Asarlar
April 24, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qismi

Karl Volf Gimmler xonasidan chiqqach, reyxsfyurer xuddi qotib qolganday joyida uzoq vaqt qimir etmay o‘tirdi. U hozir vahimaga tushmagandi, yo‘q. Har holda o‘zini shunday sezardi. U hayotida birinchi marta murtad bo‘ldi. U maslagidan qaytganlarni ko‘p ko‘rgan, qirq to‘rtinchi yilning iyulida kim g‘olib chiqar ekan deb murtadlarga xalaqit bermay kuzatib kelgan ham edi, ammo hozir uning o‘zi davlatga nisbatan xoinlikka yo‘l qo‘ydi: dushman bilan muzokara olib borganlik uchun o‘lim jazosiga mahkum etilishi turgan gap. Gering bilan suhbat qilganida doim oldini olib, hushyor turardi: faol siyosiy hayotdan chetlashgan bu odamning kayfiyatini bilishga urinardi. Agar o‘tgan yilgi iyul fitnasidan uning xabardorligi oshkor bo‘lib qolsa, barcha fitnachilar tezda qamoqqa olinganliklarini ro‘kach qilib, buni rad etishi mumkin edi: «Men ular bilan mushuk-sichqon o‘ynagandim, ularning hammasi mening changalimda edi. Shtaufenberg – ekstremist, hayot esa tasodiflardan xoli emasmi, buning ustiga shaxsan o‘zim bunkerda, fyurerning yonida edim – bundan yaxshi dalil topish mumkinmi, axir?»

Hozir esa karl Volf to‘g‘ridan-to‘g‘ri Dalles bilan aloqa bog‘lash uchun – SSning oliy lavozimdagi zobiti bilan ittifoqchilarning oliy lavozimdagi ayg‘oqchisi o‘rtasida aloqa bog‘lash uchun Shveysariyaga jo‘nab ketdi.

Gimmler odatdagidek ko‘zoynagini qo‘liga oldi – bugun u maktab o‘qituvchilari taqadigan gardishsiz ko‘zoynak taqqan edi – va shishasini mayin charm bilan arta boshladi. U o‘zida qandaydir o‘zgarish bo‘lganligini sezdi. Bu o‘zgarish nimadan iboratligini darhol payqay olmadi, ammo keyin kulib qo‘ydi. «Men harakat qila boshladim, – payqadi u. – Harakat qilmay qotib qolishdek azob narsa bo‘lmasa kerak – bu qo‘rqinchli tush ko‘rgan bilan barobar».

U Shellenbergni chaqirdi. Siyosiy maxfiy kuzatuv xizmati boshlig‘i uchinchi qavatda, o‘z xonasida emas, balki xuddi qabulxonada kutib turgandek bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Gimmler huzuriga kirib keldi.

– Volf Dalles bilan aloqa bog‘lagani uchib ketyapti, – dedi Gimmler barmoqlarini shiqirlatib.

– Oqilona ish bo‘libdi...

– Bu tentaklik, Shellenberg, bu tentaklik va avantyurizm.

– Siz fosh bo‘lish mumkinligini nazarda tutyapsizmi?

– Men mumkin bo‘lgan bir necha vaziyatni nazarda tutyapman! Buni siz qildingiz, hammasini siz qildingiz! Meni bu yo‘lga siz boshladingiz!

– Agar Volf ishi barbod bo‘lsa, hamma ma’lumotlar o‘z qo‘limga kelib tushadi.

– Ular avval anavi venalikning qo‘liga tushishi mumkin...

Shellenberg Gimmlerga savolomuz tikildi.

U jahl bilan tushuntirdi:

– kaltenbrunnerga. Ana unda ma’lumotlar

kimga tegadi – Bormangami, mengami – bunisini bilmayman. Bu xildagi ma’lumotlar qo‘liga tekkach, Bormanning nimalar qilishini o‘zingiz bilasiz. Bular fyurerga yetkazilgach va buning ustiga Bormanning izohlari bilan unga qanday ta’sir etishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring.

– Men bu imkoniyatni ham tahlil qilib chiqqanman.

Gimmler afsuslangandek yuzini burishtirdi. Hozir unda Volfni qaytarish, uni shu yerda qoldirib, oralarida bo‘lib o‘tgan gaplarni esdan chiqarib, xotiradan butunlay o‘chirib tashlash istagi kuchaygan edi.

– Men bu imkoniyatni tahlil qilib chiqqanman. Birinchidan, Volf Dalles bilan muzokarani sizning nomingizdan olib borish u yoqda tursin, hatto o‘z nomidan ham olib bormaydi. U feldmarshal kesselring nomidan olib boradi, chunki u Italiyada kesselringga itoat qiladi. U – Italiyadagi qo‘shinlar qo‘mondonining o‘rinbosari, u bevosita sizga itoat qilmaydi...

Gimmler darhol Shellenbergga qarab qo‘ydi.

«Aqli raso odam, – o‘ylardi u. – Hammasi ravshan gap-ku! Gering bilan qilgan suhbatimga ham mos tushadi!»

Feldmarshal kesselring bir vaqtlar lyuftvaffe bo‘yicha Geringning yordamchisi edi. Hamma uni Geringning odami deb hisoblardi.

– Bunisi yaxshi, – dedi Gimmler. – Buni oldindan o‘ylab qo‘ygan edingizmi yoki hozir kelib qoldimi xayolingizga?

– Bu narsa Volfning jo‘nab ketishini eshitishim bilanoq kelgandi miyamga, – javob berdi Shellenberg. – Cheksam ruxsat berasizmi?

– Ha, marhamat, – javob berdi Gimmler. Shellenberg tamaki tutatdi – o‘ttiz oltinchi yildan beri u faqat «kemel» tamakisini chekardi va boshqasini tan olmasdi. Bir vaqtlar, qirq ikkinchi yilda Amerika urushga qo‘shilganda:

«Dushman tamakisini qayerdan oldingiz?..» – deb so‘rashganda, Shellenberg: «Yo tavba, Amerika tamakisini sotib olsam – Vatan xoini bo‘lib qolar ekanman-da...» – deb javob qaytargan edi.

– Men hamma imkoniyatlar, hatto ko‘ngilsiz imkoniyatlar to‘g‘risida ham o‘ylab qo‘yganman.

– Ya’ni, masalan? – hushyor tortib so‘radi Gimmler. U tinchlangan, o‘zini o‘nglab olgandi, oqilona istiqbol yo‘li ham topildi, hamma ish shunchalik ravon borsa, qanday ko‘ngilsiz hodisa yuz berishi mumkin?

– Bordi-yu, kesselring yoki bundan ham battarrog‘i – uning homiysi Gering bu voqeadan aybdor emasliklarini isbot etsalar-chi?

– Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz mumkin. Buning barvaqt oldini olib qo‘ying.

– Biz-ku buni bajaramiz, lekin siz ham o‘rinbosaringiz kaltenbrunnerni haqli ravishda mazkur operatsiyamizdan chetlatib qo‘ydingiz. Xuddi shu kishi yuqoridagi imkoniyatga yo‘l qo‘yishi mumkin. Xuddi shu kishi va yana Myuller.

– Yaxshi, yaxshi, – dedi Gimmler horg‘inlik bilan, – xo‘sh, nimani taklif qilmoqchisiz?

– Men bitta o‘q bilan ikki quyonni otishni taklif qilardim.

– Bunday bo‘lishi mumkin emas, – javob berdi Gimmler yanada horg‘inroq va so‘niq ovoz bilan, – aytgandek, men ovchi emasman...

– Fyurerning ittifoqchilar bir-birlaridan ajralib ketish arafasida turibdilar degani rost emasmi? Binobarin, ularni ajratib tashlash bizning asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak emasmi? Agar Stalin SS generali Volf g‘arbiy ittifoqchilar bilan separat muzokaralar olib borayotganini eshitib qolsa nima qiladi? Uning nima qilishini bilmayman, albatta, lekin qandaydir xatti-harakat boshlashiga ishonchim komil. Demak, Volfning muzokaraga borishiga biz Stalinga yetkaziladigan soxta ma’lumot deb nom qo‘yamiz – fyurer foydasiga qilinayotgan tadbir emasmi?

Ya’ni, bizning niyatimiz muzokaralar – Stalinni laqillatish uchun ishlatilgan afsona bir gap! Agar operatsiya barbod bo‘lsa, fyurerga ana shunday deb tushuntiramiz.

Gimmler o‘tirgan kursisidan qo‘zg‘aldi – u oromkursida o‘tirishni yoqtirmasdi va hamisha oddiy kursida o‘tirar – deraza yoniga borib, uzoq vaqt Berlin vayronalarini tomosha qilib turdi. Ba’zi joylarda maysalar ham ko‘rinib qolibdi. Maktabdan xushchaqchaq bolalar kelishyapti. Ikki ayol bolalarini aravachada olib ketyapti. Gimmler bularni kuzatar ekan, ancha xotirjam tortdi va xayoliga: «Qani o‘rmonga borib, gulxan yonida tunasang. Juda aqlli odamda bu Valter, xudo haqi...» degan fikr keldi.

– Bu gaplaringiz ustida o‘ylab ko‘raman, – orqasiga qaramay dedi Gimmler. U Shellenberg g‘alabasini o‘ziniki qilib olmoqchi edi. Shellenberg doimo o‘z g‘alabalarini unga va Geydrixga qo‘sh qo‘llab topshirib kelgani kabi, bu g‘alabasini ham jon-dili bilan reyxsfyurerga topshirishga tayyor edi. Shuning uchun ham bunday dedi u:

– Tafsilotlari ham qiziqtiradimi sizni, yoki mayda-chuydalar ustida o‘zim bosh qotiraveraymi?

– O‘zingiz amallayvering, – javob berdi Gimmler, ammo Shellenberg eshik tomon qadam tashlaganida, u o‘girilib: – aslini olganda, bu ishda mayda-chuyda narsalar bo‘lmasligi kerak. Siz aniq nimani nazarda tutyapsiz?

– Birinchidan, himoya operatsiyasi kerak...

Ya’ni: G‘arb bilan muzokara uchun biror kishini, o‘zimizniki emas, albatta, nishon qilib qo‘yish kerak... keyinchalik o‘sha kishi haqidagi ma’lumotlarni... fyurerga yetkazamiz... Bu esa bizning maxfiy kuzatuv xizmatning g‘alabasi bo‘ladi: dushmanlarning yovuz niyatlarini barbod qilgan bo‘lamiz – Gebbels ham, menimcha, shunday deb eshittirishlar berib turadi, shekilli... Ikkinchidan, Volfni kuzatadigan minglab ko‘zlar bor. Shu minglab ko‘zlar orasida bizning ayg‘oqchilarimiz ham bo‘lishi mumkin, ular xabar berib turadilar. Xabar kimning qo‘liga tushadi? kimning ayg‘oqchisi – mening ayg‘oqchimmi yoki Myullerning ayg‘oqchisimi – qaysi birinchi bo‘lib xabar qiladi?

Vaziyatga sog‘lom baho beradigan ziyolimi yoki kaltenbrunnerga o‘xshagan ko‘r-ko‘rona ish tutuvchimi? Binobarin, g‘arbiy ittifoqchilarning kuzatuvchi minglab ko‘zlari qatori mening ham besh-olti «ko‘zim» bo‘lishini istay man. Volf bizning odamlarimiz haqida hech narsa bilmaydi – ular axborotni bevosita menga yuborib turadilar. Bu oldingi dalillarga qo‘shimcha bo‘ladigan uchinchi dalildir.

Agar ish barbod bo‘ladigan bo‘lsa, Volfni qurbon qilishga to‘g‘ri keladi, ammo uni kuzatish natijasida tushgan ma’lumotlar bizning dalillarimizga qo‘shimcha bo‘ladi.

– Sizning, – uni to‘g‘rilab qo‘ydi Gimmler, – sizning dalilingizga.

«Yana qo‘rqitib yubordim, – o‘ylardi Shellenberg, – bu dalillar uni vahimaga solmoqda. U tavakkal ish tutishdan cho‘chiydi, u umuman har bir narsadan cho‘chiydigan odam. Undan faqat qat’iy rozilik olib, qolgan ishni o‘zim qilaverishim kerak.

– U yerga kimni yubormoqchisiz?

– Ixtiyorimda juda sizbop nomzodlar bor, – javob berdi Shellenberg, – ammo bunisi sizni muhim ishlardan chalg‘itishga arzimaydigan mayda-chuyda dalillar, ularni o‘zim hal qilaveraman.

Shellenberg birinchi vazifani bajaruvchi nomzodlar ro‘yxatini tuzib qo‘ygan edi, bu ro‘yxatda fon Shtirlits bilan u «homiylik qilgan» pastor ham bor edi.