BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
Avvalgi qismi
– Salom, frau kin, – dedi bir kimsa, uning karavotiga engashib.
– Salom, – javob berdi ket arang.
U hali gapirishga qiynalardi, boshi g‘uvillardi, harakat qilsa, ko‘ngli behuzur bo‘lardi. U bolasini emizgach, bir oz o‘ziga kelardi.
O‘g‘ilchasi uyquga ketgandan keyin u ham nafasini rostlab olardi. ko‘z ochgan paytlarida yana boshi aylanar, tevarak-atrof turli tus ola boshlar, lohas bo‘lar, o‘g‘liga ko‘zi tushib allaqandaydir yangicha tuyg‘ularni his etardi.
Bu juda g‘alati tuyg‘ular bo‘lib, ularning nimaligiga aqli yetmasdi. Uning ko‘nglida hamma narsa – qo‘rqinch ham, yengillik ham, qandaydir ichki mag‘rurlik va avvallari unga xos bo‘lmagan xotirjamlik uyg‘unlashib ketgan edi.
– Men sizga bir necha savol bermoqchi edim, frau kin, – davom ettirdi so‘zini boyagi odam, – meni eshityapsizmi?
– Ha.
– Men sizni ko‘p bezovta qilmayman...
– Qayerdansiz?
– Men sug‘urta kompaniyasidanman...
– Erim qani... halok bo‘ldimi?
– Bir narsani eslang: bomba tushganda u qayerda edi?
– U vannaxonada edi.
– Uyingizga ko‘mir borganmidi? Juda kamchilda... Biz kompaniyada shunday sovqotib o‘tiribmizki...
– Uchrab qolgan ekan, ozgina sotib olgan edi...
– Charchamadingizmi?
– U...halok bo‘ldimi?
– Men sizga qayg‘uli xabar olib keldim, frau kin. Eringiz dunyodan o‘tdi... O‘sha dahshatli havo hujumidan jabr ko‘rganlarning hammasiga yordam beryapmiz. Siz kasalxonada yotgan paytingizda qanday yordam olishni istaysiz?
Ovqat bilan ta’minlab turishsa kerak, kiyim-kechakni chiqishingizga to‘g‘rilab qo‘yamiz:
o‘zingizga ham, chaqaloqqa ham... Juda do‘mboq bola ekan... Qizmi?
– O‘g‘il.
– Yig‘loqimi?
– Yo‘q... Men hali ovozini ham eshitganim yo‘q.
U rostdan ham o‘g‘lining ovozini shu damgacha eshitmaganiga bezovta bo‘la boshladi.
– Ular ko‘p yig‘laydilarmi? – so‘radi ket. – Bilmaysizmi?
– Mening farzandlarim juda yig‘loqi edilar, – javob berdi u, – chinqiriqlaridan qulog‘im garang bo‘lib qolayozardi. Farzandlarim ozg‘in tug‘ilgan. Sizniki – polvon ekan. Polvonlar doim indamas bo‘ladi... kechirasiz-u, frau kin, agar charchamagan bo‘lsangiz, yana savolim bor edi: mol-mulkingizni necha so‘mga sug‘urta qildirgansiz?
– Bilmayman... Bu ish bilan erim shug‘ullangan edi...
– Qaysi bo‘limda sug‘urta qildirganligingizni ham bilmaysizmi?
– kudam va kantshtrasse ko‘chalari burchagidagida bo‘lsa kerak.
– To‘g‘ri, u yerda yigirma yettinchi bo‘lim bor...
Topish ancha osonlashdi... Sug‘urta miqdori qanchaligi esingizdami?
– O‘n ming marka bo‘lsa kerak...
– Ancha ekan...
Erkak bu gaplarni o‘zining eski daftarchasiga yozib oldi; keyin yo‘talib qo‘yib, yana ketning yuziga engashdi-da, sekingina dedi:
– Yosh onaga yig‘lash va bezovta bo‘lish yaramaydi... Uch farzandning otasiga ishonavering...
Bular hammasi bola oshqozoniga ta’sir etadi, shundan keyin janjalini ko‘rasiz... Endi siz faqat o‘z haqingizda o‘ylashga haqingiz yo‘q, u vaqtlar siz uchun butunlay o‘tib ketdi...
– Xo‘p, yig‘lamayman, – pichirladi ket va muzdek barmoqlari bilan uning iliq, nam qo‘lini ushlab qo‘ydi, – rahmat sizga...
– Qarindoshlaringiz qayerda? kompaniyamiz ularning kelishiga yordam qiladi. Biz yo‘l kirasini to‘laymiz va turar joy beramiz...
Albatta, tushunsangiz kerak, mehmonxonalar qisman vayron bo‘lgan, qisman esa harbiylarga berilgan. Ammo bizlarda xususiy xonalar bor. Qarindoshlaringizni ranjitmaymiz. Qayerga yozish kerak?
– Mening qarindoshlarim keningsbergda qolishgan, – javob berdi ket. – Ulardan bexabarman.
– Eringizning qarindoshlari-chi? ko‘ngilsiz voqeani kimga xabar qilaylik?
– Uning qarindoshlari Shvetsiyada turadilar...
Ammo ularga yozish o‘ng‘aysiz: erimning amakisi Germaniyaning katta do‘sti, shuning uchun unga yozmaslikni iltimos qilgan... Biz qulay paytdagina yoki elchixona orqali xat yozardik.
– Manzili esingizdami?
Shu payt bola yig‘lab yubordi.
– Kechirasiz, – dedi ket, – men uni emizib olay, keyin manzilini aytaman.
– Mayli, xalaqit bermay, – dedi u kishi va palatadan chiqib ketdi.
Ket uning ketidan qarab qoldi va tomog‘iga allanima tiqilganday bo‘ldi. Ilgarigidek zirqirab boshi og‘rirdi, ammo ko‘ngli lohas bo‘lmadi. U o‘ziga berilgan savollar ustida yaxshi o‘ylab ololmadi, chunki bola ema boshladi-da, tashvishli, begona narsalar chetda qoldi. Uning bag‘rida faqat shosha-pisha emayotgan va qo‘lchalari bilan o‘ynayotgan bola qoldi:
u yo‘rgaklarni yechib tashladi va qip-qizil, badanini har yer-har yeridan ip bilan bog‘lab qo‘ygandek baqaloq bolasini tomosha qilib yotdi.
keyin u ikki kun oldin ayollar ko‘p, katta xonada yotganini esladi. U yerga bolalarni bir vaqtda olib kelardilar, palatani yig‘i bosib ketardi, ammo unga bolalar ovozi uzoqdan eshitilayotgandek tuyulardi.
«Nega bu yerda bir o‘zimman? – o‘ylab qoldi ket. – Qayerdaman o‘zi?» Haligi kishi yarim soat o‘tgach, kirib keldi. U uxlab yotgan bolani tomosha qilib turdi keyin jilddan anchagina fotosuratlarni oldi-da, tizzasiga yoyib so‘radi:
– Men amakingizning manzilini yozib olgunimcha, marhamat, qarab ko‘ring, bu yerda sizning narsalaringiz yo‘qmikan? Bomba tushgandan keyin uyingizdagi bir qator narsalarni topish mumkin bo‘ldi: bilasizmi, sizning hozirgi tashvishli ahvolingizda bitta jomadon ham katta boylik. Biror narsani sotish mumkin bo‘lar, bolaga zarur kiyim-kechak olarsiz... Biz, albatta, chiqishingizga hamma narsalarni tayyorlashga harakat qilamiz, ammo bunisi ham ortiqcha bo‘lmas...
– Frans Paakenen, Gustav Georgplats, 25. Stokgolm.
– Rahmat. Toliqmadingizmi?
– Bir oz toliqdim, – javob berdi ket, chunki ko‘chadagi qator qilib terib qo‘yilgan jomadon va qutilar orasida boshqalari bilan adashtirib bo‘lmaydigan katta jomadon turardi. Ervinning ana shu jomadonida radiostansiya saqlanardi...
– Diqqat qilib qarang, so‘ng men ketaman, – dedi erkak fotosuratlarni unga uzatarkan.
– Menimcha, yo‘q, – javob berdi ket, – bular orasida bizning jomadonlarimiz yo‘q...
– Xo‘p, rahmat, unda buni hal bo‘lgan masala deb hisoblaymiz, – dedi u va fotosuratlarni avaylab jildga soldi-da, ta’zim qilib, o‘rnidan turdi. – Bir-ikki kundan keyin men yana xabar olarman, o‘shanda urinishlarimning natijasini aytarman... Men oladigan shirinkoma – nima deyish mumkin, zamon shunday – uncha ko‘p emas, sizga og‘irlik qilmaydi...
– Men sizdan juda minnatdor bo‘lardim, – javob berdi ket.
ketning hol-ahvolidan xabardor bo‘lib yurgan kishi, gestapo tuman bo‘limining tergovchisi ket barmoqlari izini darhol ekspertizaga yubordi: jomadonlar tasvirlangan fotosuratlar ustiga oldindan maxsus modda surtib qo‘yilgan edi. Jomadonga o‘rnatilgan radiouzatkichlardagi barmoq izlari tekshirib chiqilgandi. Radiostansiya joylangan jomadonda uch kishining barmoq izlari borligi aniqlangandi... Ikkinchi so‘roqni u imperiya xavfsizligi oltinchi boshqarmasiga yubordi: unda Shvetsiya fuqarosi Frans Paakenenning hayoti va faoliyatiga tegishli hamma ma’lumotlar so‘ralgandi.
* * *
Aysman xonasida allaqancha vaqt u yoqdan-bu yoqqa yurdi. U qo‘lini orqasiga qilib, tez-tez yurar, behalovatligidan qandaydir muhim bir narsa yetishmayotgandek tuyulardi. Bu esa diqqatini yig‘ishtirib olishiga xalaqit berardi; u asosiy narsadan chalg‘ib ketardi, o‘zini qiynayotgan: «Nega Shtirlits gumon ostiga tushgan ekan?» – degan masalani oxirigacha tahlil qilolmayotgandi.
Nihoyat asabni buzuvchi sirenalar uvillay boshlaganda, Aysman, o‘zi uchun xuddi shu havo hujumi yetishmayotganligini tushundi. Urush oddiy hayotga o‘xshab qoldi, odamlar havo hujumidan emas, balki xuddi biror xavf keltirishi mumkin bo‘lgan tinchlikdan qo‘rqardilar.
«Xudoga shukr, – dedi ichida Aysman, sirenalar faryodi tinib, yana sukunat qaytgach. – Endi o‘tirib ishlasa bo‘ladi. Hozir hamma ketadi, menda esa o‘tirib o‘ylash imkoniyati tug‘iladi, bema’ni savollar va kelishmagan taxminlar bilan kiradiganlar bo‘lmaydi...»
Aysman stol yoniga o‘tirib, 1944 yilda davlatga qarshi ishlarda shubhalanib qamoqqa olingan shakkoklar peshvosi Frits Shlag ishini varaqlay boshladi. Qamalish oldidan uning ustidan qavmlari Barbara krayn bilan Robert Niche chaqimchilik qilgan ekanlar. Ularning chaquvlarida, pastor Shlag o‘z va’zlarida hamma xalqlar bilan birodar bo‘lib, tinch yashashni targ‘ib qilyapti, urush vahshiylik, nohaq qon to‘kilmoqda deb qoralayapti, deyilgan edi. Ob’ektiv tekshirish shuni ko‘rsatganki, pastor hozir Shveysariyada yashab turgan sobiq kansler Bryuning bilan bir necha marta uchrashgan. Ular o‘rtasida do‘stona munosabat bo‘lgan, ammo Germaniyada ham, Shveysariyada ham sinchiklab tekshirish olib borilganiga qaramay, pastorning muhojirlikda yashayotgan kansler bilan siyosiy aloqada bo‘lganligini ko‘rsatuvchi hech qanday dalillar yo‘q edi...
Nega pastor Shlag maxfiy kuzatuv xizmatiga tushib qolgan? Nega uni gestapoga jo‘natmaganlar? Nega Shellenberg shu savollarga javobni ishga ilova qilib qo‘yilgan qisqagina ma’lumotdan topdi: pastor 1933 yilda patsifistlar* kongressida qatnashish uchun ikki marta Buyuk Britaniya va Shveysariyaga borgan ekan.
«Bular uning aloqalari bilan qiziqqanlar, – degan xulosaga keldi Aysman, – u yerda pastorning kim bilan uchrashganligi qiziqtirgan. Shuning uchun pastor maxfiy kuzatuv xizmatiga olib borilgan, shuning uchun ham uni Shtirlitsning qo‘liga berishgan. Xo‘sh, Shtirlitsning bunga nima daxli bor? Topshiriqni bajargan, xolos...»
Aysman ishni yana varaqlab chiqdi: so‘roqlar qisqa va lo‘nda edi. O‘z xulosasi asosli va hujjatli bo‘lishi uchun ob’ektiv yo‘l tutib, ishdan ba’zi narsalarni ko‘chirib olmoqchi bo‘ldi, ammo amalda ko‘chirib oladigan narsa yo‘q edi. So‘roq Shtirlitsga xos uslubda olib borilmagan: yalt etgan joyi yo‘q, turgan-bitgani rasmiyatchilik.
Aysman maxsus idoraga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonni uzoq vaqt hech kim olmadi.
«Bombadan yashirinadigan xonada bo‘lsalar kerak», – degan xulosaga kelib, go‘shagini endi qo‘ymoqchi bo‘lib turganda birovning ovozi eshitildi.
– To‘rtinchi boshqarmadan Aysman gapiryapti. Salom. Marhamat qilib, hujjatlarga qarab ko‘ring; 1944 yil 29 sentyabrda shtandatenfyurer Shtirlits tomonidan olib borilgan pastor Shlag so‘rog‘ining yozuvi bormikan?
--------------
* Patsifist – har qanday urushga, shu jumladan milliy ozodlik urushi, adolatli urushga qarshi chiquvchi burjua oqimi.