Hikoyalar
April 11, 2020

YERNING FALAKIYOTDAGI AKSI

Odamzot asrlar davomida ona sayyorasiga faqat yomonliklar qilib keldi. 2150 yilda yer sayyorasida haroratning keskin o‘zgarishi natijasida, yerning ustki qatlamida yashashning imkoni bo‘lmay qoldi. Odamlar yerto‘lalar kovlashib, uylarini yer ostiga qura boshlashdi. G‘orlarda huddi ibtidoiy davridagidek hayot kechirishardi. Ammo harorat kundan-kunga oshib bormoqda edi. Ixtirochilar sun’iy muzlarni xosil qilishdi. Biroq bu kashfiyot ham yordam bermadi. Sovuq shamol purkovchi moslamalar ixtiro qilindi. Lekin biror kashfiyot ona yerni asl holiga qaytara olmadi. Odamzot oldida yagona yo‘l qolgandi. Yashash uchun yangi makon ya’ni yangi sayyora topishdek, murakkab muammo vujudga keldi. Barcha fazogirlar tun-u kun ilmiy izlanishlar bilan band edi. Endilikda kosmik kemalarni uchirishning imkoni mavjud emasdi. Bu davrga kelib odamlarning tanasi ham silliqlashib, tim qora rangga kirgandi. Oq odamlarni uchratish qiyin edi. Qizil tanli kishilar, boshqalarga nisbatan ko‘p edilar. O‘zbek o‘g‘loni bo‘lgan fazogir Sherzod Olimov o‘z xonasida, yangi kashf qilingan sayyora xaritasiga qarab o‘tirarkan, chuqur o‘yga tolgandi.

Yer yuzidagi barcha insonlar muxtoj bo‘lgan sayyora kashf qilindi. Biroq yangi sayyorada hamma yashashga haqlimikan. U yerni ham chiqindilar sabab, do‘zaxga aylantirishsa-chi?! Fikrlar xilma-xil edi. Yangi sayyorada faqat yangi avlod yashashga haqli, deb o‘ylardi fazogir. Ammo yosh avlodlar tajribasiz edi. Biroq ularda yangi kashfiyotlar bisyor edi. Yoshlarni bugungi keksa avlod xatolari sabab, yer to‘lalarda yashashi nohaqlik deb hisoblardi fazogir. U o‘rta yoshlardagi, sochiga endigina oq oralay boshlagan, bo‘ylari baland barvasta kishi edi. Nigohi o‘tkir, notiq bo‘lishi bilan bir qatorda, texnik ixtirochi ham edi. Sherzod Olimovning endigi vazifasi, yangi quyosh issig‘ini qaytaruvchi yulduzkesar kosmik kema yasash va yangi kashf qilingan yashash sharoitiga ega bo‘lgan “NUR” sayyorasini o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rish edi.

Xonaga yosh fazogirlardan biri bo‘lgan go‘zal qiz Umida kirib keldi. Uni ko‘rishi bilan kapitan Olimovning yuziga tabassum yugurdi. Chunki qizning ismi unga kelajakdagi ishga umid bag‘ishlagandi. Bu mushkul yumushni birinchi bo‘lib o‘zbek fazogirlari amalga oshirishi juda muhim voqea edi.

-Assalomu aleykum! Kapitan Sherzod Murodullayevich, sizni oldingizga texnik ixtirochilar kelishdi. Chaqirtirgan ekansiz.

Ular o‘zaro telopatiya uslubida muloqot qilishayotgan edilar. Chunki rivojlanish sabab, og‘iz bilan fikr almashish ortiqcha yumush hisoblanib, maxsus quloqchinlar yordamida miyadan turib, masofa orqali fikr almashish yo‘lga qo‘yilgandi.

-Ayting, kirishsin.

Bir necha yosh yigit-qizlar xonaga kirib kelishdi. Ularni kapitanni susti bosdi, shekilli bir chekkada turib qolishdi. Fazogir sezgir edi. Darhol o‘rnidan turib yoshlarga peshvoz chiqdi. O‘g‘il bolalar bilan quchoqlashib, qizlar bilan qo‘l berib birma-bir ko‘rishgach, ularni o‘tirishga taklif qildi.

-Hurmatli kelajagimiz egalari, sizlar bilan birgalikda muhim kashfiyot ustida yig‘ildik. Agar bugun bu sayyorani tark qilish yo‘lini topmasak, yaqin yillarda barchamiz qirilib ketamiz. E’tiboringizni ekranga qaratishingizni so‘rardim. Yerning ustki qatlami allaqachon, issiq alangali maydonlarga aylangani barchamizga ma’lum. Ammo tez-tez kuchli yong‘inlar sodir bo‘layotgani, osmonga qaynoq buloqlarga aylangan ummonlarning suvi bug‘ holida chiqayotgani, juda katta xavfni vujudga keltiradi. Agar bu bug‘lar bir yerga yig‘ilib, qaynoq yomg‘ir holida yog‘sa, qiyomat bo‘ladi. Hammamiz tiriklayin kuyib kul bo‘lamiz.

-Kapitan, hammamiz bu fojia bo‘lishidan oldin, zahar bilan oson o‘lish imkonimiz ham borku, -dedi ko‘zlari mayus tortib qolgan Sevara ismli ixtirochi qiz.

-Singlim, ammo bizda hozir umid bor. Sizlar yoshsizlarku, o‘lim haqida emas, yashash haqida o‘ylashingiz kerak.

-Qanaqa umid haqida gapirayapsiz, kapitan Sherzod Murodullayevich?-dedi yana bir yosh ixtirochilardan Abror.

-Yangi sayyora “NUR”. U barchamiz uchun yangi umid sayyorasi bo‘lajak.

-Yangi ko‘plab sayyoralar kashf qilinayapti, ammo u yerda yashash imkoni yo‘q. Kislorod bilan to‘yingan havo yo‘qku,-dedi yosh ixtirochilardan yana biri katta ko‘zoynak taqqan Lola.

-Shuning uchun ham yangi yulduzkesar kosmik kema kashf qilib, u yerga borib o‘z ko‘zim bilan sharoitni o‘rganmoqchiman. Kislorodli havoga kelsak, boshqa moddalardan ham kislorod ajratib olish imkonini beruvchi, minglab texnikalar bor-ku, -dedi kapitan Olimov.

-Bizni bu masalada qanday yordamimiz tegishi mumkin, - deya suhbatga nihoyat qo‘shildi Mardon.

-Birgalikda quyosh issig‘iga dosh beradigan, yulduzkesar kosmik kema yasashimiz kerak. Bu qiyin va mushkul ish. Hech kimni majbur qilmayman. Ammo bu hammadan sir saqlangan holda qilinadi. Oilangiz bilan ham vaqtinchalik barcha aloqalar uziladi. Kim qolishni istasa qolsin. Ketuvchilarga javob, -dedi qat’iy ohangda kapitan Sherzod Olimov.

-Biz hammamiz siz bilan qolamiz. Yosh ixtirochilarni rahbari menman, - dedi Mardon.

Yoshlarning shijoatidan kapitan Olimov ruhiyatida, ajoyib jo‘shqinlikni his qildi. Yuziga esa ularning mardona javobidan mamnun tabassum yugurdi.

Ishlar jadal boshlab yuborildi. Fiziklar, kimyogarlar va boshqa fanlarning yosh ixtirochilari laboratoriyada jam bo‘lishgan edi. Fazogir aynan yoshlarni tanlagani bejiz emasdi. U kelajakda yashab qolishga doimo ularning haqqi ko‘proq, deb hisoblashi bilan birga, vahimaga beriluvchan keksa avlod vakillaridan ko‘ra, ular bilan ishlash zavqliroq edi.

“NUR” sayyorasi ustida ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda edi. Bu sayyorada garchi astronavtlar yashash uchun imkon borligini, qayta-qayta ta’kidlashiga qaramay, sinchkov va qobilyatli fazogir Olimovni nigohi tushgan, qizil nuqta borasidagi xavotirli o‘ylari va shubhalarini barham topishiga yetmas edi. O‘sha tosh kabi qizil nuqta goh-gohida sayyora yuzida paydo bo‘lardi. Qizil nuqta bir tunda ko‘payib ham ketdi. Bu holat yerdagilarni sergaklantirdi. Nihoyat 6 oy davomida tinimsiz mehnat evaziga “O‘zbekiston” nomli yulduzkesar kosmik kema tayyor bo‘ldi. Yosh ixtirochilar xafa bo‘lishiga qaramay, yulduzkesar kosmik kema nomi “Hayot” deb o‘zgartirildi. Chunki yulduzkesar kosmik kema halokatga uchrasa, odamlarni vatandan ko‘ngli qolishiga sabab bo‘lishini kapitan Olimov istamasdi. Bu kema barcha yerliklar uchun o‘z nomiga mos, yangi hayot olib kelishini va’da qilayotgandi go‘yo.

Bir oy davomida bo‘lgan tayyorgarliklardan so‘ng, uchishga ruxsat berildi. Kapitan yo‘l hozirligini ko‘rar chog‘i “Hayot”ning ekipaj a’zolari, haqidagi ma’lumotlarga bir ko‘z yugurtirarkan, ular orasida bitta ayol ham borligi uning jaxlini chiqardi. Kapitan Olimov darhol qo‘liga radiopriyomnikni olarkan, boshliq bilan aloqaga chiqishini ma’lum qildi. Boshliqning bosiq va hirqiroq keksa yoshdagi kishilarga xos ovozi kelishi bilan kapitan Olimov jaxlini ichiga yutib salom bergan bo‘ldi. So‘ngra darhol maqsadga ko‘chdi:

-Ayol kishini hatarli safarga chiqishiga shaxsan o‘zim qarshiman. Axir bu mantiqsizlik-ku! Siz qanday ruxsat berganingizga hayron bo‘ldim.

-Shoshilmang, bilaman juda qiziqqonsiz. Siz u ayol haqida hech nima bilmay turib, baho berishda yanglishmang, dedi boshliq.

-Ayol tabiatdan nozik mavjudot, meni bilgan haqiqatim shu. Sizdan iltimos qilamanki, uni ekipaj tarkibidan chiqaring.

-Kapitan Olimov, u siz ko‘rgan va bilgan nozik ayollardan birimas. Suyagi yulduzkesar kosmik kemada qotgan. Bolaligidan fazogirlar oilasida katta bo‘lgan. Juda bilimli va mas’uliyatli qiz. Ishoning, uni kemangizga olganingizga afsus qilmaysiz. Mening gapim shu.

Qisqa signal ovozlar kelishiga ko‘ra, boshliq aloqani uzgani sezilib turardi. Kapitan Olimov ayol kishi doimo mashxurlik uchun fidoyilik qiladi deb hisoblardi. Shundoq ham shubhalarda qolgan kapitanning endilikda ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Ammo u oilasiga buni sezdirmadi. Ular bilan xuddi qo‘shni mahallaga ketayotgandek, xotirjam tabassum bilan hayrlashdi. Bolalarini yuzlaridan qayta-qayta o‘parkan, ko‘z yoshlarni ko‘rsatmaslik uchun yuzini burdi. Ayoli va ota-onasi bilan ham hayrlashgach, safar xaltasini qo‘liga oldi. Kapitan Olimov ostonadan xatlab o‘tishi bilan yuragidan nimadir uzilib tushganini his qildi.

O‘zining va boshqa yurtdoshlarining kelajagi uchun ham yangi sayyorani tadqiq qilishga borish kerakligini kapitan Olimov yaxshi bilardi.

“Hayot” nomli yulduzkesar kosmik kemani yosh ixtirochilar vatan bayrog‘idek bezashganini ko‘rib, kapitan Olimovning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. U keng ommaga ekipaj a’zolari bilan illiq so‘zlarni aytisharkan, hamma qo‘l cho‘zganlar bilan hayrlashardi. Bir oy oldin o‘tkazilgan sinovda yulduzkesar kosmik kema, quyosh issig‘iga dosh bergandi. Nihoyat hamma o‘z joyini egalladi. Yer usti to‘siqlari ochildi. Ichkariga kuchli harorat ufurib kirdi. Kapitan Olimov va boshqa fazogirlar ekran ortida duoga qo‘l ko‘targan vatandoshlarini ko‘rishdi.

Kapitan Olimov hamma o‘z joyini egallagach, yerga signal yo‘lladi:

-Yer qabul.

-Yer eshitadi.

-Biz uchishga tayyormiz!

-Uchishga ruxsat berildi.

-Biz uchishga tayyormiz!

-Biror kutilmagan xodisa yuz bersa, darhol ortga qaytilsin.

-Ma’lumot qabul qilindi!

-Start berilyapti

-Startga tayyormiz.

Qudratli ion dvigatelining shovqinidan kema larzaga keldi. Bu shovqinga havo haroratini sovutuvchi qo‘shimcha paraklar shovqini ham qo‘shildi. Kapitan Olimov yerdagi komandaga ma’lumot berdi:

-Yer, “Hayot” start olishga tayyor. Bizda hammasi yaxshi.

Fazogirlarning quloqchinlarida, yerdagi navbatchi aloqachilarning ularga javoban:

-Startga ruxsat beraman!-degani eshitildi.

Kapitan Olimovning jiddiy buyruq ovozi yangradi:

-Diqqat, start!

Kema o‘sha zaxotiyoq paydo bo‘lgan katta tortishish kuchidan qalqib ketdi. Ikkinchi urinishda yulduzkesar kosmik kema yer sayyorrasini kesib o‘tdi.

-Hamma belbog‘larni bog‘lashingizni so‘rayman. Hozir vaznsizlik holati bo‘ladi.

Bitta Zuxrodan tashqari hamma belbog‘larni bog‘lashga ulgurgandi. Kapitan unga yomon qarash qildi. Ekipaj a’zolaridan eng yoshi ya’ni endigini yigirmaga kirgan Elbek darhol qizni qo‘lidan tutib, o‘z o‘rniga o‘tirishiga ko‘maklashdi. Belbog‘ini ham toqishda yordam berdi. Kapitan ekipaj a’zolarining ahiligidan mamnun jilmaydi.

Ular yer hisobidan bir oy davomida, nihoyat yangi sayyoraga yetib borishdi. “NUR” sayyorasiga yaqinlashishganida, kapitan Olimov yer sayyorasiga xabar yo‘lladi. Qo‘nish oldidan, u ekipaj a’zolariga bir-bir qarab dedi:

-Bir necha daqiqalardan so‘ng qo‘namiz. Bir-biringizdan uzoqlashmanglar. Kemada kapitan Zuxro va kapitan Elbek qoladi. Men va kapitan Shavkat sayyorani ko‘zdan kechiramiz. Doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Kimda savol bor?

-Biz ham sayyorani ko‘ramizmi?-dedi Elbek.

-Albatta, har kuni almashib men bilan sayyorani tadqiq qilasizlar.

-Hammasi tushunarli, kapitan Olimov, –dedi mayin ovozda kapitan Zuxro.

Qo‘nish muvaffaqiyatli bo‘ldi. Fazogirlar maxsus skofandrlarda, yulduzkesar kosmik kemani qo‘llarida lazerli to‘poncha bilan tark etishdi.

Sayyoraning tuprog‘i qizg‘ish tusda bo‘lib, harorati ham keskin sovuq edi. Ular bir necha soatda atrofni kezishib, deyarli biror yangilikka duch kelishmadi. Tadqiqotning uchinchi kuni ancha ichkariga kirishgach, g‘orga o‘xshash ohaktoshlar qotishmasidan bunyod bo‘lgan, balandliklarga duch kelishdi. Bu balandliklar ichida bahaybat va vaxshiy qurtlar borligini, bilishmagan fazogirlar bemalol yurishardi. Zuxro ayol sezgisi bilan bu yerda bir xatarni sezgandek, Elbekni qo‘lidan qo‘yib yubormagan edi. Uni o‘z ukasidek yaxshi ko‘rib qolgandi. Bu sergap yigit hozir ham jim bo‘lay demasdi. Birdaniga vajohatli bo‘kiriqlarni eshitgan fazogirlar qo‘rqanlaridan baqirishga ham kuchlari qolmadi. Ularning qarshisidan chiqqan, qizil nuqtalari sanoqsiz bo‘lgan bahaybat qurtlardan biri xujum qildi. Eng hayratlanarli holat shuki, lazerli to‘poncha yordam bermadi. Demak qurtlarning tanasi aqlbovar qilmas darajada qalin himoya qatlamiga ega yoki lazer nurlariga qarshi ularning tanasida nimadir bor edi. Fazogirlar ortiga qaramay yugurishdi. Aloqa vosiatasi orqali kosmik kemadagilarni ogohlantirishga ham ulgurishdi.

Kapitan Olimov kimyogar yosh ixtirochilarning yangi kashfiyoti bo‘lgan, aralashmadan maxsus qolibga joyladi-da, yangi to‘pponchani o‘qladi. Bu qorishmani tarkibida, ohaktosh miqdori ko‘p edi. Kapitan kosmik kemadan shoshgancha otilib chiqdi. Zuxro va Elbek yugurgancha kosmik kema tomon kelishardilar. Ularning ortidan xuddi ertaklaridek, bahaybat qurt o‘rmalab kelmoqda edi. Fazogirlarni panaga o‘tishga buyruq bergan, kapitan Olimov bahaybat maxluqni o‘qqa tutdi. Qiziq va favqulodda holat yuz berdi, qurt bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Biroq bir necha daqiqadan so‘ng, uning uzilgan bo‘g‘inlari noma’lum uzviy bog‘lanmalar orqali bog‘lanib, ularga takror xujumga o‘tdi. Endilikda to‘rt nafar fazogir yakdillikda ulkan maxluqqa qarshi kurashayotgandi. Qurt bo‘laklarga bo‘linganida, kapitan otishni to‘xtatdi-da, Shavkat va Elbekka qarata, ajralgan qurt bo‘laklarini alohida otish uchun yaqinroq borishga buyruq berdi. Bu buyruq yaxshi natija berdi. Qurt qayta tiklanmadi. Kapitan Olimov qurtni bir bo‘lagini juda ehtiyorlik bilan ajratib olishga topshiriq berdi. Ular yulduzkesar kosmos kema laboratoriyasida, yangi topilma bahaybat qurtning no’malum tanasini o‘rgana boshlashdi. Qurtning tanasida o‘ta kuchli zaxar borligi aniqlandi. Shuningdek, qizil nuqtalar orqali, ular uzviy aloqada bo‘lishi tahmin qilindi. Bu o‘zga sayyoralik maxluqning jinsi aniqlanmadi. Ular negativ usulda ko‘payishi mumkinligiga shubha yo‘q edi. Qurtni otishma vaqtida ham bo‘laklarga bo‘linib, qayta tiklanishiga aynan shu sabab bo‘lgani, yerlik fazogirlarga ma’lum bo‘ldi. Biroq ularning soni ma’lum emasdi. Bu sayyorada yana boshqa maxluqlar ham bo‘lishi mumkin edi. Yerliklarni bu yerga tez fursatda ko‘chib kelish, imkoni yo‘qqa chiqqani fazogirlarni o‘ylantirib qo‘ydi. Ular sayyorani tark etishdan oldin, mahluqlarning asosiy yemishi nima ekanini aniqlashi zarur edi.

Kapitan Olimov kosmos kemada qoldi. Bu mushkul vazifani bajarish uchun Shavkat va Elbekni yubordi. Zuxro ayol bo‘lgani uchun unga ishonmas, qolaversa shifokorni asrash ham kerak edi. Shavkat va Elbek kayut-komnatasida uchish libosini kiyishar ekan, ularni jasurligiga xavas bilan qarab turgan qizga, xazil aralash yigitlardan biri dedi:

-Kapitan Olimov sizga Zuxroxon hech qachon ishonmasalar kerak,-deya Shavkat bir ko‘zini sherigiga qarata qisib qo‘ydi.

Qiz javob bermasidan, germoshlyomini kiyayotgan, xazilni xush ko‘ruvchi Elbek so‘zni ilib ketdi:

-Albatta, men ham kapitan Olimov o‘rnida bo‘lganimda, qiz boladek nozik xilqatga ishonmagan bo‘lardim, -deya baland ovozda kulib yubordi.

Zuxroxon yolg‘on achchiq qilgandek, qoshlarini chimirdi-da, yigitlarga so‘z qotdi:

-Aslida kapitan Olimov ayollarga mexribon inson. U kishi meni singlisidek ko‘radilar. Qolaversa, men shifokorman kemada qolganim ma’qul.

Yigitlar bosh irg‘ab “to‘g‘ri”-deya ishora qilishdi. Ular kosmoxodni chiqish eshigiga kelishdi. Kapitan Olimov yigitlarni bag‘riga bosib hayrlashdi.

Fazogirlar bir necha soatdan so‘ng, ohaklardan bunyod bo‘lgan balandlikka duch kelishdi. Qurtlarni bu tomonga o‘tishiga aynan shu modda, yo‘l qo‘ymaganini fazogirlar tushunishdi. Qoyadek baland bo‘lgan ohakdan tadqiqot uchun namuna olishdi va yo‘llarida davom etishdi. Qurtlarga duch kelishganida ular bir yerda to‘p bo‘lishib, nimanidir yeyishayotganini ko‘rishdi. Shavkat qo‘li bilan Elbekka shu yerda qolishini ishora qildi.

Shavkat qurtlar yemishi nima ekanini bilish niyatida, qurtlarni aylanib o‘tdi-da, ohaktoshli balandlik ustiga chiqdi. Balandlikdan pastga qaraganida, qo‘rquvdan baqirib yubormaslik uchun ko‘zlarini yumib oldi.

Bahaybat qurtlar o‘rgimchak shaklini eslatuvchi, ulkan hashoratni bolalari bilan yeyishayotgan edilar. Bu yerda ko‘plab jonzotlar yashashi aniq bo‘lgandi. Fazogir balandlikdan sirg‘alib tushayotganida, bexosdan bir bo‘lak ohak tosh qo‘parilib, pastga dumalab shovqin solgancha tushib ketdi. Bu shovqindan sergak tortgan qurtlar yeyishdan to‘xtashdi. Hammayoqni qizil nuqtalar bosib ketdi. Elbek o‘zini balandlik orqasiga oldi. Biroq qurtlardan biri u yashiringan joy tomon kela boshladi. Shavkat tezda balandlikdan tushib, Elbekka yordamga shoshildi. Qurt sudralgancha Elbek yashiringan joyni topdi. Elbek qochmoqchi bo‘lib chopganida, uni ulkan qurt dumi bilan urib yiqitdi. Elbek to‘ponchadan otgan o‘qlar tegmadi. Qurt uni tutib, o‘ray boshladi. Fazogir tanasiga minglab ignalar sanchilganini his qildi. Og‘riqdan chinqirib yubordi. Shavkat kela solib, qurtning bosh qismini to‘xtovsiz o‘qqa tutdi. U bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Elbekni qurtning bo‘laklari orasidan ajratib olgan kapitan, uni suyagancha kosmos kema tomon keta boshladi. Maxsus aloqa vositasi orqali, quloqchinlar yordamida kosmos kemadagilardan yordam so‘radi. Kapitan Olimov juda ehtiyotkor odam bo‘lgani sabab, qutqaruv jarayonida asqotishiga ishongan holda, kosmik kemaga bir nechta avtomobil-vertolyotlardan olgandi. Ularni biriga minishi bilan qizga, bir nechta muhim topshiriqlarni berarkan, ayol kishining matonati ba’zida erkak jasoratidan ham kuchli bo‘lishini tan olishga majbur bo‘ldi. Shu ayolning endi og‘ir kunida unga va halokatga uchragan sheriklariga yordami juda zarur edi. Kapitan Olimov kosmoxodni chiqish eshigiga keldi.

Tushish yo‘lagidan oxista tushgach, avtomobil-vertolyotni ishga tushirdi. Qo‘ldagi kosmos yordamida sheriklarini tez topdi. Ularni avtomobil-vertolyotga minishlariga yordamlashish maqsadida, pastlab uchdi. Tashlangan arqonga jarohatlangan sherigini bog‘lagan Shavkat, bir uchini o‘ziga bog‘ladi. Avtomobil-vertolyot shu ondayoq tepaga ko‘tarildi. Yarim soatlar chamasi ular kosmos yulduzkesar kema yonida hozir bo‘lishdi. Avtomobil-vertolyotni ohista pastlatgan kapitan Olimov ularni arqondan xolos bo‘lishini kutib turdi. So‘ngra avtomobil-vertolyotni kosmoxodni maxsus qutqaruv qismiga kirgizib qo‘ydi. U kosmoxodning chiqish eshigiga qaytganida, allaqachon Shavkat suyagancha Elbekni karantin xonaga olib kirgandi. Ular vaziyat o‘zgargani sabab, qaytishga qaror qilishdi. Faqat yerga emas, oy sayyorasiga borish zarur edi. Chunki ularda endilikda u yerga borib, boshqa davlatlarning fazogirlaridan Elbekni davolash uchun yordam so‘rashdan boshqa imkon qolmagandi.

Uni og‘riqlar bezovta qilmasligi uchun og‘riq qoldiruvchi va uxlatuvchi dori muolajasini qilgan Zuxroxon, chiqishi bilan yig‘lab yubordi. Chunki zaxar kuchidan Elbekni tanasi eriy boshlagandi. Kapitan Olimov hayotida birinchi bor biror chora ko‘rishga ojiz qolgandi. Shunda u ekipaj a’zolar tarkibiga, keksa avlod vakillaridan bir kishi olmaganiga ichidan o‘zini koyidi. Tajriba muhim ekanini bugungi vaziyat isbotlagan edi go‘yo.

Ikki haftada ular oy sayyorasiga yetib borishdi. Qo‘nishdan oldin kapitan Olimov Buyuk Britaniyaning fazogirlaridan ruxsat oldi. Ular qo‘nishi bilan muzlatib qo‘yilgan Elbekka, yordamga shoshilgan fazogirlarning mexribonchiligidan, kapitan Olimov va sheriklari xursand bo‘lishdi. Afsuski ko‘rsatilgan yordamlarga qaramay, Elbek vafot etdi. Uni tanasini yerga qaytarish xavfli deb topilib, tanasi yoqib yuborildi va kuli chuqur qozilib, ko‘mildi. Kapitan Olimov yangi “NUR” sayyorasi haqida bir so‘z aytmadi. Faqat oy sayyorasida tadqiq qilish va bu yerga amaliy tadqiqot o‘tkazish uchun ko‘ngilli odamlar bilan kelishga, ikki tomonlama o‘zaro muhim kelishuvga erishdi. Hozirgi lahzada eng ma’qul yo‘l ham aslida shu edi. Yerda odamlar soni 20 mlrddan oshiq bo‘lib, oy sayyorasiga uni bir qismining kelish imkoni bo‘lardi xolos. “Nur” sayyorasida tadqiqotlar davom etishi kerak edi. Ular ikki haftadan so‘ng yer sayyorasiga qaytishdi. Yerliklar tomonidan kapitan fazogir Elbek xotirasiga motam marosimi uyushtirildi.

Kapitan Olimovning maxsus aloqa yordamida boshliq bilan bo‘lgan qisqa suhbatdan yakunida, bir oydan so‘ng oyda yashashga rozi bo‘lgan ko‘ngilli kishilar ro‘yhat asosida, kosmos yulduzkesar kemalarda safarga chiqish belgilab olindi. Kapitan Olimov o‘zini Elbekni halokatida aybdor his qilardi. Shu bois ham “Hayot” yulduzkesar kemasining ikki oydan keyingi navbatdagi “Nur” sayyorasiga bo‘lajak ilmiy tadqiqot ekspeditsiyasi bilan borish taklifini keskin rad qildi. U oilasi bilan oy sayyorasiga bo‘lajak safarga tayyorlana boshladi.

© Zebiniso Saparova

Manba