Asarlar
May 6, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Keyin nimayiki ro‘y bergan bo‘lsa, hammasini shahar ahli o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan.

Bandargohdan qaytayotgan odamlar bir­biriga baqirib­chaqirishib, bo‘lajak tomoshani – xunrezlikni ko‘rish uchun maydondan joy tanlab, o‘rnashib olish taraddudiga tushgan. Kristo Bedoyya qaysiki tanishi uchramasin, undan Santyago Nasarni so‘ragan, barcha birday, ko‘rmadik, degan. U Kiborlar uyi eshigi oldida polkovnik Lasaro Apontega duch kelgan. Unga Klotilde Armentaning do‘koni ro‘parasida bo‘lib o‘tgan gap­so‘zlarni aytgan.

– Behudaga vahima qilma, – degan unga polkovnik Aponte, – hozirgina ikkoviniyam, jo‘na endi, uyingga borib uxlagin, deb haydavorgandim­ku!

– Yo‘q, ular ketishmabdi, qo‘llarida mol bo‘g‘izlaydigan pichoqlariyam bor, – deya e’tiroz bildirgan unga Kristo Bedoyya.

– Dovdirab qolipsan­ku, a, bola, axir men ularning pichog‘ini uyiga ketishidan avval olib qo‘ygandim, – deya shahar hokimi so‘zida qat’iy turgan. – Balki ikkovini sen mendan oldin ko‘rgandirsan?

Ularni bundan rosa ikki daqiqa burun uchratdim, har birida bittadan pichoq bor edi, – javob bergan Kristo Bedoyya.

– Obbo, nahs bosganlar­ey! – xitob etdi polkovnik. – Demak, u nomardlar boshqatdan pichoq olib kelishibdi­da!

U bu ish bilan darhol shug‘ullanajagini ta’kidlab, kechqurun domino o‘ynamoqchiligini aytib qo‘ygani Kiborlar uyiga kirib ketgan, qaytib chiqqanida esa, xunrezlar yigitni so‘yib bo‘lishgan edi. Kristo Bedoyya birgina, ammo juda katta xatoga yo‘l qo‘ygandi: u o‘sha so‘nggi daqiqalarda Santyago Nasar kiyimini almashtirib, biznikiga nonushtaga kirib ketgan, deb o‘ylagan.

U daryo chetidagi yo‘ldan shitob bilan odimlab borarkan, har bir yo‘liqqan kimsadan, Santyago Nasarni ko‘rmadingmi, deya so‘roqlagan, biroq o‘tkinchilardan birorta ma’nili javob eshitmagan.

Baribir u bundan unchalik hadiksiramagan, binobarin, biznikiga boriladigan bir necha yo‘l bor edi. Xuddi shu payt unga Prospero Arango degan gadoy duch kelib, yepiskopning oniy duolariga qaramasdan, otasining tobora o‘lim changaliga tushib borayotganini aytib, madad istab yolvorgan. «O‘sha yerdan o‘tayotib cholni ko‘ruvdim, – dedi menga singlim Margot, – yuzida jon asorati yo‘q edi». Kristo Bedoyya Prospero Arango bilan cholni karavotga olib borib yotqizguncha to‘rt daqiqa o‘tib ketgan. U ko‘chaga chiqib, uzoqdan odamlarning shovqinini eshitgan, nazarida maydon tarafda mushaklar otilganday tuyilgan.

U yugurmoqchi bo‘lgan, ammo beliga notavonlarcha qistirilgan to‘pponcha botib, chopishga xalaqit bergan. Muyulishdan burilgach, kichik ukamni qo‘lidan ushlab, dikonglatib shoshib borayotgan onamga orqadan ko‘zi tushgan.

– Luisa Santyago! – deya qichqirgan u onamga.

– Qarindoshingni ko‘rmadingmi?

Onam to‘xtab, ko‘z yosh yuvgan yuzini unga o‘girib:

– Voy, bolam! – degan. – Uni o‘ldirishganmish.

Darhaqiqat shunday edi. Kristo Bedoyya uni axtarib yurganda, Santyago Nasar qaylig‘i Flora Migelning muyilishdagi uyiga kirib ketayotganini oxirgi marta ko‘rgandi. «O‘sha yerdaligi xayolimgayam kelmagandi, – dedi menga Kristo Bedoyya. – Axir, u uydagilar choshgohgacha ko‘pchib uxlab yotishadi­da». Shahardagilarning aytishicha, arablar jamoasining fozili Noir Migelning buyrug‘iga binoan, bu oilaning barcha a’zolari ham kunduzi soat o‘n ikkigacha uxlashardi. «Ana shuning uchun Flora Migel gulday yashab, semirib, yaltillab ketgandi», – dedi menga Mersedes. Aslida esa aksincha edi. Bu go‘shadagilar ham barcha arab qavmiga mansub kishilar kabi juda erta turar, mehnatkash insonlar edi, faqat choshgohgacha eshiklarini ochishmasdi. Flora Migel bilan Santyago Nasarning otalari ularning yoshligidayoq quda bo‘lishga ahd qilishgandi. Santyago Nasar bu ahd xususida o‘smirligidayoq eshitgandi, kattalar neniki lozim ko‘rsa, barchasini sidqidildan bajarardi, zotan, oila va nikoh borasida otasi manfaat nuqtayi nazaridan fikr yuritganidek, o‘g‘lining aqidasi ham aynan shunday edi. Flora Migel do‘mbillagan jonona bo‘lsa­da, fahm­farosatdan, nazokat­u latofatdan bebahra edi, shuning uchunmi, o‘z tengdoshlarining orasida, to‘ylarda, qizlarning onasi bo‘lib o‘tirardi, shu jihatdan olib qaraganda, uning Santyago Nasarga unashilgani osmondan yoqqan ehsonday bir gap edi. Bo‘lajak kelin­kuyovlar rasmiy bordi­keldilarsiz, xilvatda uchrashishlarning tashvish­u ozorisiz o‘zlaricha farog‘atda umr kechirishardi; to‘y oqshomi bir necha bor tayin etilib, buzilib, nihoyat, kelayotgan rojdestvo hayitida o‘tkazishga kelishilgan edi.

O‘sha dushanba Flora Migel yepiskop tushgan kema ilk bor ovoz bergandayoq o‘rnidan turgandi, bir necha fursat o‘tib, aka­uka Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirish qasdida uni poylashayotganini eshitgan edi. Falokat ro‘y bergach, u bilan faqat mening rohiba singlim so‘zlashgan, Flora Migel unga shumxabarni aynan kimning og‘zidan eshitganini eslay olmayotganini aytgan. «Ertalabki soat oltigacha bu gapdan hamma xabardor bo‘lgandi, mana shunisi yodimda qolgan, xolos», – degan u rohiba singlimga. Santyago Nasarni o‘ldirishlarini bechora qiz hecham tasavvuriga sig‘dirolmagan, ustiga ustak, endi ular oila sha’niga tushgan dog‘dan forig‘ bo‘lish uchun yigitni majburan Anxela Vikarioga uylantirishadi, degan vahimali fikrdan miyasi g‘ovlab ketgan. Xo‘rligi kelib, ezilib, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Yotoqxonaga kirib olib, nima qilarini bilmasdan, Santyago Nasar maktabda o‘qib yurgan chog‘larida unga yozgan xatlarini olib, boshqatdan taxlayotganida, shaharliklarning deyarli yarmisi yepiskopga peshvoz chiqib, bandargohga to‘plangan edi.

Santyago Nasar Flora Migelning eshigi yonidan o‘tarkan, har doim, hatto hech kim bo‘lmasayam, derazaning tunuka raxiga kalit bilan urib­urib tiqillatar edi. Do‘ndiqcha xuddi o‘sha kuniyam maktubli qutichani tizzasiga qo‘yib, qaylig‘ini intizor kutib o‘tirgan edi. Santyago Nasar ko‘cha tarafdan uni ko‘rolmasdi, ammo Flora Migelning uylari tomonga kelayotganini sim to‘r orqali ko‘rgan, derazaning tunuka raxiga kaliti bilan urib, ovoz chiqarganini ham eshitgan.

– Kiraver, – degan qiz unga.

Ertalabki soat olti­yu qirq beshda bu uyga hech kim, hatto davolovchi hakim ham qadam bosmagan edi. Santyago Nasar Jamil Shayyumning do‘koni ro‘parasida Kristo Bedoyya bilan xayrlashgach, maydon to‘la olomon kutib­kuzatib turgan bir paytda, yigitning qaylig‘i uyiga kirib ketganini hech kimning ko‘rmay qolishi juda g‘alati, aql bovar etmas bir hol edi. Tergovchi uni o‘sha hovliga kirayotganini ko‘rgan shohidni o‘lib­tirilib izlagan, surishtirgan, biroq topolmagan, nechog‘lik urinmayin, menga ham o‘shanday odam bilan suhbatlashish nasib qilmadi.

Tergov hujjatlarining 382­varag‘i hoshiyasiga u qizil rangli siyohda yana bir fozilona fikrni yozib qoldiribdi: «Taqdir bizni ko‘zga ko‘rinmas qilib qo‘ya oladi». Axir, Santyago Nasar hammaning ko‘z oldida eshikdan o‘sha uyga kirgan va o‘zini bilintirmaslik uchun hech bir harakat qilmagan bo‘lsa­yu, unga biror kishining nazari tushmaganini, umumning g‘aflatda qolganini ne so‘z bilan tasvir­u ne aql bilan tasavvur etasiz?! Flora Migel tantanali ayyomlarida kiyadigan guldor ko‘ylagini egniga ilib, alam-u fisqdan ko‘karib, pishillab, uni kutib mehmonxonada o‘tirgan edi, u kirgan zahoti zardasi qaynab, qutichani yigitga tutqazgan­da:

– Ol, matohningni! – degan. – Endi seni o‘ldirsalar ham parvoyimga kelmaydi!

Santyago Nasar dovdirab qolgan, azbaroyi garangsiganidan qo‘lidagi qutichani ham tushirib yuborgan, mehr­muhabbat­u e’tibordan xoli xatlar yerga sochilgan. Flora Migel yotog‘iga darg‘azab holda yo‘nalgan, yigit hay­haylab uning orqasidan chopgan, lekin pandavaqi qiz eshikni qarsillatib yopib, ilgagini solib, berkitib olgan. U bir necha marta eshikni taqillatgan, keyin qattiq ovozda qayta­qayta chaqirgan, shunda, qizimizni bemahalda kim yo‘qlayapti, deya bezovtalanib, uydagilarning hammasi baravariga yugurib chiqishgan. Bu uyda turadigan yosh­u qari, qarindosh­u jigargo‘shalarning barchasi o‘n to‘rt kishi edi. Oxiri qizning otasi Noir Migel chiqqan, uning soqoli sarg‘ish, bo‘yalgan edi; egniga odatda doim uyda kiyadigan, olis yurtidan olib kelgan tabarruk g‘alabiyasi uni nihoyatda basavlat ko‘rsatar, o‘ziyam ulug‘sifat mo‘ysafid edi. Uni har ko‘rganimda, salobati bosib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim.

– Flora! degan u o‘z ona tilida. – Och eshikni!

Chol qizining yoniga kirib ketgach, qolganlarning hammasi Santyago Nasarga baqrayishganicha, endi nima bo‘larkin, deya tashqarida kutib turishgan. Yigit yerga tizzalagancha shoshibpishib xatlarni tergan, qutiga solgan. O‘shanda uni ko‘rgan kishilar: «Tavbasiga tayanganday bo‘lib ko‘rindi bizga», – deyishdi menga. Bir ozdan keyin Noir Migel qizining yonidan qaytib chiqqan va avlodlariga, bizni xoli qo‘ying, deganday ishora qilgan, hamma nari ketgan.

So‘ngra u Santyago Nasarga arabchalab nimalardir degan. «Avvalo u mening ayni paytda nima deyotganimni mutlaqo fahmlamayotganini angladim», – dedi Noir Migel. U yigitdan, birodar Vikariolar seni o‘ldiramiz, deb poylab yotishganmish, shundan xabaring bormi, deb so‘ragan.

«U birdan oqarib ketdi, shunchalik sarosimalandiki, rang­ro‘yi va turishiga qarab o‘zini go‘llikka solyapti­yov, deb o‘ylash mumkin edi», – dedi menga yana Noir Migel. Mo‘ysafidning fikricha ham, Santyago Nasarning holatida qo‘rquvdan ko‘ra sarosima ustun bo‘lgan.

– Qassoblar haqmi­nohaqmi, buni o‘zing hammadan ko‘ra yaxshi bilasan, – degan chol yigitga. – Endi sening oldingda ikki yo‘l qoldi, xolos, o‘g‘lim; mana shu xonadon sening ham uying, yo shu yerga yashirin, yo miltig‘imni olib, keyin ko‘chaga chiq.

– E, hech narsaga tushunmay qoldim o‘zi, – deya g‘udrangan Santyago Nasar.

Tili faqat shu gapgagina kelgan, buniyam ispanchalab aytgan. Noir Migel menga: «U boyaqish suvga tushgan jo‘jaday nochor edi», – dedi.

Santyago Nasar qo‘lidagi qutichani qayerga qo‘yishini bilmay hayron turganda, chol qutini olgan, u esa eshikni ochgan.

– Bitta o‘ziga ikki kishi­ya, nomardlar! – degan Noir Migel.

Santyago Nasar tashqariga chiqqan. Xaloyiq xuddi namoyishga kelganday maydonni saf­saf bo‘lib egallagan edi. Santyago Nasarning chiqqanini hamma ko‘rgan, o‘zini ikki salloh chavaqlaymiz, deb poylayotganidan xabardorligini va shuning uchun rangida rang qolmay, o‘z uyigayam yo‘l tomolmayotganini ham xaloyiq tushungan.

Aytishlaricha, kimdir peshayvondan turib: «Hey turk, u yoqqa borma, eski bandar tomondan yur!» – deb qichqirgan. U ovoz egasini axtarib alanglagan. Jamil Shayyum esa unga, do‘konimga berkinib tur, degan­u o‘zi ov miltig‘ini olib kelgani jo‘nagan, ammo o‘qni qayerga yashirganini eslay olmay, rosa qidirgan, orada vaqt o‘tib ketgan. Olomon chor tarafdan unga qarata qichqiravergan, yigit, ularning baqirig‘idan qulog‘i bitib, goh o‘ngga, goh chapga yurgan. Nihoyat, o‘z uyi tomonga yo‘nalgan, oshxona eshigi orqali kirarman, deb o‘ylab borayotib birdan ko‘cha eshikning ochiq turganiga ko‘zi tushgan.