Asarlar
April 12, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

«KIM ASLIDA KIM?»

Bir vaqtlar Shtirlits Unter den Lindenga, sovet elchixonasidagi qabul marosimiga Shellenberg bilan birga borgandi. O‘shanda u yosh sovet elchisi bilan siyosiy ayg‘oqchilar boshlig‘i o‘rtasidagi insonning tumor, afsun, nishon haqidagi, elchixona kotibining aytishicha, boshqa «vahshiyona bema’ni odatlarga» ishonish huquqi to‘g‘risidagi bahslariga odatdagidek qovog‘ini uyib, quloq solib turgandi.

Bu xushchaqchaq bahsda Shellenberg odatdagicha o‘zini odobli tutar, o‘z gapini isbot etar va ba’zan yon bosib ham qo‘yardi. Uning rus yigitini bahsga tortayotganini ko‘rib, Shtirlits ichida achchiqlandi.

«Chiroq yoqib, dushmanni kuzatmoqda, – o‘ylardi u. – Inson tabiati bahs paytida juda yaxshi bilinadi, bunga esa Shellenbergdek usta odam yo‘q, albatta».

– Agar bu dunyodagi hamma narsa sizga tushunarli bo‘lsa, – davom etardi Shellenberg, – unda siz, tabiiyki, insonning tumorga ishonchini rad qila olishga haqingiz bor, albatta. Ammo hamma narsaning ham tagiga yeta olganmisiz?

Men mafkurani emas, fizika, kimyo, matematikani nazarda tutyapman...

– Fizik va matematiklardan qaysi biri, – hayajon bilan gapirardi elchixona kotibi, – bo‘yniga tumor osib, ishga kirishgan ekan?

Bundayini topolmaysiz.

«Gapni savol bilan tugatishi kerak edi, – deb qo‘ydi Shtirlits ichida, – u esa o‘zini tutolmay o‘z savoliga o‘zi javob qaytardi. Bahslashuvda savol berish muhim narsa: shunda raqib ko‘zga tashlanib turadi, buning ustiga savol berishdan javob qilish murakkabroq ish...»

– Balki fizik yoki matematik tumor taqar-u, lekin buni hech kimga bildirmas? – so‘radi Shellenberg. – Yoki bunday imkoniyatni rad etasizmi?

– Imkoniyatni rad etish go‘llik bo‘ladi. Imkoniyat – istiqbol ma’nosiga tengdir.

«Yaxshi javob berdi, – xayolidan o‘tkazdi Shtirlits. – Ammo sal ustalik qilishi kerak edi... Masalan, «Siz bunga qo‘shilmaysizmi?» – deb so‘rashi kerak edi. U buni so‘ramadi va yana o‘zini zarba ostiga qo‘ydi».

– Balki, tumorni ham mavhum imkoniyat tushunchasiga kiritishimiz kerakdir? Yoki siz bunga qarshimisiz?

Shtirlits yordamga keldi.

– Nemislar vakili bahslashuvda g‘olib chiqdi, – xulosa qildi u, – ammo adolat yuzasidan tan olish kerakki, Germaniyaning ajoyib savollariga Rossiya ham g‘oyat yaxshi javob qaytardi. Biz mavzuni tugatdik, ammo agar ruslar vakili tashabbusni o‘z qo‘liga olib, savollar bilan hamlaga o‘tganda bizning ahvolimiz qanday bo‘lishini xudo bilardi...

«Uka, tushundingmi?» – Shtirlitsning ko‘zlarida xuddi shu savol chaqnab turardi va rus elchisining bir zum tikilib qolganidan Shtirlitsning bergan sabog‘i tushunarli bo‘lganligini payqadi...

«Ukajon, xafa bo‘lma, – o‘ylardi u, uzoqlashayotgan yigitga nazar tashlar ekan, – bu saboqni boshqalardan ko‘ra o‘zim berganim yaxshiroq bo‘ldi... Ammo tumor yuzasidan sen nohaqsan... Mening ahvolim mushkullashganda va men ochiqdan-ochiq qaltis yo‘l tutganimda (mening har bir harakatim esa o‘limga olib kelishi mumkin) Sashenkaning bir tutam sochi saqlangan tumorni – medalonni bo‘ynimga osib olaman... Avvalgi medalonni tashlab yuborib (chunki uning ruslarniki ekanligi yaqqol ko‘rinib turardi), og‘ir, naqshli nemis medalonini sotib olishga to‘g‘ri keldi – Sashenkaning oltin rang sochlari doim ko‘ksimda, u mening tumorimdir...»

* * *

Yigirma uch yil muqaddam Dzerjinskiyning topshirig‘i bilan oq emigrantlarga qo‘shilib, avval Shanxayga, so‘ngra Parijga jo‘nayotgan paytida, Vladivostokda Sashenkani so‘nggi marta ko‘rgan edi. Ana o‘sha shamolli, dahshat li, uzoq kundan beri uning siymosini doim dilida saqlab keldi; bu siymo uning bir qismiga aylanib, butun vujudiga singib ketgan edi...

U krakovda yarim kechasi o‘g‘li bilan tasodifan uchrashib qolganini esladi. U «Grishanchikov»ning o‘z huzuriga – mehmonxonaga kelgani, radioni baland qo‘yib o‘g‘li bilan pichirlashib gaplashganlari, taqdir taqozosi bilan uning yo‘lidan ketgan o‘g‘li bilan xayrlashuv qanchalik azob bo‘lgani yodiga tushdi. O‘g‘lining hozir Pragada ekanligini va mayor Vixr ikkovlari krakovni portlashdan qanday saqlab qolgan bo‘lsalar, o‘g‘li ham Pragani o‘shanday saqlab qolishi kerakligini bilardi. Hozir uning ishi qanchalik murakkabligini bilar, ayni vaqtda o‘g‘li bilan ko‘rishishga qaratilgan har qanday urinish – Berlin bilan Praganing orasi olti soatlik yo‘l edi, xolos – uning uchun g‘oyatda xavfliligini ham tushunardi...

* * *

Shtirlits o‘rnidan turib, shamni oldi va stol yoniga keldi. U bir necha varaq qog‘oz olib, qarta yozgandek yoyib qo‘ydi. Varaqlardan biriga qalam bilan semiz, novcha kishining rasmini chizib, tagiga – Gering deb yozib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ammo yozmadi. Ikkinchi varaqqa Gebbels qiyofasini, uchinchisiga chandig‘i bor, irodali bir kishining yuzini chizdi. Bu Borman edi. Bir oz o‘ylab, to‘rtinchisi ostiga – «SS reyxsfyureri» deb yozib qo‘ydi. Bu uning boshlig‘i Genrix Gimmlerning lavozimi edi.

Shtirlits uchta qog‘ozni chetga surib qo‘yib, Gering rasmi solingan varaqni yaqinroq tortdi-da, faqat o‘zigagina tushunarli bo‘lgan doi racha va kvadratlar chiza boshladi, ularni dam ikkita yo‘g‘on, dam bitta ingichka, dam ko‘rinar-ko‘rinmas chiziqlar bilan birlashtira boshladi.

...Muhim voqealar jarayoniga tushib qolgan ayg‘oqchi xuddi aktyor kabi g‘oyat emotsional, hatto hirsli kishi bo‘lishi kerak; ammo bunday emotsional hissiyotlar mustahkam va ravshan mantiqiy sovuqqonlik pardasiga chulg‘angan bo‘lishi kerak.

Shtirlits kamdan-kam holatlarda, kechalari o‘zining Isayev ekanligini his qilganida, shunday mulohaza yuritardi. Haqiqiy ayg‘oqchi bo‘lish degani nima o‘zi? Axborotu ma’lumotlar yig‘ib, ob’ektiv ma’lumotlarni qayta ishlab, siyosiy xulosa chiqarish hamda qaror qabul qilish uchun markazga jo‘natishmi? Yoki faqat shaxsiy xulosangni chiqarish, o‘z mo‘ljallaringni belgilash, taxminlaringni taklif etishmi? Aynan o‘zing, kelajakda nimalarni kutishing mumkinligini aniq bilib turib, sen o‘zing, Maksim Isayev, ana shu kelajakka ta’sir etishga haqlimisan? Maxfiy kuzatuvning balosi shundaki, kundalik ma’lumotlarning haddan tashqari ko‘p bo‘lishi istiqbolni ko‘rsatmay qo‘ymoqda, uni yashirmoqda, qanday haqiqat bo‘lmasin – dahshatlimi yoki quvonchlimi, baribir – shu haqiqat tahlili oqibatini ob’ektiv emas, balki sub’ektiv qilib qo‘yadi. Maxfiy kuzatuv xizmatiga siyosatni rejalashtirish ruxsat etilgan taqdirda tavsiyalar ko‘p, ma’lumotlar esa kam bo‘ladi, deb hisoblardi Isayev. U, men ayg‘oqchiman, shuning uchun ham g‘oyatda ob’ektiv bo‘lishim kerak, degan fikrda edi. Agar maxfiy kuzatuv xizma ti oldindan aniqlab qo‘yilgan siyosiy yo‘lga butunlay tobe bo‘lib qolsa, ish pachava bo‘ladi: Sovet Ittifoqi zaif degan ishonch hosil qilib, harbiylarning ehtiyotkorlik bilan «Rossiya unchalik zaif emas» degan fikriga quloq solmagan Gitlerning ahvoli ana shunday bo‘ldi. Maxfiy kuzatuv xizmati siyosatni o‘ziga bo‘ysundirishga urinsa ham, ish pachavalashadi. Ayg‘oqchi voqealarning muhim rivojini istiqbolni hisobga olgan holda ko‘ra bilsa va siyosatchilar ixtiyoriga o‘z nuqtai nazaridan mumkin bo‘lgan, maqsadga eng muvofiq qarorlarni bera olsa, uning ishi maqtovga sazovor bo‘ladi.

Ayg‘oqchi, deb hisoblardi Isayev, o‘z mo‘ljallari to‘g‘riligiga shubhalanishga haqi bor, ammo uning bir narsaga – voqelikni ob’ektiv tarzda tadqiq etishdan chetlashishga haqi yo‘q.

O‘tgan yillar mobaynida to‘plagan ma’lumotlarini so‘nggi marta tahlil qilishga kirisharkan, Shtirlits shu sababli «ha» va «yo‘q» degan javoblarni aniqlab olishga majbur edi, chunki bu million-million odamlarning taqdiri haqidagi masala bo‘lib, buni tahlil qilishda xatoga yo‘l qo‘yishi aslo mumkin emasdi.