OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
Keyin, boshini halinchak suyanchig‘iga tirab, yana ko‘zlarini yumganda:
– Uyg‘onganimda, – degan u, – esimga solasiz: men unga uylanishim kerak.
Anxela Vikarioning menga aytishicha, bo‘ydoqlar istirohat uyi sohibasi bu gap xususida keyinroq Bayyardo San Roman qizga chindanam oshig‘u shaydo bo‘lib yurgan kezlarida og‘iz ochgan. «Bu gapni eshitib, yuragim yorilayozdi», – dedi menga Anxela Vikario. O‘sha gapning ustida bo‘lganlarning uchtasi yigitning so‘zlarini rost, deya tasdiqlashdi, ammo shohidlarning to‘rttasi shubha bildirishib, inkor etishdi. Shunga qaramay, barcha taxminlarga ko‘ra, Anxela Vikario bilan Bayyardo San Roman ilk bora oktabrda, millat bayrami kunida, xayriya bozoridagi lotoreya o‘ynalayotgan joyda tanishishgan. Qizga lotoreya tarqatish topshirilgan ekan. Bayramga chiqqan Bayyardo San Roman lotoreya qutisi oldida turgan rangpar, qopqora kiyingan qizni ko‘rganu, to‘ppato‘g‘ri yoniga kelgan va butun bozor ahlini o‘ziga qaratgan sadaflangan grammofonning qancha turishini so‘ragan. Qiz unga bu buyum sotilmasligini, balki lotoreyaga o‘ynalishini aytgan.
– Qaytaga yaxshi, – degan yigit, – arzongina va osongina qo‘lga kirarkan.
Anxela Vikarioning iqroricha, u aytganiga erishgan, ammo qizning ko‘nglida mehrmuhabbatdan yiroq, sovuq bir taassurot qoldirgan. «Takabbur erkaklarni jinim suymaydi o‘zi, – dedi u menga o‘sha kunni eslarkan, – bunday maqtanchog‘iniku, umrimda ko‘rmagandim, xullas, men uni qipqizil ahmoq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim». Grammofon yutug‘i bor lotoreyaning raqa mini baqirib e’lon qilishganda va yutuq chindan ham Bayyardo San Romanga chiqqanini bilgach esa qizning u mutakabbirga g‘arazi yanada ortgan. Qiz boyaqishni lol qoldirish niyatida uning hamma lotoreyani sotib olganini kim ham xayoliga keltiribdi, deysiz.
Anxela Vikario o‘sha kechasi uyiga qaytgach, xonasida turgan sovg‘alar o‘raladigan nafis qog‘oz va gulqog‘ozni bog‘log‘ich bilan bejab chirmalgan grammofonga ko‘zi tushgan. O‘sha ayyom tug‘ilgan kunim ekanini qayoqdanam bila qoldiykin, hamon aqlim yetmaydi, dedi menga Anxela Vikario. Bayyardo San Romanning unga bunday dabdabali tuhfa yuborishiga arzigulik orada hech gapso‘z bo‘lmaganiga otaonasini ishontiraman, deya qizning esi ketdi. Uning akalari – Pablo bilan Pedro ohanjamali sovg‘ani egasiga qaytarib berish uchun darhol bo‘ydoqlarning istirohat uyiga yetib borishdi va u yerda shunday shovqinsuron ko‘tarishdiki, oqibatda bu o‘yinchoqni Anxela Vikarioga jo‘natilayotganida ko‘rmaganlar ham uning qay tarzda egasiga qaytarilayotganidan voqif bo‘lishdi. Biroq dallig‘ulli birodarlar Bayyardo San Romanning yelimligi va tap tortmasligidan bexabar edi. Egizaklar ertasiga tong otganida, ichkilikbozlikdan eshushlarini yo‘qotib, gandiraklab, o‘sha grammofonni qo‘ltiqlagancha dovdirashib, uylariga kirib kelishdi. Bu ham yetmaganday, ikkovining yonida ulfatchilikni shu hovlida davom ettirishni ko‘zlagan Bayyardo San Roman ham bor edi.
Anxela Vikario qo‘l uchida kun ko‘radigan oiladagi kenja qiz edi. Otasi, Ponsio Vikario, qashshoq zargarlardan biri, ro‘zg‘orni tebratish ilinjida tinimsiz ishlayishlay, ajabtovur taqinchoqlar yasayyasay pirovardida ko‘zi xira tortgan bir g‘arib edi. Onasi, Purisima del Karmen esa qizligida maktabda murabbiylik qilgan, turmush qurgandan keyin bekachlikdan o‘zga kasbkor orttirmagan edi. U muloyim, kasalmandroq ko‘rinsada, pishiqpuxta ayolligi shundog‘am sezilib turardi. Mersedes uni eslab: «Rohibalardan bir tukiyam kam emasdi», – dedi menga. Purisima del Karmen eri va bolalarining parvarishu tarbiyasi deb o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urar, atrofidagilar esa uning ham bir tirik jon ekanini unutib qo‘yishardi. Uning ikkita katta qizi juda kech turmush qurgandi. Egizaklar va Anxeladan tashqari yana bir o‘rtancha qizi ham bor edi, afsuski, uni bezgak qiyofasida kelgan ajal olib ketdi, mana, ikki yildirki, oiladagilar motam tutishardi, uyda sal mundoqroq yurishsa ham, ko‘chaga chiqishganda motamzadalik rusumini juda joyiga qo‘yishardi. Erxotin akaukalarni mard, mehnatkash qilib tarbiyalashdi. Qizlarni esa turmushga berish niyatida qog‘ozga o‘ralgan qandday avaylab, parvarish etishdi. Zaifalar kashta tikib, gul solishni, chok mashinada ajoyib kiyimlar tikishu to‘r to‘qishni, kir yuvishu dazmol bosishni, qog‘ozgullar yasashni, shinniyu murabbolar tayyorlashni, hattoki nikoh to‘yiga taklifnoma yozishni ham bilishardi. Eski urfodatlarga, ayniqsa, o‘limu dafnga bog‘liq rasmrusumga yengiltaklarcha qaraydigan ba’zi dugonalaridan farqli o‘laroq, Vikarioning qizlari o‘sallarga qarash, janoza o‘qish, azadorlarga ta’ziya bildirish kabi azaliy udumlarga qattiq rioya qilishar edi. Mening onamga ularning o‘ringa yotishdan oldin soch tarash odatlarigina ma’qul emasdi. Onam ularni: «Kechasi soch taramanglar, jon qizlarim, dengizchi yigitlar qaramay ketib qolishadi», – deb koyir edi. Shunga qaramay, onam ularga qattiq mehr qo‘ygan, dunyoda bulardanam yaxshiroq qiz yo‘q, der edi. «Biram esli, mo‘minqobilki, bu qurmagurlar, – derdi onam, – qaysi erkakning qo‘liga tushmasin, uni baxtga botirib yuboradi: axir bular jahonda xotinlik dardini tortishga, mehnatga yaratilganda. «Biroq o‘sha to‘rt qizdan ikkitasi tushgan erkaklardan birortasiyam, onam aytganday, iqbolga oyog‘idan botib qolmadi, balki ularning boshiga bandalikning balolari yog‘ildi: xotinchalari ularning etagidan mahkam tutib, qayerga bo‘lmasin ergashib borishar, o‘zlaricha ayollar bazmi uyushtirishar, unda dugonalari raqs tushishar, o‘zlari esa, erlarining ko‘nglidan kechuvchi har qanday yovvoyi xayollarni, pinhoniy fikrni anglab olish maqsadida hushyor kuzatib o‘tirishar edi.
Anxela Vikario to‘rt opasingil ichida eng go‘zali edi. Onamning aytishicha, u ham, nomi barcha tarixlarda doston etilgan malikalar misol onasining qornidan baxtli bo‘lib tug‘ilgan emish. Ammo u zohiran beoromu besaranjom, botinan g‘aribayu haqirday ko‘rinar, zotan, kelajakda hayotining o‘zgarib, yaxshilanib ketishiga asosli bir umid ham yo‘q edi. Men har yili rojdestvo hayitiga uyga kelganimda uni bir xil holatda uchratardim: har gal daricha yonida turli quroq qog‘ozlardan l yasayotgan yoki qo‘shnilari bilan qariqizl shaqillab, qo‘riqchiga aylangan nozanin urug‘ing bir tirgovichga judayam zorda», – degan edi bir kuni menga Santyago Nasar. Bir safar, opasining qazosidan sal avvalroq, men uni ko‘chada ilk bor odmigina ko‘ylak kiygan, sochlari o‘rilgan ahvolda uchratgandim va bu o‘sha notavonmi, deya ko‘zlarimga inonmagan edim. Darhaqiqat, bu qiz favqulodda gulgul ochilib ko‘chaga chiqqandi, chunonchi, yoshi ulg‘aygan sayin uning odamoviligi va tortinchoqligi ortgan edi. Shuning uchunmi, Bayyardo San Romanning unga uylanmoqchiligini eshitib, ko‘plar ajablandi, bu yot odam bir baloni boshlamoqchi-yov, degan g‘arazli fikrni bildirishdi.
Anxelaning uyidagilari uni Bayyardo San Romanga berishga jonjon deb rozi bo‘lishdi, faqat Pura Vikario ishni buzib, yigit avval o‘zining kimligini, naslnasabini bildirsin, keyin unashtiramiz, deya ikkala oyog‘ini bir etikka tiqib oldi. Haqiqatan ham, shu mahalgacha uning kimligidan, shajarasidan hamma bexabar edi. Yallachiday kiyinib, kemadan tushgan o‘sha oqshomdan keyingi turishturmushi haloyiqqa ma’lum, lekin ungacha qanday yashagan, kim bo‘lgan – bu barchaga qorong‘i edi, o‘ziyam o‘tmishini yashirardi, shu boisdanmi, bu xususdagi har qanaqa uzunquloq gap haqiqatga aylanishi hech gapmasdi. El ichida og‘zi bilan yuradiganlarning aytishicha, go‘yo u sobiq zobit emish, butunbutun qishloqlarni yakson etishda, Kasanaredagi qirg‘inda qo‘li bor emish; yana u go‘yo Kayenadan, surgundan juftakni rostlagan qochqin emish; ba’zilar esa uning Pernambukoda bir juft ayiqni o‘ynatib yurganini ko‘rishgan ekan; kimlarning dir ta’kidlashicha, u – Shamollar kanalidan ispanlarning qachondir dengizga cho‘kkan, oltinlar yuklangan kemasini tortib olgan omadli qaroqchilardan biri emish. Bayyardo San Roman yolg‘onyashiq gaplarga birvarakayiga barham berdi: shaharchaga oilasidagilarni boshlab keldi.
Ular to‘rt kishi: Bayyardoning otasi, onasi, ikkita ofatijon singlisi «FordT» mashinasida antiqa signalini chaldirib, ertalab soat o‘n birlarda shaharga kirib kelishganida, ko‘chalarni qiychuv bosib ketdi. Onasi – asli kurasaolik to‘lagina mulat xotin, Alberta Simonds yoshligida Antil orollaridagi ikki yuz go‘zaldan biri hisoblangan, ayni vaqtda u ispanchani «papiamyento»chasiga* sheva bilan qalashtirib gapirar edi. Qizlar ayni yetilgan yoshda, xuddi minilmagan biyaday diltortar va yoqimli edi. Ular orasida eng sharafli zot Bayyardoning otasi – general Petronio San Roman edi. U o‘tgan asrdagi fuqarolar urushining qahramoni, konservatorlar hokimiyati davrida dong taratgan, mavqe qozongan harbiylardan bo‘lib, Tukurinko yonidagi jangda nolkovnik Aureliano Buendiani yer bilan yakson qilgan ham xuddi mana shu odam edi. El uni faxrg‘urur bilan qarshiladi, faqat mening onamgina uning kimligini aniq bilgach, so‘rashishga bormadi. «Unashtirishgani yaxshi bo‘lipti, – dedi u menga sovuqqina qilib. – To‘y o‘z yo‘liga. Ammo Xerineldo Markesni osishga buyruq bergan zobitni ko‘rgani ko‘zim yo‘q». Chol avtomobil oynasidan boshini chiqarib, shlyapasini silkitarkan, necha yillardan beri suratini ko‘raverib, ko‘zi ko‘nikkan olomon darhol generalni tanib, gurullab olqishladi. Petronio egniga bug‘doyrang surp kostyum, oyog‘iga echki terisidan tikilgan, iplari chapparastasiga bog‘langan poyabzal kiygan, qanshariga zanjiri kamzuliga qadalgan oltin pensne qo‘ndirib olgan edi. Kostyumi yoqasida jasurligi uchun berilgan nishon yaraqlar, olma shoxidan yasalgan, tutqichiga milliy tug‘ro naqshlangan hassani qo‘lida tutgan edi. U mashinadan birinchi bo‘lib tushdi: u boshdanoyoq shahrimizdagi rasvoyi jahon yo‘llarning changg‘uboriga qoplangan edi. Xaloyiq generalning savlatini ko‘rgan zahoti Bayyardo San Roman kimni xohlasa, o‘shanga uylana olishiga shubhalanmay qo‘ydi.
Biroq Anxela Vikario unga turmushga chiqqani unamadi. «Men chumoliday nozik, u esa hirsday bir yigit edi, qanaqasiga rozi bo‘lay», – dedi menga Anxela. Bundan tashqari, Bayyardo San Roman keyinchalik qizning ko‘nglini ovlashga zarrachayam urinmadi, bu uning nafsoniyatiga tegdi, albatta. Binobarin, yigit Vikariolarning barini o‘ziga og‘dirib, qo‘yniga kirib olganiga ishongan bo‘lsa, ajabmas. Anxela Vikario otaonasi, opalari va pochchalari mehmonxonaga yig‘ilishib, hali tuzukroq ko‘ribbilishga ulgurmagani bir erkakka tegasan, deya zo‘rlashgan o‘sha iztirobli oqshomni hech unutolmasdi. Egizak akalari bu davrada yo‘q edi. «Bu xotinlarning ishi, biz bunaqa ishlarga aralashmaymiz», – dedi menga Pablo Vikario. Qizning otaonasi o‘zlarining kambag‘alligiyu, quda bo‘luvchilarning badavlatliklarini ro‘kach qilib, taqdirning bunday ehsonidan yuz burish yarashmaydi, deya tanbeh berishdi. Anxela Vikario turmush qurish yo‘lida o‘tib bo‘lmas g‘ov turganligini, ya’ni o‘rtada mehrmuhabbat yo‘qligini aytib, tisarilmoqqa uringanida, onasi shartta so‘zini bo‘lib:
– Ering bo‘lgach, sevishniyam o‘rgatib qo‘yadida! – dedi.
Bu qudaandachilik o‘sha paytda bir muncha og‘ir kechadigan, bo‘lg‘uvsi kelinkuyov nihoyatda g‘arazu sergaklik bilan kuzatiladigan unashuvlardan farqli o‘laroq, Bayyardo San Romanning qistovu harakati tufaylimi, atigi to‘rt oyga cho‘zildi. Pura Vikario, oilamizda motamzadalik muddati tugamaguncha to‘y qilmaymiz, degani bilan fursatni yanada qisqartirishning chorasi topilmadi. Ammo vaqt hashpash deguncha o‘tib ketdi, hech kim ortiqcha aziyat ham chekmadi – hamma ishlarni Bayyardo San Romanning o‘zi osongina bajardi. «Bir oqshom u mendan shahrimizdagi qaysi uy menga ko‘proq yoqishini so‘radi, – dedi menga Anxela Vikario. – Gap nimadaligini anglamay, eng yaxshi uy – hech kimi yo‘q Ksiusniki, deb javob berdim». Agar u mendan so‘raganida, men ham xuddi shunday degan bo‘lardim. Ksiusning xonadoni tepalikning qir uchida, eng bahavo joyda o‘rnashgan, peshayvoni derazalaridan vohadagi binafshalar qiyg‘os gullagan bepayon o‘tlog‘u chamanzorlar ko‘zga yaqqol tashlanib turardi; havo ochiq kelgan yoz kunlarida esa, ufqqa tutash Karib dengizi sohillarini, sayyohlarni tashiydigan, Kartaxen de las Indiasdan** yo‘lga chiqqan bahri muhit kemalarini ko‘rish mumkin edi. O‘sha oqshom Bayyardo San Roman Kiborlar klubiga borib, tomdan tarasha tushganday, to‘ppato‘g‘ri beva Ksiusning ro‘parasiga o‘tirdida, u bilan domino o‘ynay boshladi.
– Eshitishimcha, hech kimingiz yo‘q ekan, oqsoqol, – dedi u. – Men uyingizni sotib olmoqchiman.
– Uy sotilmaydi, – javob berdi Ksius.
– Bor ashqoldashqollaringniyam qo‘shib sotib olaman, – dedi yigit takabburona.
Bechora Ksius dunyo ko‘rgan eskilarga xos nazokatu odob bilan uyidagi hamma narsani rahmatli xotini ikkovi uzoq yillar davomida yashabyig‘ib yurishganini, bu ashyolar ham, uy ham bir yodgorlikday o‘ziga qadrdonligini tushuntirdi. «U xuddi dilini kaftiga qo‘yganday ichidagini ochiqoydin aytdi, – deya esladi o‘sha kuni ular bilan birga domino o‘ynagan doktor Dionisio Iguaran. – Menimcha, uyni sotib, o‘ttiz yillik umrini rohatfarog‘atda kechirgan aziz makondan ayrilishdan ko‘ra, Ksius o‘limni afzal bilardi». Bayyardo San Roman bevaning ahvolini tushundi chog‘i:
– Yaxshi, – dedi. – U holda quruq uyning o‘zini sotasiz!
Yigit Ksiusni o‘yin tugaguncha o‘z go‘shasini sotishga qistadi, beva ko‘nmadi. Uch kundan so‘ng kechqurun Bayyardo San Roman uning ro‘parasida yana paydo bo‘ldi, bu safar o‘z niyatini amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagani shundoq qiyofasidan sezilib turardi. Ular domino o‘ynay boshlashdi.
– Ksius, yolg‘iz yashaysiz axir, – deya maqsadga ko‘chdi u, – shunday xonadonning sizga nima keragi bor? Bas, narxini ayting.
– Uyning bahosi yo‘q.
– Og‘zingizga siqqanini so‘rang.
– Afsus, afsus, – dedi Ksius. – Bayyardo, siz yoshlar ko‘ngil ishini unchalik tushunavermaysizlarda.
Bayyardo cholning gapiga e’tibor bermadi, o‘ylamaynetmay:
– Xo‘p, mayli, besh ming peso beraman, yetadimi? – dedi.
– Insofingni yutma, yigit, – dedi uning isrofgarchilik qilayotganidan xafa bo‘lgan Ksius. – Uy buncha pulga arzimaydi.
– O‘n ming beray, xo‘p deng, – xitob qildi Bayyardo San Roman. – Hozirning o‘zidayoq qurtday sanab olasiz, mana, banknotim yonimda.
Bevaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. «U g‘azabu alamdan yig‘lardi, – dedi menga doctor Dionisio Iguaran. U nafaqat doktor, balki yozuvchi ham edi. – Axir, o‘zing o‘ylab ko‘r, qarshingda, qo‘lingni shundoqqina cho‘zsang yetadigan mingminglab pul yotsayu, ko‘ngilning gapiga kirib, kerak emas, deyish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi». Ksiusning dami ichiga tushib ketdi, so‘ng alamu iztirob ichra boshini saraklatib, bo‘lmaydi, dedi.
– Shundaymi? Ha, mayli, – dedi Bayyardo San Roman. – Endi mendan oxirgi muruvvatingizni ayamay, besh daqiqa shu yerda kutib o‘tiring.
Chindan ham besh daqiqa o‘taro‘tmas, u kumush uqali charm xaltasini ko‘tarib, kiborlar majlisgohiga qaytib keldi, xaltadan o‘n bog‘lam pul oldida, stolga qo‘ydi: har bir bog‘lami ming pesodan bo‘lgan pullarga Davlat bankining muhri bosilgan, qog‘ozi shildiroq belbog‘chalar bilan o‘ralgan edi. Ana shu voqeadan so‘ng ikki oy o‘tib, bechora Ksius qazo qildi. «Uyi uning boshini yedi, – dedi menga doktor Dionisio Iguaran. Ksius oramizdagi eng sog‘lom odam edi, ammo men uning ko‘ksiga quloq tutib, ko‘z yoshlari yuragiga quyilayotganini, paymonasi alamu iztirob yig‘isiga to‘lganini sezdim». Ksius o‘tganketganni odamlar esga solmasin deb, uyini borbudi bilan sotdi, pullarni asrash uchun birorta sandiqcha ham olib qolmadi. Bayyardo San Romandan pullarni astasekin to‘lab borishni o‘tindi, xolos.
Anxela Vikarioning bokiramasligini birorta inson gapirish tugul xayoligayam keltirmagandi.
Uning biror yigitni saylab, pinhona so‘zlashib yurganini ham hech kimsa ko‘rmagan, zotan, u onasining chizgan chizig‘idan chiqmay o‘sgan – buni hamma bilardi. To‘ydan ikki oy oldin, kelinkuyov bo‘lajak istiqomatgohlarini ko‘rishga ketayotganlarida, Pura Vikario qizini Bayyardo San Romanga qo‘shib yolg‘iz yuborishdan qo‘rqib, to‘g‘rirog‘i, Anxelaning ismatini saqlash niyatida, so‘qir eri bilan ularni kuzatib brogan edi. «Men Tangriga yo jonimni ol, yo o‘zimni o‘ldirishga yetadigan iroda ato et, deb rosa yolvordim, – dedi menga Anxela Vikario. – Ammo u so‘zimga quloq solmadi». Anxela rostdanam rosa qiynalgan, ichetini yeyayotgan dardni onasiga ochib, nopoklik iztirobidan qutulishni istagan, biroq bu xususda anavi – daricha yonida qog‘ozgul yasab o‘tiradigan sirdosh dugonalariga aytganda, o‘sha shaytonning urg‘ochilari bechora sitamkashni to‘g‘ri yo‘ldan qaytarishgan. «Men ularning ra’yiga qarshi borolmadim, – dedi Anxela Vikario menga. – Ikkoviyam bidirlabbidirlab eshushimni oldi, bunday holda erkak zotini aldab ishontirish usullarini o‘z tajribalaridan gapirib, axiri so‘zlariga kiritdilar. Ular Anxelani avrab, qizlarning barchasi bolaligidayoq tasodifan, o‘ziyam sezmagan holda ismatidan ayrilib qoladi, deya ishontirishdi, boz ustiga har qanaqa o‘jar erkak ham, agar kelinning juvon chiqqanini boshqa biror kimsa bilmasa, nochorlikdan murosaga keladi, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaveradi, deyishdi. Nihoyat, ko‘pchilik yigitlar birinchi kecha hayajondan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va kelin bilan qo‘shilgach, nima ish qilib qo‘yganini bilmaydi, oqibatni idrok etadigan ahvolda ham bo‘lmaydi, deb sodda Anxelaning aqlini o‘g‘irlashdi. «Choyshabda dog‘ bormi, bas, ularga shuning o‘zi kifoya», – deya miyasiga quyishdi. Xullas, ikki ayyor dugonasi dunyodagi ma’lum barcha makru g‘arazdan Anxelani voqif etishdi, oxiroqibat kelin ilk kechani risoladagiday o‘tkazadigan, boshida o‘zini qizday tutadigan, nahorda turib, bokiralik ramzi – dog‘li choyshabni oftobga yoyadigan bo‘ldi.
Ana shunday umidu g‘arazli xayol bilan u turmushga chiqdi. Bayyardo San Roman esa, baxtimni topdim, men uni o‘z boyligim va mavqeyim ta’sirida qo‘lga kiritdim; bir dang‘illama to‘y qilayki, butun elning og‘zi lang ochilib qolsin, deya o‘ylar, miyasida to‘yni as’asayu dabdaba bilan o‘tkazish xususidagi tentakona xayollar g‘ujg‘on o‘ynar edi. Yepiskop keladigan kunni eshitgach, to‘yni o‘sha ulug‘ ayyomga qoldirib, hazratning o‘ziga nikoh o‘qittirmoqchi bo‘ldi, lekin Anxela Vikario bunga ko‘nmadi. Aixela Vikario buning asl sababini menga ayon etib: «Rostini aytganda, faqat xo‘rozning tojidan sho‘rva qaynatib ichadigan, so‘ngra parrandaning qolgan qismini butunicha kir o‘raga tashlab yuboradigan kimsaning fatvosini olishdan irim qildim», – dedi. Yepiskopning oq fotihasisiz ham to‘y biram shohona tus olib ketdiki, oxiroqibat bazmu tantana to‘sto‘polonga aylandi, Bayyardo San Roman ham eshushini yo‘qotib qo‘ydi, xullas, butun shahar ahli oyoqqa turgan qiyomat bir ayyom bo‘ldi.
Bu safar general Petronio San Roman uy ichi bilan birga Milliy majlis vakillariga qarashli bayram kemasida keldi; to‘y tugagunicha kemani langargohga zanjirlab qo‘yishdi. Generalni kuzatib, allaqancha ma’muru mansabdorlar ham tashrif buyurishgan edi, ular azbaroyi ko‘pligidan, olomon orasiga qo‘shilib, bilinmay ketdi. To‘yonalar ham behadbehisob edi, shahardagi tashlandiq elektrostansiya binosini supuribsidirib, sovg‘asalomlarning eng ko‘rimlilarini o‘sha joyga qo‘yishdi, qolganlarini Ksiusning sobiq go‘shasiga jo‘natishdi, u yerda kelinkuyovni kutib olish uchun taraddud avjida edi. Kuyovga tepasi ochiladigan avtomobil to‘yona qilishdi, mashinaning biqiniga bo‘rtma harflar bilan Bayyardo San Roman nomi yozilgan edi. Kelinga mehmondorchilikda yigirma to‘rt kishiga yetadigan oltin qoshig‘u sanchqi sovg‘a etildi. Bazmga bir guruh raqqoslar va ikki guruh mashshoqlar chaqirilgandi. Mashshoqlar mahalliy havaskorlar bilan soz chalib, talashibtortishib, raqs tushishib, rosa bazmni qizdirishdi, bu orada serhasham to‘yning darangdurungini olisdan eshitgan daydi garmonchiyu nog‘orachilar ham yetib kelishib, shovqinsuronni yana bir parda ko‘tarishdi.
----------
* Kurasao orolida yashovchi aholi so‘zlashadigan, portugal, ispan, golland tillarining qorishmasidan iborat sheva.
** Kolumbiya shimolidagi ulkan bandargoh. Bolinar departamentidagi shahar.