BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
Avvalgi qismi
«Tamom-vassalom, – charchoq holda, o‘z ishiga chetdan nazar tashladi Shtirlits. – Endi yakka o‘zim qoldim. Endi mutlaqo yolg‘iz bo‘lib qoldim...»
U uzoq vaqt xonasini ichidan qulflab olib, telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bermay o‘tirdi. Beixtiyor sanadi u – telefon to‘qqiz marta ji ringladi. Ikki kishi unga uzoq vaqt telefon qildi, muhim ishlari bo‘lsa kerak-da, yoki qo‘l ostidagilar qo‘ng‘iroq qilishgandir, chunki ular har vaqt uzoq telefon qiladilar. Boshqalari qisqa-qisqa jiringladi: boshliqlar yoki do‘stlar ana shunday qo‘ng‘iroq qiladilar.
So‘ngra u stol tortmasidan qog‘oz olib, yoza boshladi:
«SS REYXSFYURERI GENRIX GIMMLERGA. QAT’IYAN MAXFIY. SHAXSAN. REYXSFYURER!
Millatimiz manfaatlarini ko‘zlash maqsadida men Sizga mazkur xat bilan murojaat etishga majbur bo‘ldim. Betaraf mamlakatlar jurnalistlariga yaqin manbalardan menga shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qandaydir shaxslar SDdan va SS reyxsfyureridan yashirin holda kelishish yo‘lini qidirib, dushman bilan aloqa bog‘lashga urinmoqda ekanlar. Men bu ma’lumotlarni jiddiy ravishda hujjatlar bilan isbot etolmayman, lekin menga juda muhim bo‘lib tuyulayotgan va kechiktirilishi mumkin bo‘lmagan shu masala yuzasidan meni qabul qilishingizni va takliflarimga quloq solishingizni Sizdan so‘rayman. Aloqalarimdan foydalanib, Sizni yanada batafsil xabardor qilishga va bu taxminni ishlab chiqish yuzasidan o‘z rejalarim bilan tanishtirishga ruxsat etgaysiz, chunki bu taxmin – afsuski – haqiqatga yaqin.
Xayl Gitler! SS shtandartenfyureri fon Shtirlits».
U suhbat paytida kimni misol keltirishini bilardi: bundan uch kun avval havo hujumi paytida portugaliyalik kinoxronikachi Pueblos Vasserman halok bo‘lgan edi. Shtirlits uning shvedlar bilan yaqin aloqada bo‘lganligini bilardi: binobarin, shu nuqtai nazardan uning taxmini juda aniq va ravshan edi.
Aftidan, Gimmlerning massajchisi doktor kestnerdan keyin birdan-bir ishongan kishisi Shellenberg edi. U Shellenbergni o‘ttizinchi yillardan beri – u ta’lim olayotgan paytlardanoq kuzatib yurardi. Bu kelishgan yigirma uch yoshli yigitning iyezuitlar kollejidan so‘ng universitetni san’at bakalavri unvoni bilan tugatganini bilardi. U shuningdek, universitetda Shellenbergning sevgan professori yahudiy bir kishi bo‘lganligini ham bilardi. U Shellenbergning avval milliy-ijtimoiy g‘oyalarini hazil-mazax qilib yurgani va fyurer haqida doim yaxshi fikrda bo‘lmaganidan ham xabardor edi.
Gimmler ixtiyorida minglab kuchli, so‘nggi qoni qolguncha unga ko‘r-ko‘rona sodiq qoladigan kishilar bor edi. Ammo unga voqealarga ana shunday kinoya bilan qarasa ham, lekin siyosatni to‘g‘ri olib boradigan kamida besh nafar ziyrak yordamchilar kerak edi.
Shuning uchun ham Shellenberg Geydrix bilan bir necha bor suhbatlashib, Gimmler bilan bir marta uchrashgandan so‘ng unga uchinchi reyx maxfiy kuzatuv xizmatida ishlash taklif qilinganda, Geydrixning bu taklifini qabul qilgandi, chunki bu vaqtga kelib ko‘l qirg‘oqlari va Berlin atrofidagi osoyishta qarag‘ay o‘rmonlarida joylashgan bog‘chalariga bekinib, Gitler qilayotgan vahshiyliklardan shunchaki qayg‘urib va fyurerning jazavasi tutishini mazax qilishdan nariga o‘tmaydigan nemislarning asilzoda ziyolilar doirasidan hafsalasi pir bo‘lgandi.
Uning dastlab ish boshlagan joyi kitti saloni bo‘ldi. Jinoyat qidiruv politsiyasining boshlig‘i Nebe o‘z ro‘yxati orqali ana shu oqsuyaklar saloni uchun Berlin, Myunxen va Gamburgning eng go‘zal fohishalarini ajratib qo‘ygandi. keyin u, Geydrixning topshirig‘i bilan, elchilar va oliy lavozimdagi harbiylarning yosh, go‘zal xotinlari, ya’ni, yolg‘izlikda zerikkan ayollar (ularning erlari ertayu kech kengashlarda band bo‘lardilar, Germaniyani kezib yurardilar, chet elga borib turar edilar) bilan tanisha boshladi. Xotinlar nima qilishlarini bilmas, aysh-ishrat izlardilar.
Ular bunday aysh-ishrat joyini kitti salonidan topdilar. U yerda Osiyo, Amerika va Yevropa elchilari ham to‘planardi. SD xavfsizlik texnika mahkamasining ekspertlari shu salonda ikki qavat devor o‘rnatib, u yerga gaplarni yozib boradigan va rasm oladigan apparatlar o‘rnatdilar. Geydrix fikrini bu yerda Shellenberg amalga oshirdi, u shu salonning xo‘jayini bo‘ldi, oqsuyaklar orasida qo‘shmachilik rolini o‘ynab yurdi.
Shellenberg bilan Geydrix keyin kichkinagina kinozalda o‘z og‘aynilarining xotinlari bilan chet el elchilari qanday aysh-ishrat qilayotganliklarinn tasvirlovchi rasmlarni tomosha qilib o‘tirardilar.
Ular ikki tomonlama odam yollay boshladilar: fosh qilingan elchilar Shellenberg max fiy kuzatuv xizmatida ishlay boshladilar, uchinchi reyx harbiy amaldorlari, partiya va davlat arboblarining fosh etilgan xotinlarining nomlari esa gestapo boshlig‘i Myuller ro‘yxatiga tirkalardi.
Darvoqe, Myullerning salonda ishlashiga yo‘l qo‘ymadilar, chunki uning qishloqiligi va dag‘al hazillari salon shinavandalarini cho‘chitib yuborishi mumkin edi. O‘shanda Myuller o‘zining yigirma uch yashar yigitchaga tobeligini birinchi marotaba sezgandi.
– U o‘sha aft-basharasini bo‘yab olgan fohishalarning soniga chang soladi deb cho‘chisa kerak-da mendan, – dedi Myuller yordamchisiga, – ovora bo‘ladi. Yonidan pul bersa ham birortasi bilan yotmasman. Qishlog‘imizda bunday xotinlarni go‘ng qo‘ng‘iz deb atardilar.
Bir kuni frau Geydrix eri yo‘q paytida Shellenbergga zerikkanligini bildirib qo‘ng‘iroq qilganida, uni shahardan chetga, ko‘l bo‘yiga taklif etgandi. Myuller darhol bundan xabardor bo‘ldi va bu kelishgan yigitchaning boshini tanasidan judo qilish payti keldi deb o‘yladi. Shellenberg kelishgan, lotincha va ispancha kitoblar olib turadigan, olifta, xotinlar bilan oshkora yuradigan, Shahzoda Albrextshtrassedan mashinaga o‘tirmay piyoda yuradigan, mahmadona, yengiltak va araqxo‘r kishi – jiddiy ayg‘oqchi ham shunday bo‘ladimi? – nobop bir yigit deb hisoblab yurgan gestapodagi «keksa»larning fikriga qo‘shilmasdi u. Myullerning dehqoncha, zamini og‘ir, ammo yangilikni darhol sezadigan aqli Shellenbergning yangi avlod qaldirg‘ochi ekanligi ni darrov payqab oldi. Bunday yoqimtoy kishi o‘ziga o‘xshaganlarni yana jalb qilaveradi.
Shellenberg frau Geydrixni Ployner ko‘liga olib bordi. Frau Geydrix Shellenberg juda hurmat qiladigan birdan bir ayol edi – u bilan Elladaning ulug‘vor fojiasi va Rimning qo‘pol hirsiyati haqida gaplashish mumkin edi. Ular ko‘lni yoqalab sayr qilishib, rosa miriqib suhbatlashdilar. Turqi sovuq ikki yigit 2 va 75-raqamli ob’ektlarni kuzatib, sovuq suvda cho‘milar edilar. Myuller frau Geydrixni, imperiya xavfsizligi xizmatida erining tutgan mavqeiga qarab, 2-raqamli ob’ekt deb atagandi. Muzdek suvda cho‘milayotgan ana shu ikki ahmoq yigitning gestapo ayg‘oqchilari bo‘lishi mumkinligini Shellenberg xayoliga ham keltirmagandi, chunki bulardan boshqa cho‘milayotganlar yo‘q edi. U ayg‘oqchi o‘zini bunchalik oshkora tutishi kerak emas deb hisoblardi. Myullerning qishloqilarga xos ayyorligi Shellenbergning ravon mantiqidan ustun chiqdi. Agar «ob’ektlar», Myuller iborasi bilan aytganda, «butalar ostida dam olmoqchi bo‘lsalar» ayg‘oqchilar ularni suratga olishlari kerak edi. Ammo «ob’ektlar» butalar orasiga bormadilar. Ochiq ayvonchada qahva ichib, yana shaharga qaytib keldilar. Biroq Myuller ko‘r-ko‘rona rashk, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, rashk qilgandan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi deb hisoblardi. Shuning uchun Myuller Geydrixga xotinining Shellenberg bilan Ployner ko‘li yoqasida, o‘rmonda sayr qilganini yetkazdi. U bergan ma’lumotini izohlab o‘tirmadi – Geydrix o‘taketgan xudbin va o‘zini qanday tutishini bilib bo‘lmaydigan kishi edi.
Bu xabarni o‘qib, Geydrix Myullerga hech nima
demadi. «ketavering» degandek boshini qimirlatib qo‘ydi, xolos. Myuller ham indamadi: Geydrixning badjahl va tund yuzidan u hech nimani payqay olmadi. kuni bilan nima bo‘lganini bilmay yurdi. kechqurun esa Geydrix avval Myullerga qo‘ng‘iroq qilib, keyin Shellenbergning xonasiga kirdi va uning yelkasiga qoqib:
– Bugun kayfiyatning mazasi yo‘q, ichamiz, – dedi.
Ular uch kishi bo‘lib, ertalab soat to‘rtgacha kichkina va iflos qovoqxonalarda yurdilar, asabiylashgan fohishalar va valyutafurushlar bilan birga o‘tirdilar, birgalashib xalq qo‘shiqlarini aytdilar, keyin azonga yaqin oppoq oqarib ketgan Geydrix Shellenbergga yaqinroq o‘tirib, do‘stlik qadahini ko‘tarishni taklif qildi.
Ular ichdilar, so‘ngra Geydrix o‘z qadahini kafti bilan bekitib dedi:
– Quloq soling, men mayingizga zahar solib berdim. Agar siz frau Geydrix bilan qanday vaqt o‘tkazganingiz haqida bor gapni aytib bermasangiz, o‘lishingiz muqarrar. Agar haqiqatni aytsangiz – men uchun u qanchalik dahshatli bo‘lmasin – sizga ziddi-zahar beraman.
Shellenberg hammasiga tushundi. Unda hamma narsani darhol payqash qobiliyati bor edi. U ko‘lda cho‘milayotgan ikki badbashara barzangini esladi, Myullerning ko‘zi o‘ynayotganligini, labida tabassum paydo bo‘lganliginn ko‘rib turdi va bunday dedi:
– Mayli, aytay, frau Geydrix menga telefon qildilar. Zerikkan ekanlar. Men u kishi bilan Ployner ko‘liga bordim. Biz vaqtni qanday o‘tkazganimizni ko‘rgan guvohlarni ham keltirishim mumkin. Biz sayr qildik, Gretsiyaning buyukligi va uni ayg‘oqchilarni Rimga sotib, qanday halok qilganliklari haqida suhbatlashdik. Binobarin, Gretsiya faqat shuning uchungina halok bo‘lmagan, albatta. Ha, men frau Geydrix bilan birga bo‘ldim, men bu ayolga, buyuk inson deb hisoblab yurgan kishimning xotiniga juda ixlos qo‘yganman. Ziddi-zaharingiz qani? – so‘radi u. – Qani?
Geydrix kulib qo‘ydi, qadahga ozgina martini quyib, Shellenbergga uzatdi.
Shu voqeadan yarim yil o‘tgach, Shellenberg Geydrix huzuriga kirib, undan ruxsatnoma so‘radi: «Men uylanmoqchiman, – dedi u, – ammo qaynonam – polyak». Bu masalani SS reyxsfyureri Gimmler ko‘rib chiqdi. Gimmler shaxsan uning bo‘lajak xotini va qaynonasining fotosuratlarini ko‘zdan kechirdi. Rozenberg mahkamasidan odamlar keldi. Mikrosirkul bilan miya tuzilishi, peshana kengligi, quloq shakli tekshirildi. Gimmler Shellenbergga uylanishga ruxsat berdi.
Nikoh paytida, ancha-muncha ichgan Geydrix Shellenbergning qo‘ltig‘idan ushlab, deraza yoniga olib bordi-da:
– Xotiningizning opasi yahudiy bankirga tekkanini bilmaydi deb o‘ylaysizmi? – dedi.
Shellenberg bo‘shashib, qo‘llari muzlayotganini sezdi.
– Tashvishlanmang, – dedi Geydrix va xo‘rsinib qo‘ydi.
Shellenberg o‘sha paytda Geydrixning nega xo‘rsinib qo‘yganini tushunmagandi. Buni u ancha keyin bildi, imperiya xavfsizligi boshlig‘ining bobosi yahudiy bo‘lib, Vena operettasida skripka chalgan ekan.