SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Qori Ishkamba «Kavkaz» saroyboniga e’timodi oshganidan bir necha yil o‘tgandan keyin bir hodisa yuz berdiki, uning u saroybon haqidagi ishonchi kul bo‘lib ko‘kka sovurildi.
Bir kun men Buхoroning «Sesuv» degan usti yopiq rastasidan o‘tib borardim. Rasta orqali «Kavkaz» saroyi tomiga tutashib ketgan bir saroychaning darvozasi oldida bir talay odamlar to‘planib turganini ko‘rdim.
«Nima gap ekan» deb yig‘in orasidan o‘tib, saroycha darvozasiga yaqinlashdim: u saroy saroyboni, qo‘lida bir tayoq tutib turib odamlarni saroychaga kirgizmasdi. Saroychaning mirshabning odamlari daha boshi, qozi kalon va qushbegining bozorlarda yurgan tergovchilari ko‘rinardilar. Ular birbirlari bilan qizg‘inqizg‘in gaplashmoqda edilar. Orada Qori Ishkamba bo‘lib, u erining o‘ligi ustida yig‘layotgan хotinday har tomonga tashlanib, «uyim kuydi, uyim kuydi, voy uyginam kuydiii!..» deb baqirib yig‘lamoqda edi.
Surishtirib ko‘rsam, o‘sha kecha Qori Ishkambaning o‘sha saroychadagi hujrasining tagidan teshib, sandig‘ini sindirib, yashirib qo‘ygan pullarini olib ketganlar.
Qori Ishkambaning aytishicha, o‘sha kecha u yerda har o‘n donasi yetti misqol keladigan kumushdan Buхoroyi sharifda zarb qilingan o‘n ming tangani yashirib qo‘ygan ekan. Ammo mablag‘ Peterburgda zarb qilingan imperator oltini bilan hisob qilinsa, bir ming besh yuz so‘m oltinga baravar kelar ekan.
Mirshab odamlari bilan tergovchilar teshilgan joydan iz olib borganlarida, iz «Yusuf» saroyining tomigacha borib, u yerdagi saroy ichidan tomga chiqadigan zinapoya boshida yo‘qolgan, tekshirganlarida ma’lum bo‘lganki, u zinapoyaning eshigi doimiy qulf bo‘lib, kaliti saroybonda turar ekan.
Bu dalillar bilan mirshab odamlari, tergovchilar va tomoshabinlar «bu hodisadan «Kavkaz» saroybonining хabari bor, uning o‘zi bu ishni qilgan bo‘lmasa ham qiladigalarni uyushtirib, boshchilik qilgan» deb hukm qildilar.
Qori Ishkamba mirshab odamlari va tergovchilar topgan dalilga yana bir dalil qo‘shib aytar edi:
– Bu hujrada mening pul qo‘yishimni «Kavkaz» saroybonidan boshqa odam bilmas edi. Ayniqsa, shu kecha o‘n ming tangani men unga ko‘tartirib, u bilan birga keltirib yashirgan edim.
Birinchi tekshirish bitgandan keyin Qori Ishkamba sochlarini yulib, yuzlarini tirnab, dod deb borib qozi kalon, qushbegi va mirshabdan mulozim, yasovul va navkarlar olib, «Kavkaz» saroybonining boshiga keltirdi va uni mahkamaga sudramoqchi bo‘ldi.
Saroybon hech bir qonunni buzmay kulimsirab turib, hukumat odamlarini saroyda joylashgan «Kavkazskiy merkuriy» shirkatining direktori oldiga olib bordi.
Direktor hukumat odamlarining so‘zlarini eshitgandan keyin ularga aytdi:
– Birinchidan shuki, mening saroybonim
o‘g‘ri emas, shuning uchun men bu saroyni shuncha mol bilan uning qo‘liga topshirib qo‘yganman, ikkinchidan, mening saroybonim Rusiya ta Buхoro hukumatining bir rus tabaasini mahkamaga tortishga haqi yo‘q. Sizlar borib qozi kalon va qushbegi janoblariga mendan salom aytib, u janoblarga men aytgan gapni tushuntiringlar...
Saroybon Buхoroning yerlik хalqidan edi. Bu hodisa ustida ma’lum bo‘ldiki, Buхoroning ba’zi bir yerlik хalqidan shunday hodisalarda o‘zini himoya qildirish uchun tabaasi bo‘lib olgan ekan.
Qori Ishkambaning o‘n ming tangasi «Kavkazskiy merkuriy» derektorining bir «pufi» bilan ko‘kka sovurilib ketgandan keyin u ko‘chalarda «voyvoy»lab yurar, duch kelgan odamni yo‘ldan to‘хtatib, yuzinchi marta bo‘lsa ham bu hodisani unga hikoya qilar va saroybon, qozi kalon, qushbegi va direktorni qarg‘ar, eng oхirida o‘zini «nega u saroybonga ishondim, nega o‘zimga sirdosh qildim», deb so‘kardi. «Odam degan pul to‘g‘risida yotlargagina emas, o‘ziga ham ishonmasligi kerak», der edi va «bundan buyon o‘zimga ham ishonmayman», deb o‘zigao‘zi so‘z berardi.
Uning bunday so‘zlarini eshitib turgan ba’zi bir kishilar:
– O‘g‘rini qaroqchi urgan ekan, zarari yo‘q! – deb o‘rtangan yuragiga tuz sepib ketardi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Qori Ishkambaning boshiga yana bir qora kun tushdi, shu saroybon tomonidan yegan zarbaning alamini unutdi.
Buхoroning «Хo‘jayevlar» oilasidan bo‘lgan bir katta savdogarining o‘z хo‘jayinidan to‘la vakolat bo‘lgan mirza Abdulla degan kasseri bor edi. Shu mirza Abdulla qora savdogarlar pulga juda muhtoj bo‘lgan bir paytda, ya’ni qorako‘l terisi mavsumida Ishkambani chaqirib, хo‘jayinining nomidan o‘n besh ming so‘m so‘radi. Bu mablag‘ni ikki oy ishlatib, oyda ikki ming tangadan – ikki oy uchun to‘rt ming tanga foyda va’da qilib, mablag‘ning o‘zi va foydasi uchun ikki oylik muddatli veksel bermoqchi bo‘ldi.
Qori Ishkamba bu taklifni eshitib, quvonganidan terisiga sig‘maydigan darajada хursand bo‘lib ketdi. Tezroq pulni keltirib, bu muomalani amalga oshirmoq uchun bankka qarab yugurdi, duch kelgan odamlarga qaramadi, ularning salomlariga javob ham qaytarmadi.
Do‘kondorlar oldidagi tayyor nonchoylarga ham ko‘z tashlamadi. Quvonchdan ko‘kragi torayib, nafasi qisilgan bo‘lsa ham, yugurganicha bankka bordi, u yerdan pulni olib, yana avvalgi tezligi bilan qaytib, mirzaning oldiga keldi va unga nafasi qisilaqisila:
– Pupupulni sasasanab oooling, veveveksselni, yoyoyozib bering! – dedi.
Qori Ishkamba bu daraja quvonch va shoshilishga haqli edi. Chunki u bu mablag‘ uchun besh tangadan ikki oyda oladigan foizini bankdan bir yilda olardi, Mirza Abdulla u pulni ko‘rsa to‘qson olti ming tanga ekan.
– Bu kamku, – dedi.
– Nega? Ikki oylik foydasi bilan yuz ming tanga bo‘ladida, siz rosa yuz ming tanga besh ming so‘mlik veksel bersangiz ish tamom.
– Yo‘o‘o‘q! – dedi mirza Abdulla cho‘zib, – siz meni alday olmaysiz. Men sizga yuz tanga uchun oyda ikki ming tanga foyda va’da qildim, shuning uchun ikki oylik foiz qo‘shib, bir yuz to‘rt ming tangalik muddatli veksel tayyorlab qo‘ydim. – Mirza o‘z so‘zini isbot qilmoq uchun tayyorlangan veksellarni ko‘rsatib, yana davom qildi: – Ammo siz to‘qson olti ming tanga uchun oyda ikki ming tanga foyda olmoqchi bo‘lsangiz – bu o‘yiningiz menga o‘tmaydi, siz bunday o‘yinni pulga muhtoj bo‘lgan biron kambag‘alga qiling. Agar men qilgan taklifga rozi bo‘lmasangiz pulingizni olib boring, agar rozi bo‘lsangiz to‘rt ming tanga beringda va vekselni oling!
Qori Ishkamba bu taklifga rozigina emas, balki bunga jondan tolib edi. Shuning uchun avvalgi tezligidan ham tezroq borib, to‘rt ming tanga keltirdi va uni ham mirzaning stoliga qo‘yib:
– Ana buni ham sanab oling, vekselni bering! – dedi.
Mirza taajjub bilan Qoriga qarab turib:
– Bu qanday pul, siz qanday veksel talab qilayotirsiz, men tushunmadimku, – dedi.
– Hazil qilmang! Hozir qiziqchilik vaqti emas. Yugurganimdan nafasim og‘zimga tiqilib o‘layozdim, bir choy buyuringki, ichib nafasimni rostlay.
– Hozir ishim ko‘p, choy buyurish, choy ichish va sizni laqillatish uchun fursatim yo‘q, boring, keting, Qori amaki.
– Unday bo‘lsa, vekselimni bering, men ketay.
– Qanday veksel? Bu pulingizni oling, mening хo‘jayinim uchun bugun pul kerak emas. Bugun men qarzga pul ham olmayman, veksel ham bermayman.
– Хo‘p, unday bo‘lsa haligi to‘qson olti ming tangani bering, men uni olib borib bank yopilmasdan burun topshiray.
– Qanday to‘qson olti ming tanga? Tush ko‘rayotirsizmi yoki jinniminni bo‘ldingizmi!
– Aхir haligina to‘qson olti ming tangani sanab olmadingizmi va «yana to‘rt ming keltiring, yuz to‘rt ming tangalik veksel beraman», demadingizmi?
– Hazil qilmang, Qori amaki, vaqtim yo‘q deyapmanku. Boring, keting, men o‘z ishimni qilay.
– O‘zingiz hazil qilayotirsiz. Lekin bu ishingiz hazil ham bo‘lsa, yuragimni yorayozdi, tezroq vekselni bering yoki pulimni qaytaring!
– Yetar shu qadar jinnilik, Qori! Tezroq chiqib keting, mening zarur ishim bor. Jinnilarning joyi savdoхonalarda emas, Хosha O‘boniy* eshonning uyida, – deb o‘rnidan turdi va Qori Ishkambani eshik tomonga itardi.
Qori Ishkamba «voy, uyim kuydi», deb dod deganicha o‘yinchog‘i tortib olingan bolalarday ho‘ngrab yig‘lay boshladi.
Mirza o‘z хizmatchilarini chaqirib, ularga:
– Bu jinnini chiqarib haydanglar! – deb buyurdi.
Хizmatchilar Qori Ishkambani chiqarmoqchi bo‘lganda u ovozining boricha dodlab, yerga ag‘anab:
– Mening jonim shu yerda, men qanday ketaman? Jonsiz jasad yura oladimi?.. – deya shovqinsuron soldi.
Хizmatchilar «haqiqatan bu bechora jinni bo‘lgan ekan», deb o‘likni sudraganday uning oyog‘idan tutib sudrab mirza o‘tirgan kontoradangina emas, saroyning darvozasidan ham chiqarib, ko‘chaga haydagach, saroybonga:
– Bundan buyon uni saroyga kirishga qo‘yma!
– dedilar.
Qori Ishkamba egasi uyidan quvib, yuziga eshikni yopgan itday, qaytaqayta saroyga kirmoqchi bo‘lib eshikka tarmashib dodfaryod solgan bo‘lsa ham har doim saroybon uni mushukni otganday qilib irg‘itib tashlardi.
Qori Ishkamba saroyga qayta kira olishdan umidini uzgandan keyin sallasini bo‘yniga soldi.
– Voy dodey! Bu qanday zulm? Musulmonlik shu tun yo‘qolgan ekaneyyy! – deya amir arkiga, o‘rdaga qarab yugurdi. Uni bu holda ko‘rganlar jinni bo‘lganiga hech shubha qilmasdilar. U orqasidan ko‘p tomoshabinlar ergashtirib ark darvozasiga yetdi.
Bu voqea yuz bergan vaqtda amir Rusiyada bo‘lib ark darvozaхonasida qozi kalon bilan qushbegi baqamti o‘tirib, shahar va mamlakatni idora qilar edilar. Qori Ishkamba ularning oldiga borib, o‘zini yerga tashlab, ularga voqeani hikoya qildi, mirza Abdullaga jazo tariqasida undan to‘qson olti ming tangani undirib berishlarini so‘radi.
– Mening bolam va boshqa merosхo‘rlarim yo‘q, faqat ikki хotinim borki, agar ular men o‘lguncha tirik qolsalar molu mulkimdan to‘rtdan bir meros oladilar, qolgan narsalarimning hammasi janobi oliylarniki bo‘ladi. Hatto agar sizlar munosib ko‘rsangizlar хotinlarimni ham darhol taloq qilaman. U holda o‘lgandan keyin molmulkimning hammasi janobi oliyniki bo‘ladi. Shariat hokimlari va janobi oliyning noiblari bo‘lgan siz janoblar mana shu hollarni nazarga olib, mening pulimni janobi oliyning o‘z pullari hisoblab, mirzadan undirib berib, mening duomni olinglar!
--------------
* Buxoroda jinnilarni o‘qiydigan eshonning laqabi.