Asarlar
April 14, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

«KIM ASLIDA KIM?»

Shtirlits xonadan garajga tushdi. Ilgarigidek endi Sossen hududida ham bombalar portlamoqda, har holda unga shunday tuyulardi. Shtirlits darvozani ochib, rul oldiga o‘tirdi va motorni yurgizdi – «Xorx»ning quvvatli motori ravon ishlay boshladi. Shtirlits garajdan chiqib, darvozani yopdi, mashinasi bir siltanib, shitob bilan ilgarilab ketdi. U o‘zi yolg‘iz bo‘lganida, tun paytida, bombardimon vaqtidagina mashinani ana shunday shitob bilan joyidan qo‘zg‘atardi. Nemis haydovchilari juda ehtiyotkor bo‘ladilar. Mashinani turgan joyidan shitob bilan qo‘zg‘atish – faqat ajnabiylargagina: yo slavyan, yoki amerikaliklarga xos odat.

«Qani ketdik, mashinasi tushmagur», – dedi u o‘ziga o‘zi ruschalab, radioni qo‘yar ekan. Yengil musiqa sadolari eshitildi. Bombardimon paytida radiodan har vaqt quvnoq qo‘shiq berilardi. Frontda o‘larcha kaltak yeyilayotgan yoki havo hujumi paytida radiodan doim xushchaqchaq va kulgili dasturlarni eshittirish odat tusiga kirib qolgan edi. «Qani g‘izilla, mashinajon, bomba tagida qolmaslik uchun tez yur. Bomba ko‘pincha qimirlamaydigan nishon ustiga tushadi. Harakatlayotgan ob’ektga bomba tushish imkoniyati ancha kamayadi. Ellik kilometr tezlikda boramiz: demak, bomba ostida qolish xavfi ham ellik marta kamayadi...»

U mashinada yurishni yaxshi ko‘rardi. Uning oldida birorta muammo ko‘ndalang bo‘lsa, darhol «Xorx»iga o‘tirib, soatlab Berlin atrofidagi yo‘llarda aylanib yurardi. Avval u akseleratorni bor kuchi bilan bosib, yo‘lga tikilib ketaverardi; tezlik diqqatni o‘ziga tortadi, shunda odam o‘zini mashina bilan bir bo‘lib ketgandek sezadi va shuning uchun miya kattayu kichik, bir-birini rad etuvchi va aksincha bir-birini to‘ldiruvchi mulohazalardan xolis bo‘ladi. Tezlik – aql yordamchisi. U mayda-chuyda xayollardan butunlay xolis bo‘lish imkonini beradi. Ana shundan keyingina, tez va qaltis yurishdan so‘ng mashina qandaydir kichkinagina qovoqxona oldida to‘xtagachgina – bu yerda urushning eng og‘ir yillarida ham konyakni kartochkasiz sotaverardilar, – deraza oldidagi stol yoniga o‘tirib, o‘rmon tovushlariga quloq solib, ikki hissa «Yakobi» konyagini ichish va hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ustida shoshilmay o‘ylab ko‘rish mumkin bo‘ladi. Yurish tezligi kuchayishi bilan o‘ylash sekinlashadi. Eng oxirgi tezlikda yurib, ma’lum masofa bosib o‘tilgach, kishi ancha xotirjam xayol qiladi. Harqalay Shtirlits o‘zini shunday his etardi.

Uning radio mutaxassislari – Ervin va ket – Shpreye qirg‘og‘idagi kepenikda yashardilar. Ikkalasi: Ervin ham, ket ham uxlab yotishgan edi. Keyingi paytlarda ular juda barvaqt uyquga ketardilar, chunki ket farzand kutayotgandi.

– ko‘rinishing yaxshi, – dedi Shtirlits, – homiladorlik yanada go‘zal qilib yuboradigan nodir ayollar toifasiga kirasan-da.

– Homiladorlik hamma ayollarning ham chiroyini ochadi, – javob berdi ket. – Buni payqashga shunchaki senda imkon ham, fursat ham bo‘lmagan-da...

– Imkon va fursat bo‘lmagan, – kulib so‘zladi Shtirlits, – buni to‘g‘ri aytding.

– Sutli qahva qilib beraymi? – so‘radi ket.

– Sutni qayerdan olding? Sizlarga sut olib kelish yodimdan chiqibdi... Attang...

– kostyumimga almashdim, – javob berdi Ervin. – Oz-oz bo‘lsa ham, albatta, sut ichib turishi zarur. Homiladorlarning ovqati ham juda boshni qotiradigan narsa ekan-da.

Shtirlits ketning qo‘lidan tutib, samimiy so‘radi:

– Birorta kuy chalib berasanmi?

ket royal yoniga o‘tirdi va notalarni titkilab, Baxni oldi. Shtirlits deraza yoniga bordi-da, Ervindan sekin so‘radi:

– Yaxshilab tekshirib ko‘rdingmi, havo kiradigan joyga biror nima tiqib qo‘ymaganmikinlar?

– Tekshirdim. Menimcha, hech narsa yo‘q. Nima gap o‘zi?

– Hech gap yo‘q. Hammasi joyida. Shunchaki ehtiyot shart-da.

– SDdagi birodarlaring yangi jirkanch o‘yinni o‘ylab chiqardilarmi deyman?

– Kim biladi deysan. Ehtimol. Insoniyat hammadan ko‘p o‘zgalar sirini bilishga oshiqadi va yaxshi ko‘radi.

– Xo‘sh? – so‘radi Ervin. – Nima gap?

Shtirlits kulib boshini qimirlatdi.

– Bilasanmi, – osoyishta gap boshladi u, – men topshiriq oldim... – U yana kulib qo‘ydi. – Eng oliy martabadagilarning qaysisi G‘arb bilan separat muzokaralar boshlamoqchi bo‘layotganini niqlashim kerak... Ular gitlerchi rahbarlardan birini nazarda tutishyapti. Eng kattakonlarini. Qalay vazifa? Qiziqmi? Basharti men yigirma yil mobaynida qo‘lga tushmagan ekanman, demak, u hamma narsaning uddasidan chiqadi deb o‘ylasalar kerak. Qani endi Gimmlerga o‘rinbosar bo‘lib olsam. Yoki fyurer o‘rnini egallasammikin? Xayl Shtirlits! Qalay? Men ezma bo‘lib qolibman-a, sezyapsanmi?

– Senga yarashadi bu, – javob berdi Ervin.

– Sen qanday tug‘moqchisan, jonim? – so‘radi Shtirlits ket kuyni ijro qilib bo‘lgach.

– Menimcha, hali tug‘ishning yangicha usulini o‘ylab topmaganlar, shekilli, – javob berdi ayol.

– Men o‘tgan kuni bir shifokor bilan suhbatlashgan edim... Men sizlarni qo‘rqitmoqchi emasman... – U ketga yaqinroq borib, iltimos qildi: – Chalaver, jonim, chalaver. O‘zim qo‘rqib ketgan bo‘lsam ham, sizlarni qo‘rqitmoqchi emasman. O‘sha keksa doktor menga: «Tug‘ayotgan paytida har bir ayolning qayerdan ekanligini aniqlab olaman», – dedi.

– Tushunmadim, – dedi Ervin. ket chalishdan to‘xtadi.

– Chalaver, jonim, chalaver, – iltimos qildi Shtirlits, – qo‘rqma. Avval eshit, so‘ngra biror chorasini topishni o‘ylab ko‘ramiz. Ayollarning to‘lg‘oq paytida dodlashini bilarsan, albatta.

– Rahmat-e, – kulib javob berdi ket, – ayollar tug‘ayotganda qo‘shiq aytishsa kerak deb o‘ylab yurardim.

– Bilasanmi, jonim, ular o‘z ona tillarida qichqirishar ekan. Qayerda tug‘ilgan bo‘lsalar, o‘sha yerning shevasida. Demak, sen ryazanchasiga «oyi» deb qichqirar ekansan...

Ket kuyni ijro etishda davom etaverdi, ammo Shtirlits uning ko‘zlari jiqqa yosh to‘lganini ko‘rib qoldi.

– Nima qilamiz endi? – so‘radi Ervin.

– Sizlarni Shvetsiyaga jo‘natsak-chi? Bu mening qo‘limdan kelar.

– Eng so‘nggi aloqa vositasidan ham mahrum bo‘lasanmi? – so‘radi ket.

– Men bu yerda qolaman-ku, – dedi Ervin. Shtirlits «yo‘q» deganday boshini qimirlatdi.

– Bir o‘zingni qo‘ymaydilar. Faqat birga ketishlaring mumkin; u urush nogironi sifatida sanatoriylarda davolanishga muhtoj, Stokgolmdagi nemis qarindoshlari taklif qilishadi... Bir o‘zingni o‘tkazmaydilar. Sening emas, uning amakisi shved natsisti hisoblanadi...

– Biz shu yerda qolamiz, – dedi ket. – Qo‘yaver, nemis tilida qichqirarman.

– Ruscha haqoratli so‘zlarni ham bir oz qo‘shishing mumkin, lekin albatta, Berlin talaffuzida bo‘lsin, – hazillashdi Shtirlits. – Bu narsani hal qilishni ertaga qoldiramiz:

qahramonlik ko‘rsatmay, bafurja o‘ylab ko‘ramiz. ketdik, Ervin, aloqa bog‘lash kerak. Ertaga menga qanday javob berishlariga qarab biror qarorga kelamiz.

Besh daqiqadan so‘ng ular uydan chiqdilar.

Ervinning qo‘lida jomadon, unda esa ratsiya bor edi. Ular Ransdorf tomon o‘n besh chaqirimcha yo‘l yurib, o‘rmonga kirdilar, Shtirlits motorni o‘chirdi. Ilgarigidek bombardimon davom etmoqda edi. Ervin soatiga qarab oldi-da:

– Boshladikmi? – dedi.

– Boshladik, – javob berdi Shtirlits, achchiq fransuz «Galuaz» tamakisini tutatib, qattiq tortar ekan. – Boshladik, – yana qaytardi u.

 

«YUSTAS – ALEKSGA

Hali ham G‘arbdagi birorta jiddiy siyosatchi SS yoki SD bilan muzokaraga botinolmaydi degan ishonchdaman. Ammo topshiriq olganim uchun, uni amalga oshirishga kirishmoqdaman.86 Yulian Semyonov Sizlardan olingan ma’lumotlarning bir qismini Gimmlerga yetkazsamgina topshiriqni bajarishim mumkin deb hisoblayman. Uning tayanchiga ega bo‘lganimdan so‘nggina muzokara yo‘lini qidirayotgan kishilarni keyinchalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘lishim mumkin. Mening Gimmlerga «chaqimchilik» qilishim – mayda-chuyda narsalarni sizdan bemaslahat o‘zim uyushtiraveraman – gipotezangizni isbotlash yo‘lidami, uni rad etish yo‘lidami, baribir, sizni barcha yangiliklar bilan tanishtirib turishga yordam beradi. Hozircha bundan boshqa yo‘l yo‘q deb hisoblayman. Agar ma’qul topilsa, Ervin kanali orqali «yaxshi» degan javob bering.

YUSTAS».

 

– U halokat yoqasiga borib qolibdi, – dedi Markaz boshlig‘i bu Moskvaga yetkazilgach. – Basharti to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gimmler bilan aloqa bog‘lasa – halok bo‘ldi deyavering, hech narsa qutqarib qololmaydi uni. Hatto Gimmler «berkinmachoq» o‘ynamoqqa ahd qilsa-chi deb faraz qilingan chog‘da ham... SS reyxsfyureri bunday qilishga arziydigan darajadagi shaxs emas u, albatta. Ertaga ertalab «qat’iyan rad etiladi» degan ma’noda shoshilinch xabar yuboring.

Markaz bilgan narsalarni Isayev bilmasdi, albatta, chunki so‘nggi bir necha oy mobaynida to‘plangan ma’lumotlar Gimmlerning qanday insonligini ochib beradigan kalit vazifasini o‘tashi mumkin edi.