OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi
So‘ng u menga qolgan hamma gapni, jumladan, nikohning ilk kechasida nimalar bo‘lganigacha aytib berdi. Shum dugonalarining unga: eringni rosa ichirib, g‘irt mast qilib qo‘ygin yoki o‘zingni uyatchanlikka solib chiroqni o‘chirishga majbur etgin, eng muhimi, badaningni achchiqtosh bilan yuv, ertasiga ertalab choyshabingni hovliga opchiqib yoyishganda, qipqizil bo‘lib ko‘rinadi, qizligingni ana shu belgilaydi, deya o‘rgatishganigacha yashirmay aytdi. Ammo Anxelaning maslahatgo‘ylari ikki narsani hisobga olishmagandi: Bayyardo San Roman ichkilik bobida pishib ketgandi, unchamuncha mayni ko‘rdim demasdi; zohiran soddayu go‘l ko‘rinsada, xurofog ta’siridanmi botinan toza, begunoh, yosh boladay ruhi pok edi. «Dugonalarim o‘rgatgan narsalarning birortasiniyam qilmadim, – dedi menga Anxela Vikario. – Bu haqda o‘ylaganim sari bunchalik tubanlikka bormaslik lozimligini, bu ish g‘irt insofsizlik ekanligini angladim, axir u bechorada nima gunoh, – badbaxtning boshiga shundog‘am balo tog‘i ag‘darilgani, menday qizga uylanish savdosi tushganining o‘zi katta fojiaku, deb o‘yladim». Qisqasi, u hech qanaqa qiliq ko‘rsatmay, ixtiyorini eriga topshirgan, u chirog‘i yoniq yotoqxonada uning kiyimlarini birbir yechgan, allaqachon hayoyu iffat pardasi ko‘tarilgan Anxela zarracha qo‘rqmagan, zotan, g‘isht qolipdan ko‘chgan, qo‘rqishga hojat qolmagan edi. «Hammasi oddiygina, osongina bo‘lib o‘tdiketdi, – dedi u menga, – to‘g‘risi, o‘limimgayam rozi edim».
U ichetini yeyayotgan alamni berkitish niyatida boshidan kechgan azobu baxtsizliklarni tortinmasdan, batafsil bayon qildi. Bayyardo San Roman uni onasinikiga olib kelib tashlab ketgach, o‘sha soniyadan e’tiboran u juvonning dil uyiga kirib mangulik makon qurgan – bu gaplarni Anxela Vikarioni o‘z og‘zidan eshitib, hayron qoldim, bunday bo‘lishi xayolimgayam kelmagandi. O‘shanda juvonning yuragiga ajal o‘qi sanchilganday bo‘lgan. «Onam meni o‘yibchimdilab ura boshlaganda, birdan uni o‘yladim», – dedi u menga. Onasi o‘zini bechora yigitni badbaxt qilgani uchun kaltaklayotganiga aqli yetgach, og‘riqni his etmay qo‘ygan. Oshxonadagi divanda o‘pkasini bosolmay, xiqillab yotarkan, yana Bayyardo San Roman to‘g‘risida o‘ylagan va o‘zo‘zidan hayratga tushgan. «Men o‘shanda badanim og‘riyotganidan yoki bo‘lib o‘tgan sharmandalikdan yig‘lamayotgandim, – dedi u menga. – Anavi bechorani o‘ylab yig‘layotgandim». Onasi uning yuziga tomizg‘i doridan surayotganda ham juvon uni o‘ylab sitam chekayotgan edi, keyin ko‘cha tarafdan odamlarning baqiriqchaqirig‘i, jomning haybatli jarangi eshitildi, shu payt onasi oshxonaga kirdi va unga, endi bo‘lar ish bo‘ldi, uxlab, sal o‘zingga kelib ol, dedi.
U uzoq vaqt, garchi zarracha umid bo‘lmasayam, Bayyardo San Romanni xotirlab, uni ko‘rishni orzu qilib yurdi. Bir kuni onasining ko‘zi og‘rib, uni Rioachdagi kasalxonaga olib borishdi, yo‘lda «Bandar mehmonxonasi»ga kirishdi, mehmonxona xo‘jayini ularga tanish edi. Pura Vikario bir stakan suv so‘radi. U qizga orqasini o‘girib suv icharkan, hashamatli xona devoridagi sanoqsiz toshoynalarga qarab turgan Anxela Vikario kutilmaganda necha yillarki xayol ko‘zgusida asrab, termilib yurgan aziz odamining aksini oynada ko‘rib qoldi. Nafasini yutib, sekingina qayrilib, o‘sha tomonga boqdi, u juvonni sezmagan holda uning yonidan o‘tib, mehmonxonadan chiqib ketdi. U ko‘ngil oynasi chilchil sinib, onasi yoqqa mahzun ko‘z soldi. Pura Vikario suvini ichib bo‘lib, lablarini yengi bilan artarkan, qiziga mayingina jilmaydi, yangi ko‘zoynagi yaltilladi. Ana shunda Anxela Vikario onasining asil qiyofasini hayotida birinchi marta yurakyuragidan his etdi: qarshisida, mayxona peshtaxtasi yonida, butun umrini baxtsizliklar, turmush tashvishlari yeb bitirgan tolesiz ayol turardi. U bu holatdan shu qadar mutaassir bo‘ldiki, qaytishda uyiga yetguncha ovozining boricha qo‘shiq aytib keldi, so‘ngra o‘zini ko‘rpaga otdida, uch kun o‘rnidan turmay yig‘ladi.
U go‘yo qaytadan tug‘ilgandi. «Unga bo‘lgan ishqim alangalangandan alangalanardi, aqlimdan ayrilib, telbaga aylandim», – dedi u menga. U ko‘zini yumishi bilanoq Bayyardo San Romanni ko‘rardi. Dengiz shovqini uning ovoziday, nafasiday tuyilardi. Kechalari esa, u xuddi yonida yotganday, badanining haroratini his etar va shu zahoti o‘zi ham qizib, yonib, to‘lg‘onato‘lg‘ona uyg‘onib ketardi. Oromu osudaligini yo‘qotgan Anxela Vikario bir haftaga arang chidadi, oxiri sabri tugab, Bayyardo San Romanga birinchi maktubini yozdi. Bu qisqagina xatda juvon uni mehmonxonadan chiqib ketayotganda ko‘rganini, agarda u ham uni ilg‘ab, qaraganida, bu holdan bag‘oyat quvonajagini hayo bilan ifodalagan edi. U nomaning javobini toqati toq bo‘lib kutdi. Ikki oy o‘tgach, qanoatdan dil o‘ti ustun chiqib, ikkinchi xatini yozdi, u ham avvalgisiday muxtasar, bahayo bitilgandi, juvon yigitning e’tiborsizligidan gina qilgan edi, xolos. Olti oy keyin unga yana oltita maktub yubordi, hammasi javobsiz, sassizsadosiz ketdi, biroq u Bayyardo San Roman xatlarni olayotganiga ishongani uchun bundan og‘rinmadi, aksincha, ko‘nglini to‘q tutdi.
Anxela Vikario o‘z taqdirining xo‘jayini o‘zi ekanini umrida birinchi marta his etdi va muhabbat hamda nafrat birbiriga bog‘liq tuyg‘uligini anglab yetdi. Juvon unga qanchalik ko‘p xat yo‘llasa, yuragidagi ishq o‘ti shunchalik ortar, alamzada dilidagi badxohlik battar alangalanar edi. «Onamga ko‘zim tushdi deguncha ichim yonaverardi, dedi u menga, – chunki onamga qarab turib, har gal uni eslardim». U eri tashlab ketgan xotin bo‘lsada, hayoti avvalgiday – qizligidagiday oddiy bir tarzda davom etardi: u dugonalari bilan birga chok tikardi; oldinlari esa u eski o‘rtoqlari bilan kiyimlardan lolalar, qog‘oz parchalaridan qushchalar yasar edi. Onasi uxlagani xonasiga kirib ketgach, Anxela Vikario eshikni berkitib, ertalabgacha o‘zining bedaraklikka mustahiq xatlarini yozardi. U idroku irodasini yana qo‘lga oldi, yana – faqat Bayyardo San Roman bois – qizligiga qaytganday bo‘ldi va o‘zidan o‘zga qudratni, ehtirosu xayolotidan boshqa jobiru jabrkorni sezmay qo‘ydi.
Umrining yarmi xazonga yuz tutguncha, u har hafta bittadan xat yozib yurdi. «Ba’zida nima deb yozishniyam bilmasdim, dedi u menga kulgidan zo‘rg‘a o‘zini tiyib, – ammo u xatlarimni olayotganini aniq bilganimdan boshqa hech narsani umid qilmasdim». Boshida juvon unashilgan qayliqlarnikiday qisqaqisqa maktublar bitdi, keyinroq eri uzoq safardagi tashna kelinchakday ishqu ehtiros, va’dayu nozistig‘noga to‘la intizorona nomalar jo‘natdi, nihoyat, oxirgi paytlarda mahrami tashlab ketgan bechora bevaning erini qaytarish g‘arazida qiladigan yolg‘ondakam hasratlariyu, kasalman, o‘laman kabi ohvohlaridan dudlangan maktublar yo‘lladi. Bir safar tunda odatdagiday noma bitib o‘tirardi, nimadandir azbaroyi sevinganidan siyohni varaqqa to‘kib yubordi, uni yirtib tashlash o‘rniga, xatni: «Ishqimning guvohi sifatida senga qog‘ozga duvduv to‘kilgan ko‘z yoshlarimniyam yuboryapman», – lekin chuchmal so‘zlar bilan tugalladi. Goho yig‘lab-yig‘lab charchaganda, qilayotgan ishlarining tentaklik ekanini o‘ylab, o‘zini o‘zi mazaxlab kulardi.
Faqat bir narsa – hammasining bahridan o‘tish zarurligi uning xayoliga kelmasdi. Bayyardo San Roman o‘zini mutlaqo beparvo, bepisand tutardi, juvonning xat yozishi qorong‘iga kesak otganday behuda bir ish edi.
O‘shandan o‘n yil keyin – fojialar unutilib, hamma gaplar esdan chiqayozganda – noxush bir tongda Anxela Vikario seskanib uyg‘onib ketdi: Bayyardo San Roman uning yonida yotganday tuyilib, nafasi tiqildi. Shu kuni uning dardidunyosi ostinustin bo‘lib, talvasaga tushganicha yigirma varaqli xat yozib, unda o‘sha mash’um kechadan beri o‘tgan davr mobaynida ko‘nglida to‘plangan bor hasratini to‘kib soldi, mog‘or bosib yotgan haqiqatlarni uyatu andishani yig‘ishtirib qo‘yib, birbir bayon etdi. Bag‘rini u bir umrga poralab ketganini, jismu jonidagi yaralar abadiy bemalham qolajagini, uning tili zaharligiyu, qaddiqomatida ehtiroslar quyoshi mujassamlanganini ochiq yozdi. Juvonning har jumada keladigan chevar dugonasi bor edi. Xatni o‘shandan berib yubordi; Anxela Vikario, bu maktub telba ruhimdagi so‘nggi chayqalish bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi, biroq u shundan keyin ham ne haqda va kimga yozayotganini anglamagan holda tag‘in o‘n yetti yil davomida muttasil noma bitdi.
Avgustning charog‘on kunlaridan birida, choshgohda Anxela Vikario dugonalari davrasida chok tikib o‘tirarkan, eshik yoniga kimningdir kelganini payqadi. U qayrilib qaramasa ham, kim kelganini – bu o‘sha ekanini sezgandi. «U semiribdi, sochi to‘kila boshlabdi, ko‘zi xiralashib, ko‘zoynak taqibdi, – dedi juvon menga. – Ammo bu ayni o‘sha edi, quribgina ketsin! O‘sha!» Anxela Vikario o‘ziyam unga o‘xshab qarib qolganini, shubhasiz, uyam ko‘radi, deya o‘ylab, birdan ko‘nglini hadik qoplagan, uni sevganimchalik meni sevolmaydi, degan ishtibohga borib, yana bag‘ridili o‘rtangan.
Egnidagi ko‘ylagi terdan ho‘l bo‘lgandi – uni bozorda birinchi marta shunday holatda ko‘rgandi belidagi qayishi ham qo‘lidagi kumush bezakli charm xaltasi ham o‘sha ilk uchrashuvdagiday edi, faqat charm xalta anchagina unniqqan edi. Bayyardo San Roman chevarlarning hayratdan og‘izlari lang ochilib, hangmang bo‘lib qolganlariga e’tibor bermay, shitob yurib kelib, xaltasini chok mashina ustiga qo‘ygan.
– Ha, durust, durust, – degan u, – mana, men keldim.
Uning ikkita jomadoni bo‘lib, biriga kiyimkechak solingan, boshqasiga Anxela Vikarioning ikki mingga yaqin xati taxlangan ekan. Maktublar sanamasana batartib dastalangan, shohi bog‘ichlar bilan bog‘langan, birortasiyam ochilmagan ekan.