Asarlar
April 18, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Biz ularning derazasi tagida qo‘shiq aytish bilan kifoyalanmay, bog‘chaga qarata portlagich mushaklar ham otdik, biroq tevarak jimjit, hayot asorati sezilmas edi. Uyda hech kim yo‘qdir, degan o‘y birortamizning xayolimizga kelmabdi. Darvoza oldida atlas bog‘log‘ichlar, sha’mgullar bilan bezatilgan tepasi ochiq avtomobil turardi. Ukam Luis Enrike, u o‘shandayam mohir mashshoqlarday gitara chalardi, kelin-kuyov sharafiga o‘zi to‘qigan, kirdikorlar-u fitna-fasodlar xususidagi nikohga aloqador qo‘shig‘ini aytardi. Bu dam yomg‘ir yog‘mayotgandi, aksincha, yulduzli osmon, havoyi jahon ochiq, musaffo edi, jarlik tubidagi qabristonda asriy so‘ngaklar aralashgan turli chirindilar yonib, tovlanar edi. Bir tarafda oyning oppoq yog‘dulari ichra cho‘milib, jilvalanayotgan yam­yashil bananzor, tund botqoqliklar, undan­da narida Karib dengizining ufq sarhadlariga tutash nurafshon sohillari ko‘zga chalinar edi. Santyago Nasar ummon yuzasidagi yugurik olovni bizga ko‘rsatib, u – Senegaldan safarga chiqib, Kartaxende las Indias bandargohiga kiraverishda ichidagi bor yuki, bandi qullari bilan suvga g‘arq bo‘lgan qulfurushlar kemasidagi bir mug‘arriqning ruhi g‘aribi, dedi.

U Anxela Vikarioning bir lahzalik er­xotinlik turmushi bundan ikki soat avval zavol topganini bilmasdi, albatta, shuning uchun ham yigitning ko‘ngli shundan alag‘da bo‘lyapti, deb o‘ylash noto‘g‘ri edi. Bayyardo San Roman, agar mashinani yuritsam, motorning tovushi badbaxtlikni oldinroq odamlarga ovoza qilib qo‘ymasin deb, bechora qizni onasining uyiga ataylab piyoda olib borib tashlab kelgan: so‘ngra Ksiusning xayrli, ulkan kimsasiz xonadonida chiroqlarniyam yoqmay, uzoq vaqt nest­u mustar bo‘lib o‘tirgan.

Tepalikdan qaytib tushganimizda, ukam, bozordan qovurilgan baliq olib, nonushta qilaylik, dedi, ammo Santyago Nasar, biror soat uxlab, o‘zimni o‘nglab olay yepiskopni kutishga chiqaman, deb ko‘nmadi. U Kristo Bedoyya bilan birga unda­bunda chiroqlari yona boshlagan eski bandargoh yo‘lidagi ko‘chadan o‘tib, dengiz qirg‘og‘i bo‘ylab uyiga jo‘nadi: muyilishdan qayrilarkan, bizga qarata qo‘l silkidi – shu uni oxirgi ko‘rishimiz edi.

Kristo Bedoyya ikkovi keyinroq bandargohda uchrashishga kelishib, hovlining orqa eshigi yonida xayrlashishgan. Itlar uning kelganini sezib, odatdagiday irillashgan, Santyago Nasar kalitlarini shiqirlatib, maxluqlarni tinchitgan. Yigit ichkariga kirib ketayotganda, Viktoriya Gusman qahva qaynatayotgan edi.

– Hoy, arab, – degan u xo‘jayiniga, – qahvang qaynab qoldi, sovimasdan ich.

Santyago Nasar qahvani keyinroq ichaman, besh yarimda Divina Flor meni uyg‘otsin, xuddi egnimdagiday toza kiyimimni tayyorlab qo‘ysin, degan. U yotog‘iga chiqib ketgancha, bir daqiqa o‘tar­o‘tmas gadoy xotin kirib kelgan. Klotilde Armentaning sut do‘konida eshitgan gapini oqizmay­tomizmay Viktoriya Gusmanga yetkazgan. Soat besh yarimda Viktoriya Gusman, – u qizi Divina Florni xo‘jayindan doimo ehtiyotlar, yotog‘iga yolg‘iz yo‘latmasdi, xo‘jasining buyrug‘ini ado etib, kanop surpdan tikilgan kamzulini olib kirgan.

Maryam Alexandrina Servantes eshik ilgagini solmay, ochiq qoldirgan ekan. Men ukam bilan xayrlashgach, yo‘lakka burildim, u yerdagi yashang lolalar o‘sgan gulxonada zanji dilbarlarning ermagi, erkatoyi mushuklar mudrab yotgandi, maxluqlarga sezdirmay yotoqxonaga qadam qo‘ydim. Chiroq o‘chiq edi, ostona hatlashim bilanoq dimog‘imga xotin kishining xush bo‘yi urildi, qorong‘ida «yovvoyi mushuk»ning ehtiros otashi bilan porlayotgan ko‘zlarini ko‘rdim, so‘ngra, cherkov jomi chalinmagunicha bu olamda nelar ro‘y bergan – bundan xabarim yo‘q.

Uyga ketayotib, ukam tamaki sotib olish niyatida Klotilde Armentaning do‘koniga kirgan. Bazmda u rosa to‘yib ichgan emasmi, do‘konda bo‘lib o‘tgan gaplarni elas­elas esladi, ammo Pedro Vikario unga tutgan bir qultum araq bamisoli ajalning o‘qi ekan, degan, o‘sha yodida qolibdi. «Xuddi alangani ichimga yutib yuborganday bo‘ldim», – dedi ukam menga. Mudrab o‘tirgan Pablo Vikario ukamning sharpasini sezib, shartta o‘rnidan turganda, pichog‘ini ko‘rsatib:

– Hozir biz Santyago Nasarni so‘ygani boramiz, – degan.

Ukam uning bu gapini eslay olmadi. «Agarda shunday deganini eshitganimdayam, baribir ishonmasdim, dedi ukam menga bu haqda bir necha bor. – Egizaklarning biror kimsani o‘ldirmoqchiligi, ayniqsa to‘ng‘iz bo‘g‘izlaydigan pichoq bilan so‘yishga ahd qilgani o‘shanda avliyoning ham kallasiga kelmasdi. So‘ngra Vikariolar undan Santyago Nasarning qayerdaligini surishtirishgan, avval birga edinglar, ayt, deyishgan, afsuski, ukam ularga ne deb javob berganini xotirlay olmadi. Klotilde Armenta va birodar Vikariolarning tergovchiga iqror bo‘lishicha, ukamning gapidan ular yoqa ushlab qolishgan. Ukam: «Santyago Nasar o‘ldi», – degan. Keyin uchchoviniyam yepiskopchasiga cho‘qintirib duo etgan­da, munkib, eshikka qoqilib, tebranganicha tashqariga yo‘nalgan. Maydon o‘rtasiga yetganida, padar Amadorni uchratgan. U hayitlik ridosiga burkanib, bandargoh tomonga shoshilardi, ortidan bir necha muridlar ergashib borardi, bu to‘da orqasidagi shotirlar esa yepiskopning kemadan tushiboq ibodat o‘tkazishi uchun ko‘chma mehrobni ko‘tarib olishgandi. Bu sharafli maxluqlarni ko‘rgan Vikariolar shoshib cho‘qinishgan.

Klotilde Armentaning menga aytishicha, kashish uning uyi yonidan rohiblar guruhini ergashtirgancha indamay o‘tib ketgach, ko‘nglidagi so‘nggi ishonch rishtasi ham uzilgan. «Padarimiz men yozib yuborgan xatni olmadilar­da, degan xayolga bordim», – dedi ayol menga. Biroq oradan qancha yillar kechib, padar Amador u dunyoning og‘ir xayolidan qutulib, bu dunyoning nogiron­u notavonlari to‘la Kalafella «Shifo uyi»da davolanib yotganida menga iqror bo‘lganidek, unga Klotilde Armentaning xatini yetkazishgan. Bandargohga jo‘nashidan oldinroq esa undan­da beshbattar shumxabarlarni eshitgan. «Bo‘tam, ochig‘ini aytsam o‘shanda ne yo‘l tutmoqqa ishtibohlanib hayron bo‘lib qoldim, – dedi chol. – Dastavval fikri ojizimdan, bu mening emas, fuqaroparvar mahalliy ishi, degan o‘y kechdi, keyin yo‘l­yo‘lakay Plasida Lineroga bir­ikki og‘iz so‘z aytish darkor degan qarorga keldim». Ming afsuski, kashish maydonni aylanib o‘tayotganda o‘z ahdini unutgan. «Ma’lumingizkim, o‘sha mash’um kunda, baayni yepiskop hazratlari tashrif etuvchi kunda esim joyida emasdi», – deya keyin u o‘zini oqladi. Qasoskorlar shum niyatiga yetgani xususidagi gapni eshitgach, padar Amador shunchalar ranj­u nadomat chekkanki, nima qilarini bilmay, oxiri, xuddi butun shaharga o‘t ketganday, birvarakayiga barcha jomlarni chala boshlagan.

Ukam Luis Enrike oshxona eshigi orqali uyga kirgan: biz kechroq qaytganimizda otamni uyg‘otib yubormasligimiz uchun onam o‘sha eshikni bekitmas edi. Ukam o‘ringa yotishdan oldin hojatxonaga chiqqan va o‘sha yerda o‘tirganicha uxlab qolgan; keyinchalik kichik ukam Xayme maktabga jo‘nash oldidan uning toshtaxtaga yuztuban tushgancha so‘lagini oqizib, xurrak otib yotganiga ko‘zi tushgach, uydagilarga aytgan. Rohiba singlim esa yepiskopni kutgani ham chiqmay, o‘tgan kecha to‘yda ko‘proq ichib qo‘yganidan hamon boshi og‘rib turgan ekan, buni eshitib, sudralib hojatxonaga chiqqan. Luisni uyg‘otaman deb rosa uringan, ammo chog‘i kelmagan. Singlim: «Men ichkariga kirganimda soat beshga zang urgandi», – dedi. Margot singlim bandargohga borishdan oldin bir poklanib olay, deb g‘uslxonaga o‘tayotganida, Luis Enrikeni haligidaqa ahvolda ko‘rgan va amal­taqal qilib, itning o‘ligiday cho‘ziltirib, yotoqxonaga sudragan.

Ukam karaxt holda uyqu aralash yepiskop kemasining cho‘ziq­cho‘ziq ovozini eshitgan, so‘ng ko‘zini yirib­yirtib sal ochgan­u kiprigini ko‘tarishgayam madori yetmay, yana ko‘zi yumilgan. Shu uxlaganicha tosh qotgan, rohiba singlim ustidan ko‘rpani vajohat ila tortib­yulqiganda:

– Santyago Nasarni o‘ldirishdi! – deya ayyuhannos solgan­u, uyqusi o‘chib, o‘rnidan turgan.