Asarlar
April 22, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qismi

Binobarin, Gimmler, kanaris va Peten idoralari xodimlari bu kishining kim ekanligini bilganlarida uni Fransiyaning o‘zidayoq qo‘lga tushirish uchun o‘n baravar ortiqroq harakat qilgan bo‘lar edilar. O‘sha paytlarda, 1942 yilning oxirida nemis qo‘shini Fransiyaga bostirib kirib, uning «mustaqilligiga» chek qo‘ygan va poytaxti Vishida bo‘lgan qaram bir davlatga aylantirgan edi. Shu kishi general Donovan tomonidan Bernga yuborilgan strategiya xizmati boshqarmasining xodimi Allen Dalles edi.

Shveysariyada uning haqida Ruzveltning shaxsiy vakili degan gap tarqaldi.

Dalles bunga javoban matbuotda raddiya berdi. Raddiya ham juda ajib va sirli edi.

Bunday ikki tomonlama reklama – mish-mish gaplar va ajib raddiya – ayni paytda o‘z foydasiga xizmat qilishini u fahmlab oldi. Ha, bu borada yanglishmagandi: Bernda istiqomat qila boshlagan dastlabki oylardan boshlaboq uning huzuriga turli joylardan turli kishilar – bankirlar, sportchilar, elchilar, filologlar, asil shahzodalar, aktyorlar, ya’ni, butun dunyo maxfiy kuzatuv xizmati yollaydigan, chinakamiga jiddiy ayg‘oqchi bo‘ladigan kishilar kela boshladi.

Dalles Shveysariyada strategiya xizmati boshqarmasining bo‘limini tashkil qilish oldidan o‘z xodimlari ustidan to‘plangan ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganib chiqdi.

– Mana bu ko‘k jildda, – tushuntirdi uning xodimlari ustidan to‘plangan ma’lumotlarni tekshirib, tartibga soluvchi Federal Qidiruv byurosi (FQB)ning vakili, – dushman mamlakatlar va betaraf mamlakatlarda qarindosh-urug‘lari yoki yaqin do‘stlari bor kishilar hujjati. Mana bunisi esa Germaniya va Yevropada tug‘ilgan hamda ota-onalari nemis bo‘lgan kishilar hujjati. Bu yerda sizning xodimlaringiz kim bilan yozishib tursa, o‘sha kishilarning ism-shariflari bor... Mana bunisida...

Dalles tushunmagandek uning gapini bo‘ldi:

– Bularning ishga qanday daxli bor?

– Kechirasiz...

– Meni quyidagi narsalar qiziqtiradi: men bilan hamkorlik qilayotgan odamlardan birortasi Germaniya – Amerika institutining tashabbuskor xodimimi yoki yo‘qmi? U partiya a’zosimi yoki yo‘qmi? U badaxloq emasmi? Oilasi qanday? Nikohi mustahkammi yoki xotinining xulqi buzuqmasmi va shu sababli eri ichkilikka berilib, janjalli uy-ro‘zg‘origa la’nat o‘qib, tashlab ketmoqchi emasmi? Germaniya yoki Italiyadagi qarindosh-urug‘larga kelganda, mening ham uzoq qarindoshim o‘tgan asrdayoq Germaniyada o‘troq bo‘lib qolgan ekan.

Afsuski, «Who is who» ma’lumotnomasida bu odam ilgari kim bo‘lganligi haqida ozginagina ma’lumot berilgan ekan. Uning tarixi Germaniya kontrrazvedkasi u haqida oldinroq bilib olishiga arzirdi. Ammo buni ular ancha keyin bildilar.

Gimmler idorasi Dalles uyiga o‘z ayg‘oqchini o‘rnashtira olgandan so‘ng (Allen Dalles uyida xizmat qilib yurgan yoqimtoy, ishchan oshpaz ayol imperiya xavfsizligi oltinchi boshqarmasining xodimi edi), Shellenberg ham, Gimmler ham, gestapodan Myuller ham, keyinchalik esa kaltenbrunner ham o‘z ayg‘oqchisi orqali muhimu qiziq, anig‘u kerakli dalillarni bilib oldilarki, bu ma’lumotlar arzimas mayda-chuydalardan to‘plangan edi.

Shu ayg‘oqchi, masalan, Allen Dallesning eng sevimli va hech ajralmas kitobi xitoylik muallif Sun Szining «Urush san’ati» degan asari ekanligini xabar qildi. Bu kitobda xitoy nazariyotchisi josuslik asoslarini bayon qilgan. Unda, albatta, eramizgacha 400 yilda Xitoyda qo‘llanilgan josuslik asoslari bayon qilingan edi.

Allen Dalles xitoylik muallifning maxfiy kuzatuv xizmati sohasida g‘oyat zarur ayg‘oqchilar haqidagi fikrlarini qayta-qayta o‘qir ekan.

Sun Szi ayg‘oqchilarni besh turga bo‘lgan ekan: mahalliy, ichki, ikki tomonlama, qaytmas va tirik.

Mahalliy va ichki ayg‘oqchilar (Dalles bularni alohida qog‘ozlarga yozib qo‘yardi, shuningdek bu qog‘ozlar Shellenberg idorasiga ham kelib tushardi) hozir biz joylardagi ayg‘oqchilar deb ataydigan josuslarga to‘g‘ri keladi.

Ikki tomonlama xufiya – asir qilib olingan dushman ayg‘oqchisi, keyinchalik u qaytarib, o‘z tomoniga jo‘natiladi, ammo endilikda u asir tushgan mamlakatining ayg‘oqchisi bo‘lib ketadi..

Allen Dalles qizil qalam bilan «qaytmas ayg‘oqchi» so‘zining tagiga chizib qo‘ygan ekan. Xitoyliklarning bunday nazokat so‘zi unga juda ma’qul tushdi. Sun Szi dushmanga soxta ma’lumotlar yetkazib beradigan ayg‘oqchilarni qaytmas ayg‘oqchi hisoblardi. Sun Szi ularga shuning uchun qaytmas ayg‘oqchilar deb nom ber gan ediki, ular topshirgan ma’lumotlarning yolg‘on ekanligi ma’lum bo‘lishi bilan dushman ularni o‘ldirib yuborishi mumkin edi. Sun Szi tirik ayg‘oqchilar deb ataganlar, ta’kidlar edi Dalles o‘z yozuvlarida, bizning davrimizda ichkariga kirib boradigan ayg‘oqchilar deb ataladi. Ular dushman mamlakatiga borib ishlaydilar va u yerdan omon-eson qaytib keladilar.

Sun Szi haqiqiy ayg‘oqchi ana shu besh xil ayg‘oqchilarning biryo‘la barcha xususiyatlariga ega bo‘lmog‘i lozim deb qayd qilgan. Sun Szi, ana shu besh xildagi ayg‘oqchiga ega bo‘lgan kishi «ilohiy kuchga teng bir o‘rgimchak iniga», ya’ni, juda nozik, ko‘zga ko‘rinmas va baquvvat iplardan to‘qilgan bir to‘rga ega bo‘ladi, degan edi.

Sun Szi ko‘p narsalarni yozgan, Dalles esa uning asaridan ko‘p joylarni – maxfiy kuzatuv xizmatiga qarshi kurash tashkiloti, qalbaki axborot, ruhiy urush, ayg‘oqchilarni muhofaza qilish haqidagi joylarini alohida-alohida varaqlarga yozib qo‘yardi.

Sun Szi maxfiy kuzatuv xizmati Qadimgi Gretsiya va Qadimgi Rim maxfiy kuzatuv xizmatidan ancha afzal edi. Gretsiya va Rimda ko‘pincha ruh va xudolar ko‘rsatmalariga asoslanishar edi. Maxfiy kuzatuv xizmatida esa, ta’kidlar edi Sun Szi, ruhlarga ham, xudolarga ham ishonib bo‘lmaydi. Maxfiy kuzatuv xizmatida dushmanmi, do‘stmi – faqat insonga ishonish lozim.

Gestapo josusi amerikalik ayg‘oqchi chetlariga o‘z fikrlarini yozib qo‘ygan sahifalarning fotosuratini olishga ham muvaffaq bo‘lgan. Tavrotda Iso Navinning Iyerixondagi ahvolni bilish uchun yashirin ravishda ikki kishini yuborganligi to‘g‘risida yozilgan joyni Dalles chizib qo‘ygandi. Shu kishilar fohisha Raab uyiga kelishgan. Bu narsa, deb o‘ylardi Dalles va shu haqda do‘stlariga ham hikoya qilardi, tarixiy solnomalarda bitilgan, hozirgi kunda mahoratli ayg‘oqchilar maxfiy uchrashuv joyi deb atalgan narsaning dastlabki misolidir. Raab josuslarni o‘z uyida yashirib turgan, keyin esa ularni shahardan eson-omon olib chiqqan, isroilliklar esa Iyerixonni ishg‘ol qilib, tirik jon borki, hammasini o‘ldirganlar, faqat Raab va uning oilasi omon qolgan. Ana o‘sha davrdayoq maxfiy kuzatuv xizmatiga yordam bergan kishilarni taqdirlash odati kelib chiqqan ekan.

Allen Dalles uyidagi ayg‘oqchining o‘z markaziga xabar qilishicha, uning eng yaxshi ko‘rgan kitoblaridan biri Daniyel Defoning «Robinzon kruzo» asari ekan. Shuningdek, u «Moll Flenders» hamda «Vabo bosgan shahar to‘g‘risida esdaliklar» nomli kitoblarni ham tez-tez o‘qib turar ekan. Bu kitoblarni ham juda ajoyib ayg‘oqchilardan biri bo‘lgan Daniyel Defo yozgan. U yirik maxfiy kuzatuv xizmati tarmog‘ining tashkilotchisigina bo‘lib qolmay, ingliz maxfiy kuzatuv xizmatining birinchi rahbari ham bo‘lgan ediki, buni butun dunyo uning vafotidan ko‘p yillar o‘tgachgina bilgan edi.

Dalles uning kitoblari sahifalarida bu asarni Britaniya imperiyasi maxfiy kuzatuv xizmatining boshlig‘i yozganligini bildiruvchi biror bir sha’ma bormikan, deb ko‘p izladi, ammo unday sha’madan asar ham topolmadi.

Shuningdek, Shellenberg ayg‘oqchisining xabar qilishicha, Allen Dalles bo‘sh vaqtlarida Yevropadagi XIX asr yirik josuslik tashkilotlarining amaliy ishlari va uslublarini sinchiklab o‘rganardi.

Gimmler idorasining temir arxivlarida Allen Dalles haqida bundan boshqa ma’lumotlar ham ko‘p edi. Ammo uchinchi reyx rahbarlari qancha urinmasinlar, XX asr o‘rtalaridagi ustomon bu josusning to‘liq va batafsil tarjimai holini tiklay olmadilar.

Dallesning tarjimai holi unchalik ko‘zga tashlanmasdi. Yigirma uch yoshida san’at magistri diplomini olib, Hindiston va Xitoyda missioner bo‘lib ishlagan, 1916 yilning mayida Venada dastlabki diplomatik lavozimni egallagan. Parijda Vudro Vilson boshliq delegatsiya tarkibida ishlagan. So‘ngra u maxsus topshiriq olib, Shveysariya va Avstriya-Vengriya imperiyasini saqlab qolishga urinib, Avstriyada ishlagan. O‘sha yerda 1918 yilda u birinchi fitnasini tayyorlagan, basharti Dalles uni oxiriga yetkaza olgan taqdirda g‘oyat katta fitnaga aylanishi turgan gap edi. Biroq Germaniyada boshlangan noyabr inqilobi fitna yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Ruslar g‘oyalarining G‘arbga tarqalishining oldini olishi, unga qarshi qudratli to‘siq bo‘lib turishi lozim bo‘lgan bo‘lajak Gabsburglar monarxiyasi zarbaga uchragan edi.

Bir yil o‘tgach, 1919 yilda, Dalles Germaniyadagi Qo‘shma Shtatlar elchixonasining birinchi kotibi qilib tayinlandi. Shu yerda, Vilgelmplatsdagi 7-uyda ishlab, Yevropada yangi tuzumga qarshi kurashishni o‘zlarining asosiy vazifasi qilib olgan kishilar bilan yuzma-yuz uchrashdi. Xuddi shu yerda Allen Dalles Qo‘shma Shtatlarning Germaniyadagi vaqtincha ishonchli vakili mister Dresselni kremlga hujum qilishning dastlabki rejasini ishlab chiqqan general Gofman bilan tanishtirdi.

Gofman o‘sha vaqtda ularga bunday degan edi: «Umrim bo‘yi men bir narsaga afsuslanaman.

Brest-Litovskdagi muzokaralarni buzib, Moskva tomon yurish boshlamaganimga afsuslanaman. O‘sha paytda shunday qilish men uchun oson edi».

Xuddi o‘sha vaqtda va xuddi Gofmanning o‘zi Dalles bilan suhbatda keyinchalik «drang nax osten» doktrinasi sifatida yuzaga kelgan doktrinani chiroyli gaplar bilan isbotlab, oqlab chiqdi.

Berlindan so‘ng Allen Dalles ikki yil Istambulda, ya’ni, Sovet Rossiyasi bilan bevosita chegaradosh mamlakat poytaxtida, bir tomondan Qora va O‘rta dengizga o‘tish uchun kalit xizmatini o‘tagan, ikkinchi tomondan – jahon neft zaxiralari ostonasidagi istehkom bo‘lgan mamlakat poytaxtida ikki yil xizmat qiladi.

U yerdan Dalles Vashingtonga qaytadi. U davlat departamentida Yaqin Sharq ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limga boshliq bo‘lib oladi. Yaqin Sharq urush ozuqasi – neftga juda boy hudud edi. Amerika sanoatining neft bilan shug‘ullanuvchi magnatlarini o‘sha paytda jahon bozorida ingliz raqiblari erishayotgan katta muvaffaqiyatlar bezovta qila boshlagan edi.

Xuddi o‘sha vaqtda «Standart oyl of Nyu Jersi» kompaniyasi boshqarmasining raisi mister Betford: «Qo‘shma Shtatlar uchun hozir tajovuzkorona siyosat o‘tkazish muhim», – degan edi.

Dalles zo‘r berib ishlay boshlaydi. Buyuk Britaniya ustidan qozonilgan birinchi g‘alaba uning rahbarligida amalga oshirilgan edi. Bu voqea 1927 yilda, Rokfeller kompaniyasi «Irak petroleum kompani» neft kompaniyasi aksiyalarining yigirma besh foiziga ega bo‘lib olgan paytda yuz bergan edi.

Xuddi shu yil Mellon guruhiga kiruvchi «Gauf oyl» neft korporatsiyasi Bahrayn orollarida konsessiyalar olishda afzalliklarga ega bo‘lib oladi.

Ana shu g‘alabalarni tayyorlab, Dalles iste’fo bermoqchi bo‘ladi. Bankir Rotshildlar uyida maxfiy kuzatuv xizmatini o‘rnatishi natijasida u, davlat departamentida ishlagan paytim kelajakdagi jiddiy xizmatim yo‘lidagi dastlabki qadam ekan, degan fikrga keladi.

Allen Dalles «Salliven end kromvel» adliya firmasiga joylashadi. Bu firma Rokfeller va Morganlar xonadoni bilan yaqindan aloqa qilib turgan Uoll-stritdagi eng yirik firmalardan biri edi. Xuddi shu yerda, adliya firmasida Allen Dalles kolumbiya respublikasidagi neft konsessiyalarini qo‘lga kiritish bo‘yicha g‘oyat katta operatsiyani amalga oshirdi.

Kanal qurilayotgan paytda Panama hukumati bilan ish olib borgan ham xuddi ana shu «Salliven end kromvel» firmasi edi. Xuddi o‘sha paytda «Salliven end kromvel» firmasi Germaniya bilan, ya’ni, Versal shartnomasidan keyin Amerika sanoatchilari juda ko‘p miqdorda dollar yuborayotgan mamlakat bilan yaqindan aloqa bog‘lagan edi.

Xuddi o‘shanda Allen va uning akasi Jon Foster Dalles Tissenning «I. G. Farbenindustri» tresti va «Robert Bosh» konserni bilan yaqin aloqa bog‘lagandilar. Allen va Jon Dalles shu nemis korporatsiyalarining Amerikadagi josuslari bo‘lib olgan edilar.

Urush boshlanishi arafasida Allen Dallesning ishi barbod bo‘layozgandi. «Robert Bosh» konsernining Qo‘shma Shtatlarda filiali bor edi. Uning nomi «Ameriken Bosh korporeyshn» edi. Ikkinchi Jahon urushi boshlanishida firma qora ro‘yxatga tushish xavfi ostida qoladi. Uning egalari shvetsiyalik bankirlar – aka-uka Vallenberglar bilan shoshilinch ravishda shartnoma tuzadilar. Bu shartnomada firmani egalariga faqat urushdan keyin qaytarish sharti bilan «Ameriken Bosh korporeyshn» ustidan nomigagina shved banki nazoratini o‘rnatish ko‘zda tutilgan edi.

Vallenberglar bunga rozi bo‘ldilar, ammo ularga zarur bo‘lgan barcha rasmiyatchiliklarni bajarish uchun amerikalik maxfiy aksiljosus kerak edi. Bu vazifa aka-uka Dalleslarga topshiriladi. Allen Dalles Amerika hukmdorlarini aldab, nemislar mulkini Shvetsiya bayrog‘i ostiga yashirishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinchalik Allen Dalles faqat «Salliven end kromvel» firmasining xo‘jayinlaridan biriga aylanibgina qolmay, balki «Shreder trest kompani»ning ayni vaqtda «J. Genri Shreder benking korporeyshn»ning ham direktori bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, Shreder kim bo‘lgan?

U Germaniyada nemis fuqarosi, Qo‘shma Shtatlarda Amerika fuqarosi, Buyuk Britaniyada ingliz fuqarosi bo‘lgan. O‘ttizinchi yillarda bu konsernga baron kurt fon Shreder boshchilik qilgan. 1933 yil 7 yanvarda Shrederning kyolndagi uyida Gitler fon Papen bilan uchrashadi. Gitler shu yerda nemislar tomonidan hokimiyatni qo‘lga olish rejasini ishlab chiqqan edi. Buning evaziga kurt fon Shreder SS gruppenfyureri unvonini olgandi. Ayni vaqtda, u «Frenden kreyss» maxfiy tashkilotining raisi ham bo‘lib oladi. Bu tashkilot SS reyxsfyureri Gimmler guruhlari uchun Rur nufuzli odamlari orasida mablag‘ to‘plagan.

Shreder konsernining ingliz filiali Londonda «ingliz-german jamiyati», ya’ni, Buyuk Britaniyada fyurer g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi jamiyatni mablag‘ bilan ta’minlab turgan. Bundan Qo‘shma Shtatlardagi «J. Genri Shreder benking korporeyshn» nima bilan shug‘ullanganligi o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lib qoladi. Ana shu firmaning direktori Allen Dalles edi.

Yevropa, Germaniya, fashizm, biznes, neft nima ekanligini hammadan yaxshiroq bilgan xuddi ana shu kishi Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi strategik xizmat boshqarmasining vakili bo‘lib qoldi.

Dalles, albatta, Ruzveltning Berlindagi shaxsiy vakili emasdi. Uning strategik xizmat boshqarmasining maxfiy kuzatuv bo‘limiga o‘tish tarixi, xususan yaponlar Pirl-Xarborga hujum qilishganidan bir hafta keyin katta biznes vakillaridan biri bilan qilgan suhbatiga bog‘liq bo‘ldi.

– Siz istiqbol haqida so‘rayapsiz, – xayolga botib dedi Dalles, odatdagi ingliz mushtugini tutatib, – ammo men to‘liq javob berishga tayyor emasman. O‘z istiqbolingni belgilab olish uchun moliya ahvolni va mamlakatda tarqalgan latifalarni, teatrlardagi yangi spektakllarni va Nyurenbergdagi partaytaglar haqidagi hisobotlarni o‘rganib chiqish lozim. Men uchun bir narsagina aniq va ravshan: Germaniya – men, albatta, iste’foga chiqarib yuborilgan Shaxt kabi jiddiy moliyachilar va lotinchadan tarjima qilishga majbur bo‘lgan adiblar Germaniyasini nazarda tutyapman – jim turmaydi.

– Shaxt – bu jiddiy gap, adiblar esa...

– Bunisi ham jiddiy, – e’tiroz bildirdi Dalles, – siz o‘ylagandan ham jiddiy. Gimmler o‘ttiz to‘rtinchi yildayoq Nobel mukofotining laureati fon Osetskiyni konslagerga tashlab birinchi yirik xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Bu bilan bir shahid obrazini yaratdi. Ana shu shahidni konslagerga tashlash o‘rniga shon-sharaf, pul, xotinlar bilan sotib olish kerak edi... Axir aktyor, yozuvchi, rassomlardek sotqin odam bo‘lmaydi. Ularni ustalik bilan sotib olish kerak, chunki sotib olish – obro‘sizlantirishning eng yaxshi usuli.

– Mayli, bular bizni qiziqtirmaydi, chunki bularning bari – xususiydir...

– Xususiy emas, – yana gap qaytardi Dalles, – hech vaqt xususiy bo‘lmaydi. Gitler yetmish million kishini ko‘r-ko‘rona itoat etuvchi qilib tarbiyaladi. Uning teatri, kinosi va tasviriy san’ati har qanday ishni ko‘r-ko‘rona bajaruvchi qurollarni tarbiyalamoqda. Bu esa bizni qoniqtirmaydi: savdo qilish, muomalada bo‘lish, biznes sohasida qulay operatsiyalarni o‘ylab topishga qurolning qurbi yetmaydi.

Bunaqangi avtomatlarga Shaxt kerak emas. U bizga kerak. Shundan qilib, – gapini tugatdi Dalles, – hamma narsa bir-biriga chambarchas bog‘liq... Ana shu o‘zaro bog‘liqlik qo‘shindagi ziyolilarga kelib taqaladi... Mayordan tortib feldmarshalgacha qo‘shin ziyolilaridir.

Undan past pog‘onadagilar istagan buyruqni ko‘r-ko‘rona va o‘ylamay-netmay bajaruvchi kishilardir...

– Ha, ana bu taxminingiz qiziqarli, – dedi Allen Dallesning suhbatdoshi. – Shuning uchun ham qiziqarliki, buning istiqboli bor. Siz bo‘lsa savolingga javob bera olmayman deysiz...