Asarlar
April 13, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

«KIM ASLIDA KIM?»

Gitlerning vorisi – «ikkinchi raqamli fashist» – Geringga Shtirlits birinchi marta 1942 yilning aprelida, Amerikaning sakkiz yuzta «uchuvchi istehkomlari» kil shahrini bombardimon qilgandan keyin, diqqat bilan nazar sola boshlagan edi. Shahar yondirilib, vayron etilgandi. Gering, hujumda uch yuzta samolyot qatnashdi, deb xabar qilgan edi fyurerga. Bir kecha-kunduz davomida sochlari oqarib ketgan kilning gauleyteri Groxe: hujumda sakkiz yuzta «uchuvchi istehkomlar» ishtirok qilgandi, lyuftvaffe esa shaharni qutqarib qolish uchun hech narsa qilolmay, ojizlik qildi, deb asosli tarzda Geringni rad etdi.

Gitler Geringga indamay qarab turardi, faqat ijirg‘anganday afti burishib ketdi, chap qo‘li esa joy topolmay, timirskilanardi – go‘yo fyurer hadeb tanasiga toshgan qo‘tirni qashiyotganga o‘xshardi. keyin jazavasi qo‘zidi.

– Germaniya shaharlariga birorta dushman bombasi tushmaydi emish?! – Geringga qaramay, asabiylik va alam bilan gapira boshladi u. – Millatga bu gaplarni kim aytgan edi? Kim partiyamizni shunga ishontirgandi?! Men qarta o‘yinlari haqida kitoblarda o‘qiganman – uydirma nimaligini tushunaman! Ammo Germaniya gardkam deb qarta tashlanadigan qimorxona stolidagi ko‘k movut emas! – Gitler Geringga bir o‘qrayib qo‘yib, so‘zini davom ettirdi: – Siz farovonlik va zeb-ziynat botqog‘iga botib qolibsiz, Gering! Siz urush yillarida xuddi imperator yoki hokimi mutlaq yahudiy boy kabi hayot kechiryapsiz! Dushman samolyotlari millatni to‘pga tutayotgan bir paytda siz o‘q-yoy bilan kiyik ovlab yuribsiz. Dohiyning burchi – millatni ulug‘lash! Dohiy vazifasi – va’daga vafo qilishdir!

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Gering Gitlerning mana shu gaplarini eshitib, uyiga qaytgan va isitmasi ko‘tarilib, qattiq asab kasaliga duchor bo‘lib yotib qolgan. U bombardimon qilingan shaharlarga borib turar, u yerda xalq bilan uchrashar, jabrlanganlarga tezlik bilan yordam ko‘rsatishni talab qilar, shahar larning havo mudofaasini qaytadan tashkil etar va shulardan keyin isitmasi ko‘tarilib, o‘ringa yotib olardi; qon bosimi oshib ketar, barmoqlari muzlar, chakkasi yorilib ketayotgandek bo‘lar, peshanasi chiday bo‘lmas darajada og‘rirdi. Gimmler Geringning obro‘siga putur yetkazuvchi materiallar to‘plash niyatida – balki nayrang ishlatayotgandir – shifokorlar xulosasini olib kelishlarini so‘radi. Biroq tibbiy tekshiruvlar Geringning qon bosimi chindan ham keskin ko‘tarilib ketganligidan darak berardi.

Shunday qilib, Gitlerning rasmiy vorisi Gering 1942 yili birinchi marotaba izzat-nafsiga tegadigan darajada tanqid qilingandi, buning ustiga bu voqea fyurer devonidagilarning ko‘z oldida yuz bergan edi. Bu voqeadan Gimmler darhol foydalandi va ertasigayoq SS reyxsfyureri, Gitlerdan ruxsat so‘rab o‘tirmasdanoq, «fyurerning eng yaqin safdoshining» telefonda so‘zlashgan gaplarini tinglab borishni buyurdi.

Gimmler birinchi marta, albatta, fyurerning ruxsatini olgach, reyxsmarshalning ukasi bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng, bir hafta davomida Geringning telefon orqali gaplashgan gaplarini tinglab turishni buyurgan edi. Gering o‘z ukasini Venadan Pragaga – «Shkoda» zavodlarining eksport bo‘yicha rahbari vazifasiga o‘tkazgandan so‘ng, ranjitilganlarning himoyachisi sifatida nom chiqargan Albert akasining blankasiga Mautxauzen qamoqxonasining nazoratchisiga: «Aybini jiddiy isbotlovchi dalillar bo‘lmaganligi tufayli professor kishni darhol ozod qiling», deb yozib yuborgan edi. Xatning yuzida ismi qo‘yilmagan «Gering»ning imzosi turardi. O‘takasi yorilib ketayozgan konslager nazoratchisi biryo‘la sharifi kish bo‘lgan ikki kishini ozod qilib yuborgan: keyin ma’lum bo‘lishicha, ulardan biri – professor, ikkinchisi – yashirin tashkilotchi ekan. Gering ukasini qutqarish uchun katta mehnat sarfladi: bu voqeani Gitlerga qiziq latifaga o‘xshatib gapirib berib, ukasini zarbadan saqlab qoldi. Shundan so‘ng Gimmler darhol o‘zini chetga oldi va Gitler bu haqda qattiq hazil qilgan bo‘lsa, u ham bu voqeani shunchalik hazilga aylantirib, hikoya qilib yurdi.

Biroq shu voqeadan keyin ham Gitler Bormanga qayta-qayta ta’kidlardi:

– Geringdan boshqa hech kim mening vorisim bo‘lolmaydi. Chunki, birinchidan, u hech vaqt o‘zicha siyosat yuritmagan, ikkinchidan, uning xalq orasida obro‘si bor, uchinchidan, dushman matbuotidagi karikaturalar uchun asosiy nishondir.

Gitler bu gaplarni butun amaliy faoliyatini hokimiyatni qo‘lga olishga qaratgan kishi, begonalarga emas (diktofonlarga ham emas, chunki u o‘sha paytlarda «kurashdosh birodarlari» uning gaplarini yashirin ravishda tinglashlari mumkinligiga ishonmas edi), balki kechasi o‘rinda yotganida o‘z xotiniga «Men yashayotganim yo‘q, balki mening jismimda fyurer yashamoqda...» – degan kishi haqida aytgan edi.

* * *

Birinchi Jahon urushining jasur uchuvchisi, kayzer Germaniyasining qahramoni nemislar ning birinchi bosh ko‘tarib chiqishlari muvaffaqiyatsiz tugagach, Shvetsiyaga qochgan edi. U yerda fuqaro aviatsiyasida uchuvchi bo‘lib ishlay boshladi va bir kuni knyaz Rozenni samolyotda olib ketayotganida qattiq bo‘ronga duch kelib, o‘z samolyotini mo‘‘jiza bilan Roklshtadt qasriga qo‘ndirolgan edi. U yerda polkovnik fon Fokning qizi karina Fon katsov bilan tanishdi. Uni eridan aynitdi, so‘ngra Germaniyaga jo‘nab, u yerda fyurer bilan uchrashdi. 1923 yil 9 noyabrda bo‘lib o‘tgan turli namoyishlarda qatnashib yaralandi, bir amallab qamoq jazosidan qutulib, Insbrukka jo‘nadi, u yerda uni karina kutardi. Ularning puli yo‘q edi, lekin mehmonxona xo‘jayini ularni bepul boqib turdi: u ham Gering kabi o‘z e’tiqodiga sodiq bo‘lib, Insbrukdagi mehmonxonalarning yetmish foizini qo‘lga olgan yahudiylardan jabr tortmoqda edi. keyinchalik Geringni xotini bilan Venetsiyadagi «Britaniya» mehmonxonasining xo‘jayini taklif qildi va er-xotin u yerda 1927 yilgacha, Germaniyada afvi umumiy e’lon qilingan kungacha yashadilar. Yarim yil o‘tmasdanoq u boshqa o‘n bir nemis qatorida reyxstag deputati bo‘lib oldi. Gitler reyxstag deputatligiga nomzodini qo‘ya olmasdi, chunki u avstriyalik edi.

Yangi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish kerak edi. Fyurer qarori bilan Gering partiya ishidan ketdi va faqat reyxstag a’zosi bo‘lib qoldi. Uning vazifasi dunyodagi eng kuchli odamlar bilan aloqa o‘rnatishdan iborat edi – hokimiyatni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan partiya keng aloqa doirasiga ega bo‘lmog‘i lozim. Partiya qarori bilan u Badenshtrassedagi hashamatli uylardan birini ijaraga oldi: u yerga, uning huzuriga shahzoda Gogensoller, shahzoda koburg, turli nufuzli mavqega ega odamlar kelib turdilar. Uning fayzi karina edi: istarasi issiq, oqsuyak ayol, shvetsiyalik amaldorning qizi, urush qahramoni, musofir, jangchi, vahshiyliklarga bardosh berolmayotgan G‘arbdagi quturgan demokratiyaning ashaddiy dushmani bo‘lgan Geringning xotini sifatida karina hammaga yoqardi.

Har gal, qabul marosimi oldidan erta bilan uyga Berlin millatchilar tashkilotining partayleyteri Gebbels kelardi. U partiya bilan Gering o‘rtasida aloqachi edi. Gebbels royal chalardi, Gering, karina va uning birinchi eridan qolgan o‘g‘li Tomas xalq qo‘shiqlarini aytishardi: reyxstagdagi nemislar yetakchisining uyida o‘ta bachkana amerika yoki fransuz jazi yangrashiga esa toqat qila olishmasdi.

Xuddi shu yerga, partiya hisobidan ijaraga olingan uyga, 1931 yilning 5 yanvarida Gitler, Shaxt va Tissen kirib keldilar. Xuddi shu hashamatli uy moliya va sanoat korchalonlarining Gitler bilan til biriktirishlarining guvohi bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Gitler muvaffaqiyatga erishdi. Karina Shvetsiyaga uchib ketdi va u yerda tutqanoq kasaliga mubtalo bo‘lib vafot etdi. Har qanday sharoitda ham German fyurerning sodiq xizmatkori bo‘lib qolsin – uning so‘nggi istagi, vasiyati shunday edi.

Rem boshliq fitnadan so‘ng, fyurer kapital bilan ittifoq tuzib, g‘oyaga xoinlik qildi, deb hisoblagan partiyaning faxriylari unga qarshi kurashga o‘tib olganlarida, partiyaning quyi organlari va quyi doiralarida:

– Geringning Germanligi qolmabdi, u prezident bo‘lib qolibdi... U partiyadosh o‘rtoqlarini qabul qilmay qo‘yibdi, idorasida ularni mensimay kuttirib qo‘yayotgan emish... U zeb-ziynatga botib ketibdi... – degan gaplar tarqala boshladi.

Avval bu haqda faqat partiyaning oddiy a’zolari yashirincha gap tarqatib yurdilar. Ammo Gering 1938 yilda Berlin yaqinida karinxale qasrini qurib bo‘lgach, uning ustidan oddiy odamlar emas, balki boshliqlar – Ley va Zaukel shikoyat qildilar. Gebbels esa Gering Berlindagi ijaraga olingan uydayoq ayniy boshlagan deb hisoblardi.

– Zeb-ziynat botqog‘iga botib ketmoqda, – derdi u, – Geringga yordam berish kerak, chunki u biz uchun juda qimmatli odam.

Gitler karinxalega bordi, o‘sha qasrni ko‘zdan kechirib, bunday dedi:

– Geringni tinch qo‘yinglar... Axir G‘arb elchilarini qanday sharoitda qabul etishni uning o‘zi biladi... karinxale chet ellik mehmonlar qabul qilinadigan joy bo‘la qolsin. Qo‘yaveringlar! Germanning bunga haddi sig‘adi. karinxale xalq mulki va German u yerda yashaydi deb hisoblay qolamiz...

Chexoslovakiya elchisi Mestniy qo‘lga kiritgan xabarga qaraganda, Gering bu qasrda butun vaqtini eng yaxshi ko‘rgan mualliflari – Jyul Vern, karl Mey kitoblarini qayta-qayta o‘qish bilan o‘tkazar ekan. Shu yerda o‘rgatilgan kiyiklarni ovlar, kechqurunlari esa allaqancha vaqt kinozalda o‘tirar: biryo‘la beshtadan sarguzasht filmlarni tomosha qilardi. Namoyish paytida mehmonlarini tinchlantirib:

– Tashvishlanmanglar, oxiri yaxshilik bilan tugaydi, – deb qo‘yar edi.

Shtirlits Geringning semiz jasadi chizilgan rasmni bir chetga qo‘yib, Gebbels qiyofasi ishlangan qog‘ozni oldiga surdi. Reyx kinostudiyasi joylashgan va hamma aktrisalar yashaydigan Babelsbergdagi ishratlari uchun unga «Babelsberg buqachasi» degan laqab qo‘ygandilar. Uning ustidan to‘plangan ma’lumotlarda Gebbels chex aktrisasi Lida Baarovaga aylanishib yurgan paytlarda frau Gebbels bilan Gering o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat yozib qo‘yilgandi. O‘shanda Gering uning xotiniga quyidagilarni aytgandi:

– Xotinlarni deb peshanasi yoriladi. Sharmandalik bu. Bizning g‘oyamiz uchun javobgar bo‘lgan odam tasodifiy aloqalar bilan o‘zini sharmanda qilib yursa-ya!

Fyurer frau Gebbelsga ajralishni tavsiya qilgan edi.

– Men sizning tarafingizda bo‘laman, – degandi u, – toki o‘zini yuksak axloqli va oila oldidagi muqaddas burchini beg‘araz ado etadigan haqiqiy erkakdek tutishni o‘rganmagunicha eringiz bilan shaxsan uchrashishdan voz kechaman...

Hozir esa bu gaplar unutilib ketgan edi – shu yil yanvar oyida Gitler Gebbelsnikiga xotinining tug‘ilgan kuniga keldi. U frau Gebbelsga kichkinagina guldasta taqdim qilarkan, bunday dedi:

– Kechikkanim uchun afv etishingizni so‘rayman, chunki gul topaman deb butun Berlinni aylanib chiqdim – Berlin gauleyteri partaygenosse Gebbels barcha gul do‘konlarini ber kitib qo‘yibdi: total urush paytida gul kerak emasmish...

Qirq daqiqadan keyin Gitler jo‘nab ketgach, Magda Gebbels:

– Geringlarnikiga fyurer hech vaqt bormasdi... – dedi.

Berlin vayronaga aylangandi, ming yillik reyx poytaxtidan bir yuz qirq chaqirim narida janglar borayotgan bir paytda sevinchi ichiga sig‘magan Magda Gebbels o‘z g‘alabasi sururidan mast edi. Eri yonida turar, yuzlari esa baxtiyorlikdan oppoq oqarib ketgandi: hazilakam gapmi bu, olti yillik tanaffusdan so‘ng fyurer uning uyiga kelgan edi-da, axir...

«Buning endi ahamiyati yo‘q, – mulohazasini davom ettirdi Shtirlits, – behuda xatti-harakatlardan boshqa narsa emas...»

U qog‘ozga katta doira shaklini chizib, shoshilmay uning ichini aniq va to‘g‘ri chiziqlar bilan to‘ldira boshladi. U Gebbelsning kundalik daftarlariga taalluqli narsalarni eslay boshladi. Gebbelsning kundalik daftarlari bilan reyxsfyurer qiziqayotganligi va o‘z vaqtida bu daftarlar bilan tanishish ishtiyoqida ko‘p urinib ko‘rganligidan xabardor edi. U faqat bir necha sahifaning fotonusxasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan edi, xolos. Shtirlitsning xotirasi juda zo‘r edi: uncha diqqat sarflamay, daftardagi yozuvlarni ko‘z o‘ngiga keltira boshladi:

«1943 yil, 9 dekabr. Angliyada gripp epidemiyasi boshlanibdi, – deb yozardi Gebbels. – Hatto qirol betob ekan. Qani endi shu epidemiya butun Angliyani qirib yuborsa, ammo bu ajoyib istakning amalga oshishi qiyin bo‘lsa kerak.

1943 yil, 2 mart. Hamma yahudiylar Berlindan yo‘q qilinguniga qadar dam olmay ishlayman, Oberzalsbergda Shpeyer bilan suhbat qilib bo‘lgach, Gering huzuriga jo‘nadim. Uning yerto‘lasida 25 ming shisha shampan bor ekan. U tag‘in fidoyi vatanparvar emish! U ichki ko‘ylakda ekan. Uning rangidan ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Nima ham qilib bo‘ladi, u qanday odam bo‘lmasin, ko‘nib yuraverishga majbursan».

Shtirlits kulib yubordi: Gimmlerning Gebbels haqida aynan xuddi shu so‘zlarni aytgani esiga tushgandi. U buni qirq ikkinchi yilda aytgan edi. Gebbels u vaqtda oilasi bilan katta uyda emas, balki shahar chekkasida «ishlash uchun» qurilgan kichkinagina dala hovlida turardi. Dala hovli ko‘l bo‘yida joylashgan bo‘lib, ichkariga qamishzor tomondan aylanib o‘tish mumkin edi – suv u yerda to‘piqqacha chiqar, SS qorovullari nazorat qilish joyi chetroqda joylashgan edi. Uning huzuriga aktrisalar kelib turishardi: ular elektr poyezddan tushib, o‘rmon orqali o‘tib kelardilar. Gebbels ayollarni uyiga mashinada olib kelishni o‘z sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan dabdaba deb hisoblardi. Ularni qamishzordan o‘zi olib o‘tardi, keyin azonda, SSchilar uxlayotgan paytda kuzatib qo‘yardi. Gimmler bundan xabardor edi, albatta. Ana shunda Gimmler: «U qanday odam bo‘lmasin, ko‘nib yuraverishga majbursan...» degan edi.

Shtirlits Gering va Gebbels qiyofasi tasvirlangan qog‘ozlarni g‘ijimlab, sham alangasiga tutib yoqa boshladi. Olov barmoqlarini kuydiray deganda, qog‘ozlarni kaminga tashla di. Chiroyli cho‘yan kosov bilan kulni titib, yana stol yoniga keldi va papiros chekdi. Keyin Gimmler va Borman tasvirlangan ikkala varaqni oldiga surib qo‘ydi.

«Gering va Gebbels bundan istisno. Bularni tanlamaydilar. Unisini ham, bunisini ham. Gering muzokaralarga jur’at eta olardi-yu, lekin hozir obro‘sini tushirib qo‘ygan, u hech kimga ishonmaydi. Gebbels-chi? Yo‘q. U bunga jur’at etolmaydi. U fanatik, oxirigacha o‘z ishiga sodiq bo‘lib qoladi, unga tayanib bo‘lmaydi, darhol sheriklikka boshqalarni qidira boshlaydi.

Gimmler bilan Borman qoldi. Ikkalasidan biri. Agar men shularning biridan boshqalariga qarshi ishlash uchun va’dasini ololsam – yutib chiqqan bo‘laman. Agar xatoga yo‘l qo‘ysam – jonimdan ayrilaman. Darhol harakat qilmoq zarur. Ammo qaysi birini tanlash kerak? Aftidan, Gimmlerni. U hech qachon muzokara olib borishga botinolmas, chunki o‘z nomining qanchalik nafrat bilan tilga olinayotganligini bilsa kerak. Aftidan, Gimmlerni tanlash lozim...»

Xuddi shu paytda ranglari oqarib, ko‘zlari kirtayib, og‘riqdan boshi tars yorilib ketay deyotgan Gering fyurer bunkeridan karinxalega qaytayotgan edi. Bugun ertalab u mashinada frontga, rus tanklari yorib o‘tgan joyga bordi. U yerdan darhol Gitler huzuriga jo‘nadi.

– Frontda hech qanday uyushqoqlik yo‘q, – degan edi u, – hamma yoqda tartibsizlik. Askarlar ko‘zida dovdirash alomatlarini ko‘rasiz. Zobitlar mast-alast. Dushmanlarning hujumi qo‘shinni vahimaga solib qo‘ygan... Menimcha...

Gitler uning gaplariga ko‘zlarini qisib, o‘ng qo‘li bilan dir-dir titrayotgan chap qo‘li tirsagini ushlab turgan holda quloq solardi.

– Menimcha, – takrorladi Gering, ammo Gitler

uning gapini oxiriga yetkazishiga qo‘ymadi.

U zo‘rg‘a o‘rnidan turdi, qizargan ko‘zlari chaqchaydi, nafratdan mo‘ylovi qimirlab ketdi.

– Men sizga bundan keyin frontga borishni man etaman! – dedi u avvalgiday baland va kuchli ovoz bilan. – Men bunday vahima tarqatishni man etaman!

– Bu vahima emas, haqiqat, – Gering umrida ilk bor fyurerga gap qaytardi-yu, qo‘l-oyog‘i muzlab ketganligini sezdi. – Bu haqiqat, fyurerim, bu haqiqatni sizga aytish mening burchim!

– Bas qiling! Yaxshisi, aviatsiya bilan shug‘ullaning, Gering! Tiniq miya, istiqbolni ko‘ra bilish va kuch zarur bo‘lgan joyga o‘zingizni suqavermang. Ma’lum bo‘ldiki, bunga layoqatingiz yetmas ekan. Men sizga hozir ham, bundan buyon ham frontga borishni man etaman!

Gering bu haqoratdan yerga kirib ketayozdi, u fyurerning pastkash ad’yutantlari Shmund va Burgdorfning orqadan turib, irshayganlarini sezdi.

Karinxaleda uni Lyuftvaffe shtabi xodimlari kutib turardilar: bunkerdan chiqa turib, ularni to‘plashni buyurgan edi. Ammo kengashni boshlayolmadi – ad’yutant SS reyxsfyureri Gimmler kelganligini aytdi.

– U yakkama-yakka gaplashishni so‘ramoqda, – dedi ad’yutant so‘zlariga ko‘p ma’no bermoqchi bo‘lib. O‘tirganlar orasida ad’yutantlarning ishi ham sehrli va qiziqarli bo‘lar ekan degan taassurot qoldirish maqsadida shu ohangda gapirgan edi.

Gering reyxsfyurerni o‘z kutubxonasida qabul qildi. Gimmler har vaqtdagidek kulib turar va ko‘rinishidan xotirjam edi. Qo‘lida qalin qora charm jildini ushlab turardi. U kursiga cho‘kdi, ko‘zoynagini oldi, shishalarini uzoq artdi, keyin hech qanday muqaddimasiz dedi:

– Fyurer bundan keyin millat dohiysi bo‘lolmaydi.

– Nima qilish kerak? – o‘ylab o‘tirmay so‘radi Gering, SS rahbari aytgan gaplarning ma’nosini to‘la chaqib olishga ulgurmasdanoq.

– Aslini olganda bunkerda SS qo‘shinlari joylashgan, – davom ettirdi Gimmler xotirjam va ravon ovoz bilan, – ammo gap bundagina emas. Fyurerning irodasi bo‘shashgan. U qarorlar qabul qilolmayapti. Biz xalqqa murojaat qilishimiz shart.

Gimmlerning tizzasida yotgan qora jildga qarab qoldi Gering. Qirq to‘rtinchi yili xotinining dugonasi bilan telefon orqali so‘zlasha turib: «Yaxshisi, bu yerga kela qol, telefon orqali gaplashish qaltis ish, gaplarimizni tinglab turuvchilar bor», degan gaplari yodiga tushdi. Gering o‘sha paytdayoq Emmiga: «Buni gapira ko‘rma, tentaklik bu», degandek barmoqlari bilan stolni urib qo‘yganligini esladi. Mana, hozir ham u qora jildga qarar ekan, balki ichida diktofon bordir, balki bir soat o‘tar-o‘tmas yozib olingan bu suhbat Gitlerga qo‘yib berilar, ana unda gap tamom-vassalom.

«U istagan gapini gapiraversin, – o‘ylardi Gering Gimmler haqida. – Ayg‘oqchilar otaxoni sofdil odam bo‘lolmaydi. U meni bugun fyurer oldida sharmanda bo‘lganimni bilgan, albatta.

U o‘z vazifasini nihoyasiga yetkazmoqchi bo‘lib kelgan».

O‘z navbatida, Gimmler ham «ikkinchi raqamli fashist» nimalarni o‘ylab turganini bilardi. Shu sababli, bir xo‘rsinib qo‘yib, unga yordamga kelmoqchi bo‘ldi. U bunday dedi:

– Siz – vorissiz, binobarin, siz – prezidentsiz. Shunday qilib, men – reyxskansler.

SS rahbari bo‘lganligi sababli millatni o‘z ortidan ergashtira olmasligini Gimmler yaxshi bilardi. Unga o‘zini yashirib turadigan mashhur nom kerak edi. Geringdan yaxshiroq qalqonni topish esa amri mahol.

Gering yana o‘ylab o‘tirmay javob qaytardi:

– Bu mumkin emas... – U bir nafas jim qoldi va bordi-yu, qora jildga diktofon yashirilgan bo‘lsa, yozib olinmasin deb, pichirlab gapira boshladi: – Bu mumkin emas. Faqat bir odam ham prezident, ham reyxskansler bo‘lishi lozim.

Gimmler kulib qo‘ydi va bir daqiqa jim o‘tirdi, keyin dik etib o‘rnidan turib, Gering bilan partiyachasiga xayrlashdi-da, kutubxonadan pildiragancha chiqib ketdi...