RQ
April 27, 2020

Raqamli qal'a

Avvalgi qismi

Syuzan o’zining Volvo avtomobilini uch metrlik baland po’lat panjara yonida to’xtatdi. Yoshgina soqchi mashina tomiga qo’lini qo’yib, so’radi:

- Shaxsni tasdiqlovchi hujjatingizni ko’rsatsangiz, iltimos.

Syuzan indamasdan kerakli hujjatni qo’riqchiga topshirgach, yarim daqiqa davom etadigan kompyuter skaner tekshiruvi tugashini kutdi. Nihoyat, soqchi hujjatni tekshirib bo’lib, boshini ko’tardi va «minnatdorman, miss Fletcher» deb hujjatni qaytarib berdi, shu asnoda boshi bilan sezilar-sezilmas imo qildi va bahaybat darvoza lang ochildi.

Yana taxminan sakkiz yuz metrdan keyin Syuzan elektr panjaraga yaqinlashdi va shaxsni tasdiqlash jarayoni qaytadan boshlandi. Boshqa vaqtlari qayta-qayta tekshiruvlar parvoyiga ham kelmagan qizga bugun hammasi ortiqcha tuyuldi, «Qo’ysangizchi, yigitlar, axir men bu yerdan million marta o’taman», deb o’yladi u ichida.

Nihoyat, so’nggi tekshiruv nuqtasiga yaqinlashgach, pakanaroq, yonida ikkita fildek bo’ribosar itni ergashtirgan, Avtomat taqib olgan navbatchi soqchi Syuzanning mashina raqamiga qaradi va qo’li bilan ichkariga kirishga ishora qildi. Ikki yuz metrdan oshiqroq masofani bosib o’tgandan keyin ishchi xodimlar uchun mo’ljallangan mashina qo’yish joyiga kirdi. «Ishongim kelmaydi, yigirma olti ming xizmatchiga ega, byudjeti o’n ikki milliard dollarni tashkil qiladigan tashkilotda qanday muammo bor ekanki, dam olish kuni yordamim zarur bo’lib qoldi, tavba…» Shu kabi fikrlar bilan Syuzan mashinasini doimiy joyiga to’xtatdi va motorni o’chirdi.

Atrofi o’tloq bilan qoplangan yo’lakni bosib o’tib, asosiy binoga kirgandan keyin binoning Syuzan ishlaydigan qismiga olib boradigan derazasiz tunnelga yetib keldi. Kirish oldida o’rnatilgan ovoz skaneri so’nggi tekshiruv moslamasi edi.

Milliy xavfsizlik agentligi (MXA)

Kriptografiya bo’limi

Faqat vakolatli xodimlar uchun

Qurollangan soqchi Syuzanni ko’rib ajablanganini yashirmadi:

- Xayrli kun, miss Fletcher. Bugun kelishingizdan bexabar edim.

- Salom, Jon. O’zim ham bexabar edim bundan, - horg’in jilmayib javob berdi Syuzan va parabolic mikrofonga egilib, tiniz ovozda: - Syuzan Fletcher, - dedi. Kompyuter darxol uning tovushini tahlil qilib, tasdiqladi va eshik ochilishga ruhsat berildi. Syuzan ichkariga qadam tashladi.

***

Sement yo’ldan ichkariga qarab kirib ketayotgan qizning ortidan soqchi zavqlanib qarab qoldi. Syuzanning och jigarrang ko’zlari bugun biroz toliqqan ko’ringan bo’lsa-da, uning yonoqlariga qizil yugurgan, kashtanrang sochlari yaqinda yuvulib, quritilganini sezish qiyin emasdi. Qiz o’tgan yo’ldan Johnson’s Baby upasining mayin ifori taralib turardi. Qo’riqchi ko’zlarini Syuzanning noziq tanasiga, oq koftasining ostidan bilinear-bilinmas ko’rinib turgan siynabandiga, tizzasi baravar yubkasiga va nihoyat oyoqlariga qaratdi… Syuzanning oyoqlari…

Mana shu noziq badan 170 IQ’ga ega ekanini o’ylab, qizning orqasidan uzoq vaqt tikilib turdi. Syuzan tunnel ichida ko’zdan g’oyib bo’lgachgina nigohini boshqa yoqqa burdi.

***

Syuzan yo’lakning oxiriga yetib keldi, chuqur uh tortib, ro’parasida katta harflar bilan Kripto deb yozilgan gumbazsimon shakldagi eshikka yaqinlashdi, maxsus qurilmaga o’zining beshta raqamdan iborat parolini kiritdi. Bir necha soniyadan keyin o’n ikki tonnalik po’lat eshik asta-sekinlik bilan aylanib, ochila boshladi. Syuzan fikrini bir yerga jamlashga urinsa-da, baribir hayoli Devidda edi.

Devid Bekker. Syuzanning yagona muhabbati. U Jorjtaun universitetidagi eng yosh professor olim, xorijiy tillar bo’yicha betakror mutaxassis bo’lib, akademiyaning eng ko’zga ko’ringan a’zosi edi. Noyob xotirasi va tillarga bo’lgan muhabbati tufayli Devid ispan, fransuz, italyan tillari bilan bir qatorda yana oltita Osiyo tilini mukammal egallangandi. U tilshunoslik va tillarning kelib chiqishiga oid ma’ruza o’tkazadigan kuni zalga odam shunchalik ko’p to’planardiki, joy yetishmaganidan tinglovchilar hatto tik oyoqda turib bo’lsa-da, ma’ruza eshitishga tayyor edilar, Devid esa dars so’nggida o’ziga yog’dirilgan savollar yomg’iriga sabr bilan javob qaytarardi. Uning e’tibor va ishtiyoqqa to’lib so’zlashi ko’pgina ayollarning alohida e’tirofiga va muhabbatiga sazovor bo’lgandi.

Devid Bekker qorachadan kelgan, gavdali, yashil ko’zlaridan donolik ufurib turadigan o’ttiz besh yoshlardagi yigit edi. Uning kuchli jag’lari, tarang mushaklari Syuzanga ishlov berilgan marmarni eslatardi. Bo’yi 1,85 metr bo’lgan Devid skvosh o’yinida ustasi farang edi va hamkasblarini hamisha dog’da qoldirardi. Yirik hisobli g’alabadan keyin odatda Devid qizib ketgan badaniga orom berish uchun boshini jo’mrak ostiga tutib, muzdek suvda pishqirib yuvordi, keyin esa qalin qora sochlaridan chakkillab suv tomganicha raqibini mevali kokteyl va pishiriq bilan mehmon qilardi.

Boshqa yosh professorlar singari, Devidning universitetdan oladigan maoshi haminqadar edi. Shu sababli u vaqti-vaqti bilan Vashington atrofidagi hukumat agentliklarida tarjimonlik qilish orqali qo’shimcha pul ishlardi. Aynan mana shu mashg’ulot uning Syuzan bilan uchrashishiga sabab bo’lgandi.

Kuzgi ta’til kunlari. Ayozli tonglarning birida Bekker ertalabki sport mashg’ulotlarini bajarib, uch xonali kvartirasiga qaytganda, telefon apparati unga ovozli xabar qoldirilganidan signal berib, o’chib-yonayotgan edi. Yarim stakan apelsin sharbatini sipqorarkan, Devid audioni diqqat bilan tingladi. Bir tomondan olib qaraganda, xabarning asosiy mazmuni, har doimgidek, hukumat idoralaridan birida bir necha soat davomida tarjimonlik qilishga taklifdan iborat edi. Yagona g’alati jihati shunda ediki, Bekker uni ishga taklif qilgan muassasa nomini oldin hech qayerda eshitmagandi.

- Ular o’zlarini Milliy xavfsizlik kengashi demoqchimisan?

- Yo’q, kengash emas, aynan Milliy xavfsizlik agentligi. MXA, - javob berdi Devid, ishonch hosil qilish uchun yana bir bor xabarni tekshirarkan.

Do’stlari ajablanib bunday tashkilot haqida hech narsa quloqlariga chalinmaganini aytishdi.

Shundan keyin Bekker erinmasdan hukumat ro’yxatidan o’tgan muassasalar nomini tekshirdi, baribir hech narsa chiqmadi. Boshi qotib turganida hayoliga birga skvosh o’ynaydigan eski kadrdoni kelib qoldi. O’tmishda siyosatchi bo’lgan bu do’sti hozirda Kongressda kotib bo’lib xizmat qilardi. Devid undan biror do’stining bu agentlikka bergan izohi Bekkerni shoshirib qo’ydi.

- MXA mavjudmi deysanmi? Milliy xavfsizlik agentligi faqat mavjudgina emas, balki u dunyodagi eng nufuzli muassasalardan biri hisoblanadi. U dunyo miqyosida elektron razvedka axborotlarini to’plash bilan shug’ullanadi, shu bilan bir qatorda yarim asrdan oshiqroq vaqt davomida AQSH axborot tizimini himoya qilib kelmoqda. Qizig’i shundaki, Amerika aholisining atigi uch foizigina bunday tashkilot mavjudligidan boxabar xolos. Endi sen ham ana shu uch foizi qatoriga kirding, tabriklayman, - dedi do’sti, kulgancha xayrlasharkan.

Bu gapi eshitib Devid ikkilanib qoldi, yuragiga hadik oraladi, shunday bo’lsa-da, baribir qiziqish ustunlik qilib, sirli agentlikning taklifini qabul qildi va Merilenddagi Fort Mid shahrining ko’z ilg’amas o’rmonli qoyalari orasiga yashiringan, maydon o’n besh gektarni tashkil etuvchi MXAning bosh ofisi tomon yo’l oldi. Manzilga yetib borganida Bekker hisobsiz xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tkazilganidan so‘nggina binoga kirishga ijozat sifatida olti soatga yaroqli gologrammali ruxsatnomaga ega bo‘ldi. Yigitga rasmiy hamrohlik qilayotgan xodim uni MXAning tadqiqot markaziga olib keldi. U yerda Devidga asosiy vazifasi bir necha soat davomida Kriptografiya bo‘linmasining ishini kuzatib, so‘ralgan vaqtda zarur yordamni berishdan iborat ekanini uqtirishdi. «Kriptografiya bo‘linmasi... - o‘yladi Devid. - Nomidan ko‘rinib turibdi, hoynahoy ular shifrlangan kodlarni yechish bilan shug‘ullanuvchi yuqori salohiyatli matematiklar guruhi bo‘lsa kerak. Men qanday yordam berishim mumkin, hayronman». Hashamatli xonada to‘plangan odamlarga qararkan, yigitning xayolidan shunday fikrlar o‘tardi.

Dastlabki soatlarda kriptograflar yangi mehmonga ahamiyat ham qaratishmadi; ulkan yumaloq stol atrofida uymalashganicha Devid hech qachon eshitmagan tilda qizg’in so‘zlashishdi. Ularning yigitga butunlay notanish simmetrik shifrlar, o‘zini o‘zi yo‘q qiladigan generatorlar, ryukzakli tizimlar, oshkora protokollar, birlik nuqtalari kabi allaqanday tushunchalar va atamalar to‘g‘risidagi gaplarini kuzatarkan, Bekkerning boshi qotib ketdi. Kriptograflar esa hanuzgacha tinmasdan aji-buji belgilarni qog‘ozga tushirishardi, kompyuterdan chiqqan varaqlarni sinchiklab o‘rganib, to‘xtovsiz ravishda boshlari uzra osilib turgan projektorda quyidagi matnning o‘zgarishlarini tekshirib borishmoqda edi:

 

JHdja3jKHDhmado/ertwtjlw+jgj328

5jhalsfnHKhhhfafOhhdfgaf/fj37we

ohi93450s9djfd2h/HHrtyFHLf89303

95jspjf2j0890Ihj98yhfi080ewrt03

Jojr845h0roq+jt0eu4tqefqe//oujw

08UY0IH0934jtpwfiajer09qu4jr9gu

ivjP$duw4h95pe8rtugjw3p4e/ikkc

mffuerhfgv0q394ikjrmg+unhvs9oer

irk/0956y7u0poikIOjp9f8760qwerqi

 

Nihoyat, kod yechuvchilardan biri Bekkerning ahvolini ko’rib rahmi keldi shekilli, unga nimalar bo’layotganini tushuntirishga urindi. Yuqoridagi aji-buji matn aslida kod – raqamli axborot bo’lib, undagi sonlar va harflar shifrlangan so’zlarni ifoda etardi. Kriptograflarning vazifasi mana shu kodlarni o’rganib, ularning ostida qanday xabar berkitilganini aniqlashdan iborat edi. Shifrlangan xabarning asl nusxasi mandarin tilida yozilgan bo’lishi mumkin degan taxmin bilan ular xitoy va yapon tillari bo’yicha eng ko’zga ko’ringan mutaxassis hisoblangan Devidni MXAga qilishni boshladi va bu kutilmaganda ijobiy natija berib, kriptograflarni hayratga soldi.

Devidga tarjima jarayonida belgilar tarzda emas, balki tartibsiz holda berishlaridan ajablanganida, Morantey «shunday qilsakkina siz nima tarjima qilayotganingizni bilmaysiz, bu esa shaxsiy xavfsizligingiz uchun muhim», deb ta’kidladi.

- Xavfsizligim uchun?

Yigit kulib yubordi, lekin atrofdagilarning jiddiy nigohlarini ko‘rib, chehrasi tundlashdi.

Nihoyat kodni yechib bo‘lishdi, Bekker ularga qanday maxfiy axborotni aniqlashda yordam berganiga aqli yetmasa-da, bir narsani aniq tushundi - MXAda rasshifrovka masalasi alohida ahamiyat kasb etarkan; buni yigitning hamyoniga solib qo‘yilgan chek uning universitetdagi bir oylik maoshidan ham ko‘proq ekani ham tasdiqlardi.

Bugungi ish yigit kutganidan ko‘ra uzoqroq vaqt olgandi, shu sabab uning xayolini hozir iloji boricha tezrok shanba kuni tushlikdan so‘ng o‘tkaziladigan skvoshga kechikmasdan yetib borish band etgandi. Shu sababdan asosiy yo‘lakdagi bir nechta tekshiruv punktlari bo‘ylab shoshganicha ortga qaytarkan, to‘satdan Devidni chiqish eshigi yonida qo‘liga telefon ushlab olgan soqchi to‘xtatdi:

- Janob Bekker, shu yerda kutib turing, iltimos.

- Nima gap, tinchlikmi? - ajablanib so‘radi Devid.

Qo‘riqchi yelka qisdi:

- Kripto direktorining sizga ikki og‘iz so‘zi bor ekan, xonim hozir shu yerga kelyapti.

- Xonim? - Bekker kulib yubordi: MXA ichida birorta ham ayol kishiga ko‘zi tushmagandi.

- Buning muammoli joyi bormi? - orqasidan ayol kishining ovozi eshitildi.

Ortga o‘girilgan Bekkerning yuziga qon yugurdi, yuragining allaqayeri g‘alati jimirlab ketdi. Ayolning koftasidagi ID-kartasiga nazar tashlarkan, MXA Kriptografiya bo‘linmasining boshlig‘i shunchaki ayol emas, balki jozibador ayol ekaniga tan berdi.

- Yo‘q, albatta, - Devid kalovlanib qoldi. – Men shunchaki, haligi...

- Syuzan Fletcher, - ayol jilmayib, nozik qo‘llarini ko‘rishish uchun uzatdi.

Bekker ayolning qo‘lini siqdi.

- Devid Bekker.

- Tabriklayman, janob Bekker, bugun juda yaxshi ishlabsiz. Siz bilan shu haqda gaplashsam bo‘ladimi?

Bekker ikkilanib qoldi:

Rostini aytsam, hozir biroz shoshib turgandim.

Dunyodagi eng kuchli razvedka agentligining taklifini rad etish qanchalik ahmoqona ish ekanligiga aqli yetsa ham, Devid skvoshga kechikishni tasavvuriga sig‘dirolmasdi. U hatto universitetdagi darslariga kech borishi mumkin, lekin skvoshni shu vaqtgacha biror marta ham o‘tkazib yubormagan.

- Men qisqaroq bo‘lishga va’da beraman, bu yoqqa yursangiz, marhamat, - Syuzan jilmayib yo‘l boshladi.

Devid soatiga qarab, o‘yin boshlanishiga 45 daqiqa qolganini ko‘rganida ichi achib, qizning ortidan ergashdi.

Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas Bekker MXA oshxonasida bosh kriptograf, suluv Syuzan Fletcher bilan birga keks va muzdek na’matak sharbatidan sipqorib, maroqli suhbat qurib o‘tirardi. Tez orada Devidga 38 yoshli bu ayol MXAda yuqori lavozimni egallashi shunchaki baxtli tasodif emasligi, Syuzan haqiqatan ham yorqin aql sohibasi ekani ayon bo‘ldi. Shifrlar va ularni yechish haqida gaplashar ekan, Devid o‘zi uchun yangi bo‘lgan bu mavzuda Syuzan aytayotgan har bir ma’lumotni yodda saqlashga harakat qilardi, kashf etayotgan yangiliklari unga zavq bag‘ishlardi.

Oradan bir soat o‘tdi. Yigit skvoshga borishdan, qiz bo’lsa o’ziga kelgan xabarlarga javob qaytarishdan voz kechishdi va bu ishlaridan nash’a qilib, kulib yuborishdi.

Ikki o’tkir aql egasi, hayotlari davomida hech qachon hissiyotlarga berilmasdan, doim mantiq bilan fikrlovchi ikki shaxs bir-birining yonida butunlay boshqa dunyoga aylanishgandi, tilshunoslik va morfologiyadan tortib yasama-tasodifiy raqam generagorlarigacha muhokama qilisharkan, ular o’zlarini yosh o’spirinlardek tutishardi, goh qah-qah urib kulishsa, goh aytilgan fikrlarga qoyil qolib, bir-birovining yelkasini qoqib, bu holatdan battar rohatlanishardi.

Aslida Syuzanning Bekkerni uchrashuvga chorlashidan maqsad uni Osiyo kriptografiya bo‘linmasiga ishga taklif qilish edi. Lekin yigitning o‘z kasbi haqida gapirganida ko‘zlarida porlab ketgan jo‘shqinlik va ishtiyoq uning hech qachon universitetdan ketmasligidan dalolat berardi, shu tufayli Syuzan ish haqida gap ochib, shunday a’lo kayfiyatni buzmaslikka qaror qildi. Devid bilan bo‘lgan suhbat qizni xuddi maktab o‘quvchisiga aylantirib qo‘ygandi; bu shunchalar yoqimli ediki, biror qaltis harakat buni barbod etishiga yo‘l qo‘yolmasdi. Va shunday bo‘ldi ham.