Asarlar
April 15, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

... U birov yelkasiga turtgandek qo‘qqisdan uyg‘onib ketdi. karavotda o‘tirar ekan, atrof ga alangladi. Xona jimjit. kichkinagina soatning yorishib turgan mili tonggi beshni ko‘rsatardi.

«Hali juda erta, – o‘ylardi Gimmler, – hech bo‘lmaganda yana bir soat uxlash kerak».

U esnadi, yana yostiqqa bosh qo‘yib, devor tomonga o‘girilib oldi. Ochiq derazachadan o‘rmon g‘ovuri eshitilib turardi. kecha kechqurun qor yog‘a boshlagan edi, hozir sokin, hech zog‘ yo‘q, qishki o‘rmonning qanchalik go‘zalligini Gimmler tasavvur qildi. U, xuddi yoshligimdagidek hozir ham yakka o‘zim o‘rmonga kirsam qo‘rqsam kerak, degan xayolga keldi.

– Yo‘q, yo‘q, yo‘q, – dedi Gimmler astagina, o‘zi ham kutmagan holda.

U karavotdan turib, yelkasiga kamzulini tashladi va stol yoniga bordi. Chiroq ham yoqmay, yog‘och kursining chetiga o‘tirdi-da, qora telefonning go‘shagiga qo‘lini uzatdi.

«Qizimga telefon qilishim kerak, – o‘ylardi u. – Qizaloq xursand bo‘ladi. Uning quvonib yurishi uchun imkoniyat kam».

katta yozuv stolidagi oyna ostida ikki o‘g‘il bolaning rasmi ko‘rinib turardi.

Gimmler birdaniga ko‘z oldiga Bormanni keltirdi va hozir qiziga telefon qilib: «Salom, do‘mbog‘im, dadang gapiryapti. Qanday tushlar ko‘rding, jonginam?» deya olmasligimga ana shu badbaxt aybdor, deb o‘yladi. U hozir o‘g‘illariga ham telefon qilolmasdi, chunki ular g‘ayriqonuniy nikoh farzandlari edilar. Qirq uchinchi yilda ikki o‘g‘lining onasi Marta uchun bombalar yog‘ilayotgan joydan nariroqda, Bavariyada chog‘roqqina villa qurishga partiyadan sakson ming marka qarz so‘raganida Borman ning lom-mim demagani Gimmlerning yodiga tushdi. Buni Bormandan eshitgan fyurerning tushlik paytida o‘ziga bir necha bor hayron bo‘lib qarab qo‘yganini ham esladi. Garchi u olti yildan beri uyida yashamayotgan bo‘lsa-da, xuddi shu sabab xotini bilan ajrasholmasdi. Qabul marosimlariga xotini bilan birga borishga majbur edi.

«Bormanning aybi yo‘q bunda, – hamon o‘ylardi Gimmler, – men o‘zim nohaqman. Bu tashvishimga bo‘rdoqining nima daxli bor. Ajralish uchun har qanday xo‘rlikka rozi bo‘lardim.

Ammo qizimning ko‘nglini og‘ritishga hech qachon botinolmasdim».

Gimmler faoliyatining ilk davrlarini eslab kulib qo‘ydi. U paytlar xotini va qizalog‘i bilan Nyurenbergda och-nahor, sovuq xonada yashashardi. Bundan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, yaqindagina bo‘lib o‘tgandek tuyulardi. Oradan atigi o‘n sakkiz yil o‘tibdi. O‘sha paytda fyurerning «birodari» Gregor Shtrasserning kotibi bo‘lib ishlardi. U partiya tashkilotlari o‘rtasida aloqa bog‘lab, Germaniya bo‘ylab sang‘ib yurardi, vokzallarda uxlardi, yegani non bilan qahva deb nom olgan atala edi. O‘sha paytda, 1926 yilda, Shtrasserning qo‘riqchi SS guruhlarini tashkil qilish haqidagi fikri zarurat tufayli emas, balki SA rahbari Remga qarshi boshlangan kurash uchun paydo bo‘lganligini hali anglab yetmagan edi. SS guruhlari partiya dohiylarini doim qo‘riqlab yurish zarurligiga Gimmlerning ishonchi komil edi.

Dushmanlarning asosiy vazifasi ulug‘ dohiy, mehnatkash nemislarning birdan-bir do‘sti Adolf Gitlerni yo‘q qilish ekanligiga uning ishonchi komil edi. U stoli tepasiga Gitlerning katta suratini ilib qo‘ydi. Gitler bir payt Shtrasser huzuriga kelganda o‘zining surati ostida sepkilli, ozg‘in yigitchani ko‘rib bunday dedi:

– Partiya rahbarlaridan birini boshqalardan ajratib, shunchalik baland ko‘tarish yaxshimi?

Gimmler bunday javob qildi:

– Agar siz oddiy rahbar bo‘lganingizda, men partiya safida bo‘lmas edim. Men rahbar emas, balki dohiyga ega bo‘lgan partiya safidaman!

Gitler uni eslab qoldi. Bavariya tashkilotining kotibi bergan javobdan Shtrasser ham mamnunday bo‘ldi-yu, ammo ichida meshchanlar muhitidan rahbarlar safigacha olib chiqqan odamining nonko‘rligidan o‘ksingan edi. U fyurerga Gimmlerni yangi tashkil qilingan SS guruhlariga reyxsfyurer qilib tayinlashni taklif qilganida, SS birinchi galda uning o‘ziga, Remga qarshi kurashiga, partiya va fyurerga ta’sir o‘tkazish kurashiga xizmat qiladi deb mo‘ljallagan edi. Uning boshchiligida dastlab ikki yuz eseschi, atigi ikki yuz nafar eseschi birlashgan edi. Ammo SSsiz 1933 yilda fyurer g‘alaba qozonolmas edi – Gimmlerning bunga ishonchi komil edi. Lekin g‘alabadan so‘ng fyurer uni Myunxen shahri politsiyasining boshlig‘i qilib tayinladi, xolos. Shunda Gimmler huzuriga uni partiyaga qabul qilgan, partiyaning mafkurachisi va nazariyotchisi, SS guruhlari tashkil qilish g‘oyasini birinchi maydonga tashlagan kishi – Gregor Shtrasser kirib kelgandi. Shtrasser o‘sha paytga kelib partiya faxriylariga, Gitler sanoat korchalonlariga sotilib ketdi, deb shikoyat qilib yurgan va fyurerga qarshi oshkora kurashish yo‘liga o‘tib olgandi.

O‘shanda Gimmler Shtrasserning gapini bo‘lib: «Fyurerga sodiqlik har bir partiya a’zosining burchidir. O‘z shubhalaringizni anjumanda ko‘pchilikning hukmiga havola qilishingiz mumkin, ammo qarshi kurashda o‘z obro‘-e’tiboringizdan foydalanishga haqingiz yo‘q – bunday qilish partiyaning jipsligiga putur yetkazadi», – degan edi.

O‘sha kuni kechqurun Gimmler o‘z uyida, bayram qadahini ko‘tarayotib:

– Men oddiy oilalardan chiqqan eseschilarimni oqsuyak qizlarga uylantirib toza naslli millatni yaratish niyatida edim, endilikda, millat dushmanlari: yahudiylar va ruhoniylar bilan ish ko‘rishimga to‘g‘ri keladi. Bu fyurerning istagi ekan, nachora shunday bo‘lajak, – dedi. Chunki o‘sha paytlarda Geringga itoat etuvchi markaziy politsiya organi xodimlari uning uyidagi gaplarini tinglashlarini bilar edi.

Gimmler markazda qanday voqealar yuz berayotganini diqqat bilan kuzatib bordi. U g‘alaba zavqi amaliy ishni ma’lum darajada sustlashtirganini ko‘rib turdi. U, Berlindagi partiya dohiylari namoyishlarda so‘zga chiqish, tunlarni esa diplomatik qabul marosimlarida o‘tkazish – xullas, partiya g‘alabasining samarasidan bahramand bo‘lishdan boshqa narsa qilmayaptilar, deb asosli ravishda o‘ylab yurardi. Gimmler bunday qilishga hali vaqt erta deb hisoblardi. Shundan so‘ng bir oy o‘tar-o‘tmas Daxauda birinchi namunaviy konsentratsion qamoqxonani tashkil qildi.

Dushmanlarga yon bosgan sakkiz million kishini chinakam Germaniya fuqarosi ruhida tar biyalash uchun bu qamoqxona juda yaxshi mehnat

maktabidir. Sakkiz million kishining hammasini qamoqxonalarga tashlash, albatta, bema’nilik bo‘ladi. Avvalo, bitta qamoqxonada terror vaziyatini yaratmoq, so‘ngra irodasi singanlarni bitta-bitta chiqaraverish kerak.

Qamoqxonadan chiqqan bunday kishilar bugungi tuzumning eng yaxshi tashviqotchilariga aylanadilar. Ular yor-birodarlari va bola-chaqalarini tartibimizga lom-mim demay itoat etishga da’vat qiladilar.

Uning huzuriga Geringning shaxsiy vakili keldi. U Daxauda bir necha soat bo‘lgach so‘radi:

– Bu qamoqxonani, avvalo konstitutsiyaga zid bo‘lganligi tufayli, Yevropa va Amerikada keskin qoralamasmikinlar?

– Nega endi tuzum dushmanlarini qamashni konstitutsiyaga zid tadbir deb o‘ylaysiz?

– Chunki siz qamagan kishilarning ko‘pchiligi hatto sud binosini ko‘rmagan. Ayblash uchun hech qanday xulosa, asos yo‘q, qonundan asar ham ko‘rinmaydi...

Gimmler shu masala ustida o‘ylab ko‘rishni va’da qildi. Gering vakili jo‘nab ketdi, Gimmler esa shaxsan Gitlerga xat yozib, unda sud va tergovsiz qamoqqa olish hamda konsentratsion qamoqxonaga jo‘natish qanchalik zarurligini ishonchli qilib asosladi.

«Bunday qilish, – deb yozdi u fyurerga, – tuzum dushmanlarini xalq g‘azabidan qutqarib qolishni ko‘zlagan insonparvarlik tadbiridan boshqa narsa emas. Millat dushmanlarini qamoqxonaga tiqmasak, biz ularning tirik qolishiga kafil bo‘lolmaymiz: xalq ularni toshbo‘ron qiladi».

Ana shu xat fyurer atrofidagi odamlarning birortasini qo‘liga tushib qolmasligi uchun, Gimmler o‘sha kuniyoq katta yig‘in uyushtirib, xatdagi gaplarni so‘zma-so‘z takrorladi va uning bu nutqi ertasiga hamma gazetalarda bosilib chiqdi.

1933 yilning oxirida bevosita Geringga itoat qiluvchi Berlin politsiyasida katta janjal chiqqach, Gimmler tundayoq Myunxendan jo‘nab ketdi va ertasiga fyurerning qabuliga muyassar bo‘ldi. U «sotqin, eski tuzum politsiyasini» «xalqning asil farzandlari» – SS nazorati ostiga berishni so‘radi.

Gitler Geringni xafa qilgisi kelmadi.

U Gimmlerga tayinli javob bermadi. Uning qo‘lini shunchaki siqib qo‘ydi, xona eshigigacha kuzatdi, xuddi o‘rganayotgandek ko‘ziga tikilib qaradi, keyin birdaniga xushchaqchaq ohangda dedi:

– Kelgusida aqlli takliflaringizni bir kun oldin yuboradigan qiling: menga yuborgan xatingizni va Myunxendagi yig‘inda so‘zlagan o‘sha mazmundagi nutqingizni nazarda tutyapman.

Gimmler kayfiyati buzilib jo‘nab ketdi.

Ammo bir oy o‘tgach, u Berlinga chaqirilmasdanoq, Meklenburg va Lyubek siyosiy politsiyasining, yana bir oy o‘tgach – 20 dekabrda Baden, 21 dekabrda Gessen, 24 dekabrda Bremen, 25 dekabrda Saksoniya va Tyuringiya, 27 dekabrda Gamburg siyosiy politsiyasining boshlig‘i qilib tayinlandi. Bir hafta ichida u, hali ham Geringga bo‘ysunib turgan Prussiya politsiyasidan tashqari, butun Germaniya politsiyasining boshlig‘i bo‘lib qoldi.

Gitler Geringga, Gimmler butun reyx maxfiy politsiyasining boshlig‘i qilib tayinlasa-yu, ammo Geringga bo‘ysunsa, degan fikrni taklif qildi. Reyxsmarshal fyurerning bu taklifiga rozi bo‘ldi. Ammo uncha xushlamay rozi bo‘ldi, chunki totalitar tuzum sharoitida maxfiy politsiya kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘shaning doim g‘olib chiqishini yaxshi tushunar edi. Lekin Geringdek mavqega ega kimsa uchun politsiyaga bosh bo‘lish past ish edi. U marshal, Prussiya bosh vaziri, reyxstag raisi unvonlariga ega edi. Buning ustiga yana bosh politsiyachi bo‘lishni pastkashlik deb hisoblardi. Shuning uchun u ikki yo‘ldan birini tanlashi: yo Gimmlerni o‘z kishisi qilib olishi, yoki uning irodasini bukib, o‘ziga itoat qildirishi kerak edi. Gering birinchi yo‘lni tanlamadi – indamas, tili dag‘al va ko‘rimsiz Gimmlerni nazarga ilmadi. U ikkinchi yo‘lni tanladi. U o‘z kotibiga Gimmlerga ichki ishlar vazirining o‘rinbosari va maxfiy politsiya boshlig‘i unvonini hamda politsiyaga tegishli masalalar muhokama qilinganda majlislarda qatnashish huquqini berish haqidagi qarorni fyurer idorasi tasdig‘idan o‘tkazishni buyurdi. «Politsiya masalalari» so‘zidan keyin yozilgan «va reyx xavfsizligi masalalari» degan so‘zlarni o‘z qo‘li bilan o‘chirib tashladi. Gimmlerga shuning o‘zi ham yetar. Qaror loyihasi fyurer idorasidan tasdiqlanib o‘tgach, Gering hujjatni gazetalarda bosishni buyurdi.

Gimmler hujjatning gazetada bosilib chiqqanini ko‘rgach, matbuot bilan – jurnalistlarni obro‘sizlantiruvchi ma’lumotlarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi ikki xodimini chaqirib, o‘zining yangi lavozimga tayinlanganligini rasmiy matbuot xabaridan boshqacharoq sharhlab berishni so‘radi. Gering Gimmlerning tayinlanishiga rozi bo‘lib, asosiy xatoga yo‘l qo‘ygan edi: u Gimmlerning SS reyxsfyureri degan asosiy unvonini hech kim bekor qilmaganini unutgan edi. Natijada, ertasiga barcha markaziy gazetalar buni quyidagicha izohlab chiqdilar: «Mamlakat adliyasi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi – SS reyxsfyureri Gimmler qo‘l ostida jinoyat, siyosiy politsiya, gestapo va jandarmeriya birlashtirildi. Bu tadbir reyxning barcha dushmanlarini ogohlantirishdir: tuzumning qasoskor mushti zarba berish uchun har bir g‘anim, har bir ichki va tashqi dushman boshi uzra shay bo‘lib turajak».

U Berlinga, hashamatli An Donnenstag uyiga, Ribbentropga qo‘shni bo‘lib ko‘chib o‘tdi.

Dushman ustidan qozonilgan g‘alaba gashtini surib yurish payti davom etar ekan, Gimmler o‘z yordamchisi Geydrix bilan birga g‘animlar, asosiysi, do‘stlar ustidan ma’lumotlar yig‘a boshladi. Sobiq boshlig‘i Gregor Shtrasserga tegishli ma’lumotlarni shaxsan o‘zi to‘play boshladi. U o‘zini faqat ustozi va birinchi tarbiyachisi bo‘lgan Shtrasserning qoni bilan to‘la-to‘kis oqlashi mumkin ekanligini fahmlagandi. Shuning uchun ham Shtrasserni otilishga duchor qilishi mumkin bo‘lgan har qanday dalillarni, hatto mayda-chuydasigacha sinchiklab yig‘a boshladi.

1934 yilning 20 iyunida Gitler Remga qarshi bo‘lajak tadbirlarni muhokama qilish uchun Gimmlerni o‘z huzuriga suhbatga chaqirdi.

U fyurerning xatti-harakati qanday bo‘lishi ni oldindan tasavvur qilolmas edi, ammo qandaydir harakat zarurligini bilardi, u har kuni ko‘zdan kechirib turgan ming-ming betlab josuslik ma’lumotlari va yozib olingan telefon suhbatlari shundan dalolat berardi.

Remga qarshi tadbir Gitler bilan birga ish boshlaganlarning hammasini yo‘qotishga qaratilgan bahona ekanini Gimmler tushunardi. Birgalashib ish boshlaganlar uchun Gitler oddiy inson, partiyadosh birodar edi, endilikda esa Adolf Gitler nemislar uchun dohiy bo‘lib qolishi kerak edi. Partiya faxriylari uning uchun ortiqcha yuk bo‘lib qoldi.

Dushmanlar tashviqoti ta’siriga tushib qolgan juda ozchilik faxriylar sha’niga Gitler aytayotgan g‘azabli gaplarga quloq solar ekan, Gimmler buning tagida nima yotganini ochiq-oydin tushunib turardi. Gitler hech kimga, hatto yaqin do‘stlariga ham hamma haqiqatni ochiq aytolmasdi. Gimmler buni ham tushunardi va shuning uchun Gitler bilan birgalikda milliy-ijtimoiy partiyani tashkil qila boshlagan to‘rt ming nafar faxriy – deyarli hamma faxriylar ustidan to‘plangan ma’lumotlarni stol ustiga qo‘yib, fyurerga yordam qildi. U ruhiy jihatdan juda nozik yo‘l tutdi. Gitler uning bu xizmatini yoddan chiqarmasligiga ishondi, chunki zolim uchun o‘z-o‘zini oqlashda o‘zganing bergan yordami bebahodir.

Lekin Gimmler shu bilangina cheklanmadi: fyurerning maqsadlarini bilib olib, o‘zini shunchalik zarur odam qilib qo‘ydiki, bo‘lajak tadbirlar shaxsan uni chetlab o‘tish u yoqda tursin, balki bu ta’qiblarni faqat o‘z nazorati ostiga olishga harakat qildi.

«Shtrasser qanday faxriy bo‘lsa, men ham shunday faxriyman, – o‘ylardi Gimmler, – ammo men Shtrasserning faxriy emas, balki amalparast va yovuz g‘anim ekanligini millatga isbot qila olsam, abadiy partiya faxriysi bo‘lib qolaman».

Gitler Gimmlerni Geringning Shorfeyddagi bog‘iga taklif qilib, o‘zi bilan olib ketayotganida, Gimmler bir spektakl uyushtirdi:

oldindan tayinlanib qo‘yilgan remchilarning SA formasini kiygan ayg‘oqchi fyurer ketayotgan ochiq mashinaga qarata o‘q uzganda, Gimmler dohiyni o‘z tanasi bilan bekitdi va partiyada birinchi bo‘lib:

– Mening fyurerim, sizning hayotingiz uchun qon to‘kish men uchun baxtdir! – dedi.

Shu paytgacha hech kim «mening fyurerim» iborasini ishlatmagandi. Shunday qilib, fyurerni ilohiylashtiruvchi bu iboraning muallifi xuddi Gimmlerning o‘zi bo‘lib qoldi.

– Shu daqiqadan boshlab, siz mening tug‘ishgan ukamsiz, Genrix, – dedi Gitler va bu so‘zlarni hozir bo‘lganlarning hammasi eshitdi.

Gimmler Remni yo‘q qilish yuzasidan operatsiyani o‘tkazib bo‘lgach, ustozi Shtrasser va yana to‘rt ming partiya faxriylari otib o‘ldirilgach, «epchil» jurnalistlar harakat boshidan fyurer bilan yonma-yon turgan kishi xuddi Gimmler ekanligi haqida afsona to‘qib chiqardilar.

Ishni boshlab yuborgach, davomini ham o‘ylash kerak edi. Geydrix davlat mashinasida kuch-quvvat mushti bo‘lgan SS bo‘linmalarini tashkil qilish fikrini aytdi. Geringda lyuftvaffe, bosh shtabda qo‘shin bor, Gimmler esa atigi izquvar, ayg‘oqchi va josuslargagina ega. Shu ham ish bo‘ldimi? Harbiy qismlar kerak! Gamburgdagi «Germaniya» va Myunxendagi «Deychland» SS bo‘linmalari ana shunday qo‘shilmalar bo‘ldi.

1935 yilning 7 oktyabrida fyurer Gimmlerga tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, telegramma yubordi: «Mening qadrli partiyadosh do‘stim Gimmler! Sizning tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan bugungi tuzumni muhofaza etish ishini davom ettirishda sizga eng yaxshi tilaklar izhor etaman. Adolf Gitler».

1936 yildan, Geydrixning maslahati bilan Gitlerga yana bir narsani taklif etgan kunidan boshlab esa fyurer huzurida o‘tkaziladigan va faqat eng yaqin do‘stlar qatnashadigan «tafelrunde»larga qatnasha boshladi. U Gebbelsning targ‘ibot tashkiloti yordami bilan Reyn viloyatining bosib olinishi Parij va London sha’niga tegadigan harakat emas, balki Moskvaga qarshi qurolli tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan qilingan zaruriy tadbir deb dunyoga jar solishni taklif etgan edi.

Gering, Gess va Gebbelslar bilan qo‘l berib, do‘stona so‘rashib yurar ekan, Gimmler o‘zining ana shu jangovar do‘stlari ustidan ma’lumot yig‘ishni sira to‘xtatmadi.