BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
Avvalgi qismi
Shellenberg Shtirlitsni reyxsfyurer qabulxonasida uchratdi. Shtirlits Gimmler qabuliga yozilgandi: uning qo‘lida gardishlari oltin halli ko‘kimtir-kulrang jild bo‘lib, ichida bir varaq qog‘oz yotardi, u ham bo‘lsa, kepenikdan kelishi bilanoq yozgan nomasi edi.
– Keyingi navbat sizniki, – dedi navbatchi ad’yutant, Gimmler huzuriga SS xo‘jalik boshqarmasining boshlig‘i general Polni taklif qilar ekan. – Menimcha obergruppenfyurer ko‘p ushlanib qolmaydilar – lo‘nda masalalar.
– Salom Shtirlits, – dedi Shellenberg. – Men sizni izlab yuribman.
– Salomat bo‘ling, – javob berdi Shtirlits. – Charchagan ko‘rinasiz?
– Bilinyaptimi?
– Juda.
– Yuring xonamga. Hozir menga juda keraksiz.
– Men reyxsfyurerdan qabul qilishlarini so‘ragan edim.
– Nima masalada?
– Shaxsiy.
– Bir-bir yarim soatlardan keyin kelasiz, – dedi Shellenberg. – Qabul vaqtini kechiktirishni so‘rang, reyxsfyurer kechgacha shu yerda bo‘ladilar.
– Yaxshi, – norozi bo‘lgandek dedi Shtirlits, – sal noqulay bo‘lmasmikan?
– Men fon Shtirlitsni olib ketaman, – dedi Shellenberg navbatchi ad’yutantga. – Qabul muddatini ikki soat orqaga surib qo‘ying.
– Xo‘p, bo‘ladi, brigadenfyurer!
Shellenberg Shtirlitsni tirsagidan ushlab, xonadan olib chiqarkan, xushchaqchaqlik bilan shivirlab qo‘ydi:
– Ovozini qarang? Operetta artistiga o‘xshab ovozni qornidan chiqarayotgandek raport beradi-ya, odamlarga yoqmoqchi bo‘ladi.
– Men doim ad’yutantlarga achinaman, – dedi Shtirlits. – Ular o‘zlarining kerakli ekanliklarini bo‘rttirishga harakat qiladilar, bo‘lmasa, odamlar aksincha ekanini sezib qoladilar-da.
– Siz nohaqsiz. Ad’yutant juda ham kerak.
U chiroyli ovchi itidek bir narsa: ish o‘rtasida chaqchaqlashib olish ham mumkin, keyin yaxshi tozi bo‘lsa, boshqa ovchilarning havasi kelib yuradi.
– To‘g‘ri, men impressario vazifasini o‘taydigan bir ad’yutantni uchratganman: u hammaga o‘z xo‘jayinining buyukligi haqida gapiraverardi. Oqibat, uni avtomobil halokatida o‘ldirib yuborishdi: maqtovlari bilan juda jonga tekkan bo‘lsa kerak...
Shellenberg kulib yubordi:
– Bor gapmi yoki to‘qidingizmi?
– To‘qidim, albatta...
O‘rtadagi zinapoyada ular Myullerni uchratdilar.
– Xayl Gitler, do‘stlar! – dedi u.
– Xayl Gitler, og‘ayni, – javob berdi Shellenberg.
– Xayl, – javob berdi Shtirlits qo‘lini ko‘tarmay.
– Obbo ayyorlar-e, sizlarni ko‘rganimdan juda xursandman, – dedi Myuller, – yana birorta navbatdagi makkorlikni tayyorlayapsizlarmi deyman?
– Tayyorlayapmiz, – javob berdi Shellenberg, – nega tayyorlamas ekanmiz?
– Makkorlikda sizga teng kelolmaymiz, – dedi Shtirlits. – Siz bo‘ri bo‘lsangiz, biz qo‘zichoqmiz.
– Men-a? – hayron bo‘ldi Myuller. – Mayli, birov seni shayton hisoblasa yomonmi? Kishi o‘ladi, ammo xotirasi qoladi. Shayton xotirasi bo‘lsa ham, xotira-da.
Myuller Shellenberg bilan Shtirlitsning yelkasiga do‘stona qoqib qo‘ydi va o‘z xodimlaridan birining xonasiga kirib ketdi: u xodimlarining xonasiga to‘satdan, ayniqsa, zerikarli so‘roq bo‘lib turgan paytlarda kirib borishni yaxshi ko‘rardi.
Urushning keyingi oylarida, Gitler, Buyuk davlatlarning hamdo‘stligi haftalar ichida barbod bo‘ladi, deb qayta-qayta takrorlagan, hal qiluvchi zarba berilgach, G‘arb nemislardan yordam so‘rab murojaat qiladi, deb hammani ishontiravergan paytda, ko‘pchilik buni fyurerga xos dardmand tasavvuriga ishonaverish xususiyati bo‘lsa kerak deb hisoblardi. Ammo bunda Gitler dalillarga tayangan edi: Bormanning maxfiy kuzatuv xizmati 1944 yilning o‘rtalaridayoq, admiral kanarisning qilmishlari bilan obro‘sizlangan harbiy maxfiy kuzatuv xizmati u yoqda tursin, hatto Gimmler va Ribbentrop kanallarini chetlab o‘tib, Londondan juda maxfiy hujjat olishga sazovor bo‘lgandi. Ana o‘sha hujjatda, chunonchi, quyidagi satrlar ham bor edi: «Agar rus vahshiylari qadimdan yashab kelayotgan Yevropa davlatlarining madaniyati va mustaqilligini barbod qilsa, dahshatli bir ofat yuz bergan bo‘ladi». Gitlerning ajoyib xotirasi o‘zining 1936 yilda, Nyurenbergda Germaniya partiyasi s’ezdida so‘zlagan nutqini eslatdi. Unda Gitler bunday degan edi: «Agar bolsheviklar metodi muvaffaqiyatli chiqsa, unda Yevropa madaniyati o‘rnini misli ko‘rilmagan dahshatli vahshiylik bosadi».
O‘g‘irlangan o‘sha hujjatdagi u tez-tez murojaat qilib turgan satrlar Uinston Cherchillning gapi edi. U shu so‘zlarni 1942 yilning oktyabrida, ruslar Polshada emas, Stalingrad ostonalarida, Ruminiyada emas, Smolensk yonida, Yugoslaviyada emas, Xarkov ostida turgan bir paytda o‘zining maxfiy memorandumida yozgan edi.
Aftidan, Gitler 1943–1944 yillarda inglizlar va amerikaliklar o‘rtasida ittifoqchilar qo‘shinlarining asosiy zarbasi qaysi tomondan berilishi kerakligi yuzasidan kelishmovchilik borligidan xabardor bo‘lganida, muzokara qilishga har qanday urinish uchun o‘lim jazosi berilsin, degan buyruqlarini chiqarmagan bo‘lardi. Cherchill qo‘shinlarni Bolqonga tashlash kerak deb turib olgan edi.
Buni u quyidagi fikrlar bilan asoslagandi:
– Masala bunday: Bolqon va, ehtimolki, Italiyadagi tuzumning o‘zgarishiga rozi bo‘lamizmi? Xulosamiz shundan iborat bo‘lishi kerakki, biz yangi tuzum ta’sirining yoyilishiga va bostirib kirishiga qarshi turmog‘imiz kerak... G‘arb demokratiyasi, agar uning qo‘shinlari Budapesht va Venaga kirsa, Praga va Varshavani ozod etsa, qanday afzalliklar ega bo‘lib olishi mumkinligini aniq tasavvur etishi kerak...
Masalaga jiddiy qaragan amerikaliklar Cherchillning Gitlerga qarshi asosiy zarbani Fransiyada emas, balki Bolqondan berishga urinishi faqat o‘z manfaatini o‘ylab aytilgan fikr ekanligini payqadilar. Agar Cherchillning nuqtai nazari yutib chiqsa, Buyuk Britaniya O‘rta dengizda gegemon bo‘lib qolishi, ya’ni, xuddi shu Buyuk Britaniya Afrika, arab Sharqi, Italiya, Yugoslaviya, Gretsiyaning xo‘jayini bo‘lib olishi mumkinligini amerikaliklar yaxshi tushunardilar. Shunday qilib, kuch balansi Qo‘shma Shtatlar foydasiga bo‘lmasdi va shuning uchun Fransiyaga qo‘shin tushirish mo‘ljallab qo‘yildi.
1945 yilning qishida Cherchill o‘z strategiyasini o‘zining eng yaqin xodimlari uchun quyidagicha ifodalab bergan edi:
– Birinchidan, Sovet Rossiyasi erkin dunyo uchun o‘lim bilan teng xavf tug‘diryapti; ikkinchidan, uning shitob bilan bostirib kelishiga qarshi darhol yangi front tashkil qilish zarur; uchinchidan, bu front iloji boricha Sharqqa qarab ichkariroq kirib borishi zarur; to‘rtinchidan, ingliz-amerika qo‘shinlarining asosiy va haqiqiy maqsadi – Berlinni ishg‘ol qilish; beshinchidan, Chexoslovakiyani ozod qilish va Amerika qo‘shinlarining Pragaga kirib borishi katta ahamiyatga ega; oltinchidan, Vena, aslini olganda, butun Avstriya g‘arbiy davlatlar tomonidan boshqarilishi lozim...
Ehtiyotkor va dovyurak siyosatchi bo‘lgan Cherchillning Gitlerchilar partiyasi rahbarlarining birortasi bilan – hatto ruslar Yevropaga shiddat bilan kirib kelgan taqdirda ham – aloqa bog‘lab bo‘lmasligiga aqli yetardi, chunki Rossiya uning uchun o‘lim xavfi bo‘lib tuyulsa-da, Gitlerchilar zulmi ostida ezilgan odamlar uchun bu ozodlik timsoli bo‘lib qolgandi. Berlin bilan yana shuning uchun aloqa bog‘lash qiyin ediki, u Gitlerchi boshliqlarning betayinligini va har damda xiyonat yo‘liga o‘tishlari mumkinligini yaxshi bilardi; u jahon jamoatchiligi demokratiyaning gitlerchilar bilan aloqa bog‘lashini hech vaqt oqlamasligini ham tushunardi... Cherchill ruslarning Atlantika qirg‘oqlariga bostirib kelishiga qarshi tura oladigan yagona front tashkil qilish maqsadida ma’lum va qaltis vaziyatda fyurerga nisbatan oppozitsiyada bo‘lgan kishilar bilan aloqa bog‘lashi mumkin edi, chunki u hammadan ko‘proq, ruslarning Atlantika qirg‘og‘iga chiqib olishidan qo‘rqardi. Biroq Germaniyada 1944 yili fitnachilar yo‘q qilib tashlanganlaridan keyin bunday kuch qolmagan edi. Cherchill Vermaxt qo‘shinlarining taslim bo‘lishiga urinayotgan gitlerchi rahbarlardan birortasi bilan ehtiyotkorlik bilan aloqa bog‘lash qiyin bo‘lsa ham – chunki Ruzvelt bunga qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan va butun dunyo ruslarga nisbatan xayrixoh edi – bunday aloqa Stalinga nisbatan qattiq siyosat, ayniqsa Polsha va Gretsiya masalalarida qattiq siyosat qo‘llashga imkon beradi deb hisoblardi.
Harbiy maxfiy kuzatuv xizmati nemislar ittifoqchilar bilan aloqa bog‘lash yo‘llarini izlayotganligi haqida Cherchillga xabar qilganda, u bunday javob berdi:
– Britaniyani sustkashlikda, tuturiqsizlikda, yumoristik tahlilparastlikda ayblashlari mumkin. Ammo Britaniyani hech kim makkorlikda ayblashi mumkin emas va hech kim hech vaqt bizga bu aybni qo‘ymasligini xudodan so‘rardim. Biroq, – qo‘shib qo‘ydi u va uning ko‘zlari qimirlamay tik qarab qoldi, faqat qorachig‘i ichida bilinar-bilinmas kulgi uchqunlari chaqnadi, – men doimo millatlar ligasini mustahkamlashga qaratilgan diplomatik o‘yin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boriladigan farosatsizlarcha makkorlik o‘rtasidagi chegara aniq bo‘lishini istardim. Nozik va murakkab diplomatik o‘yinni faqat osiyoliklar makkorlik deb hisoblashlari mumkin. Binobarin, o‘yin tushunchasining o‘zi zarur bo‘lgan taqdirda – bir qadam chetga chiqish ma’nosini bildiradi... Bolalar shunday deydilar, ular esa eng sofdil siyosatchilardir...
Shu tariqa Cherchill maxfiy kuzatuv xizmatidagi odamlarga nemislar bilan ma’lum vaziyatda, ma’lum shartlar bilan aloqa bog‘lash va iloji bo‘lsa bu aloqalarni gitlerchilar zulmiga qarshi kurashayotgan ittifoqchilarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan o‘yin, sinov, deb e’lon qilish mumkinligiga ishora qilgandi.
– Bunda, – qo‘shib qo‘ydi u, – amerikalik sheriklarimiz bu haqda biz bilan barobar, hatto ko‘proq xabardor bo‘lganliklari uchun ularga shu ansamblda birinchi skripkachi rolini o‘ynashga imkon berish kerak.
– Agar maqsadga muvofiq kelib qolsa, o‘yin jiddiy aksiyaga aylanib ketmasmikin? – so‘radi maxfiy kuzatuv xizmati boshlig‘ining yordamchisi.
– Sizningcha, – o‘yin jiddiy narsa emasmi? Dunyoda o‘yindek jiddiy narsa yo‘q. O‘yin va tasviriy san’at. Qolgan narsalar – behuda va mayda narsalar, – javob berdi Cherchill. Uning kunduzgi dam olish fursati tugamagan edi – hali o‘rinda yotardi va shuning uchun kayfi chog‘ edi. – Biz tasavvur qilishga o‘rganib qolgan siyosat allaqachon o‘lib ketgan. Dunyoning u yoki bu qismida olib boriladigan bashang operatsiyalardan iborat mahalliy siyosat o‘z o‘rnini global siyosatga bo‘shatib berdi. Bu endi biron shaxsning irodasi, biror bir guruhdagi odamlarning o‘z manfaatlarinigina ko‘zlab qilgan urinishi emas, balki matematika kabi aniq, tibbiyotda ilmiy tajribadagi radiatsiya kabi xavfli fandir. Rassomlar va astronomlar, liftchilar va matematiklar, qirollar va dohiylar global siyosatga bo‘ysunadigan bo‘ladilar. – Cherchill ustidagi jun yopinchiqni to‘g‘rilab, qo‘shib qo‘ydi: – Bir o‘rinda qirol bilan dohiyni tilga olganligim dohiyni qirolga qarshi qo‘ymoqdaman degan gap emas. Bu o‘rinda bular ataylab emas, balki tasodifan yonma-yon qo‘yildi. Global siyosat shunchalik kutilmagan ittifoqlarni, strategiyada shunday bir-biriga zid burilishlarni nazarda tutadiki, mening 1941 yil 22 iyunda Stalinga qilgan murojaatim mantiq va izchillik cho‘qqisi bo‘lib tuyuladi. Darvoqe, mening murojaatim mantiq jihatdan birlamchi, izchillik masalasi esa ikkilamchidir. Asosiysi – millatlar hamkorligi manfaatlarini ko‘zlashdir, qolgan hammasini tarix kechirgusidir...