Asarlar
April 25, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qismi

Erta tongda, Ervin Markazdan javob olishi lozim bo‘lgan vaqtda, Shtirlits mashinasini sekin yurgizib, uning uyi tomon jo‘nadi. Orqadagi o‘rindiqda patefon yotardi: Ervin xo‘jako‘rsinga patefonlar sotuvchi kichkina firmaning xo‘jayini edi – bu esa mijozlari ga xizmat qilish maqsadida mamlakat bo‘ylab ko‘p yurishiga imkon berardi.

Yo‘lda to‘siq paydo bo‘ldi: tungi bombardimon paytida olti qavatli binoning devori qulab tushgandi, hozir yo‘l ishchilari va politsiyachilar birgalikda tez va chaqqonlik bilan transport uchun yo‘l ochardilar.

Shtirlits orqasiga qaradi: uning «Xorx»i ketidan kamida o‘ttizta mashina turardi. Yuk mashinasining haydovchisi yoshgina yigitcha Shtirlitsga bor ovozi bilan:

– Agar hozir samolyotlar kelib qolsa, rosa to‘s-to‘polon boshlanadi-da, qochgani joy ham topolmaysan, – dedi.

– kelmaydi, – javob berdi Shtirlits, osmonga qarab. Bulutlar juda pastda edi – qo‘ng‘ir-qora hoshiyalariga qaraganda qor yog‘ishi mumkin.

«Tun iliq keldi, – o‘ylardi Shtirlits, – hozir esa salqin tushdi – qor yog‘ishi muqarrar».

U nimagadir anavi astronomni esladi – bezovta quyosh yili emish. Yer kurrasida hamma narsa o‘zaro bog‘liq. Biz bir-birimizga bog‘liqmiz, Yer Quyosh bilan, Quyosh galaktika bilan bog‘liq. Shtirlits to‘satdan jilmaydi: «Gestaponing ayg‘oqchilik tarmog‘iga o‘xshash. Har ikkinchi kishi uchinchisini, uchinchisi esa ikkinchisini kuzatish topshirig‘ini olgan. Biz yulduz bo‘lsak, bizning hayotbaxsh quyoshimiz – buyuk fyurerdir...

O‘n yil ichida xalqni rasvo qildilar-a?» Oldinda turgan shutsman qo‘l siltab:

– O‘tiringlar! – deb baqirdi.

«Jahonning hech qaysi yerida, – o‘ziga o‘zi dedi Shtirlits, – politsiyachilar xuddi biznikidek buyruq berishni va tayoq bilan buyruqomuz ishora qilishni yaxshi ko‘rmaydilar». U nemislar va Germaniyani o‘z millatimu mamlakatim deb o‘ylayotganini fahmlab qoldi. «Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Agar o‘zimni bundan ajratib qo‘yadigan bo‘lsam, allaqachon fosh bo‘lardim. Aftidan, men shu xalqni va shu mamlakatni sevaman... Haqiqatan ham, Gitlerlar kelib-ketaversa kerak?!»

Bu yog‘iga yo‘l ochiq edi, Shtirlits mashinaga to‘la gaz berdi. U keskin burilishlarda rezina ishdan chiqishini bilardi, shinalar ham topilmas matoh bo‘lib qolganidan xabardor edi, ammo u burilishlarda rezinaning chiyillab, mashinaning esa xuddi to‘lqin paytidagi qayiqday qiyshayib ketishini yaxshi ko‘rardi.

Kepenikda, Ervin va ket uyiga buriladigan joyni politsiyachilar qurshab olgandilar.

– Nima gap? – so‘radi Shtirlits.

– Ko‘cha vayron bo‘lgan, – javob berdi yoshgina, ranglari oqargan shutsman, – ular qandaydir qudratli torpedo tashlashibdi.

Shtirlits peshanasidan ter chiqqanini sezdi. «Ha, shunday, – darhol payqadi u, – ularning uyiga ham tushibdi».

Shu yillar mobaynida u ko‘ngilga keladigan narsani tahlil qilishga o‘rganib qolgandi. Voqeani oldindan sezish – bu xurofot va bo‘lmagan gap degan odamlarga hayron bo‘lardi. Shtirlits muhim voqeani doim bir kun yoki ikki kun oldin sezardi. U atrofida bo‘layotgan narsalarni radiolokator10 kabi his etardi. Har bir kishi voqeani oldindan sezishga qodir, ammo ko‘pchilik o‘zlarida mavjud bo‘lgan bu qobiliyatni o‘stirishga harakat qilmaydi deb ishonardi.

– To‘qqizinchi uy-chi? – so‘radi u. – U ham vayron bo‘lganmi?

– Ha, butunlay vayron bo‘lgan.

Shtirlits mashinasini yo‘lakka chiqarib qo‘ydi-da, o‘ng tomondagi ko‘chaga burildi. O‘sha ko‘rinishidan kasalmand shutsman uning yo‘lini to‘sdi:

– Janoblari, bu yoqqa o‘tish man etilgan.

Shtirlits yoqasini ko‘tarib, belgisini ko‘rsatdi. Shutsman chest berib, dedi:

– Sapyorlar asta-sekin portlaydigan bomba yo‘qmikan deb shubha qilishyapti...

– Bo‘lsa birga portlarmiz, – horg‘inlik bilan javob berdi Shtirlits va xarobaga aylangan to‘qqizinchi uy tomon qadam tashladi.

U haddan tashqari charchaganini sezdi, shoshilmay, sekin yurgisi kelardi, ammo odatdagicha tez va ravon qadam tashlashi yuzidan sehrli tabassum arimasligi lozimligini bilardi. U shunday qildi ham. Uning ko‘z oldida ket turardi. Uning qorni ancha qappayib, dumaloq bo‘lib qolgandi. «Qiz bo‘lsa kerak, – degan edi bir kuni u. – Qorin cho‘ziqroq bo‘lib o‘ssa, o‘g‘il tug‘ilarmish, men bo‘lsam, albatta, qiz tug‘aman».

– Hamma halok bo‘lganmi? – so‘radi Shtirlits o‘t o‘chiruvchilar ishini kuzatib turgan politsiyachidan.

– Aytish qiyin. Bomba ertalabga yaqin tushgan, sanitar mashinalar juda ko‘p kelgandi...

– Buyumlari omon qolganmi?

– Qayoqda... Anavi atalani qarang...

Shtirlits bolali, yig‘layotgan bir ayolga aravachasini yo‘lkaga chiqarishga yordamlashib yubordi-da, mashinasi yoniga keldi...

* * *

– Oyi, oyijon!.. – deb qichqirardi ket. – E, xudo! Oyijo-o-on! Yordam beringlar, yordam!

U stol ustida yotardi. Uni tug‘ruqxonaga kontuziya bilan olib kelgandilar: boshi ikki joydan yaralangan edi. U allaqanday uzuq-yuluq so‘zlarni aytardi, bu yordamga chaqiruvchi rus so‘zlari edi.

Baqiroq, ovozi xirildoq toyloqday o‘g‘il bolani qo‘lga olgan shifokor doyaga:

– Polyak ayoli ekan, ammo qo‘chqorday bola tug‘di-ya, – dedi.

– U polyak emas, – dedi doya.

– Bo‘lmasa kim? Rusmi? Yoki chexmi?

– Pasportida nemis, – javob berdi doya. – Uning paltosi cho‘ntagida ketrin kin nomiga berilgan pasporti bor ekan.

– Balki, boshqa birovning paltosidir?

– Balki shundaydir, – ko‘ndi doya xotin. – Buni qarang, qanday do‘mboq – kamida besh kilogramm. Chiroyliligini qarang... Gestapoga o‘zingiz telefon qilasizmi yoki keyinroq men telefon qilaymi?

– Siz qilib qo‘ya qoling, – javob berdi doktor, – lekin keyinroq... Hali ishimiz ko‘p...

 

 

----------

* Radiolokator – radioto‘lqinlar yordamida obektlarning turgan joyini aniqlovchi qurilma.