Asarlar
April 18, 2020

XUDO BORMI?

Avvalgi qismi

Avvallari dinning alohida qismi hisoblangan savollarga ilm-fan asta sekinlik bilan javob berib kelmoqda. Din – “biz nega bu yerdamiz, qayerdan kelib qolganmiz” kabi barchamizni qiziqtirgan savollarga javob berishga qaratilgan ilk urinish edi. Qadim zamonlarda deyarli har doim ushbu savollarga javob bir hil bo‘lgan: hammasini xudolar yaratgan. Dunyo dahshatlarga to‘la edi, biroq hatto shavqatsizligi bilan esga olinuvchi vikinglar ham chaqmoq, to‘fon yoki tutilish kabi tushunarsiz tabiat hodisalariga qandaydir tavsif berish uchun ilohiy mavjudotlarga ishonishar edi. Hozirgi kunda fan ancha aniq va ishonchli javoblar keltira olsa-da, ko‘pchilik hanuzgacha dinga tayanishni afzal, deb biladi. Chunki ularga shunisi qulayroq; chunki ular fanga ishonishmaydi yoxud tushunishmaydi.

Bir necha yil avval The Times gazetasi ilk sahifasida “Xoking: Olamni Xudo yaratmagan” nomli yirik sarlavha ostida bosmadan chiqdi. Maqoladan suratlar ham joy olgan edi. Xudo Mikelanjelo taxminiga monand ravishda dahshatli tarzda ifoda etilgan, kamina esa chop etilgan fotosuratimda mag‘rurona ko‘rinardim. Ular bizni xuddi o‘rtamizda duel bo‘layotgandek tasvirlashgan edi. Biroq men Xudoga qarshi emasman. Men faoliyatimning Xudoning mavjudligini yoki uning aksini isbotlash uchun yo‘naltirilgan, deya noto‘g‘ri tushunilishini istamayman. Ishimning maqsadi – atrofimizni o‘rab turgan Borliqni tushunishning ratsional tizimini izlashdan iborat.

Asrlar mobaynida men kabi nogironlarni “Xudoning qarg‘ishiga uchragan”, deya hisoblab kelishdi. Deylik, biror sabab tufayli Yuqoridagining ko‘ngliga yoqmagandirman. Men barchasini tabiat qonunlariga yondoshgan holda boshqacha qilib tushuntirish mumkin, deb o‘ylashni ma’qul ko‘raman. Bordiyu siz men kabi fanga ishonsangiz, demak siz doimiy bo‘ysinuvdagi qonunlar mavjudligiga ham ishonasiz. Madomiki, ma’qul kelsa bemalol ushbu qonunlar Xudo tomonidan yaratilgan, deyishingiz mumkin, ammo bu Xudoning borligiga isbot emas, balki unga berilgan ta’rif bo‘lib qoladi.

Mil.avv III asrda tutilishlarga, ayniqsa oyning tutilishiga juda qiziquvchi Aristarx ismli faylasuf yashagan. Aristarx fanning ilk haqiqiy asoschilaridan edi. Tutilishlar xudolar ishi ekanligiga shubha qilishga uning qurbi yeta olgandi. Osmon sferasini sinchkovlik bilan o‘rgangan olim, tutilishlar sababi xudolar ishi emas, balki Oyga tushadigan Yerning soyasi, degan dadil xulosaga keldi. Bunday fikrdan hayratga tushib, u boshi uzra aslida nimalar sodir bo‘layotganini tasavvur qildi va hattoki Quyosh, Yer va Oy o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rsatuvchi sxemalarni chizib chiqdi. Buning yordamida esa yanada diqqatga sazovorli xulosalar chiqara oldi. U o‘sha davrlarda faraz qilinganidek, Yer Borliqning markazi emasligini va aksincha Quyosh atrofida orbita bo‘ylab aylanishini taxmin qildi. Oy, Yer va Quyosh o‘rtasidagi bog‘liqliklarni anglash tutilishlarni tushuntira oladi. Oy Yerga soya tushirganda, quyosh tutilishi, Yer Oyga soya tushirganda esa oy tutilishi sodir bo‘ladi. Biroq Aristarx izlanishda to‘xtab qolmadi. U zamondoshlaridan farqli ravishda yulduzlar osmondagi teshiklar emas, balki biznikiga o‘xshagan, ammo juda uzoqda joylashgan quyoshlar ekanligini ta’kidladi. O‘sha davr uchun naqadar hayratlanarli kashfiyot! Borliq – aniq tartib yoxud qonunlarga bo‘ysunadigan mexanizm. Inson onggi ushbu qonunlarni idrok eta oladi.

Aminmanki, mana shu qonunlarning kashf etilishi insoniyatning eng buyuk yutug‘i bo‘ldi. Chunonchi aynan tabiat qonunlari Borliqni tushunishda Xudoga muhtojligimiz bor yoki yo‘qligini anglashga yordam beradi. Tabiat qonunlari barcha hodisalar qadimda qanday ro‘y bergani, hozirda qay holat kuzatilayotgani va kelajakda nima sodir bo‘lishini ko‘rsatib beradi. Tennis koptogi sportchi uni qayerga yo‘naltirsa, o‘sha yerga uchadi deyishadi. Lekin bir vaqtning o‘zida unga boshqa ko‘plab qonunlar ham ta’sir qiladi. Qonunlar sodir bo‘layotgan barcha hodisalarni boshqaradi. Masalan, koptokning uchishi sportchi muskullari zarba uchun ishlab chiqaradigan quvvatiga va hattoki sportchilar oyog‘i ostida o‘sadigan o‘tlarning o‘sish tezligiga ham bog‘liq. Fizik qonunlarning eng muhim jihati shundaki, ular nafaqat o‘zgarmas, balki universaldir. Ularni nafaqat koptok uchishida, balki sayyoralar harakatlarida, qolaversa Borliqdagi barcha hodisalarda qo‘llash mumkin. Odamlar yaratgan qonunlardan farqli o‘laroq, tabiat qonunlarini buzib bo‘lmaydi; shu sababli ular shu qadar qudratli va agar diniy nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, aksincha, ziddiyatlidir.

Agar siz men kabi tabiat qonunlari mavjudligiga ishonsangiz, navbatdagi savolga o‘tamiz: Xudoning vazifasi nima? Fan va din o‘rtasidagi qarama-qarshilik shu asnoda tashkil topgan va mening qarashlarim dastlabki sahifada bosilgan bo‘lsa-da, aslida bu qadimgi nizodir. Xudoni tabiat qonunlari timsoli, deya ta’riflash mumkin. Biroq ko‘pchilik odamlar uni boshqacha tasavvur qilishadi. Ular Xudoni u bilan bevosita munosabatga kirsa bo‘ladigan odamsifat jonzot, deb faraz qilishadi. Agar Borliqning naqadar cheksizligini tasavvur qilsangiz va unda inson hayoti ahamiyatsiz va tasodifiy ekanligini o‘ylab ko‘rsangiz, bu nihoyatda ehtimoldan yiroq bo‘lib ko‘rinadi.

Eynshteyn kabi men ham “xudo” so‘zidan qiyofasiz tarzda, uni tabiat qonunlariga bog‘lagan holda foydalanaman, shuning uchun ham Xudoning ishlarini anglash, bu tabiat qonunlarini anglash demakdir. Asrimiz oxiriga kelib Xudo tushunchasining ma’nosini anglab yetamiz, deb o‘ylayman.

Din egalik qilishga da’vogar bo‘la oladigan birgina jabha – Borliqning paydo bo‘lishi qolgan. Ammo bu yerda ham fan taraqqiyotga erishgan va tez orada hammasi qanday boshlangani to‘g‘risidagi savolga ishonarli javob topiladi. Men Borliqning ilohiy paydo bo‘lishini shubha ostiga qo‘ygan kitobni nashr etdim va u g‘alayonlarni keltirib chiqardi. Odamlar olimning diniy mavzularda fikr yuritayotganidan norozi edi. Kimgadir nimagadir ishonishni o‘rgatish niyatim yo‘q, mening fikrimcha Xudo mavjudligi to‘g‘risidagi savol fanga ham tegishli. Kim yoki nima Borliqni yaratgani va uni boshqarayotganidanda muhimroq bo‘lgan fundamental sirni tasavvur qilish qiyin.

Men Borliq o‘z-o‘zidan, ilmiy qonunlarga binoan – hech narsadan paydo bo‘lgan, deb hisoblayman. Fanning tayanch sharti – ilmiy determenizmdir. Ilmiy qonunlar Borliq evolyutsiyasini uning har bir muayyan rivojlanish paytida aniqlaydi. Bu qonunlar Xudo tomonidan o‘rnatilgan yoki aksincha bo‘lishi mumkin, ammo U hech narsaga aralasha olmaydi va qonunlarni buza olmaydi, aks holda ular qonun bo‘lmasdi. Bu Xudoga faqatgina Olam yaralishining boshlang‘ich vaqtlarini tanlashi huquqini beradi, biroq hattoki bunda ham qonunlar bo‘lishi kerak. Shunday qilib, aslida Xudoda erkinlik yo‘q bo‘lib qoladi.

Borliqning murakkabligi va hilma-hilligiga qaramasdan, aslida uni yaratish uchun bor yo‘g‘i uchta masalliq kerak, xolos. Biz ularni kosmik pazandalik kitobidagi ro‘yhatga kiritishimiz mumkin, deb tasavvur qilamiz. Xo‘sh, Borliqni tayyorlash uchun bizga qanday masalliqlar kerak bo‘ladi? Birinchi masalliq – materiya, ya’ni massaga ega bo‘lgan modda. U bizni har tomonlama qurshab turadi – modda oyog‘imiz ostidagi yerda ham, boshimiz uzra osmonda ham mavjud. Chang, tosh, muzlik, suyuqliklar... Ulkan gazli bulutlar, aql bovar qilmas masofaga uzoqlashib ketgan, milliardlab yulduzlarga ega bo‘lgan massiv spiral galaktikalar.

Bizga kerak bo‘ladigan ikkinchi masalliq bu – energiya. Hattoki hech qachon bu haqda o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, bu nimaligi sizga ma’lum. Unga har kuni to‘qnash kelamiz. Quyoshga qarang – bizdan 150 million kilometr masofada joylashgan yulduzdan chiqayotgan energiyani yuzingizda his etasiz. Energiya butun Borliqdan o‘tib, uning dinamik va tinimsiz o‘zgarib turuvchi holatini ushlab turadigan jarayonlarni harakatga keltiradi.

Xo‘sh, bizda materiya hamda energiya bor. Borliqni yaratish uchun kerak bo‘ladigan uchinchi masalliq – fazo. Beadad fazo. Borliqni ulkan, ko‘rkam, qo‘rqinchli va hokazo, deya atash mumkin, ammo uni zich, deb bo‘lmaydi. Qayerga qaramay fazoni, benihoya fazoni ko‘rasiz. U har tomonga yoyilib ketgan. Shuning o‘zi boshimizni aylantirib yuborishga qodir. Lekin mana shu materiya, energiya va fazo qayerdan paydo bo‘ldi? XX asrga qadar, biz bu haqda birorta tushunchaga ega emas edik.

Javob esa insoniyat tarixidagi eng mashhur olimning izlanishlari asnosida paydo bo‘ldi. U olimning ismi – Albert Eynshteyn. Ming afsuski, men u bilan shaxsan uchrasha olmaganman, chunki u vafot etganida bor yo‘g‘i o‘n uch yoshda edim. Eynshteyn ajablanarli xulosaga keldi: Borliqni yaratish uchun kerak bo‘ladigan ikkita masalliq – massa va energiya aslida bir narsa yoxud tanganing ikki tomoni. Uning mashhur E=mc2 tenglamasi, massani bemalol energiya va aksincha, energiyani massa sifatida ko‘rish mumkinligini anglatardi. Shunday qilib, endi Borliqni yaratish uchun uchta masalliq o‘rniga, bor yo‘g‘i ikkita – energiya va fazo kerak desak ham bo‘ladi. Ammo energiya va fazo qayerdan paydo bo‘lgan? Javob esa olimlarning yillar davomida olib borgan izlanishlari natijasida topildi. Unga ko‘ra fazo va energiya Katta portlash vaqtida to‘satdan paydo bo‘lgan.

Katta portlash payti butun Borliq, u bilan bir qatorda fazo ham mavjud bo‘la boshlagan. Barchasi shishiriladigan havo shari kabi kengayib borgan. Lekin baribir, energiya hamda fazo qayerdan paydo bo‘lgan? Bularning bari qanday qilib sodir bo‘lgan? Nahotki Borliq, butun energiya, koinotning boshni aylantiruvchi fazosi va unda mavjud bo‘lgan barcha narsa shunchaki hech narsadan paydo bo‘lgan bo‘lsa?

Ba’zilar Xudoni mana shu lahzada o‘z ishini bajargan, deb hisoblashadi. Ya’ni, aynan Xudo energiya va fazoni yaratgan, Katta portlashni esa – Yaratilish payti deyishadi. Ammo fan buning aksini ta’kidlaydi. Bu men uchun muammolar tug‘dirishi mumkinligini his qilgan holda aytishim mumkinki, vikinglarni qo‘rquvga solgan tabiat hodisalari hozirda biz uchun cho‘t emas. Biz hatto Eynshteyn tomonidan kashf etilgan modda va energiya simmetriyasidan ham chetga chiqa olamiz. Borliq yaralishi haqida mulohaza qilgan holda, tabiat qonunlaridan foydalanishimiz va ushbu hodisani faqatgina Xudo borligi bilangina izohlash mumkinmi yoki yo‘qmi, aniqlashimiz mumkin.

Men Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, o‘z-o‘zini cheklash yillarida Angliyada tug‘ilib o‘sganman. Bizga hamma narsa uchun pul to‘lash kerakligini aytishardi. Biroq ko‘p yillik ilmiy faoliyatimdan so‘ng ayta olamanki, aslida butun Borliqni tekinga qo‘lga kiritish mumkin. “Qanday qilib aql bovar qilmas darajada bepoyon fazo hamda energiyaga ega bo‘lgan Borliq hech narsadan paydo bo‘lgan?”, degan savol Katta portlashning asosiy jumbog‘i bo‘lib qolmoqda. Buning siri juda g‘alati bo‘lgan kosmik hodisadayashiringan. Fizika qonunlari “manfiy energiya” mavjud bo‘lishini taqozo qiladi.

Bunday g‘alati, biroq muhim fikrni tushunishingiz uchun sizga bir misol keltirishimga ijozat bersangiz. Tasavvur qiling, bir odam tekis joyda tepalik yaratmoqchi. Tepalik – bu Borliq. U o‘z niyatini amalga oshirishi uchun yerdan chuqur qazib, tuproqni tepalik uchun ishlatishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, u nafaqat tepalik yaratadi, balki chuqurlikni ham. Mohiyatan esa, chuqurlikni tepalikning manfiy turi desak ham bo‘ladi. Chuqurlikda bo‘lgan modda, endilikda tepalikda joylashgan, demak hammasi a’lo darajada muvozanatlashtirilgan. Borliq yaralishi negizida ham aynan mana shunday prinsip yotadi.

Katta portlash juda katta miqdorda musbat energiya bilan bir vaqtda yana shuncha manfiy energiya ham chiqaradi. Shunday qilib, manfiy va musbat energiya yig‘indisi odatdagiday nolni beradi – navbatdagi tabiat qonuni.

O‘sha manfiy energiya hozir qayerda? U bizning kosmik pazandalik retseptimizdagi uchinchi masalliq, ya’ni fazoda. G‘alatiroq tuyilsa-da, azaldan gravitatsiya va dinamikaga aloqador bo‘lgan tabiat qonunlariga ko‘ra, fazo – manfiy energiyaning yirik omborxonasi hisoblanadi. Barchasi muvozanatlashtirilsa va nolga tenlashtirilsa yetarli.

Agar matematikadan chuqur bilimga ega bo‘lmasangiz, bunga ishonish qiyinligini yaxshi tushunaman, biroq bu ayni haqiqat. O‘zaro tortishish kuchi ta’sir qiladigan milliardlab galaktikalarning cheksiz tarmog‘i o‘zini xuddi gigant to‘plagich kabi tutadi. Borliq manfiy energiya saqlaydigan ulkan akkumulyatorga o‘xshaydi. Moddalarning musbat tarafi – biz hozirda biladigan massa va energiya bu – tepalik. Chuqurlik yoxud moddalarning manfiy tarafi esa fazoda joylashgan.

“Xudo bormi?” savoliga javob berishda buning qanday ahamiyati bor? Uning ahamiyati shundaki, agar Borliq nolga teng bo‘lsa, uni yaratish uchun Xudo kerak emas. Borliq – ideal darajadagi bepul tushlik.

Musbat va manfiylar yig‘indisi nolga teng ekanligini bilar ekanmiz, nima yoki kim ushbu jarayonni boshlab berganligini aniqlash qoladi xolos. Borliq to‘satdan paydo bo‘lishining sababi nimada? Avvaliga bu javobi yo‘q jumboq bo‘lib tuyilishi mumkin, biroq kundalik hayotda hech narsa o‘z o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Istagan vaqtingiz shunchaki bitta chertki bilan qahva ololmaysiz. Qahvani turli tarkibiy qismlardan tayyorlash kerak bo‘ladi. Masalan, qahva donlari, suv, balki sut va shakar kerak bo‘lishi mumkin. Ammo keling qahva finjonining tubiga yo‘l olamiz – sutning zarralari orasidan o‘tib, atomlarga yetib boramiz va subatomik darajagacha tushamiz. Qarabsizki, biz bunday nayrang haqiqat bo‘lgan dunyoga duch kelamiz. U yerda biroz muddatga bo‘lsa-da hech narsadan hamma narsa paydo bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, bu darajada protonlar biz kvant mexanikasi deb nomlaydigan tabiat qonunlariga muvofiq tarzda harakat qiladi. Ular haqiqatdan ham to‘satdan paydo bo‘la oladi; biroz vaqtga bog‘lanadi va so‘ngra boshqa joyda paydo bo‘lish uchun yana yo‘qoladi.

Borliq avvaliga juda kichik, hattoki protondan ham kichik bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bilar ekanmiz, bu bizni bir ajoyib xulosaga olib keladi. Aql bovar qilmaydigan darajadagi kattalik va murakkablikka ega bo‘lgan Borliq tabiat qonunlarini buzmagan holda to‘satdan paydo bo‘lishi mumkin. Juda katta miqdorda energiya chiqarish jarayonida fazo kengaya boshlagan va muvozanat sarhisobi uchun kerak bo‘ladigan manfiy energiya omboriga aylanib borgan. Albatta, mana shu yerda yana bir prinsipial savol paydo bo‘ladi: balki Xudo Katta portlashni ishga tushirib yuborgan kvant fizikasi qonunlarini yaratgandir? Qisqasi, Katta portlash sodir bo‘lishi uchun Xudo kerakmi? Men dindorlarning his-tuyg‘ularini tahqirlashni zarracha ham istamayman, ammo mening nazarimda fanda ilohiy Yaratguvchi borligidan ko‘ra ishonarli izohlar mavjud.

Kundalik tajriba shuni ko‘rsatadiki, barcha sodir bo‘layotgan hodisalar avvalgilari sabab kelib chiqadi. Shuning uchun ham nimadir, ehtimol Xudo, Borliq mavjud bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak deb o‘ylashimiz tabiiy hol. Ammo umuman Borliq haqida gapiradigan bo‘lsak, bu ahamiyatga ega emas. Tog‘ yonbag‘irlaridan oqib tushadigan irmoqni tasavvur qiling.

Irmoq paydo bo‘lishiga sabab nimada? Deylik, avval tog‘larda yomg‘ir yog‘gan. Yomg‘irlarga nima sabab bo‘lgan? To‘g‘ri javob: quyosh okean uzra nur sochadi, namlik bug‘lanadi va osmonda bulutlar paydo bo‘ladi. Ajoyib, unday bo‘lsa quyosh nurlariga sabab nimada? Agar Quyosh ichiga nazar solsak, sintezni ko‘ramiz. Bu jarayon paytida vodorod atomlari birlashib, geliyni hosil qiladi hamda katta miqdorda energiya xosil qiladi. Hozircha hammasi yaxshi. Unda vodorod qayerdan paydo bo‘lgan? Javob: Katta portlashdan. Mana shu yerda prinsipial payt keladi. Tabiat qonunlari nafaqat Borliq to‘satdan, xuddi proton kabi birovlar yordamisiz paydo bo‘lganini, balki Katta portlashga hech narsa sabab bo‘lmagani istisno emasligini aytadi. Hech narsa...

Ushbu izoh Eynshteyn teoriyasiga va uning Borliqdagi fazo hamda vaqt o‘zaro boshlang‘ich bog‘liqlikka ega ekanligi haqidagi fikriga tayanadi. Katta portlash paytida qiziqarli hodisa ro‘y beradi. Vaqt boshlanadi.

Bu hayratlanarli g‘oyani tushunish uchun fazoda suzib yuradigan qora tuynukni ko‘z oldingizga keltiring. Odatiy qora tuynuk bu – juda yuqori massasi sabab o‘z ichiga o‘piriladigan yulduz. U shunchalik darajada massivki, hattoki yorug‘lik ham uning gravitatsiyasini yengib o‘tolmaydi, mana nima uchun u qop qora. Gravitatsion tortishish shu qadar kuchliki, u nafaqat yorug‘likni, balki vaqtni ham buza oladi; ega oladi. Buni tushunish uchun esa tuynukka g‘arq bo‘lib ketayotgan soatni tasavvur qiling. Soat qora tuynukka yaqinlashgani sari, vaqt yanada sekinroq o‘ta boshlaydi.

Vaqt sekinlashishni boshlaydi. Mana endi soatimiz qora tuynukda. Soatimiz aql bovar qilmas darajadagi kuchga ega bo‘lgan gravitatsiyaga bardosh bera oladi, deb faraz qilamiz. Ho‘sh keyinchi? Vaqt umuman to‘xtab qoladi. Vaqt soatimiz buzilib qolgani uchun emas, balki qora tuynuk ichida mavjud bo‘lmagani tufayli to‘xtaydi. Borliq paydo bo‘layotgan paytda, aynan mana shunday bo‘lgan.

So‘nggi asrda Borliqni tushunishda hayratlanarli yutuqlarga erishdik. Endilikda biz Borliqning paydo bo‘lishi yoki qora tuynuklar mavjudligi kabi eng ekstremal holatlardan tashqari atrofda sodir bo‘layotgan barcha hodisalarni boshqaradigan qonunlar haqida bilamiz. Borliq paydo bo‘lishida vaqtning roli ilohiy Yaratguvchi kerak emasligini hamda Borliq o‘zini o‘zi yaratganini tushunib yetishda muhim dalil hisoblanadi.

Vaqtlar aro sayohat yordamida Katta portlash paytiga borar ekanmiz, Borliq to‘xtovsiz kichrayib borib, natijada benihoya kichik, benihoya zich bo‘lgan qora tuynukka aylanadi. Hozirda fazoda mavjud bo‘lgan qora tuynuklar kabi undagi tabiat qonunlari ham o‘zgacha ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Shu qonunlarga ko‘ra esa, vaqt u yerda to‘xtab qolishi kerak. Vaqtlar aro yurib, Katta portlashgacha bo‘lgan paytga borib bo‘lmaydi. Chunki Katta portlashgacha vaqt mavjud bo‘lmagan. Va nihoyat biz sababi bo‘lmagan hodisani uchratamiz. Chunki hodisa paydo bo‘lishini ta’minlaydigan vaqt yo‘q. Men uchun esa bu Yaratguvchi mavjud bo‘lishi imkonsizligini, chunki Yaratguvchi mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqt yo‘qligini anglatadi.

Odamlar “biz nima uchun bu yerdamiz?” kabi jiddiy savollarga javob olishni istashadi. Javob oddiy bo‘lishini hech kim istamaydi, shuning uchun har kim o‘zicha javob topishga urinadi. Mendan Xudo Borliqni yaratganmi deb so‘rashganida, men bu savol mantiqqa ega emasligini aytaman. Katta portlashgacha vaqt mavjud bo‘lmagan, demak Borliqni yaratish uchun Xudoda vaqt bo‘lmagan. Bu savol xuddi Yer chetiga qanday borishni so‘rashdek gap. Yer qirraga ega bo‘lmagan sfera. Shuning uchun ham qirrani qidirish mantiqsiz. Men ishonamanmi? Har kim istagan narsasiga ishonishi mumkin, mening nazarimda esa bu Xudo yo‘qligiga oddiy izoh. Hech kim Borliqni yaratmagan va hech kim bizning taqdirimizni boshqarmaydi. Bu meni hech qanday jannat, hech qanday narigi dunyo yo‘q, degan chuqur fikrga olib keladi. Narigi dunyoga bo‘lgan ishonch, shunchaki istakni haqiqat sifatida qabul qilinishi, deb o‘ylayman. Bunga hech qanday ishonarli dalil yo‘q, qolaversa narigi dunyo haqidagi tasavvurlar, hozirda fanda bizga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar asosida o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Biz o‘lganimizdan so‘ng changga aylanamiz, deb o‘ylayman. Ammo bizning yashashimizda, nimagadir ta’sir qilishimizda, genlarimizni farzandlarimizga o‘tkazishimizda albatta ma’no bor deb bilaman. Bizda Borliqning buyuk maqsadini baholay olishimiz uchun birgina hayotimiz bor va bu uchun men cheksiz minnatdorman.

 

Borliqning ibtidosi va intihosi borasidagi tasavvurlaringiz hamda xudo mavjudligi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Agar xudo mavjud bo‘lsayu va sizda u bilan suhbat qurishga imkon bo‘lsa, undan nimani so‘ragan bo‘lar edingiz?

 

Savolni shunday qo‘yamiz: Borliq Xudo tomonidan biz anglay olmaydigan sabablar tufayli yaratilganmi yoki uning paydo bo‘lishi fizika qonunlariga bo‘ysunganmi? Men ikkinchisiga ishonaman. Agar istasangiz tabiat qonunlarini “xudo” deb atashingiz mumkin, ammo bu siz uchrashib, savol bera oladigan, ya’ni shaxsiyatlashtirilgan Xudo bo‘la olmaydi. Modomiki, agar shunday Xudo haqiqatdan ham mavjud bo‘lsa, men undan o‘n bir o‘lchovli M-teoriyasi haqida qanday fikrga ega ekanligi haqida so‘ragan bo‘lar edim.