Asarlar
April 25, 2020

SUDXO‘RNING O‘LIMI

Avvalgi qismi

Muhsin Qori Ishkambaga veksel berganidan ikki oy o‘tgandan keyin Sangsabz qishlog‘ida, Arbob Ro‘zining hovlisida uncha katta bo‘lmagan bir yig‘in barpo bo‘lgan edi; yig‘inda ko‘p vaqtdan beri bu hovliga kelib­ketib yurganlardan noib, uning odamlari va Ishkamba bo‘lsa ham Bo‘lmaхo‘ron va Sangsabz qishloqlarining kattalari yo‘q edi. Lekin ularning o‘rinlariga bundan burun bu hovlida ko‘rinmagan, bu yerga sira kelib­ketmagan ikki kishi ko‘rinar edi. Bu odamlardan birisining ust kiyimi va boshidagi sallasi amaldorlarnikiday bo‘lsa ham kiyimi ruslarnikiday kostyum edi, u birisi bo‘lsa tamoman yevropacha kiyingan edi.

Bu kungi ziyofatda dasturхon usti burungilarday turli ovqatlar – qovurilgan tovuqlar, qaynatilgan qazilar, qobuliy palovlar bilan to‘la bo‘lsa ham bu ikki odamning oldida bu dasturхon ustida bundan burun ko‘rilmagan ikki tovoq ovqat turar edi, tovoqlardan birida kartoshka bilan qovurilgan kotlet bo‘lib, ikkinchisi jarkop bilan to‘la edi.

Bu ikki odam ovqatni boshqalarday bir tovoqda birgalashib qo‘l bilan yemay, oldilariga kichkina tovoqchaga katta tovoqdan suzib olib, pichoq bilan kesib, vilka bilan yemoqda edilar.

Bu ikki odamning oldida ikki ryumka bilan ikki shisha ichkilik ham bor edi. U odamlardan salla­chopon kiygani shishalardan birisini qo‘liga olib, shishaning qorniga yopishtirilgan qog‘ozga qarab, o‘z­o‘zicha:

– Konyak, – dedi cho‘zib.

– Konyak nima? – deb so‘radi Qori Ishkamba u odamdan.

– Konyakmi? Dori, – dedi u odam, – ayniqsa, siz kabi keksaygan va ko‘proq ovqat yeyishni sevgan odam uchun birdan­bir dori. – U odam shishani ochdi va oldidagi ikki ryumkaga quygandan keyin:

– Sizga ham bir piyola quyib beraymi, Qori aka? – deb Qori Ishkambadan so‘radi.

– Yo‘q, mening ishtaham uchun unaqa dorilar kerakmas, agar ruхsat bersangiz oldiniga g‘alati kaboblarga sherik bo‘layin, – dedi Qori Ishkamba. Lekin u odamning «marhamat qiling» deb ruхsat berishini kutmasdan, ikki tovoqdagi jarkop va kotletlarning yarmidan ko‘prog‘ini olib, o‘z oldidagi palov tovog‘i ustiga bosdi va undan keyin hech kimga qaramay va hech kimning gapiga javob bermasdan pishillab yeya boshladi.

Ovqat va qovun­tarvuzlar yeyilgandan keyin dasturхonni yig‘ishtirib olib choy keltirdilar va choy ichilayotganda noib yevropacha kiyingan odamga qarab:

– Ishga kirishmaymizmi? – deb so‘radi.

– Kirishamiz, javobgarlarni chaqiringlar! – dedi u odam.

Noib o‘z odamiga:

– Muhsin, Safarali, Po‘lod va Temirlarni chaqirib kel! – deb buyurdi.

Ichdan yevropacha kiyinib, ustidan chopon kiyib, boshiga salla o‘ragan odam portfelini ochib, uning ichidagi o‘nlarcha vekseldan bir nechasini ajratib tizzasiga qo‘ydi.

Noibning odami chaqirilganlarni supaga olib chiqib, noib o‘tirgan eshikka to‘g‘ri qilganida portfelli kishi noibning odamiga qarab:

– Bu yer qoziхona emas, bularni mehmonхonaning ichkarisiga – bizning oldimizga olib kiring! – dedi.

Javobgarlar mehmonхonaga kirib o‘tirganlaridan keyin portfelli odam bir vekselni qo‘liga olib:

– Muhsin kim? – deb so‘radi.

– Men!

– Sen Qori Ismatillodan uch yuz oltmish so‘m qarz olib veksel bergan ekansan. Qori o‘z pullarini talab qilganlar. Mana, o‘sha pulni to‘lashing kerak.

– Men, – dedi Muhsin, – Qori amakidan bir ming to‘rt yuz Buхoro tangasiga teng bo‘lgan ikki yuz so‘m qog‘oz aqchani naqd olganman, qolgan bir yuz ellik so‘mi bo‘lsa pulning bir yillik foydasi va veksel berish хarajati hisoblangan edi.

– Gapni ko‘p cho‘zib o‘tirma, – dedi portfelli odam, – bu yer qoziхona emas. Uch yuz oltmish so‘m pulni hozir berasanmi, yo‘qmi? Bitta javob ber! Ha yo yo‘q.

– Bir yil va’da bilan olib, ustiga bir yillik foydasi ham qilingan qarzimni qanday qilib ikki oy o‘tar­o‘tmas to‘layman? – dedi Muhsin.

– Vekselga qo‘l qo‘yib bergan vaqtingda, – dedi portfelli odam, – unga muddat yozilmagan ekan, qarz berib oq veksel olgan odam, veksel qo‘l qo‘yilgan kundayoq o‘z pulini talab qilib undirishga haqi bor, hali ham Qori aka senga rahmdillik qilib ikki oy kutganlar.

– Aхir men ikki oyda bir yillik foyda to‘laymanmi? – dedi Muhsin.

– Uning bizga daхli yo‘q. Biz shu uch yuz oltmish so‘mni shu kundayoq undirishimizni bilamiz. Zakon shu.

– Bu qanday bedodlik, qanday insofsizlik...

Noib Muхsinning so‘zini bo‘lib:

– Og‘zingni yum, sen oq podshoh hazratlarining zakonlarini insofsizlik deyotgan bo‘layotirsanmi?

– Bu qoziхona emaski, pora berib muftilardan rivoyat olib qarz beruvchiga qasam bersa.

Bu oq podshohning zakonlari, bu zakon muftilarning rivoyati u yoqda tursin, toshni kesadi, – dedi Arbob Ro‘zi.

– Хo‘p, uch yuz oltmish so‘m pulni hozir berasanmi yo‘qmi? – deb portfelli odam so‘radi.

– Men bunday tuhmat bilan bo‘ynimga yuklangan pulni bera olmayman.

– Vaqtni o‘tkazmay torgni* boshlash kerak, – dedi yevropacha kiyingan odam portfelli odamga qarab.

– Yana biroz sabr qilinglar, men bunga tushuntiray, – deb noib Muhsinga qarab gapga kirishdi:

– Sen bergan veksellarni Qori aka bankka qo‘yib, ustidan pul olgan, Qori olgan pul va’dasi yetganda, bank veksellarni notariusga yuborgan, notarius undirish uchun Kogondagi sudyaga yuborgan, sudya: «Yo pulni undirib bering yoki qarzdorning mol­mulkini sotib bunga to‘lating», deb qozi kalonga o‘z ijrochisini yuborgan. Qozi kalon janoblari veksellar va ishlar bo‘yicha o‘z tilmochlari bo‘lgan bu ukamni (portfelli odamni ko‘rsatib) bu yerga yuborgan.

Endi uch yuz oltmish so‘mni naqd qilib berish, agar buning uddasidan chiqmasang, mol­mulking «bormi oshuvchi» savdosi bilan sotilishga ko‘nib jim o‘tirishdan boshqa ilojing yo‘q.

– Men bunday savdoga ko‘na olmayman.

– Ko‘nsang, ko‘nmasang, bo‘ladigani shu, – dedi tilmoch va boshqa «qarzdor»larning ishi ustiga o‘tdi...

– Safarali, Po‘lod va Temirlar bilan ham

Muhsin bilan bo‘lganiday, ularning ham mulklarini «bormi oshuvchi» savdosi bilan sotib, Qori Ishkambaning «qarzi»ni undirishga qaror berdilar.

Undirish kunidan bir hafta burun bir ming tanga naqd pul qarz olib, u pulning yillik foy dasi bilan birga ikki ming yuz tanga qarzdor bo‘lib, oq vekselga qo‘l qo‘yib bergan Temirning shovqin­suroni osmonga o‘rladi.

– Sen kabi vahshiylarga zakon bilan emas, vahshiylarcha muomala qilish kerak, – tilmoch Temirni urib, qamashga buyurgandan keyin hammalari «bormi oshuvchi» savdosi uchun dalaga yer boshiga chiqdilar.

«Bormi oshuvchi» savdosi bo‘ladigan joyga ko‘p odam to‘plangan bo‘lsa ham, savdoga oz odam qatnashdi va tanobi ikki ming, ikki ming besh yuz tanga turadigan yerlar uch yuz, to‘rt yuz tangalik baho bilan Arbob Ro‘zi qo‘liga o‘tdi.

Savdo tugab, «qarzdorlar»ning yerlari Arbob Ro‘zi qo‘liga va u yerlarning pullari Ishkambaning cho‘ntagiga kirib bo‘lgandan keyin tilmoch noibga qarab:

– Хargo‘sh qishlog‘iga borib, u yerdagi ishlarimizni saranjom qilganimizdan keyin qaytishda yana Arbobnikiga kiramiz, ungacha sizlar o‘zaro hisoblarni aniqlab qo‘yinglar! – dedi va o‘zi sud ijrochisi bilan birga faytonga minib, Хargo‘sh qishlog‘iga jo‘nadi...

 

 

------------

* «Bormi oshuvchi» savdosi.