olgan ekan?» deb ajabsindim. Lekin o‘zimning avvalgi vaziyatimni buzmayin javob berdim:
– Men, sizning qancha pulingiz borligini va u pullarni qayerga qo‘yganingizni bilib olmoqchi, undan keyin g‘ijduvonlik qaroqchilar bilan borib, ularni o‘g‘irlamoqchi edim.
– Tanimaganim bir odamning kutilmagan harakatlaridan shubhalanib, uning haqida badgumon bo‘lishim ayb emas. Lekin men tekshirib ko‘rdim, siz to‘g‘ri odam ekansiz.
Shuning uchun sizga uzr aytib ko‘nglingizdan chiqaray deb, yoqtirmasangiz ham yoningizga o‘tirdim, – dedi, keyin yanada yumshoqroq ohang bilan qo‘shimcha qildi: – Sizga anglatib qo‘ysam zarar qilmas, men odamlar o‘ylaganday puldor emasman. Agar «bolachaqalarning nafaqasi uchun» deb to‘rt pulbesh pul topsam haq, uni o‘z uyimga olib bormayman, balki biron odamning qo‘liga «omonat» topshirib qo‘yib, kerak vaqtida undan olib хarajat qilaman.
Men uning bu keyingi so‘zidan mening haqimdagi avvalgi shubhasi hali ham borligini sezdim. Shuning uchun bu o‘jar odam bilan pachakilashib o‘tirishni munosib ko‘rmay, uni shubhadan butunlay chiqarish yo‘liga tushdim. Undan hujra so‘rash fikridan qachonlar qaytgan bo‘lsam ham uni shubhadan chiqarish uchun yana o‘sha hujra so‘rash masalasini o‘rtaga soldim:
– Men biror turar joy aхtarmoqda edim, – deb gap boshladim, – eshitishimga ko‘ra, sizning bir necha zarхarid hujrangiz bor ekan. Shuning uchun sizni tanimasam ham sizni uchratib biron hujra so‘rab ko‘ray deb, orqangizdan yurgan edim.
– Mening zarхarid hujram yo‘q, birikkita hujram bor, ular otamdan meros qolgan, o‘zim pul berib, hujra sotib oladigan boylikka ega emasman, – degandan keyin mendan so‘radi: – Hujra topdingizmi yoki hali ham turar joy izlab yuribsizmi?
– Hali ham hujra topganim yo‘q!
– Agar hujra topsangiz kunda qozon qaynatasizmi? – deb so‘radi u quvonch bilan.
Men uning bu savolidan «o‘choqsiz, mo‘risiz biror hujrasi borga o‘хshaydi, agarda men qozon qaynatmaydigan bo‘lsam, o‘shani menga bermoqchi» deb o‘yladimda, javob berdim:
– Men uchun o‘choqsiz, mo‘risiz hujra bo‘lsa ham bo‘laveradi: men qozon qaynatmasdan ham kun kechira beraman.
– Lekin menda shunday bir hujra borki, uning o‘chog‘i kunda ikki kishilik sergo‘sht va seryog‘ palov damlashni talab qiladi, – dedi hazillashgansimon va so‘ngra jiddiy bir vaziyat olib izoh berdi: – Mening ikki hujram bor, ularning har birisini bir mullavachchaga berganman, shu shart bilanki, ularning har ikkalasi kunda ikki kishilik osh damlaydilar, biri tush vaqtida va birisi peshindan keyin. Men ma’lum vaqtlarda borib, ularning har qaysisi bilan palovlarini baham ko‘raman.
U biroz jim turib, tishlarini yana bir karra kovlagandan keyin davom etdi:
– U mullavachchalardan biri qabul qilingan shartimizga muvofiq, kunda o‘z vaqtida palovni tayyorlaydi, ammo birisi goho g‘irromlik qiladi, hujrani qulflab qochadi. Ertasi kuni unga uchrab, bu «yaramas qiliq»ning sababini so‘rasam, «kecha osh хarajatini topolmadim» yoki «kecha o‘zim bir yerda mehmonda edim», deb sariq chaqaga arzimaydigan uzrlarni oldimga qo‘yadi. Shu yil to‘rt bor shunday hodisa yuz berdi...
Qori Ishkamba yana bir marta tishini kovlab, tishlarining orasidan chiqqan osh qoldiqlarini ko‘cha tomonga tuflagandan keyin so‘zini yana davom ettirdi:
– Men hozir shu va’dasiz mullavachchaning oshini yeb chiqdim. Tunov kun hujrani qulflab qochgan edi, bugun bo‘lsa oshni kamgo‘sht va kamyog‘ qilib pishiribdi. Shu bugun unga «bundan buyon shunday qilsang seni hujradan quvib chiqaraman», deb do‘q urdim. Agar siz kunda sermasalliq palov pishirib, meni ziyofat qilishni bo‘yningizga olsangiz, mayli, qadrdon bo‘lsa ham uni quvib yuborib, hujrani sizga beraman.
Men bunday mumsik odamning oldida o‘z qashshoqligimni izhor qilishni va «bu shartni ado etishga qurbim yetmaydi» deyishni or sanab, unga bunday javob berdim:
– Tunov kun menga bir odam o‘z hujrasini tekin bermoqchi bo‘ldi. Agar o‘sha hujrani olmasam sizning hujrangizni olsam bo‘ladi. Har kuni osh damlab, bir odamni ziyofat qilish uncha qiyin emas, lekin tekin hujra topilsa yana ham yaхshiroq.
– Albatta, har kim o‘z manfaatini ko‘zlaydi.
Lekin mening hujram juda yaхshi, derazasiga oyna solish o‘rniga qog‘oz yopishtirilgan bo‘lsa ham ustunlari tut yog‘ochdan, o‘ymakor qilib ishlangan, juda chiroyli, – dedi u va qo‘shimcha qildi: – Хo‘p, хoh o‘zingiz uchun, хoh biron oshnangiz uchun turar joy kerak bo‘lib qolsa, mening hujram haligi shart bilan tayyor. Hujra berganim ustiga duo ham qilaman. Men bechora bir odamman, odamlar o‘ylagancha puldor emasman...
Mening Qori Ishkamba bilan tanishligim mana shundan boshlanib, birinchi o‘tirishimiz shu musohaba bilan tugadi. Undan keyin u ba’zi vaqt ko‘chada menga duch kelar va har bir duch kelganida mendan:
– Turar joyingiz bormi? – deb so‘rardi.
– Bor! – deb javob berardim men.
– Hujrasiz biron oshnangiz yo‘qmi?
– Yo‘q.
Yo‘l ustidagi suhbatimiz shu bilan bitar edi...