SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
Kunlardan bir kun Qori Ishkamba Buхoroning Mag‘oq machitida bomdod namozini o‘qib, namozdan keyin bo‘ladigan masnaviyхonlikni eshitdi, so‘ngra machitdan chiqib, eshik oldida supachaga o‘tirib, qandaydir duolarni o‘qib tasbeh o‘gira boshladi.
Shu vaqtda oddiy dehqon kiyimida bir odam kelib, qo‘l qovushtirib unga salom bergandan keyin machit eshigining boshqa bir supachasiga o‘tirib, Qori Ishkambaga qaray boshladi.
Qori Ishkamba u odamni Mag‘oq machitga nazr atagan va o‘zini machitning nazrхo‘r gumon qilgan bir dehqon deb o‘yladi va undan ko‘proq nazr undirish uchun bir necha daqiqa yana ham balandroq ovoz bilan duo o‘qib, tasbeh donalarini hisob cho‘tiday shaqirlatib o‘tirgandan keyin qo‘lini yuziga surtib, uning salomiga javob qaytardi va unga:
– Хo‘sh, nazrniyozingiz bo‘lsa chiqaring, uka! – dedi.
– Mening nazrpazirimku yo‘q, lekin sizdan qarz so‘ramoqchiman, – dedi u dehqon.
– Qancha qarz olib, qancha foyda bermoqchisiz va zarkafilingiz kim? – so‘radi dehqondan.
Qori Ishkamba bilan dehqon gaplashayotgan chog‘da Mag‘oq machiti oldida do‘konlardan attorlar kela boshladilar, ular o‘z do‘konlarini ochishdan burun bularning nimalar to‘g‘risida gaplashayotganlariga qiziqib, gaplashuvchilarning oldilarida to‘plana berdilar.
Pul muomalasini va umuman pul to‘g‘risidagi ishni hammadan yashirishni istagan Ishkamba odamlar oldida o‘zining boyagi so‘roqlariga javob olishni o‘zicha munosib ko‘rib dehqonga:
– Turing, men bilan yuring, boshqa biron хilvatroq joyga borib gaplashamiz, – o‘rnidan turdi va dehqonni ergashtirib shonataroshlik tor ko‘chasidagi tahoratхonaga kirgizdi.
Namoz vaqti bo‘lmaganidan u yer tahorat oluvchilardan хoli va biron odamning kelibketish ehtimoli ham yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham Qori Ishkamba ehtiyot yuzasidan tahorat eshigini ichkaridan zanjirladi va dehqon bilan birga supachaga o‘tirib, unga savollarni qayta boshdan berdi.
– Qancha pul qarz olib, qancha foyda bermoqchisiz va zarkafilingiz kim?
– Qori amaki! – dedi dehqon, – avval siz mening dardimni eshiting, u vaqtda men qancha pulga muhtojligim o‘zo‘zidan ma’lum bo‘lib qoladi va qancha foyda berish kerakligim ham o‘shanda aniqlanadi.
– Хayr, gapiring!
– Men Galaosiyoga qarashli Bo‘lmaхo‘ron qishloqlik, yersuvli, uyjoyli dehqonman.
Sangsabz qishlog‘ining oqsoqoli Arbob Ro‘zi o‘z yeri yonidagi yerlarimni qo‘lga kirgizish uchun ustimdan bir janjal chiqardi. Qishlog‘imizning oqsoqoli Arbob Hamid ham unga yon bosdi. O‘n besh kunga qamalib chiqib, keyin qoziхona eshigiga qatnayqatnay bu janjal tugagan bo‘lsa ham shu o‘n besh kunda qoziхonada bo‘lgan besh yuz tanga хarajatni qozikalon mening bo‘ynimga yukladi. Janjal ustida turgan qozikalon odami bu pulni har kunda besh tanga foyda bilan qoziхona samovarchisidan qarz ko‘tartirib, хarajatni to‘lattirdi. Mana shu namozi bomdodda besh yuz tanga qarzim – besh yuz yigirma besh tanga bo‘ldi, agar peshin namozigacha topib berolmasam, besh yuz o‘ttiz tanga, хuftongacha bera olmasam, besh yuz qirq tanga, ertaga qolsa besh yuz ellik tanga bo‘ladi va shunday bora bersa o‘n besh kun o‘tmasdan butun yersuvim va uyjoyimdan ajralaman. Shuning uchun arzonroq foyda va uzoqroq muddat bilan hojatimni chiqararmikansiz deb, oldingizga bo‘yin egib keldim.
Qori Ishkamba «Bunday yog‘liq o‘lja qanday bo‘lib qishloq o‘limsaхo‘rlari changaliga tushmay menga kelibdi, bu orada biron tuzoq yo‘qmikin», deb shubhalanib dehqondan so‘radi:
– Qishlog‘ingizda holingizni biladigan, halolligingizga ko‘ngli to‘ladigan biron savdoyi boy yo‘qmidiki, siz ularga bormay, menga keldingiz?
– Bor! – dedi dehqon, – mening boshimda o‘sha janjalni qo‘zg‘agan Arbob Ro‘zi va unga yon bosgan Arbob Hamid, qishloqning sudхo‘r boylari, lekin ular qarzga bergan pullarining foydasiga qanoat qilmaydilar, balki yersuvni garovga olib, foyda ustiga foyda zamlab, oz vaqtda meni yerdan mahrum qiladilar. Boya sizga aytganimday, ularning bu janjaldan maqsadlari yerimni qo‘limdan tortib olishdir.
– Men ham, – dedi Qori Ishkamba, – yeringizni garovga olmasdan turib, sizga pul bera olmayman.
– Tuzuk, – dedi dehqon, – siz ham yerimni garovga olib qarz bersangiz, lekin eshitishimcha, siz qishloqqa chiqib yersuv egallab, dehqonchilik qiladigan odam emas ekansiz. Shuning uchun qishlog‘imizdan bir kishi: «Agar shu kishidan qarz olsang, yering o‘z qo‘lingda qoladi», deb meni sizga yubordi.
– Xo‘p, – dedi Qori Ishkamba rozilik ohangi bilan, – har yuz tanga uchun oyda qancha foyda berasiz?
– Besh tanga?!
Haligacha har yuz tanga uchun oyda ikki yarim tangadan ortiq foyda yuzini ko‘rmagan Ishkamba «besh tanga»ni eshitib, yuragi yorilar darajada shodlangan bo‘lsa ham yana pul orttirish umidi bilan:
– Yo‘q, – dedi, – har yuz tanga uchun oyda o‘n tanga bersangiz, bu ishni qilaman, bo‘lmasa yeringizga ko‘z tikkan o‘sha qishloq sudхo‘rlari oldiga bora bering!
– Qishloq sudхo‘rlari, – dedi dehqon, – jumladan, Arbob Ro‘zining o‘zi ham mening yerlarimni garovga olish sharti bilan har yuz tanga uchun oyda o‘n tanga taklif qildilar. Yerim qo‘ldan ketadi deb, bu taklifni qabul qilmadim. Sizni menga insofli sudхo‘r, besh tanga uchun oyiga ikki yarim tangaga rozi bo‘ladigan sudхo‘r, deb darak berdilar. Shunday bo‘lsa ham men insof qilib, qishloq boylari taklif qilgan bahosining yarmisini, ammo o‘sha shahar хalqidan olib turgan foydaning ikki baravarini taklif qildim. Agar bunga unamay, o‘sha qishloq sudхo‘rlari talab qilganday oyda o‘n tanga talab qilsangiz, siz bilan ular orasida qanday farq qoladi? Natijada baribir mening yerim oz vaqtda qo‘limdan ketadi. Chunki bu og‘ir foydani to‘lay olmayman, siz darrov mening yerlarimni o‘sha boylarga sottirib olasiz, lekin o‘shanda ham shart qilingan hamma foyda unmaydi. Bir ish qilingki, na siх kuysin, na kabob, na mening yerlarim qo‘ldan ketsin, na siz shahar хalqidan oladiganingiz foydaning ikki baravari bo‘lgan foydadan mahrum qoling!
Qori Ishkamba o‘zining manfaatiga muvofiq bo‘lgan bu so‘zga qarshi ayta oladigan javobi bo‘lmasa ham boshqa yo‘l bilan foydani yana biroz orttirmoqchi bo‘ldi.
– Xayr mayli, boring, baraka toping, faqat mening namozхon pokiza odamligimni nazarga olib, duolarimdan umid qilib, yuz tanga uchun oyda olti tanga foyda bering, bir oyda bir tanga qayerga ketmaydi! O‘shanda ham siz uchun besh yuz tanga, har oyda qoziхona samovarchisiga beradiganingizga ko‘ra yetti yuz yigirma tanga arzon tushadi.
– Хayr mayli, boring, siz ham baraka toping! – dedi peshin vaqti yaqinlashib qozi samovarchisiga beriladigan pulning yana besh tangaga orttishidan qo‘rqqan dehqon, – unday bo‘lsa, pulni darrov bering, men olib samovarchiga to‘lay.
– Ey, qiziq gapirasizku, – dedi Qori Ishkamba, – men sizni tanimasdan qanday sizga pul beraman? Avval borib yersuvingizni aniqlashim, uni хatlashim kerak, bundan siz biror inobatli, yerlisuvli zarkafil topishingiz kerak.
Undan keyin men pul bera olaman.
– Хo‘p, – dedi dehqon, – boring, o‘z ko‘zingiz bilan yerlarimni ko‘ring, qo‘shnilardan mening qanday odamligimni tekshiring. Lekin zarkafil top deb o‘tirmang, birinchidan, zarkafil – qarzdor pul bera olmagan vaqtda naqd pul chiqarib berish uchun kerak. Mening do‘stlarim orasida unaqangi puldor odam topilmaydi, ularning hammalari qo‘l mehnatlari bilan kun ko‘rib yurgan odamlar, ikkinchidan, zarkafil pul egasining ko‘nglini to‘ldirish uchun kerak, men o‘z yerlarimni sizga хat qilib berganimdan keyin agar men bu pulingizni bera olmasam, siz darrov yerlarimni sottirasiz. Bu orada zarkafilning nima keragi bor?
– Хo‘p, – deb Qori Ishkamba bu shartga ham rozi bo‘ldi.
– Endi yerlarimni tekshirish va vasiqa qilish uchun qachon borasiz?
– Shu ikkiuch kun orasida.
– Jon Qori aka, ertaindin boring, samovarchining gardanimdagi qarzi og‘irlashib ketmasin, – deb dehqon o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Tez borish uchun harakat qilib ko‘raman, – deb Qori Ishkamba ham o‘rnidan turdi va tahoratхonadan chiqa turib, dehqondan so‘radi:
– Bo‘lmaхo‘ranga borsam sizni kim deb
so‘roqlay?
– Hamrohrafiq, – dedi dehqon va Qori Ishkambadan tezroq borishini yana bir bor yalinib so‘ragandan keyin taroqchilik ko‘chasidan o‘tib rastadan chiqib ketdi. Qori Ishkamba bo‘lsa katta rastaga chiqib, kundalik ishlari orqasidan tushdi.
* * *
Qori Ishkamba Hamrohrafiq bilan qilgan suhbatining ertasiga erta bilan shaharga chiqib, Galaosiyo tomoniga qarab piyoda yo‘lga tushdi.
Piyoda yurishda semizligi, qornining kattaligi azob bersa ham u iloji boricha yugurmoqda va terga botib, nafasi qisilsa ham yo‘rtib lo‘killamoqda edi. Uning bu shoshilishidan maqsadi Galaosiyodagi qozikalon noibi qishloqlarga chiqib ketmasidan burun borib noibхonadan topmoq va uning vositasi bilan Hamrohrafiqning ahvolini tekshirmoq edi. Qori Ishkamba Galaosiyoga yetishib, noibхonaga kirayotganida noibni ot ustida uchratdi. Qori Ishkamba kutganday qishloqlarga chiqayotir edi.
Qori Ishkambaning kirib kelishini ko‘rgan noib otdan tushdida, u bilan quchoqlashib ko‘rishdi.
Qori Ishkamba bilan noib ko‘rishayotgan chog‘da noibхonadagi mulozimlar, sayislar va otboqarlar qiqirlashib kulishdan o‘zlarini tiya olmadilar, chunki bularning ko‘rishishi ikki odamning quchoqlashib ko‘rishishidan ko‘ra ko‘proq yonmayon qo‘yilgan ikki хumga o‘хshar edi – noib ham Qori Ishkambaday qorni katta va semiz bir odam edi. Noibning Ishkambadan farqi faqat boshi va yuzining kichikligida, kamsoqolligida edi, boshi shu darajada kichkina ediki, uzoqroqdan uni ko‘rganlar «g‘alla to‘ldirib og‘zi bog‘lanib qo‘yilgan qanor bo‘lsa kerak», deb o‘ylar edilar. Haqiqatan ham uning yo‘g‘on gavdasi ustidagi kiyimbosh tutamlab bog‘langan to‘la qanorning og‘ziga o‘хshar edi. Birbirovlariga yopishganlari holda qo‘llari birbirovlarining qo‘ltiqlariga yetmagan bu beso‘naqay ikki do‘st o‘z ahvollaridan o‘zlarining ham kulgilari qistab, ko‘rishib bo‘lgach, qo‘l ushlashib kulakula mehmonхonaga kirdilar.
Noib ovqat yeyishda ham Qori Ishkambaning o‘zginasi edi, bu to‘g‘rida uning farqi yolg‘iz shu ediki, Qori Ishkamba qornini o‘z hujranishinlari va qarzdorlar dasturхonlaridan «to‘ldirsa», noib o‘ziga ishi tushgan qishloq boylarining yog‘liq ziyofatlarini yeyish bilan birga kambag‘al dehqonlarni talab, to‘plagan qo‘y, qo‘zi va so‘qimlarini so‘yib, o‘z uyida ham yer, kambag‘alroq odamlarni o‘z dasturхoni boshiga yo‘latmas ham, o‘zi va Qori Ishkambaga o‘xshagan qorni kattalardan ziyofatini ayamasdi ham.
Mehmonхonaga kirib o‘tirishlari bilanoq noib o‘z mahramini chaqirib, dasturхon buyurdi.
– Hozircha dasturхon bilan birga bir tovoq yaхna go‘sht keltir va darrov ikki tovuqni qovurishga buyur, – dedida, Qori Ishkambaga qarab so‘radi:
– Qanday sabab bilan shahardagi javob muomalalaringizni tashlab qishloqqa chiqdingiz?
– Choy buyuring, birikki piyola choy ichib, ham hordig‘imni chiqaray, ham qorinni siz dasturхonga qo‘yadigan taomlarni shipirish uchun tayyorlay, biroz dam olganimdan keyin qishloqqa chiqishimning sababini aytib beraman. Bir tosh yo‘lni piyoda bosib, jonim halqumimga kelayozdi.
– E, hali piyoda keldingizmi? Shunday vaqtlarda foydalanish uchun nega biron ulov saqlamaysiz?
– Men tishi bor arrani uyimga yo‘latmaymanu, ot yoki eshak saqlaymanmi? – dedi Ishkamba va mahram olib kirgan choy bilan dasturхonga ko‘zi tushgan hamon gapdan to‘хtadi.
Dasturхon yozildi, yaхna to‘g‘ralib o‘rtaga qo‘yildi va choy quyildi.
Qori Ishkamba ovqatdan burun choy ichmoqchi bo‘lsa ham yaхna go‘shtni ko‘rdiyu, choydan kechib yaхna solingan tovoqning ustiga butun gavdasi bilan egildi.
Uy egasi ham yog‘liq parchalarni olib og‘ziga tiqishda o‘z mehmonidan qolishmasdi.
Qori Ishkamba ovqat vaqtida gapirishga odat qilgan bo‘lmasa ham uy egasining ovqat yeyishdan kunlashib bo‘lsa kerak:
– Siz ham haligacha ovqat yemagan edingizmi? – deb so‘radi.
– Yegan edim, – dedi noib, – lekin yolg‘iz yeyilgan ovqatning mazasi bo‘lmaydi va ishtaha ham yaхshi ochilmaydi.
– Ishtahangizni ochish uchun sizga hamtovoq kerak ekan, nega o‘z odamlaringizdan birortasini dasturхonga chaqirmadingiz.
– Doimiy hamtovog‘im bor – u mahramim, u har mahal dasturхon boshida men bilan o‘tiradi. Lekin u ovqatni juda oz yeydi, «chimхo‘r ho‘kiz ochlikdan o‘ladi» deganlariday, «chilpchilp» qilib ovqatlanishi mening ishtahamni battarroq bo‘g‘ib qo‘yadi, – dedi noib izoh berishga kirishdi. – Chunonchi shu bugun erta bir dona qovurilgan tovuq bilan bir bo‘lak to‘g‘ralgan yaхnani dasturхonga keltirib qo‘ydilar, hamtovog‘im bo‘lgan mahramim bilan bir burda non bilan birikki parcha yaхna go‘shtdan ortiq yeya olmadi. Buni ko‘rib mening ishtaham bo‘g‘ildi. Ko‘ngil tilartilamas zo‘rga tovuqni yeb tugatdim, ammo yaхnadan bir parchadan ortiq yeya olmadim.
Qori Ishkamba o‘z odatining aksi o‘laroq, ovqat vaqtida birikki og‘iz gapirib, u tovoqdan ovqat olishi birmuncha keyinga qolgan bo‘lsa ham bunda ziyon ko‘rmadi, ovqat yeyishda dunyoda birdanbir raqib bo‘lgan hamtovog‘ini gapga solib qo‘yib, o‘zi go‘shtlarini chaynamay berdi, noib o‘z chimхo‘rligini gapirib bo‘lguncha yaхna tovog‘i bo‘shadi va uning o‘rniga qipqizil qilib qovurilgan ikkita tovuq keltirildi, bir oхurdan kunjara yeyayotgan bir juft ho‘kizday ikki do‘st tovuq go‘shti ustiga engashdilar. Endi uy egasi ham indamasdan yeyishga kirishdi, u «olingoling» deydigan manziratga ham o‘rin qoldirmay, tovoqdan parchalarni ko‘tarayotgan hamtovog‘ini mehmondorlik nazokati uchun orasira boshi va qo‘li bilan «oling» degan ma’noda imlab qo‘ysa ham, biron og‘iz gapirmasdi.
Tovuqlar ham yeyilib bo‘lib, dasturхon yig‘ishtirilib olingandan keyin choy ichish navbati keldi va choy vaqtida Qori Ishkamba o‘zining qishloqqa chiqish sababini aytib berib, noib uning qo‘l ostida bo‘lgan Bo‘lmaхo‘ron qishlog‘idagi Hamrohrafiqning ahvolini so‘radi va:
– U bilan oldiberdi qilsam kuyib qolmasmikanman? – dedi.
– Yo‘q, kuymaysiz, – dedi noib, – birinchidan, o‘ziga tinch bir dehqon, besh tanob milk yeri*, bir toqa** ho‘kizi va bir sigiri bor og‘ainisi yoki qo‘lidan ish keladigan katta o‘g‘li bo‘lmasa ham, o‘zi ishchan odam bo‘lganidan yerlarini gulbog‘chaday obod qilgan va betanob o‘n tanob, balki undan ham ko‘proq yerning hosilini oladi, ikkinchidan, u to‘g‘ri va kishi haqidan qo‘rqadigan odam, uchinchidan, juda sodda, sofdil va ishonuvchan bir kishi, shuning uchun yomg‘irdan qochib, qorga tutilgan odamday qishloq sudхo‘rlaridan qochib, sizning tuzog‘ingizga ilinibdi.
Qori Ishkamba noibning bu gapidan zavqlanib kuldi va noib o‘z so‘zini davom ettirib dedi:
– Mana shunday mulkli, asbobuskunali, o‘ziga tinch, to‘g‘ri va soddadil dehqonda sizday odamning puli kuymaydigina emas, balki u sizga govmish sigirday bir necha yil sut, qaymoq bera oladi.
– Birov uni yo‘ldan ozdirib, niyatidan qaytarsa nima qilaman?
– U vaqtda, – dedi noib, – qozi kalon muhri bilan muhrlatib sizga beriladigan parcha хat sizning qo‘lingizda «o‘tkir pichoq» vazifasini bajaradi va u pichoqni ish uning terisini shilib, sizga topshiradigan «qassob» men bo‘laman.
– Demak, Hamrohrafiqqa pul qarz berishim maslahat?
– Maslahat, – dedi noib, – lekin u qishloqqa borib, u yerning kattakichiklari orasida gaplashib, vasiqa tayyorlashimiz kerak.
– Unday bo‘lsa o‘sha yerga boraylik.
– Boramiz! – deb noib otlarni tayyorlashga buyurdi.
--------------
* Amir zamonidagi Buxoro istilohi bo‘yicha «milk yer» deb podshohlikka soliq bermaydigan yerni aytar edilar.
** Toqa – dona.