OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Vikariolar uyi behasham, oddiygina edi: devori g‘ishtdan urilgan, tomi xurmo shoxlari bilan yopilgan, tomida ikkita tuynuk bo‘lib, yanvarda uchib kelgan qaldirg‘ochlar in solardi. Oynaband ayvondagi gultuvaklarga qo‘yilgan gullar to‘rt fasl mobaynida barq urib, yashnab turar, nariroqda choqqina ichkari hovlidagi mevali daraxtlar tagida esa tovuqlar qaqaqlab, nasibasini terib yurar edi. Tashqari hovlida akauka egizaklar molxona qurgan, uning yonida qurbonlik bo‘g‘izlanadigan «muqaddas joy», go‘sht chopiladigan kundalar ko‘zga tashlanadi – Ponsio Vikarioning ko‘zi ojizlanib, dunyo mehnatidan qutulgach, qora qozonni qaynatadigan, oilaga daromad beradigan asosiy manba shu yer bo‘lib qolgan. Butun ishni Pedro Vikario o‘z qo‘liga olgandi, u harbiy xizmatga ketgach, sallohlik va qassoblik anjomlari Pabloga qoldi.
Uylar tangu tor, yotibturishgagina yarardi, kelinning opalari to‘yning bunchalik kattalashib ketganidan o‘zlarini yo‘qotib, qo‘shnilarning uyini so‘ramoqchi ham bo‘lishdi. «Opalarimning farosatsizligini qaraya, – dedi menga Anxela Vikario ularni yozg‘irib, – la’nati Plasido Lineroning uyini so‘raymiz, deb turishgandi, otam bu gapdan xabar topib, qizlarimning to‘yi mana shu katalakda o‘tadi, xohlashmasa, katta ko‘cha, menga desa, bir umr ersiz o‘tirishsin, deb so‘kib berdi». Uy eski bo‘yog‘i ustidan yana sariqqa bo‘yalgan, devoridagi yoriqlar suvabtekislangan, xonalarning poli tuzatilib, yangitdan bo‘yalgan, xullas, xonadon dabdabali to‘ytomoshaga mos bir holatga keltirilgan edi. Egizaklar tashqari hovlidan hayvonlarni boshqa joyga ko‘chirishdi, molxonani ohaklab, supuribsidirishdi, shunda ham bari bir joy tor edi. Oxiri Bayyardo San Romanning maslahatiga amal qilishib, atrofdagi taxta de vorlarni o‘rnidan ko‘chirib, hovli sahnini kengaytirishdi; qo‘shnilar bilan ham kelishildi: o‘yin ularning tashqi hovlisida o‘tadigan bo‘ldi, doimo yamyashil ochilib turadigan tamarhindiy daraxtlari ostiga uzun yig‘ma xontaxtalar va kursilar o‘rnatildi.
To‘ydan oldin kuyov kichkinagina bir tomosha ko‘rsatdi – to‘y kuni ertalab kelishilgan vaqtdan rosa ikki soat kech keldi, shunda Anxela Vikario, nikoh liboslarini kiymayman, deb rosa xarxasha qildi. Ko‘ngillarni hayajon va hadik buluti qopladi. «Kelmasa kelmay o‘lsin, ochiq mozorga borsin edi! – dedi menga Anxela Vikario o‘sha kunni eslab. – Ko‘zimga mutlaqo ko‘rinmay, izi qirilib ketsayam xursand bo‘lardim, ammo kelinlik ro‘moli boshimda, kuyovsiz yolg‘iz o‘tirishga chidayolmasdim, alam o‘tgandi». Uning ranju xavotiri o‘rinli edi; axir ayol zoti uchun kelinlik kiyimiga yetishgan kuni kuyovi tashlab ketib, ikki qo‘lini burniga tiqib, chapagini chalib qolaverishdan beshbattar sharmandalik yo‘qda. O‘shanda Anxela Vikarioning iffatsizligi, taqdir qahridan qo‘rqmay boshiga gulchambar kiyib, oq ro‘mol o‘raganidan odamlar g‘azablanishdi, bu qizlik sha’nini, poklikni oyoq osti qilishdir, deyishdi. Faqat mening onamgina Anxela Vikarioning o‘z niyatini amalga oshirishda qat’iy, sobit turganini to‘g‘ri izohlab: «O‘sha paytda uning shunday yo‘l tutishi Xudogayam xush kelgan», – dedi. Biroq Bayyardo San Romanning asl maqsadi ham, qismati ham hech kimga ma’lum emasdi. U frak va silindr kiyib, tunda paydo bo‘lgan ondan boshlab, bazmu o‘yinning oxirigacha ommaga saodatmand kuyov qiyofasida ko‘rinib, o‘ynabkulib yurgan.
Santyago Nasarning hayotiga bularning nechog‘lik aloqadorligiyu, uning umr shomi bu mash’um to‘y oqshomi bilan naqadar bog‘liqligi ham barchaga qorong‘i edi. Men, Santyago Nasar, Kristo Bedoyya va ukam Luis Enrike to‘rtovlon cherkovda, to‘yu tomoshada birga bo‘lardik, o‘sha kuniyam ajralmagandik, ammo, voajab, Santyago Nasarning yuzko‘zida biror o‘zgarish yo hadik alomatini sezmadik. Bolalikdan birga o‘sdik, maktabda o‘qidik, ta’tillarni ham to‘rtovlon birga o‘tkazganimiz tufayli oramizdan qil o‘tmas edi, ammo yigitchilikda bo‘ladigan ishlar: kimkim bilan qanday aloqa o‘rnatganiyu, ishrat qilganini bilganimiz holda Santyago Nasarning ana shu siridan bexabarligimiz barchani birday taajjubga solardi. Shu haqda, mendan so‘raganlarga o‘zimcha javob ham berdim.
Santyago Nasar bayramni, to‘ytomoshani jonidan ortiq ko‘rardi, o‘sha kuniyam to‘yga ketgan sarfxarajatni hisoblarkan, o‘limi oldidan bemisl bir lazzatni tuygan edi. Uning hisobiga ko‘ra, cherkovni bezatish uchun sotib olingan gullarning puliga o‘n to‘rtta dafn marosimini oliy darajada o‘tkazsa bo‘larkan. Uning bu gapini uzoq yillar yodimdan chiqarmadim. Santyago Nasar, xonadagi gul isi menga o‘limni eslatadi, deb ko‘p marta ta’kidlagandi, bu gal ham, cherkovga kiraverishda, ayni shu sovuq so‘zni tilga oldi. «Men o‘lsam, tobutimga gul qo‘ymanglar», – degandi so‘ngra; albatta, o‘shanda ertasiga uning bu vasiyatini bajarish uchun nechog‘lik yelibyugurishim lozimligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Cherkovdan Vikariolar uyiga qaytishda u ko‘chalarni yasatishga ketgan gulchambaru qog‘ozgullar narxini, mashshoqlaru raqqoslarga, portlagichu mushaklarga, hattoki ko‘chako‘yda to‘yga kelganlar boshidan siqimlab sochilgan guruchga sarf etilgan pulni ham tiyinmatiyin hisoblab, jamlab bordi. Choshgohda, havo ayni dim bo‘lgan bir pallada, rusumga ko‘ra, kelinkuyov yetaklashib, hovlini aylanib chiqishdi, ubudan totinishdi. Bayyardo San Roman allaqachon bizga elakishib ketgan, hamshishamizga aylangan, ayni vaqtda yonimizga kelib o‘tirib, o‘zini juda xushkayf, xushsuhbat tutar edi. Anxela Vikario gulchambari bilan oq ro‘molini yechib qo‘ygan, terlaganidan atlas ko‘ylagi badaniga yopishib turar, o‘zi ham birdan juvon qiyofasiga kirib qolganday ko‘rinardi. Santyago Nasar hamon hisobkitob bilan mashg‘ul bo‘lganidan Bayyardo San Romanga qarab, hozirgacha to‘yga to‘qqiz ming pesoga yaqin pul sarflanganini bildirdi. Anxela Vikarioga bu betamizlik bo‘lib tuyildi. «Onam menga, begonalar oldida pul va sarfxarajag xususida gapirish aybdir, deb tarbiya bergan», – dedi u keyinchalik menga o‘sha holatni izohlarkan. Alalhol Bayyardo San Roman Santyago Nasarning bu gapini eshitib, ma’qulladi va hatto bundan mag‘rurlandi.
– Endi to‘qqiz ming ketibdimi? – dedi u beparvo. – To‘y endi boshlanyapti. Bazm o‘tgach, bu hisob ikki baravar ortadi.
Shunda Santyago Nasar, sarfni to‘y oxirigacha, eng so‘nggi sentavosigacha hisoblayman, keyin tekshirib ko‘ringlar, dedi va bevafo umrining so‘nggi muddatidagi vafosi bois bu va’dasini bajardi. Ertasiga, falokatdan rosa qirq besh daqiqa avval, biz yana bandargohda uchrashganimizda, Kristo Bedoyya unga hisobkitobda yetmay turgan so‘nggi raqamlarni aytganda, u Bayyardo San Romanning taxmini to‘g‘ri ekaniga amin bo‘ldi.
Bu to‘y to‘g‘risida ilgarilari elaselas eslardim, keyinchalik, odamlar xotirasidagi shu tarixga oid asl tafsilotlarni singan ko‘zgu parchalaridek birbir teribyig‘ib, tasavvurimda tiklagach, ko‘p narsalar ravshanlashdi. Otamning ana shu to‘yda g‘ijjak chalganini, rohiba singlimning zohidalar kiyimida merengega* raqs tushganini, onamning o‘gay akasi, doktor Dionisio Iguaranning yepiskopni yoqtirmasligi bois o‘sha kuni poshsholik kemasida safarga jo‘nab ketganini – barchasini bizning uydagilar uzoq yillar mobaynida xotirlab gapirib yurishdi. Men bu asarni yozishdan oldin o‘sha voqeaning shohidlarini topib, so‘rabsurishtirib, suiqasd va qotillikka rasman oidu nooid juda ko‘p tafsilotlarni to‘pladim; masalan, Bayyardo San Romanning ofatijon singillari barchaning yodida qolgan ekan: o‘shanda barqut ko‘ylaklarining yoqasiga tilla kapalak shaklidagi to‘g‘nog‘ichni qanotidan qadab olgan ikkovini ko‘rgan bani odam aqlidan ayrilib termilardi; binobarin, generalning boshidagi qo‘sh qarqarasi va ko‘ksidagi yaltillagan nishonlaridan ko‘ra hamma uning malohatli qizlariga ko‘proq qarardi. To‘y, o‘yinkulgi rosa avjiga minganda, o‘ylabnetib o‘tirmay, endigina boshlang‘ich maktabni tugatgan Mersedesga, menga tekkin, degandim – shuniyam odamlar esimga solishdi; o‘n to‘rt yil o‘tgach, unga uylanganimda, ayni shu so‘zlarni Mersedesning o‘ziyam bir necha bor gapirgan. O‘sha mash’umu balokash yak shanbada, hovlining o‘rtasida, kursida o‘tirgan bechora chol Ponsio Vikarioning qiyofasi bir umr yodimdan chiqmas. Aftidan, shu yer eng obro‘li joy, deb o‘ylab, yaqinlari uni hovlining o‘rtasiga o‘tirg‘izib qo‘yishgandi, ammo o‘tganketgan mehmonlar unga urilib, qoqilishar, tanimaganlar qandaydir kimsasiz, badbaxt ko‘r, deb o‘ylashar, qarindoshurug‘lari esa, chol odamlarga xalaqit bermayaptimikan, deya xavotirlanishar edi. Mo‘ysafid oppoq sochli boshini salomlashganday saraklatib qo‘yar, yaqindagina ko‘zi ojiz tortgan bechora so‘qir bandaning yuzida besaranjomlik, hayajon qotib qolgan edi; u goho savollarga javob qaytarsa, goho birovlarga berilgan salomga alik olar, bundan o‘zida yo‘q xursand edi; uning ohorlangan ko‘ylagi qalin qog‘ozdan tikilganday do‘ppayib turar, qo‘lida to‘yona qilingan, og‘ochdan yasalgan hassani o‘ynatib turar edi.
Kechki soat oltida oliynasab, faxrli mehmonlar xayrxo‘shlashib jo‘nashdi, to‘yning tantanali qismi shu bilan poyoniga yetdi. Kema qo‘zg‘alib, anvoyi rang shu’lalar taratib bandargohdan uzoqlasharkan, pianolada chalingan musiqa sadolari ham go‘yo uning ortidan suzib bordi; biz xuddi jar yoqasida osilib qolganday hushimizdan ayrilib, bir fursat qotib qoldikda, so‘ng birbirimizga qarab, o‘zimizga kelib, yana o‘yinkulgi, bazmu maishat girdobiga sho‘ng‘idik. Bir oz fursatdan keyin olomon o‘rtasidan arang yo‘l topib, usti ochiq avtomobilda kelinkuyov kirib kelishdi. Bayyardo San Roman portlagich mushaklarni otdi, kimlardir shakarqamish mayidan uzatgan edi, u mayni shishapishasi bilan ko‘tarib, og‘ziga quyib, qultillatib ichdida, so‘ng Anxela Vikarioni qo‘ltiqlab mashinadan tushdi va kumbiyaga** raqs tushayotganlar davrasiga qo‘shilib, to holdan toyguncha o‘ynadi. Oxiri u odamlarga: puli to‘langan, mashshoqlar hech yoqqa jilmaydi, yiqilib qolguncha o‘ynabkulinglar, deb buyurdida, o‘larday qo‘rqib, joni halqumiga kelgan xotinini yetaklab, qachonlardir beva Ksius baxtiqbol nashidasini surgan, keyinchalik mahbubasiga matlub bo‘lgan uyga kirib ketdi.
Yarim kechada olomon tarqaldi, maydonda yana Klotilde Armentaning sut do‘konigina so‘ppayib qoldi. Santyago Nasar, men, ukam Luis Enrike va Kristo Bedoyya birgalashib, Maryam Alexandrina Servantes xonimning lazzatijon uyiga jo‘nadik. U yerda o‘tirganlar ichida egizak Vikariolar ham bor edi, ular bizga qo‘shilishib may ichishdi, Santyago Nasar bilan – uni o‘ldirishlaridan besh soat avval rosa qo‘shiq aytishdi.
To‘ydan qaytayotgan kishilarning mastalastlarcha baqiriqchaqiriqlari, so‘kinishlari qayoqlardandir hamon eshitilib turardi. Ularning tovushi qandaydir mahzun, alamli tuyilardi; nihoyat, yepiskop tushgan kema kelmasidan sal burun, bu ovozlar tindi.
Pura Vikarioning onamga aytishicha, u kechki soat o‘n birlarda, to‘yning to‘sto‘poloni tinchigach, qizlari bilan uyni salpal tartibga keltirib, uxlagani yotgan. Undan oldinroq, soat o‘nlarda, katta ayvonda hamon bir guruh mayparastlar aysh surib o‘tirishgan. Anxela Vikario yotog‘ida turgan, ayrim narsalari solingan sakvoyajiga kishi yo‘llagan: onasi unga ba’zi kiyimlari, choyshablar taxlangan jomadonni ham berib yubormoqchi bo‘lganu, biroq kishi azbaroyi oshiqayotganidan jomadonni olmagan.
Eshik taqillaganda, Pura Vikario dong qotib uxlab yotgandi. «Eshik sekinsekin uch marta taqilladi, – degan u onamga. – Eshitdimu ko‘nglim bir falokat yuz berganini sezdi». U chiroqni yoqmasdan va hech kimni uyg‘otmasdan, ohista eshikni ochgan, ko‘chadagi chiroq yorug‘ida Bayyardo San Romanni ko‘rgan: uning tugmalari qadalmagan oq qo‘ylagi ustidan rangin shimiga yelkalari osha taqilgan shimtasmasi osilib turardi. Pura Vikario onamga: «U bamisoli aloqchaloq tushda ko‘rinadigan ajinaday yamyashil edi», – degan. Anxela Vikario qorong‘ida berkinib turgan, so‘ng Bayyardo San Roman uning qo‘lidan tutib yoruqqa sudrab chiqqan. Badanining u yerbu yeridan atlas ko‘ylagining yirtiqlarigina osilib qolgan Anxela dumbasiga sochiq o‘rab olgan edi. Pura Vikarioning ko‘ziga ular, go‘yo jarga avtomobildan uchib tushib o‘lganlaru, ayni asnoda ruhlari bu yerga kelganday tuyildi.
– Yo, piray, ey qodir egam! – deya xitob qilgan u qo‘rquvdan dag‘dag‘ titrab. – Agar tirik bo‘lsalaring, javob beringlar: nima gap o‘zi?
Bayyardo San Roman ostonani hatlamagan, bir so‘zam demasdan bir kechalik xotinini ohista itarib, eshikdan ichkari kiritgan. So‘ngra Pura Vikarioning yuzidan o‘pib, chuqur alam va kiborlarcha nazokat bilan:
– Onajon, rahmat sizga. Siz judayam oliyjanob ayolsiz, – degan.
Keyingi o‘tgan ikki soat mobaynida neki ro‘y bergan – bari faqat Pura Vikariogagina ayon edi, afsuski, u bilganlarini o‘zi bilan birga go‘riga olib ketdi. «Birgina narsa esimda qolgan, – deya iqror bo‘ldi menga Anxela Vikario, – onam bir qo‘li bilan sochimdan o‘rab, bir qo‘li bilan jazavasi tutganicha shunday savaladiki, bu urishida o‘ldirib qo‘yadi, deb rosa qo‘rqdim. Ammo volidayi notavon sharmanda qizini shunchalar ehtiyotkorona kaltaklaganki, narigi xonada uxlayotgan eri va katta qizlari biror tovushsharpani sezishmagan; qon to‘kilib, falokat qo‘pgunicha ko‘z ochishmagan.
Akauka qassoblar tungi uchlarda uyga qaytishgan – shu zahoti ikkovini onasi chaqirgan. Ular Anxela Vikarioni oshxonadagi divanda yuztuban yotgan, beti ko‘karib, qontalashgan, yig‘idan tiyilgan bir ahvolda ko‘rishgan. «Harqalay, o‘shanda qo‘rquvni unutib, o‘zimni tutib olgandim, – dedi menga Anxela Vikario. – Anchadan beri yuragimni tuzday achishtirayotgan vasvasadan, talvasali tushdan forig‘ bo‘lib, dilim taskin topgandi. Endi faqat bir narsani gapso‘z tugashini, tinchgina o‘ringa cho‘zilib uxlashni istardim». Pedro Vikario sal jangariroq edi, u Anxelaning belidan dast ko‘tarib, stol ustiga o‘tqazib qo‘ydida:
– Qani, ichingdagini yashirmay ayt, – dedi g‘azabdan titrabqaqshab. – Kim buzgan seni?
U bir ismni aytish uchun qancha fursat zarur bo‘lsa, shuncha vaqt indamay, tili kalimaga kelmay turdi. U qorong‘ilikka tikilganicha go‘yo o‘sha nomni axtarardi, nihoyat har ikki dunyoga mansub insonlar ismi orasidan izlaganini topdi va xuddi begunoh kapalakni tutib olib, qanotidan devorga nechog‘lik vahshiyatla mixlab qo‘yilsa, shundayin shafqatsizlik bilan:
– Santyago Nasar! – dediki, shu asnoda azaldan ma’lum hukm o‘qildi va ajal elchilari yo‘lga tushdi.
Oqlovchi, qotillik inson sha’nini himoya qilish zaruriyati tufayli ro‘y bergan, buni sud hay’ati inobatga oladi, dedi. Javobgar akaukalar so‘nggi so‘zlarida agarda nomuslari toptalib, yana ming bor shunday vaziyat tug‘ilsa, yana ming bor shu ishlarini takrorlashlarini aytishdi. Ular jinoyat qilib qo‘ygach, bir necha muddat sarosimalanib turishganda, keyin cherkovga borib, qo‘limizni qonga botirdik, deya tan olishgan – xuddi ana shu paytda, biz uni nomusimizni bulg‘agani uchun o‘ldirdik, deb o‘zlarini oqlashlari mumkinligini o‘ylashgan va shu bahonaga mahkam yopishib olishgan. O‘shanda Santyago Nasarning so‘yilganini eshitgan arablar ham qonsirashib, darhol sallohlar izidan tushishgan. Akaukalar ta’qibdan qochib, halloslaganlaricha to‘ppato‘g‘ri dorilqavmga kirishgan va padar Amadorning oldiga qoni artilgan pichoqlarini qo‘yishgan. Eng og‘ir mehnatlardan biri – o‘ldirish mehnatidan ikkovining ham sillasi qurib, adoyi tamom bo‘lgan kiyimlari, qo‘llari ter hamda hali qotib ulgurmagan inson qoni bilan qoplangan edi. Kashish qotillarning o‘z oyoqlari bilan dorilqavmga kirib kelganlarini ma’qullab, imonlarining salomatligidan minnatdorligini bildirdi.
– Biz uni qasddan o‘ldirdik, – dedi Pedro Vikario, – biroq aybimiz yo‘q.
– Yo, Parvardigorim, balki Tangri oldida begunohdirsiz, bo‘talarim, – dedi padar Amador.
– Xudoning ham, bandaning ham oldida begunohmiz, – qat’iy dedi Pablo Vikario. – Nomusimiz pok bo‘lsin, deb shu halol ishni qildik.
Akaukalar keyinroq, jinoyatni aniqlash asnosida bundanam beshbattarroq bezbetlik qilish di, zarracha aybimiz yo‘q, oppoqmiz, deb turib olishdi, natijada Plasida Lineroning ko‘cha eshigi poshsholik hisobiga tuzatib berildi – sallohlar Santyagoni o‘ldirishdan sal avval eshikka pichoq uraura payrahasini chiqarib, buzib tashlashgan edi. Ular Rioachadagi qamoqxonada uch yillik muvaqqat qamoq muddatini o‘tashdi, pullari yo‘qligidan ozodlikda yurish uchun zarur to‘lovni to‘lay olishmadi; hibsdagilar ham ikkala birodarni ochiqligi va samimiyligi bois yoqtirib qolishdi, biroq hech kim ularning pushaymon chekkani yo tavba qilganini sezmadi. Darhaqiqat, dastlab ularning ko‘nglida Santyago Nasarni darhol, isini chiqarmay o‘ldirish niyati bo‘lmagan, aksincha, kimningdir xalaqit berishini istashgan, buning uchun qo‘llaridan kelgan barcha harakatni qilishgan, ammo baxtga qarshi biror kimsa lommim demagach, noiloj, beixtiyor odamkushlikka qo‘l urishgan – bu fikrni ko‘pchilik to‘g‘ri, deb tasdiqladi.
Oradan yillar o‘tgandan keyin menga odamlarning aytishicha, akaukalar uni izlab, avvalo, Maryam Alexandrina Servantesnikiga borishgan, chunki ikki soat burun shu yerda u bilan birga may ichishgandi. Bu dalil boshqa dalolatlar kabi sud hujjatlariga kiritilmagan. Vikariolarning ta’kidlashicha, ular Santyago Nasarni mayxonadan topisholmagan, rostdan ham biz u paytda ishratxonadan chiqib, ko‘chada qo‘shiq aytib yurgandik, lekin sallohlarning chindanam uni qidirib, mayxonaga borishgani dargumon.
«Agar ular menga yo‘liqqanlaridamidi, bu yerdan chiqarib bo‘pman edi», – dedi menga Maryam Alexandrina Servantes. Xotin to‘g‘ri gapni aytdi, zotan ikkala yigit uning lazzatxonasiga qadam qo‘ygach, hirslariga qul bo‘lib, u yerdan oyoq uzib ketolmay qolishardi. Ajablanarlisi shundaki, Vikariolar Santyago Nasarning o‘lsayam u joyga kelmasligini bila turib, Klotilde Armentaning sut do‘koniga borishgan. «Birdan bir ochiq do‘kon shu edida», – degan ular tergovchiga. Menga esa, qamoqxonadan chiqishgach: «Ertamikechmi baribir shu yerdan o‘tardi», – deyishdi. Plasida Lineroning ko‘cha eshigi doimo, hattoki kunduziyam ichkaridan berk bo‘lishini, Santyago Nasar cho‘ntagiga orqa eshik kalitini solib yurishini hamma bilardi. Agarda u o‘shanda uyiga qaytganidayam, shubhasiz, orqa eshikdan kirardi – qasoskorlar uni butunlay teskari tomonda bir soatcha kutishgan, u yepiskopga peshvoz chiqish maqsadida maydon tarafga to‘ppato‘g‘ri ko‘cha eshik orqali o‘tgan, nima uchun bunday qilganiga tergovchining ham aqli yetmadi.
Butun xaloyiqqa oldindan ma’lum etilib, so‘ngra amalga oshirilgan bunday oshkora qotillikni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan. Singillari zinokorning otini aytgach, birodarlar mol bo‘g‘izlanadigan bostirma sari yo‘l olishgan, qassoblik asboblari ichidan eng yaxshi ikkita pichoqni tanlashgan. Birining uzunligi o‘n, eni ikki yarim pultada*** bo‘lib, unda, go‘sht nimtalashardi, ikkinchisining uzunligi yettiyu eni bir yarim pultada edi, u bilan hayvon terisi shilinardi. Pichoqlarni lattaga o‘rab, charxlatgani bozorga, qassoblar rastasiga yetib borishganda, do‘konlar endigina ochila boshlangan ekan. Tong saharlab, hakkaning tumshug‘i quruqligida bozorga kelganlar unchalik ko‘p emasdi, ammo yigirma ikki kishi Vikariolarning nima deyishganini eshitgan: yigirma ikki insonning shahodat berishicha, sallohlar yovuz niyatlarini ataylab oshkora aytaverishgan.
Qassob Faustino Santos, Vikariolarning og‘aynisi, endigina ichakchavoq solingan qutini do‘konga qo‘yib turganida, ular kirib kelishgan, shunda soat uchdan yigirma daqiqa o‘tgandi; qassob ikkala sallohning nega bunchalik bemahalda, yana dushanbada, to‘yda kiyib yurgan qora movut kostyumlarini ham yechmay yo‘qlab kelishganiga hayron bo‘lgan. Faustino og‘aynilarini odatda har jumada, bu paytdan sal kechroq, qo‘y bo‘g‘izlaganda tutiladigan teri peshband taqqan holatda ko‘rishga o‘rganib qolgandi. «Rosa ichishibdida, deb o‘yladim, – dedi menga Faustino Santos, – shuning uchun ham soat tugul kunning hisobiniyam yo‘qotib qo‘yishganda». Qassob ularga bugun dushanbaligini aytgan.
– Obbo tentagey, kim senga dushanba emas deyapti, – degan Pablo Vikario. – Biz pichoqni o‘tkirlatgani keldik.
Charxni aylantirib, pichoqlarni o‘tkirlay boshlashgan, odatdagiday Pedro pichoq tig‘ini charxtoshga galmagal tutib turgan, Pablo dastakni aylantirgan. Ish davomida qassoblarga to‘yning nechog‘lik dang‘illama bo‘lganini og‘iz ko‘pirtirib maqtashgan, ba’zi qassoblar esa ularning hamkasbi bo‘lib turib, to‘y tortidan o‘zlariga tegmaganini aytib gina qilishgan; birodarlar yupatishib, sizga atalgani tokchada turibdi, deyishgan. Nihoyat, charxlanacharxlana pichoq sayrab yuborgach, Pablo tig‘i yaltillasin, deb uni chiroqqa tutgan. So‘ng:
– Hozir mana shu pichoq bilan Santyago Nasarni so‘ygani boramiz, – deyishgan.
--------------
* Merenge – kolumbiyaliklarning xalq raqsi.
** Kumbiya – kolumbiyaliklarning xalq o‘yini.
*** Pultada – qadimiy ispan o‘lchov birligi, 23 mm.ga teng.