Asarlar
April 17, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

Shtirlits mashinasini sekin haydardi, chunki Markaz bilan olib borilgan har bir aloqadan keyin asablari torday taranglashar, shundan keyin ham jismonan, ham ruhan charchaganligini sezardi.

Yo‘l o‘rmonzordan o‘tardi. Shamol to‘xtadi. Osmon top-toza, yulduzlar charaqlagan.

«Moskva ana shunday muzokaralar olib borilishi ehtimolini taxmin qilgani to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin, – mulohazasini davom ettirdi Shtirlits. – Hatto ularda aniq ma’lumotlar bo‘lmagan chog‘da ham bundan taxmin haqli taxmindir. Bu yerda, reyx idorasida, fyurer atrofida nizolar bo‘layotganini Moskva biladi, albatta. Ilgari bu nizolar fyurerga yaqin bo‘lib olishga qaratilgan edi.

Hozir aksincha bo‘lishi mumkin. Ularning hammasi: Gering ham, Borman ham, Gimmler ham, Ribbentrop ham reyx, SS, partiya bilan chambarchas bog‘langanlar. Reyxni saqlab qolishdan ularning har biri manfaatdor.

Separat sulh tuzish ularning har biri uchun omon qolish yo‘lidir. Ular baxti qora xalq, uning azoblari haqida bosh qotirmaydilar;

ularni german davlati ham qiziqtirmaydi – har birini Germaniya va nemislar taqdiri emas, balki o‘zlari, o‘zlarining shaxsiy qismati mulohazaga chorlayapti. Shu vaziyatda ellik million nemis xalqi ular uchun qimor pattasidek gap. Ular qo‘shin, politsiya, SSni o‘z qo‘llarida saqlab turar ekanlar – shaxsan omon qolish evaziga reyx g‘ildiragini istagan tomonga burib yuborishlari mumkin...»

Shtirlitsning ko‘ziga yop-yorug‘ shu’la tushdi.

U ko‘zini yumib, darhol tormozni bosdi. Butazor ichidan ikkita SSchilar motosikli chiqib keldi. Ular yo‘lni to‘sdilar, motosiklchilardan biri mashina tomon avtomatini o‘qtaldi.

* * *

...Gimmler kursidan turib, deraza yoniga bordi: qishki o‘rmon hayratda qolarli darajada go‘zal edi – shoxlardagi qor oy nurida tovlanar, hamma yoqda sukunat hukmron, bepoyon binafsha rang osmon qo‘ynida yulduzlar chaqnardi.

Shu payt to‘satdan Gimmler fyurerning eng yaqin kishisi Gessga qarshi uyushtirgan operatsiyasini esladi. O‘shanda Gimmler bir zumgina o‘lim yoqasiga borib qolgandi: Gitler uchun qarama-qarshi qarorga kelish hech gap emasdi. Gimmler o‘z odamlaridan Gessning onanizm bilan shug‘ullanayotgani suratga tushirilgan kinoplyonkani olgandi. Gimmler o‘sha plyonkani darhol Gitler huzuriga olib borib, ekranda ko‘rsatgandi.

Fyurer juda g‘azablandi o‘shanda. Tun bo‘lishiga qaramay, Gering va Gebbelsni huzuriga chaqirishni, Gessga esa qabulxonada kutib turishni buyurdi. Birinchi bo‘lib Gering yetib keldi – uning ranglari oqargandi. Reyxsmarshalning nega qo‘rqib ketganligini Gimmler bilardi: uning venalik balerina bilan hangomasi ayni avjiga chiqqan payt edi (Gimmler reyxsmarshalning ozg‘in balerinalarga xushtor bo‘lishini payqagandi: u Geringning gunohini ko‘rsatuvchi sakkizta tasmani ko‘zdan kechirganda undagi hamma ayollar bir-biridan ozg‘in edi). Gitler «Gessning pastkashligini» ko‘rishni taklif etdi do‘stlariga. Gering qah-qah urib kulardi. Gitler uning kulgusini to‘xtatib: «Bunchalik shafqatsiz bo‘lmaslik kerak!» – dedi. U Gessni ichkariga chaqirdi, keyin oldiga yugurib bordi-da, baqira ketdi:

– Siz iflos, qo‘lansa, ablah ekansiz! Siz onon bilan shug‘ullanar ekansiz!

Gimmler ham, Gering ham, Gebbels ham martabasi g‘oyat katta shaxs – partiyadagi mavqei bo‘yicha ikkinchi shaxsning sharmanda bo‘layotganligining guvohi bo‘lganliklarini tushunardilar.

– Ha, – javob berdi Gess xotirjamlik bilan hammani hayratda qoldirib. – Ha, fyurerim! Yashiradigan joyim yo‘q! Men nega bu ish bilan shug‘ullanaman? Men nega aktrisalar bilan ishrat qilmayman? – derkan Gebbels tomonga qaramadi, lekin unisi kursiga yopishganicha qimirlamay qoldi. – Nega men Venaga balet ko‘rgani va o‘sha yerda tunab qolgani bormayman! Shuning uchunki, mening hayot-mamotim partiyadir! Partiya va siz, fyurerim, men uchun bir narsa! Shaxsiy hayot uchun vaqtim yo‘q! Men bir o‘zim yashayman!

Gitler jahlidan tushdi, Gessga yaqinlashib, uni o‘ng‘aysizlangandek quchoqladi, yelkasini qoqib qo‘ydi.

Gess g‘olib chiqdi. Gimmler lom-mim deya olmadi, chunki Gess o‘ch olishga usta edi. Gess ketgach, Gitler dedi:

– Gimmler, unga xotin tanlang. Harakatimizga sodiq bo‘lgan bu ajoyib kishini men tushunaman. Nomzodlarning rasmlarini menga ko‘rsating, birortasini tanlayman: u mening tavsiyamni qabul qiladi.

Gimmler bu daqiqa hamma narsani hal qilishi mumkin ekanligini payqadi. Gering va Gebbels uylariga jo‘nab ketishgach, Gimmler bunday dedi:

– Fyurerim, siz mamlakat ertasi uchun uning sodiq farzandini qutqarib qoldingiz. Gessning fidokorligini biz hammamiz qadrlaymiz.

Sizdan boshqa hech kim uning taqdirini shunchalik dono yo‘l bilan hal qilolmas edi. Shuning uchun hoziroq, kechiktirmay, yana bir necha ma’lumot olib kelishga ruxsat bering! Gessga qanday yordam bergan bo‘lsangiz, boshqa askarlaringizga ham ko‘maklashishingiz lozim.

Ko‘p o‘tmay u Gitlerga mehnat frontining rahbari Ley ustidan ma’lumot olib keldi. U piyonista bo‘lib qolgan edi, uning mast-alast bo‘lib ko‘targan to‘polonlarini Gitlerdan boshqa hamma bilardi. Gimmler «Babelsberg buqachasi» ustidan to‘plagan dalillarini ham qo‘ydi.

Uning ayg‘oqchilari nufuzli mavqega ega vazir Gebbelsni o‘z ma’lumotlarida ana shunday deb atardilar. Gebbelsning qoni toza bo‘lmagan xotinlar bilan aloqada bo‘lishi chinakam yetakchi sha’niga yarashmaydigan ish edi. Gitlerning stolidan Bormanni obro‘sizlantiruvchi ma’lumot ham joy oldi: Gimmler asosli ravishda u Gess bilan yaqinlikda bo‘lsa kerak deb taxmin qilardi.

– Yo‘q, yo‘q, – Bormanning yonini oldi Gitler, – uning to‘qqizta bolasi bor axir. Besoqolbozlarda bola bo‘lmaydi. Bu gaplar bo‘hton.

Gimmler Gitlerga gap qaytarmadi, ammo fyurerning ma’lumotlarni juda qiziqib betma-bet ko‘rayotganini, ba’zi ma’lumotlarni qayta-qayta o‘qiyotganini ko‘rib, fyurerni uzil-kesil o‘z tomoniga jalb qila olganligini payqadi.

U to‘g‘ri payqagan edi: Gimmlerning SS rahbari sifatida o‘n yillik yubileyini Gitler butun Germaniyada bayramdek nishonlashni

buyurdi. Shu kundan boshlab, barcha gauleyterlar – viloyatlardagi partiya rahbarlari

Gitlerdan keyin to‘la hokimiyatga ega bo‘lgan

kishi xuddi Gimmler ekanligini tushunib oldilar. Shunday qilib, hamma viloyatlar, partiyaning barcha mahalliy tashkilotlari asosiy axborotlarni Gess boshchilik qilayotgan partiya shtabiga qaraganda ko‘proq Gimmler idorasiga yuboradigan bo‘ldilar. Bir guruh ishonchli ayg‘oqchilardan Gimmler huzuriga kelib turadigan ma’lumotlar bo‘limlardan o‘tmay, to‘ppa-to‘g‘ri uning shaxsiy temir arxivlariga tushardi: bular partiya rahbarlarini obro‘zsizlantiruvchi ma’lumotlar edi.

1942 yili Gimmler birinchi marta fyurerni obro‘sizlantiruvchi ma’lumotni o‘z seyfiga yashirdi. Buni u siyosiy xufya ishlari bo‘yicha yordamchisi Shellenberg bilan bo‘lib o‘tgan suhbat arafasida qilgan edi. Shellenberg 1942 yilning avgust oyida, tong otar pallada Jitomir yaqinidagi reyxsfyurer stavkasiga samolyotda uchib kelgandi. Sharqiy frontda g‘olibona hujum davom etardi. Rommelning g‘alabalari butun Afrikani larzaga solayotgan bir payt edi. Shellenberg esa mufassal axborot berib bo‘lgach, shunday dedi:

– Endi, reyxsfyurer, menda bir narsa qoldi – u ham bo‘lsa bir fikr.

Gimmler bezovtalandi.

– Shaxsan biror kimsaga qarshi fikrmi? Ko‘ngilsiz voqea yuz berdimi?

– Yo‘q. Unday emas. Bismarkning: «Stolning pastki tortmasida isbotli hujjat taxt turmaguncha hech nimaga harakat qilma», –degan vasiyati yodimda. Sizdan bir gapni so‘rasam maylimi, reyxsfyurer, urush taqdiri haqidagi hujjatlar stolingizning qaysi tortmasida saqlanmoqda?

Gimmler, har ehtimolga qarshi, suhbatni birontasi plyonkaga yozib olmasin uchun radioni qo‘ydi, so‘ngra javob berdi:

– Men sizga besh hafta dam olishga ruxsat beraman. Asablaringiz joyida emas. Mazangiz qochibdi, Shellenberg. Tushunarlimi? Bunisi mayli, ammo men bilan bu tariqa gaplashishga kim huquq berdi sizga?!

– Hozir biz shu qadar kuchlimizki, – davom ettirdi so‘zini Shellenberg, – butun dunyoga hukmimizni o‘tkazishimiz mumkin. Hozir biz shon-sharaf cho‘qqisidamiz, Bismark esa shon-sharaf cho‘qqisiga minganda sulh tuzardi.

Gimmler o‘shanda – hozir o‘sha voqeani ipidan-ignasigacha esladi – divanga cho‘zilib, qornini silab (uning me’dasi susayib ketgan va rak kasaliga duchor bo‘lishdan qo‘rqardi), so‘zlashda davom etdi:

– Tashqi siyosatda fyurerga kaltafahm Ribbentropning maslahat berishi davom etar ekan, sulh haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

– Ribbentrop Gering bilan it-mushuk – Geringga yordam berib, Ribbentropni ag‘darishimiz mumkin. Uni may koni bo‘lgan Burgundiyaninggina emas, balki konyak koni bo‘lgan Brabantning ham gauleyteri qilib tayinlash mumkin. Piyonista do‘stimiz bunga ko‘nadi.

Gimmler o‘shanda qo‘lini uzatib, stolchadagi Brokgauz chiqargan geografik atlasni olib varaqlarkan, barmoqlari bilan ko‘rsatdi:

– Buning amaliy tomonlariga nima deysiz?

Belgiya taqdiri nima bo‘ladi? Gollandiyani nima qilamiz? Ukrainani-chi?

– Masalani bo‘lib-bo‘lib hal qilish kerak, – dedi Shellenberg. – Rossiya sindirildi, demak, Ukraina masalasi qolmadi desa ham bo‘ladi.

Belgiya va Gollandiya, Angliya hamda Amerika bilan olib boriladigan muzokaralar mavzui bo‘ladi. Men faqat Amerika bilan Bormandan qo‘rqaman.

Gimmler iljayib qo‘ydi.

– Xo‘p, yaxshi, – dedi u, – Fransiya-chi?

– U bilan ittifoq tuzamiz. Uning mustamlakalari bizga kuch-quvvat beradi.

– Siz ittifoqchilar fikrini Fritsxen orqali bilmoqchimisiz? – so‘radi Gimmler, garchi savoli ko‘proq tavsiyaga o‘xshab ketsa-da, – Hammasiga o‘zingiz javob berasiz, meni bunga aralashtirmang.

Shundan keyin Shellenberg ishga kirishdi. Ammo u Berndagi Dalles odamlari bilan aloqa bog‘lashga shoshilmadi. Fritsxen – fon Papendan ham foydalanmadi. Chunki avval Ribbentropni ag‘darish kerak edi. Shellenberg Ribbentrop devonidan unga qarshi oshkora kurashishga tayyor bir kishini topdi.

Bu kishi stats-sekretar Lyuter edi. Qabul marosimlaridan birida u Shellenberg bilan olib borilgan avvalgi suhbatlaridan ilhomlanib, hammaning ko‘zi oldida Gimmlerning yoniga borib, do‘stona suhbatlasha boshladi, uyga qaytib kelgach esa Borman, Gimmler va Geringga Ribbentrop ustidan chaquv xati yozdi. Ribbentrop SS obergruppenfyureri bo‘lganligi sababli, Gimmler bu fursatdan foydalanib unga qarshi ish boshlamadi: bunga partiya etikasi yo‘l qo‘ymasdi. Ribbeptropni vazifasidan bo‘shatish oldidan partiya sudi, keyin SS sudi bo‘lishi shart edi, faqat shundan so‘nggina uni vazirlik lavozimidan olish mumkin bo‘lardi.

Gimmler bir qarorga kelolmadi, zarba berishdan qo‘rqdi, bu orada esa organ ish boshlab yubordi: gestapo boshlig‘i Ribbentrop maxfiy kuzatuv xizmatidagi ayg‘oqchilarning soxta hujjatlari bo‘yicha Lyuterni qamoqqa oldi.

Ribbentropga choh qazigan kishining o‘zi unga tushib qoldi. Buning ustiga Myuller Lyuterni hamma gaplarni aytishga majbur etib, Bormanga G‘arb bilan separat muzokaralar boshlamoqchi bo‘lgan kishilar bor ekan degan axborot yubordi. Borman bu haqda fyurerga axborot berdi. U Ribbentropga, urush holatida bo‘lgan mamlakatlar bilan muzokara olib borish – xoinlik, kim shunday qilar ekan o‘limga mahkum, degan buyruq chiqarishni buyurdi.

O‘shanda Gimmler birinchi marta fursatni qo‘ldan boy berganligiga va Ribbentropdan yengilganligiga iqror bo‘lib, Shellenbergga hasrat qildi:

– Fyurer uchun urushish jonga tegdi. Basharti, u shuni istar ekan, endilikda uning o‘ziga qarshi harakat qilaman.