BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
Avvalgi qismi
«Sizni ogohlantirib qo‘ymoqchiman: siz qamoqdasiz, kimki aybdorlarni jazolashga va xalqni balolardan qutqarishga qaratilgan tuzumning adolat sudi qo‘liga tushgan bo‘lsa, uning bu yerdan risoladagiday hayotga va faoliyatga qaytishi aslo mumkin emas. Qarindosh-urug‘laringiz ham osoyishta hayot kechirolmaydilar. Izoh beray: siz, birinchidan, o‘z aybingizga iqror bo‘lib, bizning davlatimizga nisbatan qarshi bo‘lgan boshqa cherkov arboblarini fosh qilib bersangiz, ikkinchidan, bundan buyon bizning ishimizga yordam qilib tursangiz, buning aksi bo‘lishi mumkin, Siz shu takliflarni qabul qilasizmi?
– Men o‘ylab ko‘rishim kerak.
– O‘ylab ko‘rishingiz uchun qancha vaqt kerak?
– O‘limga hozirlanish uchun insonga qancha vaqt kerak bo‘lar ekan?
– Sizdan yana haligi taklifimga qaytishni so‘rayman. Sizni undoq qilsam ham, bundoq qilsam ham, baribir, hayot tugadi deyapsiz, lekin siz Germaniyaning vatanparvar farzandi emasmisiz?»
– Vatanparvarman. Ammo «Germaniyaning vatanparvar farzandi» deganda nimani tushunish kerak?
– Mafkuramizga sodiqlikni.
– Mafkura hali mamlakat emas-ku.
– Har holda bizning mamlakatimiz fyurer mafkurasi bilan yashamoqda. Ruhoniy sifatida bizning ideologiyamizga e’tiqod qilayotgan xalq bilan birga bo‘lish sizning vazifangiz emasmi?
– Agar men siz bilan tengma-teng bahslashganimda, nima javob berishimni bilardim.
– Bemalol tengma-teng bahslashavering.
– Xalq bilan birga bo‘lish – bir narsa, ammo adolat va imon yuzasidan ish ko‘rayotganingizni sezib turish – boshqa narsa. Bular bir-biriga mos kelishi va mos kelmasligi mumkin. Mazkur holda siz e’tiqodimga mos kelmaydigan yo‘lni taklif qilmoqdasiz. Siz mening qandaydir arizaga qo‘l qo‘yishimni istab, kimningdir foydasiga ishlatmoqchisiz. Siz o‘z taklifingizni meni bir shaxs sifatida qabul qilayotgandek bejab ko‘rsatmoqdasiz. Nega endi men bilan shaxs sifatida gaplashib turib, vosita bo‘lishimni taklif qilmoqdasiz? Yo qog‘ozga imzo chek, yo‘qsa seni o‘ldiramiz, deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qoling. Nemis xalqi qaysi yo‘ldan bormoqda, u qaysi tilda gapirmoqda, – menga baribir, chunki, aslini olganda, men allaqachon tirik murda bo‘lib qolganman.
– Gapingiz noto‘g‘ri. Quyidagi sabablarga ko‘ra noto‘g‘ri. Men birorta qog‘ozga imzo chekishingizni so‘ramadim. Mayli, men birinchi masala – sizning matbuot va radio orqali tartibimizga nisbatan qarshi turgan din ahllariga qarshi ochiq gapirishingiz kerakligi haqidagi taklifimdan voz kechdim deb faraz qilaylik. Men sizdan avval bu tuzum haqiqatligini tushunib olishingizni, so‘ngra siz shu haqiqat bilan kelisha olish imkoniyatini topolsangiz, haqiqatimizga qanchalik ishonsangiz, shunchalik bizga yordam berishingizni so‘rardim.
– Agar savolni shu tariqa qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, avval amaldagi tuzumning boshqalaridan ko‘ra ko‘proq insonga foyda keltirishi mumkinligiga meni ishontirib ko‘ring.
– Ishontirishga tayyorman. Axir bu tuzum – bizning davlatimiz, fyurerning buyuk g‘oyalari bilan boshqarilayotgan davlatimiz bo‘lsa-ku, sizlar din ahllari shu davlatga mos tushadigan biror narsa taklif etmasangiz. Sizlar faqat ma’naviy barkamollikni taklif etmoqdasizlar, xolos.
– Juda to‘g‘ri.
– Inson faqat non bilan tirik bo‘lmagani kabi, faqat ma’naviy barqarorlik bilan ham tirik emas-da, axir. Binobarin, biz xalqimizga yaxshilik istaymiz. Shunday ekan, bu ishimizni millatimizni ma’naviy jihatdan yanada barkamol bo‘lishga olib keladigan birinchi qadam deb hisoblaylik.
– Yaxshi, unday bo‘lsa men sizga bir savol beray: konslagerlar yoki menga, ruhoniy kishiga nisbatan olib borayotgan tergovingiz kabi tergovlar davlatchiligingizning muqarrar oqibatimi?
– So‘zsiz, chunki biz sizni millatimiz nafratidan saqlab turibmiz. Agar siz fyurerning dushmani, g‘oyamiz dushmani ekanligingizni millat bilib qolsa, yer bilan yakson qiladi.
– Xo‘sh, boshlanishi qayerda-yu, oqibati qayerda? Millat nafrati qayerdan paydo bo‘ldi va millat nafrati siz targ‘ib qilayotgan tuzumning zaruriy xislatimikan? Agar shunday bo‘lsa – nafrat qachondan beri mustaqil ijobiy omilga aylangan ekan? Bu nafrat emas, balki yovuzlikka qarshi reaksiyadir. Agar nafrat sizda asosni tashkil etsa, agar nafrat sizda sabab-u, boshqa narsalar oqibat bo‘lsa, xullas, yovuzlikni sababga kiritayotgan bo‘lsangiz, nega endi yovuzlik – yaxshilikdir deb meni ishontirmoqchi bo‘lmoqdasiz?
– Yo‘q, «yovuzlik» so‘zini siz ishlatdingiz, men esa «xalq nafrati» dedim. Ha, bizni haqorat qilgan ko‘p yillik Versal shartnomasidan keyin yahudiy bankirlari va do‘kondorlari zulmidan so‘ng birinchi marta tinch-totuv hayotga erishgan xalq nafrati. kimki, hatto u ruhoniy bo‘lsa ham, buyuk fyurer boshqarib borayotgan partiyamiz keltirgan ulkan yutuqlarga shubha bilan qarasa, o‘sha kishiga xalq nafrat bilan qaray boshlaydi.
– Juda yaxshi... Tinch yashash va urishish, ikkovi ham bir narsami?
– Biz o‘zimizni hayot makoni bilan ta’minlash uchungina urush qilmoqdamiz.
– Aholining to‘rtdan birini qamoqxonalarda ushlab turish – bu yaxshilikmi yoki men jonimni qurbon qilishim lozim bo‘lgan o‘sha mushtarak hayotmi?
– Yanglishyapsiz, bizning konslagerlarimizda mamlakatning to‘rtdan bir qismi yotganicha yo‘q. kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, konslagerlar kishilarni yo‘q qilish quroli emas, binobarin, siz dushman manbalaridan olingan ma’lumotlardan foydalanayotganga o‘xshaysiz. Buning ustiga, bizning har bir konslagerimiz darvozasida: «Mehnat ozodlikka olib chiqadi», – deb yozib qo‘yilgan. Biz konslagerlarda yo‘ldan adashganlarni tarbiyalamoqdamiz, tabiiyki, adashmagan, lekin chinakam dushmanlarimiz o‘limga mahkum etilganlar.
– Demak, kim aybdor-u, kim aybdor emasligini siz hal qilasizmi?
– Shubhasiz.
– Demak, har bir kimsaning nimani istayotganligini: nimada xato qiladi-yu, nimada yo‘q, buni oldindan bilar ekansiz-da?
– Men xalq istagini bilaman.
– Xalq deng. kimlardan iborat o‘sha xalq?
– Odamlardan.
– Har bir odamning istagini bilmaysiz-ku, shunday ekan, xalq istagini qayerdan bilardingiz? To‘g‘rirog‘i, nimani tilashi kerakligini oldindan unga aytib, majbur qilishmi?
Bu – xom xayol.
– Siz nohaqsiz. Xalq yaxshi ovqatlanishni istaydi.
– Buning uchun urush qilishni ham deya qoling?
– Sabr qiling. Yaxshi ovqatlanish, yaxshi uy-joyni, avtomobilni, oilada xursandchilik bo‘lishini va shu baxt uchun urushni, ha, urushni istaydi!
– U boshqa mafkuradagi kishilarning qamoqxonalarda yotishini ham istaydi deng? Agar baxt uchun urush muqarrar ekan, demak, sizning baxtingizda nimadir noto‘g‘ri, chunki bu tariqa erishiladigan baxt, mening nuqtai nazarimdan, sof baxt bo‘lolmaydi. Balki mening qarashim sizning qarashingizdan farq qilsa kerak. Sizning nuqtai nazaringiz bo‘yicha maqsad vositani oqlasa kerak. Iyezuitlar ham shuni targ‘ib qilib kelganlar.
– Siz, ruhoniy sifatida butun nasroniylik taraqqiyotini taftish qilmassiz? Yoki nasroniylik ta’limoti taraqqiyotidagi ayrim davrlarni – xususan, inkvizitsiyani qoralashga jur’at qilasizmi?
– Men sizga qanday javob berishni bilaman.
Chunonchi, nasroniylik tarixida inkvizitsiya bo‘lgan. Mening nuqtai nazarimda, ispanlarning millat sifatida inqirozga uchrashining sababi ham maqsadning vositaga almashtirilishidir. Dastlab dinni tozalash vositasi sifatida ta’sis etilgan inkvizitsiya asta-sekin yagona maqsadga aylanib ketgan. Ya’ni dastlab mafkurasi boshqacha kishilarni din vositasi bilan sof kishilarga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ana shu shafqatsiz jaholatni sekin-asta o‘z oldiga yagona maqsad qilib qo‘yadigan bo‘ldi.
– Tushunarli. Qani ayting-chi, nasroniylik tarixida cherkov, tabiiyki, hukmdor qavmning tinch-totuv yashashi maqsadida boshqa mafkuradagi kishilarni ko‘p martalab yo‘q qilib turganmi?
– Gapingizga tushundim. Odatda, bid’atchilar yo‘q qilingan. Nasroniylik tarixidagi barcha bid’atlar esa moddiy manfaatlarni ko‘zlab qilingan g‘alayonlarning o‘zginasi. Nasroniylikdagi barcha bid’atchilar tengsizlik g‘oyasini yo‘qlaydi, holbuki Iso payg‘ambar tenglik g‘oyasini targ‘ib qilgan. Nasroniylik tarixida bid’atchilarning aksariyati boy kambag‘alga teng emas, kambag‘al boyni yo‘q qilishi yoki o‘zi boy bo‘lib olib, uning o‘rnini egallashi kerak, degan fikrga asoslangandi, holbuki, Iso payg‘ambarning ta’limoti ikki xil inson o‘rtasida aytarli farq yo‘q, boylik ham, kambag‘allik ham bu dunyodagi o‘tkinchi narsa degan fikrdan iborat edi. Iso payg‘ambar kishilarni kelishtirmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, bid’atchilar qon to‘kishga chaqirdi. Binobarin, yomonlik, jaholat g‘oyasi bu – odatda, bid’atchilik ta’limotlariga taalluqlidir, cherkov esa zo‘ravonlik nasroniylikning ma’naviy qonunchilik majmuasiga kirib qolmasin degan maqsaddagina bid’atchilarga qarshi kuch ishlatdi.
– To‘g‘ri, ammo zo‘ravonlikka chaqirgan bid’atga qarshi kurashgan cherkov o‘zi zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan-ku?
– Ha, yo‘l qo‘ygan, lekin uni maqsadga aylantirmagan va amaliy jihatdan oqlamagan.
– Bid’atchilikka qarshi zo‘ravonlik, menimcha, sakkiz-to‘qqiz asr davomida ishlatilib kelingan, shekilli? Demak, zo‘ravonlikni yo‘q qilamiz deb, sakkiz yuz – to‘qqiz yuz yil davomida zo‘ravonlik qilib kelindi. Biz 1933 yilda hokimiyat tepasiga keldik. Xo‘sh, biz yana nima qilib beraylik? O‘n bir yil mobaynida biz ishsizlikni tugatdik, o‘n bir yil mobaynida biz hamma nemislarning qornini to‘yg‘azdik, ha – boshqacha mafkuradagi kishilar ustidan zo‘ravonlik ham qildik! Siz esa safsatalaringiz bilan bizga xalaqit bermoqdasiz! Agar siz tuzumimizning ashaddiy dushmani bo‘lsangiz, ma’naviy asosga emas, balki moddiy asosga suyanganingiz maqsadga muvofiq bo‘lmasmikan? Xususan, qavmingiz orasida davlatga qarshi qandaydir guruh tashkil qilib, bizga qarshi ishlashingiz mumkin-ku? Hokimiyatning ma’lum vakillariga qarshi qurolli hujumlar uyushtirib, varaqalar tarqatib, sabotaj*, diversiyalar** yo‘li bilan kurashishingiz mumkin-ku?
– Yo‘q, oddiy sabablarga ko‘ra, men bu yo‘ldan bormayman aslo... men biror narsadan qo‘rqqanim uchun emas... Bunday yo‘lni noto‘g‘ri deb hisoblayman, shuning uchunki, men sizlarga qarshi o‘zlaringizning usullaringizni ishlata boshlasam, beixtiyor sizlarga o‘xshab ketaman.
– Demak, qavmingizdan birorta yigit kelib: «Pirim, men tuzumdan noroziman va unga qarshi kurashmoqchiman», desa...
– Men unga xalal bermayman.
– «Men gauleyterni o‘ldirmoqchiman» desa-chi? Gauleyterning uch bolasi: ikki, besh va to‘qqiz yashar qizchalari, oyoqlari falaj xotini bo‘lsa-chi? Xo‘sh, unda nima qilardingiz?
– Bilmadim.
Agar men o‘sha kishi haqida so‘rasam, hech nimani aytmaysizmi? Uch qizaloq bilan bemor xotinining hayotini saqlab qolmaysizmi? Yoki menga yordam berasizmi?
– Yo‘q, men sizga hech nimani aytmayman, chunki bir kishining hayotini qutqaraman deb boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘yish muqarrardir. Ana shunday shafqatsiz kurash borayotganda, faollik sari bosilgan har qanday qadam faqat yana qon to‘kilishiga olib kelishi mumkin. Ruhoniy bunday vaziyatda birgina yo‘lni tutishi – shafqatsizlikdan yuz o‘girib, jallod tomonida turmasligi mumkin, xolos. Afsuski, bu yo‘l benaf, o‘zini oqlamaydi, ammo bunda har qanday foydali yo‘l tutish ko‘proq qon to‘kilishiga olib kelishi mumkin.
– Ishonchim komilki, agar biz uchinchi darajada so‘roq qilsak – bu esa qiynoq va og‘riq degan gap – o‘sha odamning ismini aytib berardingiz, albatta.
– Agar meni qiynoqdan aqlini yo‘qotgan hayvonga aylantirsangiz, nimani istasangiz, shuni qilaveradi deb o‘ylaysizmi meni? Binobarin, shunday qilishim ham mumkin. Ammo bu holda shu ishni men qilgan bo‘laman. Shunday ekan, boshqa gapning hojati yo‘qdir? Menga qarshi nimalarni o‘ylab qo‘ygan bo‘lsangiz, shularni ishlatavering, mendan hayvon sifatidami, mashina sifatidami, qanaqasiga foydalansangiz-foydalanavering...
– Ayting-chi, agar sizga ashaddiy dushmanlar chet elga – Buyuk Britaniyaga, Rossiyaga, Shvetsiyaga yoki Shveysariyaga borib, o‘rtada vositachi bo‘lishni, bironta xatni olib borib berilishini iltimos qilsalar, shunga ko‘narmidingiz?
– Vositachi bo‘lish men uchun tabiiy narsa.
– Nega endi?
– Shuning uchunki, odamlarning xudo bilan o‘zaro aloqa qilishlarida vositachi bo‘lish – mening burchim. Odamning xudoga munosabati shuning uchun kerakki, odam o‘z-o‘zini to‘la-to‘kis inson sifatida his etadi. Shuning uchun odamning xudoga munosabatini bir odamning ikkinchi odamga munosabatidan ajratib bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Qonun-qoida jihatdan ikkala munosabat ham bir xil – birlik munosabatlaridir. Shu sababli odamlar o‘rtasida har qanday masalada vositachilik qilish men uchun tabiiy narsa. Ammo bunda men o‘z oldimga birdan-bir shart – vositachilik yaxshilikka xizmat qilishi va yaxshi vositalar bilan amalga oshirilishi zarurligi shartini qo‘yaman.
– Vositachilik davlatimizga nisbatan yomonlik bo‘lsa-chi?
– Siz meni umumiy baho berishga majbur etmoqdasiz. Agar davlat zo‘ravonlikka asoslangan bo‘lsa, ruhoniy sifatida uni ma’qullashim mumkin emasligini yaxshi tushunib turibsiz. Albatta, odamlarning hozirdagiga nisbatan boshqacharoq yashashlarini istardim.
Afsuski, bunga qanday yo‘l bilan erishilishini bilmayman. Aslini olganda, hozir bu davlatni tashkil qilgan odamlar doim omon bo‘lishlarini va ularning hammasi qandaydir boshqa birlikka uyushishlarini istar edim.
Menda hech kimni o‘ldirish niyati yo‘q.
– Menimcha, xoinlik dahshatdir, ammo xoinlik ham, qotillik ham qanday sodir bo‘layotganligini befarq va qo‘l qovushtirib kuzatib turish undan ham battar dahshatdir.
– U holda qotillikni to‘xtatishga harakat qilish kerak, xolos.
– Uni to‘xtatishga sizning qurbingiz yetmaydi.
– Ha, yetmaydi. Xoinlikni siz nima deb ataysiz?
– Xoinlik – sustkashlikdir.
– Yo‘q, sustkashlikning o‘zi xoinlik emas.
– Xoinlikdan dahshatlidir...
Aysman binoning silkinayotganini sezdi. «Bombalar yaqinga tushyapti, shekilli, – o‘yladi u. – Yoki katta bombalarni tashlashyapti... Juda qiziq suhbat... Juda qiziq, ammo suhbat ohangi g‘alati...»
U navbatchiga qo‘ng‘iroq qildi. U kirib keldi – rangi oqargan, yuzini ter bosgan edi.
– Bu rasmiy yozuvmi yoki nazorat yozuvimi? – so‘radi Aysman.
Navbatchi sekin javob berdi:
– Hozir aniqlab beraman.
– Bombalar yaqin joyga tushyaptimi?
– Bizning derazalarimiz chil-chil bo‘ldi...
– Boshpanaga tushishingiz mumkin emasmi?
– Yo‘q, – javob berdi navbatchi. – Bu yo‘riqnomada man etilgan.
Aysman suhbatni tinglashni davom ettirmoqchi bo‘ldi, ammo navbatchi qaytib kelib, Shtirlitsning suhbatni yozib bormaganligini aytdi. Bu yozuv markaziy apparat xodimlarini nazorat tekshiruvidan o‘tkazish maqsadida maxfiy kontrrazvedka ko‘rsatmasi bilan yozib olingan ekan.
--------------
* Sabotaj – zimdan qarshilik ko‘rsatish.
** Diversiya – qo‘poruvchilik.