MATONAT (qissa)/5-qism
Avvalgi qismi
Tolibjon uchun avvaliga ermak bo‘lgan suratchilik asta-sekin hayotining bir bo‘lagiga aylandi. Kunlarini foto anjomlarisiz tasavvur qilolmasdi. Ammo qishloqlarida elektr yo‘q. Kerosinli chiroq bilan esa sifatli surat ishlash mushkul. “Elektrli joyga borishim kerak”, degan fikr tinchlik bermay qo‘ydi. Avvaliga bu rejasi amalga oshmaydigandek tuyulgandi. Biroq o‘tirsa ham, tursa ham yakkash shu haqda o‘ylayverdi. Nihoyat qat’iy qarorga keldi: daryo ortidagi shahar-qishloqlar elektrlashtirilgan, o‘sha yoqqa boradi!
Fikrini ming istihola bilan oyisiga aytdi. Muslima opa avvaliga qo‘rqib ketdi. Tolibjon qayta-qayta tushuntirganidan keyin o‘ylanib qoldi.
– Qanday bo‘larkin, bolam? – dedi ikkilanib. – Ko‘chishimizga otang nima deydi?
– Oyi, ko‘chmaymiz, o‘zim boraveraman! Shaharda yashaganman-ku?
Yoz faslining jazirama chillasi edi. Tolibjon yengi kalta oq ko‘ylakda, boshida do‘ppi, bug‘doyrang chehrasiga jilmayib turishi juda-juda yarashardi. Muslima opa o‘g‘lining saxt-sumbatiga qarab mehri tovlandi. Xudodan so‘rab olgan yolg‘izining o‘sha fojiada omon qolganiga ming bora shukr qildi. “Mana, o‘zi urinib oyoqqa turyapti, hunarli ham bo‘lib oldi. Lekin nima qilsin, bu nogironlik o‘g‘lini injiq qilib qo‘ydi. Uyini, ota-onasini tashlab qayoqqa boradi? Odamlar nima deyishadi? Noshukr o‘g‘il, deb unga ta’na qilishmaydimi? Balki, yolg‘iz o‘g‘lini uyga sig‘dirmadi, ham deyishar? Xah, odamlar-a! O‘rnimga o‘zlarini qo‘yib ko‘rishsaydi. Tolibjonim endi oddiy qishloq bolasimas-da, ko‘nglidagini qilmasa siqiladi. Ichkilikka o‘rganib ketsa-ya… Xudo saqlasin, Xudo saqlasin! Tolibjon undaymas… Mayli, ko‘nglidagini qilsin. Yomon ishga qo‘l urmayapti-ku axir!”
* * *
Ona-bola ikki-uch kun Tolibjonning vaqtinchalik biror joyga ko‘chib borishini muhokama qilishdi. Muslima opa eri tog‘u toshlaridan qaytgan kuni masalani yotig‘i bilan tushuntirdi. U darrov rozi bo‘lmadi. O‘g‘lini yoniga chaqirib, nasihat qildi:
– Senga nima yetishmayapti, bolam, – dedi bosiqlik bilan. – Qishloqda binoyidek tirikchiligimiz o‘tyapti-ku. Men geologlar bilan uzoqlarda yursam, onang yolg‘iz qolsa maylimi?
– Dada, bu yerda suratchilik qilolmayman, – bo‘sh kelmadi Tolibjon. – Hali ishimni puxta o‘rganganim yo‘q. Qishloqqa elektr kelishini kutib o‘tiraversam bo‘lmaydi. Oyimdan tez-tez xabar olib turaman. Ketmon chopish qo‘limdan kelmasa nima qilay?
Tabiatan bosiq fe’lli otasi indamadi. O‘g‘lining alam bilan aytgan oxirgi gapi o‘ylantirib qo‘ydi. To‘g‘ri, endi u ketmonchilikka yaramaydi, nima qilsin?
Tolibjon otasining jim bo‘lganidan vaziyat yumshaganini payqadi. Keyingi safar shaharga borganida muammoni ko‘ndalangiga hal qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Turli rejalar tuzishga kirishdi. O‘ylayverib, tunlari uyqusi qochib ketardi. Tushida “Zartopgan” bekatini ko‘rdi. Poyezddan tushmoqchi bo‘lib, otilib tanburga chiqqanmish. Lekin poyezd yurib ketib, tushishga ulgurmabdi…
Shu kundan xayoliga qo‘rg‘oshindek o‘rnashgan Zartopgan bekatini unutolmadi. Keyingi safar shaharga borayotib Zartopganda poyezddan tushib qolishni o‘yladi.
Bu uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada yana fotoqog‘oz, eritmalari tugadi. Shu kunning ertasi tonggi poyezd bilan shaharga jo‘nadi. Bu safar ikkilanmasdan Zartopganda poyezddan tushdi. “Zartopganni tomosha qilib ko‘raman, keyin shaharga boraveraman”, deb o‘yladi.
Vagonga yopirilgan izdihomni yorib o‘tib, qizil g‘ishtli bino qarshisidan chiqdi. Har o‘tganida ko‘raverib tanish bo‘lib qolgan bekatga havas bilan tikildi. Quyosh bino peshtoqidagi “ZARTOPGAN” yozuvini nurlantirib turardi. Kirish eshigining ikki tarafidagi yog‘och xarraklarda uch-to‘rtta bekorchi yigitlar poyezddan tushib-chiqayotganlarni tomosha qilib o‘tirishibdi. Pastlikdagi temiryo‘lchilar do‘konidan qog‘ozga o‘ralgan xaridini ko‘ksiga bosib, lo‘mbillagan ikki ayol chiqdi. Ular bir-birlariga navbat bermasdan shang‘illab gapira-gapira, bekat ortidagi jamoa uylariga kirib ketishdi.
Tolibjon tik turib atrofni tomosha qila boshladi. Teplovoz bir marta uzun pishqirib, asta joyidan jildi. Tez orada bekat maydonida odamlar oqimi tindi. U yo‘lovchilarga ergashib shaharchaga olib kiradigan yo‘lkaga tushib oldi. Chapdagi maydonda eski, tumshug‘i pachoq oq “Zaporojets” mashinasi ko‘rindi. Ozg‘in, uzun bo‘yli, ingichka mo‘ylov qo‘ygan yigit mashina kapotiga suyanib turibdi. U oqsoqlanib kelayotgan Tolibjonga tikilib turdi-da, “chirt” etib yonboshiga tupurdi.
– O-ov, oborib qo‘yaymi? – dedi dag‘dag‘aga o‘xshagan qo‘pol ovozda.
– Yo‘q, aka, o‘zim!
Tolibjon avtohalokatdan keyin yengil mashinaga minmay qo‘ygandi. O‘sha qahraton qishdagi dahshatli hodisa sira-sira xayolidan ketmadi. Ba’zan tushida ham muzlamada chirpirak bo‘lib aylanayotgan mashinada o‘tirgandek bo‘lar, shunday paytlarda nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, o‘rnidan turib ketardi.
– Qo‘shmat, o‘tir, ketdik, kliyent yo‘q, – degan ovoz eshitildi mashina kabinasidan.
Yurib borayotgan Tolibjon beixtiyor ovoz kelgan tomonga qaradi. Mashina oynasidan Qo‘shmatnikiga o‘xshagan ingichka mo‘ylovli, oliftanamo yigit boshini chiqarib turardi.
– Bo‘pti, ketamiz, – dedi Qo‘shmat yana “chirt” etkazib tupurarkan.
“Qo‘pol”, deb qo‘ydi Tolibjon o‘zicha. Oq “Zaporojets” shundoqqina yonboshidan yo‘lni changitib o‘tib ketdi. Biroz narida tezligini kamaytirdi-da, qattiq “signal” berib qo‘ydi.
Tolibjon qayoqqa borishini aniq bilmasdi. Tavakkal qilib odamlarning ortidan ketaverdi. Yo‘lka tor ko‘chaga olib chiqdi. Ko‘chaning chap tarafi kichikkina bozor ekan. Bir nechta rastalardan iborat bu bozorcha devor bilan o‘ralmagandi. Rastalarning tomiga tunuka qoplangan. Ko‘chaga qaragan peshtaxtalarda olma-uzumdan tortib, bodring, pamildorigacha bor. Bozorni yakkam-dukkam xaridorlar aylanib yurishibdi. U ham qiziqsinib o‘sha tomonga yurdi.
Asat oyining tongi tarovatli edi. Toza havoni simirib to‘ymaysan kishi. Peshtaxtadagi uyim-uyim tillarang-qirmizi olmalarning hidi dimog‘ni yoradi. Beixtiyor olma sotayotgan qizga ko‘zi tushib, uning oldiga keldi. Qizning yuzi sutga chayilgandek oppoq, nimtabassum jilva qilib turgan lablari atirgul g‘unchasidek nimochiq. O‘ziga yarashgan kulgichlari atirgul yaprog‘ini eslatadi. Qiz shu turishida juda-juda go‘zal edi, xuddi ertakdagi malikalarga o‘xshardi. Tolibjon to‘xtab, haykaldek qotib qoldi. Qiz o‘ziga tikilib turgan yigitni payqagandi.
– Olmalar shirinmi? – dedi Tolibjon.
– Shirin, – jilmaydi qiz.
– Maylimi? – Tolibjon bitta olmaga qo‘lini uzatdi.
– Bemalol, tatib ko‘ring, – yana jilmaydi qiz.
Tolibjon xushbo‘y hidli olmani tishladi. Sersuv olma nihoyatda xushta’m edi. U hamon qizdan ko‘zini uzmasdi. Shu asnoda nigohlar uchrashdi. Qizning ko‘zlarida hayrat bor edi. U yelkasiga yukxalta osib olgan g‘alati yigitga ajablanib qarab turardi. Tolibjon cho‘ntagidan pul olib uzatdi.
– Kerakmas, – dedi qiz shoshib.
– Nega?
– Mazasini ko‘rganingizga pul olmaymiz. Bizda shunday. Bu yerlik emasmisiz?
– Yo‘q. Lekin… shaharcha yoqsa, ko‘chib kelaman.
– Unda aylanib ko‘ring, albatta yoqadi.
– Shunday deb o‘ylaysizmi?
– Ha-da! Bizning odamlar xushfe’l. Bog‘larimizning olmasi shirin.
– Mayli, bugun Zartopganni aylanaman.
Tolibjon bir yerda uzoq turib qolgandi. Oyog‘iga og‘irlik tushdi. Qizning ma’noli ko‘zlariga bir qur nazar tashladi-da:
– Rahmat, – dedi qo‘lidagi olmaga ishora qilib. – O‘zicha “Bu qiz meni nazariga ilarmidi, – deya o‘yladi. – Nogiron bo‘lsam…”
U bozorchadan katta ko‘cha tomonga qarab ketdi. Ko‘chadan mashina, avtobuslar g‘iz-g‘iz o‘tayotgani ko‘rinib turardi. Bozordan boshlangan tor yo‘l katta ko‘chani kesib o‘tib, chorraha hosil qilgan. Atrofda do‘kon, oshxona, yana allaqanday idoralarning binolari bor. Tolibjon chorraha shaharcha markazi ekanligini taxmin qildi. Bu yerlarni yaxshilab ko‘rib olmoqchi bo‘lib o‘ngdagi daraxtlar soya tashlagan yo‘lkaga burildi. Sadaqayrag‘och ostidagi xarrakda jigarrang-qo‘ng‘ir sochli, dumaloq yuzi qizg‘ish-sariqqa moyil, taxminan o‘ziga tengdosh yigit o‘tiribdi. U nimanidir eslab qolmoqchidek ko‘chadan o‘tayotgan mashinalarga diqqat bilan tikiladi. Yo‘lning narigi betidagi devorga bosma harflarda “Uy sotiladi” deb yozib qo‘yilgan. Tolibjon bularning hammasini bir-bir kuzatdi-da, tavakkal qilib xarrakda o‘tirgan yigit tomonga yurdi.
– Assalomu alaykum, – dedi yigitning oldiga kelganida.
– Vaalaykum assalom, yaxshimisiz? – u o‘rnidan turib, so‘rashish uchun qo‘lini uzatdi. – Keling, do‘stim, mehmonga o‘xshaysiz?
– Qanday bildingiz?
– Bu yerliklarni yaxshi taniyman-da.
– To‘g‘ri, Zartopganga birinchi kelishim.
– O‘tiring-o‘tiring! Kimnikiga keldingiz?
Tolibjon o‘ng‘aysizlandi. Qarshisidagi yangi tanishi buni sezdi.
– Men shu yerdagi, Zartopgandagi texnikumni tugatyapman, – shoshib gapirdi u, – qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha.
– Qoyil! – Tolibjon yigitga havas bilan qaradi.
– Diplom amaliyotini o‘tash uchun Mirzacho‘lga jo‘nashim kerak. Manovi, “Uy sotiladi”, deb yozilgan hovli o‘qituvchimizniki. Kaliti menda edi, shuni berib ketay, deb kutyapman.
Tolibjon bu yigit bilan gapi kelishib qolganiga suyundi. Botinib, ilinj bilan ko‘nglidagini aytdi:
– Ijaraga qo‘ymaydimi?
– Iy-e, ijarada turmoqchimisiz?
– Ha.
– Qo‘yadi, ijaraga. Nega qo‘ymasin? O‘zi, shu uyni olaman, degan ham chiqmayapti. Odamsiz uy… vayrona bo‘lib ketadi.
– Unda gaplashib bering?
– Meni bir taklifim bor?
– Qanday? – ajablandi Tolibjon.
– Yoshingiz nechada?
– Yigirmaga chiqyapman.
– Deyarli tengdosh ekanmiz. Sensirab gaplashaveraylik?
– Mayli, ismim Tolibjon, suratchiman.
Tolibjon “suratchiman”, dedi-yu, g‘alati bo‘lib qoldi. Lekin gapdon yigit buni sezmadi. Suyunib ketdi:
– Suratchimisiz?! Yo‘g‘-e… Suratchimisan, do‘stim? Zo‘r-ku! Bizda suratchi yo‘q. Toshkentdan kelib tushirib ketishadi. Bo‘ldi! Muallim bilan uyni gaplashib beraman.
– Rahmat, og‘ayni.
– Men Serverman, – u qo‘lini uzatdi. – Asli, biz ham bu yerlik emasmiz. Urushning oxirrog‘ida, qirq to‘rtinchi yilning bahorida kelganmiz. Men qrim tatarlardanman. Zartopganda ko‘pchilikmiz… Ana, muallim kelib qoldilar! Keyin senga hammasini aytib beraman.
Tolibjon Server ko‘rsatgan tomonga qaradi. Kunning tig‘ida baland bo‘yli, gavdasi yo‘g‘on, ochiq chehra, tepakal odam ko‘rindi. Yengi kalta, qizil katak ko‘ylak kiygan. U qo‘lini peshonasiga qo‘yib tez-tez yurib kelardi.
– Server, kutib qoldingmi? – dedi yetib kelganda samimiy jilmayib. Bu odam har bitta so‘zni chertib-chertib, dona-dona qilib gapirardi.
– Hechqisi yo‘q, Nikolay Semyonovich, – Server o‘rnidan turdi. – Shunday ham bugun bekorman, shaharchamizni tomosha qilib o‘tiribman. Mirzacho‘lga borsam sog‘inaman.
– To‘g‘ri aytasan, Ukrainaga ko‘chsak, men ham qo‘msayman. Sezib turibman, aniq shunday bo‘ladi! Zartopganning odamlariga judayam o‘rganib qolganmanda. Yoningdagi do‘stimiz kim?
– Bu Tolibjon, – dedi Server. – Suratchi ekan. Ijaraga uy izlayapti. Balki, uyingiz sotilguncha qo‘yib turarsiz? Har holda, odamsiz bo‘lmaydi… Men ham ketyapman?
Server Nikolay Semyonovich bilan bemalol rus tilida so‘zlashardi. Tolibjon ularning bir-birlariga yaqin, ishonchli odam ekanliklarini darhol tushundi. Ayni damda shu insonlarga duch kelganini Ollohning inoyati deb bildi.
– Suratchimisiz, yigitcha? – Nikolay Semyonovich Tolibjonga sof o‘zbek tilida murojaat qildi.
– Ha.
– Men ham fotografiyaga qiziqaman. Fotoyiriklashtirgich, yana boshqa asbob-anjomlarim bor… Mayli, uyimda turaqoling… sotilguncha.
Tolibjon Zartopganga birinchi kelishidayoq ishining bu qadar o‘ngidan kelishini sira kutmagandi. Shuning uchun xuddi xazina topib olgandek suyunib ketdi. Qishloqda tuzgan rejalari ba’zan o‘ziga ham xomxayoldek tuyulgandi. Ajab, poyezddan tushiboq zartopganlik bo‘lib qolay deyapti.
– Server, darvozani och, bu yigitga uyni ko‘rsatamiz, – dedi Nikolay Semyonovich.
– Men hozir qololmayman, – Tolibjon shoshib gapirdi, – qishloqqa borib kelaman.
– Mayli, istagan paytingda ko‘chib kelasan, – Server gapga aralashdi. – Kalitni Qobiljon amakida qoldiramiz. – U Nikolay Semyonovichga “shunday qilsam rozimisiz?”, degan ma’noda qaradi.
– Mayli, imkon bo‘lganda, Qobiljon amaki bilan ham tanishtir, do‘sting yaxshi yigitga o‘xshaydi.
Ular ko‘chani kesib o‘tib, moviy darvoza qarshisiga kelishdi. Server kalitlar shodasidan keraklisini topib, qulfni ochdi. Taxta soyabonli, moviy darvoza g‘iyqillab ochildi. Server o‘zini chetga oldi. Avval Nikolay Semyonovich, uning ortidan Tolibjon bilan Server darvozadan hovliga kirishdi.
Chamasi to‘rt sotixlik tomorqada bir necha tup olma, kiraverishda gilos daraxti, nariroqda sim tortib ko‘tarilgan uzumzor ko‘zga tashlandi. Hovli to‘rida oppoq qilib oqlangan, qutichadek uy. Uchovlon devor chetidagi yo‘lakdan o‘sha tomonga yurishdi.
– Server, och, – dedi Nikolay Semyonovich uyning eshigiga ishora qilib.
O‘zi hovliga suqlanib qarab turardi. Server qo‘lidagi kalitlar shodasidan keraklisini topib, eshikni ocha boshladi. Tolibjon Nikolay Semyonovichning havas bilan termilishidan bu hovli unga juda-juda qadrli ekanini sezdi. “Ketib nima qiladi, – deya o‘yladi, – elektr o‘tkazilgan, toza vodoprovod suvi bor ekan. Maza qilib yashamaydimi?”.
– Ko‘chib ketmasidim, xotinim Anna Grigorevnaning yuragi xasta, – dedi Nikolay Semyonovich Tolibjonning fikrini uqqandek. – Ukrainaga, o‘zining yurtiga borishni xohlayapti. Hozircha Toshkentda, singlisinikida turibmiz, davolanyapti. Yo‘l hozirligini ko‘rib qo‘yganmiz.
Server eshikni ochdi. Ular ichkariga kirishdi. Uy ikki xonali ekan. Kiraverishdagi, deraza pardasi yopilgan xona nimqorong‘i edi. Nikolay Semyonovich elektr chirog‘ini yoqdi. Shiftda porlab turgan lampochkaga qarab Tolibjonning ko‘ngli yorishdi: demak, fotoyiriklashtirgichda surat ishlashi mumkin!
– Bu xonada ovqatlanamiz, mehmonxonamiz ham shu, – tushuntirdi Nikolay Semyonovich. – Yotoqxona ichkarida.
U chap tarafdagi ixcham eshikni ochdi. Hammalari ichkariga kirishdi. Bu xonaning kattaligi ham taxminan birinchi kirgan xonalaridek edi. Tolibjon burchakda turgan kichik stoldagi fotoyiriklashtirgichni ko‘rib qoldi. Boshqa jihozlarga e’tibor bermasdan, o‘sha tomonga yurdi. Fotoyiriklashtirgichning tim qora rangli, yorug‘lik o‘tkazmaydigan tunuka qobig‘iga kaftini qo‘ydi-da, uy egasiga qaradi. Nikolay Semyonovich oqko‘ngillik bilan jilmaydi:
– Aytdim-ku, men ham fotografiyaga qiziqqanman, deb. Bemalol ishlataver.
– Yaxshi bo‘lardi! – dedi Tolibjon quvonchini ichiga sig‘dirolmay. – Men suratchilikni endi boshladim. Qishlog‘imizda elektr yo‘q. Shuning uchun bu yoqqa ko‘chib kelmoqchiman.
Tolibjon bexosdan kulib boqqan omaddan masrur edi. Lekin bu baxtga hali erishgani yo‘q. Ko‘nglida, aynib qolishmasaydi, degan hadik ham yo‘q emasdi. Shuning uchun ichidagini to‘kib soldi. Ellik yoshlardagi zukko muallim ko‘zlari chaqnab turgan bu yosh yigitga allaqachon baho berib qo‘ygandi.
– Oyog‘ingga nima bo‘lgan? – dedi otalarcha mehribonlik bilan.
– Avtomobilda falokat yuz bergan.
– Hozircha mening uyimda turaqol. Keyin bir gap bo‘lar. Xohlasang, ishga kiritib qo‘yaman. Foto to‘garagi tashkil qilasan. Suratga tushirish, ishlashni bilasan-ku, shundaymi?
– Ha, bilim yurtida o‘rganganman.
– Endi shularni o‘quvchilarga o‘rgatsang bo‘ladimi?
– Albatta, bo‘ladi! – Tolibjon sidqidildan ma’qulladi. – Menga ishonsangiz, hammasini eplayman!
– Demak, kelishdik. Server, kalitni istagan paytida Tolibjonga berasan. Yosh texniklar markazining direktori bilan gaplashib qo‘yaman, foto to‘garagi ochib beradi.
– Uyga borib kelishim kerak.
– Yaxshi, borib kelaqol.
– Ijara haqi?..
– Bu haqda o‘ylama. Baribir hozircha uyga xaridor yo‘q. U yoq-bu yoqni tozalab o‘tira olarsan?
– Men tomorqani yumshatib, ekin ham eka olaman! – Tolibjon gapini isbotlamoqchidek qaddini rostladi.
– Yer chopish shart emas… Server, sen qachon Mirzacho‘lga jo‘naysan?
– Hali uch-to‘rt kun shu yerda bo‘laman.
– Unda masala hal, desak ham bo‘ladi. Aslida men kalitni olib ketgani kelgandim. Uni Tolibjonga berib qo‘yaqol.
– Men…
– Ikki-uch kunda ko‘chib kela olarsan?
– Ertagayoq ko‘chib kelaman!
– Yaxshi. Men bu yerda ishlarimni bitirib, shaharga qaytay. Yo‘l-yo‘lakay maktabga kiraman. Yosh texniklar markazi maktabimiz hovlisida joylashgan. Sen direktorga uchrash. Unga o‘zim hammasini tushuntirib qo‘yaman.
– Xo‘p.
Nikolay Semyonovich ketish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uni Server bilan Tolibjon ko‘chagacha kuzatib chiqishdi…
Tolibjon shu kuni foto anjomlar uchun Toshkentga bormadi. Zartopganga kelgan birinchi kuniyoq hayot daryosi boshqa o‘zanda oqa boshladi. Server bilan eski qadrdonlardek bo‘lib olishdi. Chorrahaga chiqib, tandir somsa olib kelishdi, birga o‘tirib choy ichishdi. Tushlikdan keyin Server uni poyezdga kuzatib qo‘ydi. Tolibjon shaharga borishni boshqa kunga qoldirib, qishlog‘iga qaytib ketdi.
…Muslima opa o‘g‘lini xavotirlanib kutib o‘tirardi. Darvoza ochilganda shoshib hovliga chiqdi.
– Muncha kechikding, o‘g‘lim!? – dedi Tolibjonning istiqboliga yurarkan.
– Keldim, oyi.
– Yuking qani?
– Shaharga bormadim.
– Unda qayerda eding?
– Zartopganda tushib qoldim. Shaharga yaqin joy, men sizga aytgandim.
– U yerda nima qilding? – Muslima opa o‘g‘liga ajablanib qaradi.
– Uy topdim… Oyi, ertaga ko‘chib boraman. Shaharchada elektr, vodoprovod bor. Ish ham topilay deb qoldi.
– O‘g‘lim! – Muslima opaning ovozi titrab chiqdi. – Axir, bir o‘zing qanday yashaysan? Men-chi? Sensiz nima qilaman!?
Tolibjon oyisining shunday deyishini avvaldan bilgandi. Yo‘l bo‘yi aytadigan gaplarini o‘ylab keldi. Ammo hozir u gaplarning birortasiyam esiga tushmadi.
– Oyi, uzoqqa ketmayapman-ku, – dedi yutinib. – Ishlamasam bo‘lmaydi! Unda yashashning qizig‘i yo‘q!
Bu gapni eshitib, o‘pkasi to‘lib turgan onasi jim bo‘ldi. Tolibjon qizishib ketganini sezdi. “Asabiy bo‘lib qolibman, – deb o‘yladi, o‘zini bosib olishga harakat qildi, – juda qo‘polman”.
Muslima opa qovoq-tumshug‘i osilib ketgan o‘g‘lini quchoqlab oldi:
– Mayli-mayli! Roziman. Faqat xafa bo‘lma! O‘zingni avayla!
– Xo‘p, oyi.
Tolibjon Muslima opa bilan yana bir-ikki og‘iz gaplashib, o‘zining xonasiga kirdi. Devorga oyisining daryo bo‘yida tushgan surati ramkaga solib ilib qo‘yilgandi. Suratga tikilib xayolga cho‘mdi: “Oyisi uni doim tushunadi. Nima desa so‘zsiz bajarishga tayyor. Tolibjon uchun eng aziz, yagona inson – oyisi! Nogironligi, o‘rtoqlaridan boshqacharoqligini hech kim oyisichalik tushunolmaydi! Tolibjon bularning barini yengishga onasining buloq suvidek beadog‘ mehridan quvvat olmayaptimi, axir! Otasi geologlar bilan tog‘u toshlarda yuradi. Oyisi yolg‘iz o‘g‘liga qattiq suyanib qolgan. Endi unga qiyin bo‘ladi. Lekin Tolibjonning ham boshqa iloji yo‘q-da…”
Kechqurun ona-bola Tolibjonning Zartopganga olib ketadigan yuklarini yig‘ishtirishdi. U bir necha juft kiyim-kechak, “Fotokor” apparati, qolgan fotoplastinkalar, kimyoviy eritmalarni o‘zi bilan oldi. Muslima opa unga bir dasta pul tutdi.
– Kerakmas, oyi, ishlagan suratlarimdan, nafaqamdan yig‘ilgan pulim bor, – dedi Tolibjon. – Ijara uyimda hamma narsa yetarli.
– O‘g‘lim, men birga boray? Xavotir olayapman-da, bolajonim, ular qanday odamlar, ko‘zim bilan ko‘ray?
– Oyi, Zartopganda yaxshi odamlar bilan tanishdim. Bilim yurtida o‘qiganimda o‘zim yashaganman-ku? Haliyam ishonmaysiz-a?
– Sen yolg‘iz bolamsan-da.
– O‘zimni eplashim kerak, oyi, endi men ishlayman.
– Mayli…
Tolibjon o‘ringa erta yotdi. Yangi rejalar tuzib, uyquga ketdi…
Saharda hovliga chiqqanida Muslima opa tandirdan patir uzayotgandi. “Oyim uxlolmabdilar, – deya o‘yladi istihola bilan. – Rosa tashvish orttirdim-da”.
– Turdingmi, bolam, yuzingni yuvib kelaqol, – onasining mayin ovozi eshitildi, – issiq patir bilan choy ichasan.
– Xo‘p, hozir.
Tolibjon hovli o‘rtasidagi atrofga eshilib-buralib o‘sgan o‘rik ostiga keldi. Qumg‘ondan muzdek suv quyib, yuvindi. Ayvonga chiqqanida dimog‘iga tandirdan yangi uzilgan patirning yoqimli bo‘yi keldi. Xontaxtaga qizarib pishgan issiq patirlar terib qo‘yilgandi.
– O‘tir, o‘g‘lim, – dedi choynak-piyola ko‘tarib kelayotgan Muslima opa, – choyingni ichib ol. – Patirning hovuri ko‘tarilsin, keyin xaltangga joylab beraman.
– Zartopgandagi ijara uyim bozorga yaqin, nonsiz qolmasdim, qiynalibsiz-da.
– Men nega qiynalay, o‘zimizning uyimizdaman. Bozorda meni patirimga o‘xshagani yo‘q, o‘g‘lim.
– To‘g‘ri, oyi, patiringiz hammanikidan shirin!
Tolibjon onasi sindirgan issiq patirdan bir burda olib, “uf-uf”lab yeya boshladi.
– Haliyam shu odating qolmabdi-da, – onasi jilmaydi. – Bolaligingda shunaqa qilib, “uf-uf”lab yerding.
– Oyi, siz yopgan patrni sog‘inib qolaman.
– Tandir bo‘lsa, borib yopib beraveraman.
– Balki uy ham olarman. O‘shanda tandir quramiz.
Muslima opa o‘g‘liga tikilib qoldi. Tolibjon bu gapiga onasining ajablanganini sezmadi.
– Oyi, duo qiling, vaqt bo‘ldi, – dedi shoshilib.
– Iloyo yo‘ling bexatar bo‘lsin, bolam, – Muslima opa duoga qo‘lini ochdi. – Yaxshilarga yaqin yur, yomonlardan adashtirsin. Omin, Ollohu akbar!
Tolibjon qo‘lini yuziga tortib, o‘rnidan turdi. Yukxaltasini yelkasiga osib, darvoza tomonga yurdi. Muslima opa ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Tolibjon onasining ko‘zyosh qilishini kutgandi, unday bo‘lmadi.
– Qiynalsang qaytib kelaqol, – dedi faqat.
– Xo‘p, oyi, – Tolibjon onasini xotirjam qilish uchun rozilik bildirdi.
U shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga o‘tirganida ham oyisining munis chehrasi ko‘z oldidan ketmadi. Kecha oyisi haqida o‘ylaganlari yana yodiga tushdi. Hayotda nimaga erishgan bo‘lsa, bari onasi tufayli ekanini o‘sha avtofalokatdan keyin yaxshi tushundi. O‘ylab qarasa, oyisi uning istaklariga hech qachon qarshilik qilmagan ekan. Na o‘qishi, na biror buyum sotib olishiga e’tiroz bildirmadi. Suratchilik bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlagan ham onasi. Mana, Zartopganga ko‘chib borishigayam to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Faqat yolg‘iz qolayotgani yomon. Lekin u tez-tez xabar oladi… Tolibjon xayol bilan bo‘lib poyezd Zartopganga yetganini sezmay qoldi.
Temir yo‘l bekatida vagondan bir nechta yo‘lovchilar tushishdi. Ular asosan yosh-yalang yigit-qizlar edi. Tolibjonga yukxaltasi og‘irlik qildi. Eshik tutqichini ushlab, bir muddat tushishga chog‘lanib turib qoldi. Shu payt pastdan kimdir qo‘lini uzatdi:
– Do‘stim, xaltangni ber, – degan tanish ovoz eshitildi.
Tolibjon pastga qarab, ko‘zlariga ishonolmadi. Perronda qo‘lini cho‘zganicha jilmayib Server turardi.
– Iy-e, qanday topding?! – dedi-yu, suyunib, yukxaltasini uzatdi.
– Yordamlashaymi? – Server yukxaltani yerga qo‘yib, yana qo‘lini cho‘zdi.
– Rahmat, o‘zim tushaman.
Tolibjonning oyog‘i perronga tegar-tegmas teplovoz sakrashga shaylangan toychoqdek uzun bir pishqirib, poyezd joyidan jildi. Ipga tizilgan yashil marjon donalaridek vagonlar shovqin bilan o‘tib ketgunicha gaplashmay turishdi. Bekat birdan suv sepgandek jimjit bo‘lib qoldi. Furajka kiygan navbatchi jezl tayog‘ini o‘ynatib, qizil g‘ishtli bino tomonga yurdi.
– Ketdik, – dedi Server yukxaltani yelkasiga olib.
– O‘zim ko‘tarman, – Tolibjon o‘ng‘aysizlandi.
– Buguncha mehmonsan, izzatingni joyiga qo‘yaylik, keyin o‘zing ko‘taraverasan.
Ular kechagina tanishgan tengdoshlar emas, eski qadrdonlardek gaplasha boshlashgandi. Bundan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarildi. Uydan chiqqanidagi mahzun kayfiyat bir zumda tarqab ketdi. Bozor qarshisidan o‘tayotganlarida meva rastalariga qaradi. Olma sotuvchi qiz ko‘rinmadi…
Chorrahadan o‘ngga yurib, ko‘chani kesib o‘tishdi. Bir tavaqali tanish darvozaga yetganlarida Tolibjonning yuragi orziqdi: u mana shu uyda yashaydi!
Server kalit bilan darvozani ochdi.
– Endi bu uyda sen turasan, marhamat! – dedi.
Tolibjon darvozadan kirdi. Kimsasiz hovli sokin va qarovsiz edi. Tong shabadasi gilos yaproqlarini shitirlatdi. Shapaloqdek-shapaloqdek to‘q yashil tok barglarini chang qoplabdi. Barglar orasida kechki “kattaqo‘rg‘on” gujumlari ko‘rindi. Hovli to‘ridagi uyning eshigi ochiq edi, Tolibjon ajablanib Serverga qaradi.
– Seni kutib olgani chiqayotganimda ochib qo‘ydim, – tushuntirdi Server. – Uyga toza havo kirib tursin, dedim-da.
– Rahmat.
– Hozir choy qo‘yaman.
Ular oldinma-keyin ichkariga kirishdi. Deraza pardalari ochilgan, xona tozalab, tartibga keltirib qo‘yilgandi. Stolga choynak-piyolalar terilgan. Server elektr plitani yoqdi, alyumin chovgunda suv qo‘ydi. Tolibjon yukxaltasidan ikkita patir oldi.
– Menga qara, do‘stim, bu patir-ku! – Server suyunib ketdi. – Patir nonni yaxshi ko‘raman. Zartopganga kelganimizda, bolaligimda, poyezddan tushgan qrimlar uch kun temir yo‘l yonboshidagi ko‘chada qolib ketishgan. Boshiga savat qo‘yib bozorga ketayotgan bir xola menga patir kulcha berdi. Shunday yutoqib yedimki, haligi patir kulchani! Axir, bir necha kun non yemagandik-da. Mazasi haliyam esimda! Bolalikdagi voqealar xotiraga qo‘rg‘oshindek quyilib qolarkan.
Server o‘rnidan turib, choy damlay boshladi.
– Tolibjon, xafa bo‘lmasang bir narsani so‘ramoqchiman, – dedi dasturxonga kelib o‘tirayotib.
– Bemalol, so‘rayver.
– Oyog‘ingga nima qilgan? Kecha Nikolay Semyonovichga “avtofalokatda bo‘lgan”, deganding?
– Ha, Server, avtofalokatda o‘ng oyog‘imdan ajraldim. O‘shanda shahardagi bilim yurtida o‘qirdim. Qishloqdan kech yo‘lga chiqdim. Qahraton qish, yo‘l muzlama edi. Chorrahada to‘satdan yuk mashinasi chiqib qoldi. Biz mingan “Moskvich” simyog‘ochga urilgan. Oyog‘imni asrab qolishning iloji bo‘lmabdi.
– Kechir, eslash og‘irdir?
– Ko‘nikib ketganman.
– Seni bir ko‘rishdayoq bilganman, aqlli yigitsan. Hali katta ishlar qilasan. Bizga ham oson bo‘lmagan. Og‘ir kunlarimizda yaxshi odamlar yordam berishdi. Xohlasang, o‘sha voqealarni aytib beraman?
– Mayli.
Server piyoladagi choydan bir ho‘plab, iztirobli hikoyasini boshladi:
– Asli, Qora dengiz bo‘yidagi Qrimdanmiz, – Server o‘yga cho‘mib biroz jim qoldi. – Zartopganga urush payti, qirq to‘rtinchi yilda, may oyining oxirlarida olib kelishgan. O‘shanda men olti-etti yoshlardagi bola edim. Esimda, eshigi surilib ochiladigan, ichiga somon to‘shalgan katta qizil vagonda kelganmiz. Vagondan achimsiq, badbo‘y hid kelardi. Bolalar yig‘lagan, xastalar oh-voh qilib yotishardi. To‘qqiz-o‘n kunlik yo‘l azobi, ochlik hammani holdan toydirgan. Bizni temir yo‘l yonboshidagi tor ko‘chaga tushirishdi. Odamlar bir tomondan yo‘l azobidan qutulganlariga suyunishsa, ikkinchi tomondan bundan keyingi taqdirlarini o‘ylab dahshatga tushishardi. Uch kun o‘sha yerda och-nahor yotdik. Aniq bilmaymanu, lekin juda ko‘pchilik edik… Hozirgi Zartopgan bozorining orqasida sovxoz uylari bo‘lardi. To‘rtinchi kuni bizni o‘sha uylarning har biriga o‘n-o‘n besh kishidan qilib bir amallab joylashtirishdi. Biz – onam, singlim va men edik. Otam urushda edi. Uzoq yo‘ldan keyin hech vaqomiz qolmagan, ochmiz… Shunday qilib, Zartopganda yashab qoldik.
– Maktabga shu yerda boribsan-da?
– Ha, Tolibjon, maktabga urushdan keyin, qirq oltinchi yilda bordim. Ungacha maktabimiz binosida harbiy gospital ishlagan. Ikkinchi jahon urushi yillarida og‘ir yaralangan harbiylarni shu gospitalga olib kelishardi. Hatto polshalik uchuvchilar ham davolanishgan. Jarohati og‘ir bo‘lib o‘lganlarni shu yerdagi qabristonga dafn qilishgan. Hozir ham Polshadan ziyoratchilar kelib turishadi. U paytlarda bola edik, to‘dalashib kun bo‘yi shaharchada yugurganimiz yugurgan edi. – Server shirin xotiralardan entikib jilmaydi. So‘ngra nimadir yodiga tushgandek birdan jiddiylashdi. – Gospital oldidan o‘tayotganimizda dorilarning o‘tkir hidi anqib turardi. Ayniqsa, o‘likxonasidan…
1946 yilda gospitalni ko‘chirib ketishdi. Maktab ochilib, bolalar qatnay boshlashdi. Kuzda men ham birinchi sinfga bordim. O‘ris tilida o‘qitishardi. Sinfdagi o‘quvchilarning ko‘pchiligi urush bo‘lgan joylardan olib kelingan bolalar. Sinfga o‘ttiz besh nafar o‘quvchi yig‘ildi. Turli yoshdagi, katta-kichik bolalar bitta sinf bo‘ldi-da. Ular asosan urush tufayli o‘qiyolmay qolganlar ekan. Eng kichigimiz yetti yoshda, kattamiz – aytsam ishonmaysan – o‘n to‘qqizga kirgan yigit! Nimagadir uni ham bizning sinfga olib kirishdi. Hali yuqori sinflar ochilmagani uchundir… Ana shu o‘n to‘qqiz yashar o‘ris yigiti men bilan bir partada o‘tirdi. U g‘alatiroq edi. Qog‘oz topsa, surat chizaverardi.
– Nimalarni chizardi?
– Shunisi qiziq-da! U indamas bola edi. Chizgan rasmlari hozirgacha esimda: jarrohlik xonasi, qo‘lida arra ushlagan doktor stolda yotgan odamning oyog‘ini kesyapti… Dahshat-a? Ba’zan odam tanasidan snaryad parchasini olib tashlayotgan jarrohni ham chizardi… Esimda, uning o‘ng yuzida katta chandig‘i bor edi. Avvalgi hayoti haqida sira gapirmasdi.
Hammamiz bir sinfda o‘qish-yozishni o‘rgandik. Siyoh yo‘q, qozonning qora qurumini suvda eritib, siyoh tayyorlab berishardi. Ruchka, qalam ham anqoning urug‘i. O‘qituvchimiz har birimizga pero tarqatdi. Peroni tol novdasiga bog‘lab, qora qurumli siyohga botirib yozganmiz.
Bilsang, o‘sha dahshatli urush yillarida onamning uddaburonligi tufayli singlim ikkalamiz omon qolganmiz. Bizni Qrimdan bir kechada ko‘chirib yuborishgan. Onam qopchiqda yong‘oq olishga ulgurgan ekanlar. Yong‘oqlarning ostiga “Zinger” tikuv moshinasining quloq-mexanizmini joylabdilar. Bu yerda bir usta quti yasab, moshinkani o‘rnatib berdi. Oyim ana shu “Zinger”da odamlarga kiyim-kechak tikib, bizni boqdilar.
U paytlarda qornimiz to‘yib maza qilganimizni sira eslolmayman. Zartopganda bittagina tegirmon bo‘lgan. Makkajo‘xorini shu tegirmonda tortib, unidan zog‘ora non yopilardi. Zog‘ora non shirin, lekin, bug‘doy non bo‘lolmaydi, ko‘ngilga urib qoladi. Onam olmaqoqini zog‘ora xamir o‘rtasiga terib, “pirog-non” ham pishirganlar.
Darsdan bo‘sh paytlarimizda shaharchani aylanib yurardik. Temir yo‘l bekatida ikkita suv tortish minorasi bor. Pishqirib to‘xtagan parovozlarga shu minoralardan suv quyishadi. Biz tomosha qilgani kelardik. Temir yo‘lda yana bitta vazifam bor edi: uyga vagonlardan to‘kilgan ko‘mirdan bir paqir terib borishim kerak. Ko‘mir topilmasa, vagon g‘ildiraklarida qotib qolgan qoramoyni qirtishlab olishga to‘g‘ri kelardi.
Shaharchada bizga hech kim jiddiy e’tibor bermasdi. Faqat bozor yonboshididagi choyxona “xavfli hudud” hisoblanardi. Choyxonachi Quvabek bolalarni yomon ko‘rardi. “Cho‘loq Quva” derdik uni. Quvabekni bir oyog‘i kaltaligi uchun urushga olishmagan. Chehrasida allaqanday ishtiboh qotib qolgan, badbin yigit edi. Choyxonada dastyorlik qilib, har xil odamlarni ko‘rib katta bo‘lgan-da…
Quvabeklarning uyi temir yo‘l ortidagi mahallada edi. Urush tugagan yilning yozida otasi temir yo‘ldan o‘tgan-u, yiqilib qolgan. Unga nima bo‘lganini hech kim bilmadi. Surishtiruvchisi ham yo‘qdir-da. Hushsiz choyxonachini uyiga ko‘tarib borishadi. Uch-to‘rt kun shu ahvolda yotib, o‘ziga kelmay joni uziladi…
– Ko‘p gapirib yubordim. Seni zeriktirib qo‘ymadimmi? – Server hikoyasini bo‘lib, Tolibjonning choydan bo‘shagan piyolasiga choy quydi. – Men bularni hech kimga aytmaganman. Bugun eshilib ketdim.
– Gaping eng qiziq joyiga keldi. Endi oxirigacha aytmasang bo‘lmaydi.
Tolibjon unga tikilib o‘tirib oldi. Server gapida davom etdi:
– Otasining sirli o‘limidan keyin choyxona Quvabekka qoldi. Bu ozg‘in, cho‘loq yigitning yoshi yigirma beshlarda edi. Qishin-yozin rangi uniqib, dog‘lanayotgan yog‘ning tutunidan yaltirab ketgan marg‘ilon nusxa do‘ppi kiyib yurardi. Boshi ikki tomondan siqib qo‘yilgandek cho‘zinchoq. Katta-katta, o‘qraygan ko‘zlari odamga yeb qo‘ygudek tikiladi. Kalta mo‘ylovini dam-badam qashib qo‘yadigan odati bor edi. Biz uni ko‘rganda bir-birimizga qarab burnimiz ostini qashlab kulaverardik.
Xullas, biz unga, u bizga yoqmasdi. Quvabekning bolalarni yoqtirmasligiga yana bir sabab bor. Cho‘loq choyxonachi uylangan bo‘lsayam xotinboz edi. Temir yo‘l bekatida qolib ketgan xotinlarni choyxonaga boshlab kelaverardi. Bolalar uni ermakka poylashar, u ham quvlik qilib, bildirmay tashqariga chiqardi-da, poyloqchilarni xivich yo kesak bilan tushirib qolardi.
O‘sha yillari Quvabek bir qo‘qonlik xotinga ergashib allaqayoqlarga ketib qoldi. Shu-shu uni boshqa ko‘rmadik.
Otam frontda edi, urush tugagan yili bizni topib, Zartopganga keldi. Otam qaytganidan keyin ahvolimiz ancha yaxshilandi. Singlim bilan men maktabda o‘qirdik. Urush bo‘lgan yerlardan Zartopganga kelib qolgan bolalar birin-ketin yurtlariga qayta boshlashdi. Haligi, men aytgan o‘n to‘qqiz yoshli g‘alati yigitni ham qarindoshlari olib ketishdi. Xayrlashayotganida chizgan suratlarini menga qoldirdi. Ularni oyimga berdim. Oyim suratlarni bir-bir ko‘rib, boshlarini chayqadilar, ko‘zlaridan yosh quyildi. Rasmlar uqubatli kunlarimizni eslatdi, chamasi. Ularni tashlab yubordilarmi, olib qo‘ydilarmi, bilmayman.
Urush haqida gap ketsa, oyim tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imizni eslayveradilar. Biz Qrimning Yalta yaqinidagi Mesxor qishlog‘idanmiz. Qishloqda Orziqiz bilan qaroqchi Alibobo afsonasiga haykal ham qo‘yishgan. Oyim favvorani, ko‘zadan suv ichayotgan suv parisini ko‘p gapiradilar. Orziqiz afsonasini qayta-qayta aytib ham charchamaydilar.
– Qiziq afsona bo‘lsa kerak? – dedi Serverning hikoyasini berilib tinglayotgan Tolibjon.
– Qiziq, juda qiziq, Tolibjon. Aytib beraymi?
– Mayli.
– Afsonada aytilishicha, dengiz bo‘yidagi jannatmakon qishlog‘imizning qizlari parilardek juda-juda go‘zal bo‘lishgan. Orziqiz ana shu go‘zallarning ham go‘zali edi! Chehrasi Qrim tog‘larida suzib yurgan bulutlardek oppoq. Lablarini bog‘larimizdagi qirmizi olchaga o‘xshatishadi. Ko‘zlari dengiz suvidek yashil-moviy. Yuzidagi kulgichlari yigitlarning jonini oladi! Qirg‘oqqa suzib kelgan dengizchilar Mesxor qizlarining ta’rifini uzoq-uzoqlarga olib ketishar ekan. O‘sha davrlarda dengizda qaroqchilar ham ko‘p bo‘lgan deyishadi. Kunlardan birida cho‘milayotgan qishloq qizlarini Alibobo degan qaroqchi o‘g‘irlab, kemasida noma’lum tomonga olib ketadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.
Qishloq yigitlari g‘azab o‘tida yonishadi! Bor kemalari, katta qayiqlarini ummonga chiqarishadi. Biroq qancha qidirishsa ham qizlar ketgan kemani topisholmaydi.
Qaroqchi Alibobo Mesxor go‘zallarini Turkiyaga olib boradi. Ular turk xonining xaramida tutqun bo‘lib qolishadi.
Oradan kunlar, oylar o‘tadi. Qizlar yig‘lab-yig‘lab, oxiri noilojlikdan taqdirga tan berishadi. Tug‘ilib-o‘sgan qishloqlari haqidagi xotiralarini bir-birlariga so‘zlab ovunadilar. Faqat bir qiz – go‘zal Orziqiz o‘zining shum taqdiri bilan kelisholmaydi. U har kuni dengizga uzoq-uzoq termilib, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘ini yosh bola o‘z onasini qo‘msagandek zor-zor bo‘lib sog‘inadi. Xudodan Vataniga qaytish yo‘lini yalinib-yolvorib so‘raydi. Go‘zal Orziqizning iltijolari Yaratganga yetib boradi.
Kunlardan birida xon xaramidagi kanizaklarni dengizga cho‘milgani olib borishadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.
Orziqiz “bu kunimdan o‘lganim yaxshi”, deydi-yu, o‘zini ajdahodek to‘lqinlari ko‘pirib turgan ummonga tashlaydi. Dengiz ostiga sho‘ng‘ib, suv parisiga aylanadi va tug‘ilgan yurtiga tomon suzib ketadi.
Afsonada aytilishicha, suv parisiga aylangan Orziqiz hamon dengizda, Mesxor qirg‘oqlarida suzib yurar emish. Hamqishloqlari Orziqizning Vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbatiga tahsinlar aytib, unga haykal o‘rnatadilar…
Server Orziqiz haqidagi afsonani aytib bo‘ldi-yu, xayolga cho‘mib qoldi:
– Vatan sog‘inchi shunchalar kuchli bo‘larkan, Tolibjon! – dedi nihoyat.
– Tug‘ilgan yurtingni qo‘msaysanmi?
Server nima deyishini bilmasdan ikkilanib, Tolibjonga qaradi:
– Bu yerga kelganimizda men bola edim, o‘rganib ketdim. Qishlog‘imiz, dengiz bo‘ylarini oz bo‘lsayam eslayman. Lekin onam, otam yurtimizni juda-juda sog‘inishadi. Bu sog‘inchni so‘z bilan ifodalash mushkul, do‘stim! Yurakni tegirmon toshidek ezadi Vatan sog‘inchi!
Tolibjon nima ham derdi. Har kimning ko‘nglida bir muztarlik bor. Buni o‘zi ham biladi…
Server yana biroz o‘tirdi-da, xayrlashib chiqib ketdi.
Tolibjon kun bo‘yi uyni, hovlini tozalab, tartibga keltirdi. Kechga borib o‘zini bu uyda avvaldan yashayotgandek his qila boshladi.